Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Muftiy hazratlari Qashqadaryodagi masjidda juma namozini ado etdilar

27.11.2020   4673   3 min.
Muftiy hazratlari Qashqadaryodagi masjidda juma namozini ado etdilar

Bugun, 27 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Yahyo Abdurahmonov Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida joylashgan “Ho'jamurod baxshi” jome masjidi yangi binosi ochilishida qatnashdilar.

Alloh taologa shukrki, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-omonlik va dinimizga bo'lgan yuksak e'tibor sabab, masjidlarda bunyodkorlik va qayta qurish ishlari qizg'in davom etmoqda.

“Ho'jamurod baxshi” jome masjidi bir necha yillar avval hashar yo'li bilan qurilgan edi. O'tgan davr mobaynida masjid binosi eskirib, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qoldi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgandi.

Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surishdi. Ushbu xayrli tashabbus O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo'llab-quvvatlangach qayta qurish ishlari amalga oshirildi. Masjid milliy andozalar va zamonaviy talablar asosida barpo etilib, hovlisida bog' va atrofida avtoturargoh ham bunyod qilindi.

Bugun, 27 noyabr' kuni xizmat safarini davom ettirayotgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Ho'jamurod baxshi” jome masjidida namozxonlar ishtirokida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari o'z mav'izalarida masjid ahlini ushbu Allohning uyi bilan tabrik qilib, jumladan shunday so'zlarni bildirdilar:

– Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsinki, buyuk allomalar yurti bo'lmish yurtimizda so'nggi yillarda masjid-madrasalar qurish odatiy jarayonga aylanib bormoqda. Har kuni yurtimizning turli viloyatlaridan yangi-yangi masjid qurilayotgani yoki qurib bitkazilib, ishga tushgani haqida xushxabarlar kelib turibdi, ko'plarida o'zimiz ham ishtirok qilyapmiz.

Endilikda mana shunday ko'rkam masjidlarda imom-domlalarimiz xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga Islom dini ma'rifatini etkazish, ularning ta'lim-tarbiyasini yaxshilash va ezguliklar tarqatish ishida juda ham faol bo'lishlari zarur.

Muftiy hazratlari so'zlarining davomida Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning «Kim bir masjid qursa, Alloh unga jannatda shuning mislini qurib beradi», degan hadisi shariflarini keltirib, mazkur jomeni barpo etishga hissa qo'shgan barchaning haqqiga duolar qildilar. Ushbu fayzli juma namozida ulamolar, mahalla faollari, mo'ysafid otaxonlar va masjid qavmi ishtirok etdi.

Alloh taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylasin!

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Er-xotinning yarashuvi shayton bo‘ynini sindirar

12.06.2025   4833   5 min.
Er-xotinning yarashuvi  shayton bo‘ynini sindirar

Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.


Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoq­lik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).


Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhab­bat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.


Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh me­­ning sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).


Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayoti­dagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qon­dirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat bar­qarorligini ta’minlashdir.


Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).


Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.


Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.


Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).


Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.


Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinch­ligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fido­yilik ko‘rsatishi lozim.


Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).


Bu oyat nikohdagi juft­larning bir-biriga muhtoj­ligi va ular o‘rtasidagi yaqin­likni ta’riflaydi.


Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.


Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqi­batida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.


Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).


Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayo­tiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.


Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning bosh­qa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.


Kechira olish – go‘zal fa­zilat, di­nimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqa­zishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.


Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.


Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.


Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mus­tahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.


Ubaydulloh ABDULLAYEV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

 

 

Maqolalar