Bugun, 30 noyabr' kuni Toshkent viloyati imom-xatiblari yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov, Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov, Masjidlar bo'limi mudiri Muhammadnazar Qayumov va tuman-shahar bosh imomlari, taniqli imom-xatiblar ishtirok etdi.
Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi.
So'zga chiqqanlar tomonidan yakuniga etib borayotgan 2020 yilda viloyat miqyosida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Jumladan, masjidlar va imom-xatiblar faoliyatidagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. Shuningdek, 2020 yilda diniy-ma'rifiy faoliyatni yanada takomillashtirish borasida amalga oshiriladigan ishlar va istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Yig'ilishda tashkiliy masala ko'rildi. Unga ko'ra, Toshkent shahri bosh imom-xatibi o'rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Jasur domla Raupovni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Ma'lumot o'rnida, Jasur domla Raupov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Andijon davlat universitetini tamomlagan. 1999 yildan shu kunga qadar poytaxtimizdagi bir necha masjidlarda imom-xatib vazifalarida ishladi. Shu bilan birgalikda 2010 yildan buyon esa Toshkent shahar bosh imom xatibi o'rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritdi.
Jasur domla Raupovga Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifasida fidokorona mehnat qilib, viloyat imom-xatiblari bilan hamjihatlikda muborak dinimiz ravnaqi yo'lida astoydil xizmat qilishlarida Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati