Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Olimlar olami: ZIYoLI YO'L, MUNAVVAR YO'L

27.11.2020   2559   20 min.
Olimlar olami: ZIYoLI YO'L, MUNAVVAR YO'L

 

Fors tilidan imtihon kuni ham etib keldi. Talabalar astoydil tayyorgarlik ko'rishgani bejiz emas. Chunki qattiqqo'llik, talabchanlikda Bosit Musayevga teng keladigani yo'q. Qolaversa, negadir bugun domlaning avzoi chatoqroq — chehrasi ochilmas, bilimdonlik da'vosidagi talabani “qoqiltiradigan” savollarni ayamay qalashtirar, buning oqibatida, mana, guruhdoshlardan birortasi “3”dan yuqorisini ololmadi. Nihoyat, guruhning so'nggi vakiliga navbat keldi. Uning javoblari shu qadar ravon va bexato ediki, Musayev domla birdan bosh chayqab, “tushimmi-o'ngimmi?!” degandek ko'zlarini katta-katta ochib, ro'parasida o'tirgan yigitga qaradi. Qaradi-yu, shashtidan tushmadi.

  • ­ To'rt! — dedi pinagini buzmay.

Talaba yigit bo'sh kelmadi.

  • Nega “to'rt”? Birorta xato qildimmi?

Domla bir zum jim qoldi, darhaqiqat, yigitning javoblaridan xato topmagandi. Lekin...

  • Uchta so'z so'rayman, topsangiz, marra sizniki.
  • Bemalol, — dedi talaba yigit dadillikni qo'ldan bermay.

Domla ochiqdan-ochiq shafqatsizlik qildi, ya'ni qo'shimcha savollarni murakkab mumtoz fors adabiyoti namunalaridan tanladi. Uning nazarida “besh” bahoga da'vogarlik qilayotgan talaba yigit bu savollarga javoban og'iz ocholmasligi tayin edi. Biroq... talaba shu qadar biyron javob qaytardiki, hurmatli domla ko'zini olib qochishga joy topolmay qoldi.

  • Yana bitta savol, — dedi u shoshib qolganidan o'ng'aysizlanib.

Bu vaqtda talaba yigitning ham sabri tugagandi.

  • Domlajon, — dedi u hurmat saqlagan holda, lekin qat'iyat bilan, — siz avval va'daga binoan bahoni qo'ying, so'ng qancha savolingiz bo'lsa, men tayyorman!

Toshkent davlat universitetining Sharq tillari fakul'tetida bo'lib o'tgan ushbu voqeaga oz emas, 50 yildan oshdi, qattiqqo'l domlaga bo'sh kelmagan bilimdon talabaning ism-sharifi esa Ne'matulloh Ibrohimov edi!

 * * *

Oradan ozmuncha suvlar goh sokin, goh jo'shqin, goh ayqirib oqib o'tdimi?! Inson hayotining o'zak-o'zagini tashkil etgan taqdir, qismat daryosi qanday oqadi, qayoqlarga bosh olib oqadi, o'zining adoqsiz mavjlarida bandasiga ne in'omlarni hadya qilib, qanchalaridan uni mosuvo etadi — buni hech kimsa bashorat qilolmasligi muqarrar, ammo-lekin qodir Parvardigor bandasini “maqsad, maslak, sabot” deya atalmish bebaho tuyg'ular ila quvvatlantirgan hamki, solih va sog'lom yo'lga yurish - bu yog'i endi faqat insonning o'ziga, uning salohiyati, jahdi, matonatiga havola!

 Sharq tillari orasida hudud va nufus jihatidan xitoy, arab, yapon tillari etakchilik qilishi ma'lum. Biroq tarixiy voqelik nuqtai nazaridan Markaziy Osiyo xalqlari hayotida arab tilining o'rni va ahamiyati beqiyos. Hususan, gap arab tili bo'yicha mutaxassislikni tanlash haqida borar ekan, masalaning g'oyatda boshqa nozik jihatini ham unutmaslikka to'g'ri keladi.

Arab yozuvi va tili Qur'oni karim yozuvi va tili hamdir! Shu sababdan ham xudosiz sho'rolar mafkurasi hukmronlik qilgan zamonlarda arab tili mutaxassislariga ko'p ham ishonch bildirilavermagan. Sharqshunoslik mutaxassisligiga kelajagi yo'q soha sifatida qaralgan. Ne'matulloh Ibrohimov esa bolalikda qalbiga muhrlangan orzudan voz kechmadi. Maslak yo'lida qat'iyat, sabot ko'rsatdi.

Urushdan keyingi og'ir yillarda oddiy aholi orasida ro'zg'or —tirikchilikdan muhimroq tashvish bo'lmagan. Lekin Marg'ilonning mashhurdan mashhur Maorif mahallasining (burungi nomi Chorbog') oqsoqoli, taniqli tadbirkor Ibrohimjon aka Dovudov maktab yoshiga etgan o'g'lidagi layoqat va ishtiyoqni juda erta payqadi. Ne'matulloh g'oyatda ziyrak, uquvli, mutolaaga moyil, xotirasi puxtaligi bilan teng-to'shlaridan ajralib turardi. Ibrohim aka o'g'lini mahalladosh ilmli qorilar huzuriga etakladi, maslahatlashdi va Ne'matulloh... bir yo'la ikki maktabda tahsil ola boshladi.

Shu o'rinda e'tibordan soqit qilmaslik kerakki, ota farzandi uchun ustoz tanlashda adashmadi. Ne'matulloh o'rtoqlari qatoridan qolmay bolalik zavqini surar, maktabda faqat “a'lo” baholarga o'qir, shu bilan bir yo'la Qur'oni karim, qiroat va tajvid ilmlarini tashnalik bilan o'zlashtirar, hamshahar ulamoyu fuzalo zotlar davrasida navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, yassaviyxonlikdan bahra olib, badiiyat olami sirlaridan voqif bo'lib borardi. Hofiz, Bedilning forsiydagi g'azallariga oshno bo'lib ulgurgan, bir so'z bilan aytganda, yoshlikda olingan ilm mahzani qalbga o'zining o'chmas muhrini bosgan — hayotiy maqsad, maslakka aylangan edi.

 Ne'matulloh Ibrohimov bolalikdan diliga jo bo'lgan orzu-
niyatlarini ro'yobga chiqarishning birdan-bir yo'li sharqshunoslik sohasida ekanidan uni qaytaradigan kuch qolmagandi. U hech bir ishtibohga bormadi, zarracha ikkilanmadi — hujjatlarini Toshkent davlat universitetining Sharq tillari fakul'tetiga topshirdi.

* * *

HH asrning boshlari — 1918 yilda Turkiston sharqshunoslik instituti tashkil etilishi chinakam tarixiy voqea edi. Biroq oradan 6 yil o'tib, bu institut O'rta Osiy davlat universitetiga fakul'tet sifatida qo'shib yuborildi, oradan yana 6-7 yil o'tar-o'tmas fakul'tet avval pedagogika fakul'tetiga aylantirilib, keyin butunlay tugatildi. Ikkinchi jahon urushining so'nggi yillariga kelib, sharq tillariga bo'lgan ehtiyojga ko'ra, O'rta Osiyo davlat universitetida fakul'tet faoliyati tiklandi. Oradan besh yil o'tib, uning qaldirg'ochlari hayotga yo'llanma oldilar.

Bu oliy ilmiy dargohning oyoqqa turishi, shakllanishi tom ma'noda Vatanimiz mustaqilligining ilk yillarida ro'yobga chiqdi. Birinchi Prezidentimiz farmoni bilan Toshkent sharqshunoslik instituti ta'sis topdi! Birinchi rektori Ne'matulloh Ibrohimov rahbarligida institut ilmiy-pedagogik jamoasi o'z faoliyatini zamonaviy talablar darajasiga ko'tarish, chunonchi, yangidan-yangi kafedra va fakul'tetlar ochish, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro ilmiy-amaliy hamkorliklarni kengaytirish va, albatta, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida katta nufuzga, e'tiborga sazovor bo'ldi. Institut nafaqat respublikada yoki Markaziy Osiyo davlatlari orasida, balki olis-yaqin xorijiy mamlakatlarda tan olingan salohiyatli ilmiy markaz maqomiga erishdi.

“Sharqshunoslik hamma davrlarda ham keng miqyosdagi fan hisoblangan, —  deydi filologiya fanlari doktori, professor Temur Muxtorov. — Lekin mana shu “keng miqyosli” degan tushuncha turli davrlarda turlicha talqin etilgan. Mustaqillik yillarida, ta'bir joiz bo'lsa, mana shu talqin etish sog'lomlasha boshladi. Sharqshunoslik faqat olis o'tmishga “ko'z tikish” bilan kifoyalanmaydigan, balki o'sha olis o'tmish orqali hozirgi zamonni tahlil va tadqiq etuvchi, qolaversa, uzoq istiqbol yo'llarini belgilab beruvchi fan ekanini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslay boshladi. Bu o'z-o'zidan bo'ladigan ish emasdi, zero, gap tafakkurni o'zgartirish, sohaga bo'lgan turli past-baland qarashlarni sog'lomlashtirish haqida bormoqda edi.

Institut rahbariyati o'zbek sharqshunoslik faniga tamal toshini qo'ygan o'nlab ulkan olimlarning nomi va mehnatlarini sharafladi, bu borada g'oyatda o'zbekona, kerak bo'lsa, sharqona bag'rikenglik namunasini ko'rsatdi. Ilmli, malakali mutaxassislar e'zozlandi, mehnatlari qadr topdi. Yil o'tgani sayin institut jamoatchiligining “ilmiy nigohi” dunyo jug'rofik xaritasining yanada bepoyon hududlarini qamrab ola boshladi.

* * *

1970 yilda Toshkent davlat universiteti Sharq tillari fakul'tetining arab tili bo'limini muvaffaqiyatli tugatgan Ne'matulloh Ibrohimov mehnat faoliyatini ushbu oliygohda o'qituvchilikdan boshlar ekan, bir yo'la ilmiy tadqiqot ishlariga ham kirishdi. Sobiq ittifoq Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti aspiranturasida tahsilni davom ettirdi.

...HIV asrda yashagan marokashlik arab Ibn Battuta “Barcha musulmon mamlakatlarini kezib chiqqan so'nggi eng buyuk sayyoh” (I.Yu.Krachkovskiy), “Magellangacha bo'lgan barcha davrning eng buyuk sayyohi” (R.Hennig) martabalariga erishgan, uning qalamiga mansub “Sayohatnoma” asari esa hali-hanuz o'z davrining bemisl qomusiy manbasi sifatida qadrlanadi. Ne'matulloh Ibrohimov mazkur fundamental asarning Turonzamin xalqlari tarixi bo'yicha qimmatli manba sifatida tadqiq etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi.

Jami 18 fasldan iborat “Sayohatnoma” asarining 8-fasli “Sulton O'zbekxon yurti — qipchoq”, 9-fasli esa “O'rta Osiyo” deb ataladi. Mazkur fasllarda Ibn Battuta nihoyatda qimmatli tarixiy ma'lumotlar bayon etganki, ular mintaqamizning bundan etti asr burungi qiyofasini o'rganishda bitmas-tuganmas manba ekani Ne'matulloh Ibrohimovning “Ibn Battuta sayohati — O'rta Osiyo tarixiga doir manba” mavzuidagi dissertatsiyasida birinchi marta atroflicha tadqiq etildi.

30 yoshida dastlabki ilmiy marrani Moskvada zabt etgan olim Toshkentga — qadrdon fakul'tetining arab filologiyasi kafedrasiga qaytdi.

Ilm-fan ummonida dadil va ishonch bilan suzishda ilmiy muhitning ahamiyati nihoyatda katta. Markaziy Osiyoda yagona sharqshunoslik ilmi markaziga aylana borayotgan fakul'tetda Ubaydulla Karimov, Pavel Bulgakov, Ismatulla Abdullayev, Shoislom Shomuhamedov, Alibek Rustamov, Aziz Qayumov singari fan darg'alari faoliyat yuritishar, bunday ilmiy-ijodiy muhit iste'dodli va intiluvchan yoshlar uchun ayni muddao edi.

Ne'matulloh Ibrohimov arab tilidan saboqlar berish bilan bir paytda navbatdagi ilmiy dovonni zabt etishga shaylandi. Kafedra dotsenti maqomiga erishgan yosh olim arab tili, o'rta asr adabiyoti, islom tarixidan darslar berdi, imkoni topildi deguncha turli mavzularda ilmiy maqolalar yozdi, ularni nufuzli ilmiy majmualarda chop ettirdi. Ana shunday izlanishlar yosh mutaxassisni hali qo'l urilmagan, tadqiqotchilar nazari tushmagan “qo'riq” manzillar sari etakladi. Sharq adabiy tafakkurining, aniqrog'i, arab badiiy tafakkurining ilk sarchashmalarini yaxlit ilmiy mavzu sifatida o'rganishga kirishdi.

* * *

Ne'matulloh Ibrohimovning ilmiy izlanishlar salohiyatiga xos uslub olimning masala-mavzuning tub ildizini, o'q tomirini o'rganishdan boshlashida namoyon bo'ladi. Nomzodlik dissertatsiyasida HIV asrga mansub yodgorlikni tadqiq etgan bo'lsa, doktorlik tadqiqoti uchun mavzuni arab xalqlari badiiy tafakkurining ilk sarchashmalari — og'zaki badiiy tafakkur manbalarini tanladi. Ya'ni ilmiy izlanish ob'ekti davri yanayam qadimiylashdi.

Holis o'ylab ko'raylik, Marg'ilonda tug'ilib voyaga etgan, padari buzrukvori va ilk ustozlari tarbiyasida ulkan va sog'lom ilm yo'lini tanlagan o'zbek olimi arab xalqlari badiiy tafakkuri shakllanishining ilk bosqichlarini tahlil qilmoqda, tadqiq qilmoqda, umumlashma xulosalar chiqarmoqda, arab dunyosining manaman degan olimlari oldiga o'z qarashlari, kontseptsiyalari va taklif-mulohazalarini ko'ndalang qo'ymoqda. Shu o'rinda ilmi, ziyosi mustahkam muhtaram gazetxonlarimiz HI-HII asrda yashab o'tgan buyuk bobokalonimiz, ilm-fanning turli sohalari, jumladan, arab tili va adabiyotining bilimdoni, arab tili grammatikasi va lug'atini, arab qabilalari lahjalari, maqollari va urf-odatlarini mukammal o'rgangan, Jorulloh, ya'ni “Allohning qo'shnisi” degan sharafli martabaga muyassar bo'lgan vatandoshimiz-faxrimiz Mahmud Zamaxshariy siymosini ko'z oldilariga keltirgan bo'lsalar ne tong! Qolaversa, arab xalq og'zaki manbalarini o'rganish, ularning turfa yozma manbalarda bardavomlashuvini ilmiy asoslash Sharq va G'arb o'rtasidagi tan olingan va olinmagan o'zaro ta'sir rishtalarini mustahkamlash borasida ham g'oyatda muhim qadamdir. 1984 yili Moskvada Ne'matulloh Ibrohimov yoqlagan “Arab xalq romani” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi shu ma'noda chinakam ilmiy-ma'rifiy jasorat edi! Ta'rifni muxtasar qilish uchun “roman” so'ziga izoh beraylik.

“Siyra ilk islom davri adabiy janri bo'lib, — deb yozadilar ustoz Ne'matulloh Ibrohimov, – “hayot yo'li”, “turmush tarzi”, “yurish uslubi” ma'nolarini bildiradi. Ushbu ma'noda siyra “sunna” (odat) so'zi bilan ma'nodoshdir. ...Shuningdek, siyraning yana bir ko'rinishi xalq og'zaki ijodi sifatida shakllanib, xalq qahramonlari hayoti, ularning urushlardagi bahodirliklari ta'rifida saj' uslubida namoyon bo'lgan. Halq qahramonlari hayotiga oid bu kabi siyralar “xalq siyralari” (xalq romanlari)” deb atalib, arab xalq adabiyotining eng keng tarqalgan janrlaridan biri hisoblanadi”.

Ko'rinadiki, ustozning ulkan ilmiy sa'y-harakatlari samarasi o'laroq, o'zbek sharqshunoslik fanida siyrashunoslik maktabiga asos solindi.

* * *

Tez orada arab filologiyasi kafedrasi mudiri, professor Ne'matulloh Ibrohimovga fakul'tet rahbarligi ishonib topshirildi. Ikki yil o'tib-o'tmay institutga rektor sifatida tayinlangan domlaga keng imkoniyatlar ochildi. Ne'matulloh Ibrohimov bor salohiyatini bu oliy o'quv yurti nufuzini, kafedra va fakul'tetlar mavqeini oshirishga, xalqaro aloqalarni kengaytirishga, tadqiqotlar miqyosi va salmog'ini yuksaltirishga qaratdi. “Sharq tillari fakul'tetining hozirgi kunda institutga aylanib, dovrug' qozonishida xalqaro ilmiy mukofotlar sohibi, akademik, o'zbekning jonkuyar olimi, saxovatli inson Ne'matulloh Ibrohimovning xizmati kattadir, — deb yozdi atoqli olim, akademik Alibek Rustamov. — U o'zining ilmi, ta'lim sohasida jahondagi obro'-e'tiboridan oqilona foydalanib, institutni ilg'or ilmu ta'lim dargohiga aylantirdi”.

* * *

Ilmda tanaffus yo'q. Ilm-fan — uzluksiz ilmiy-amaliy jarayon. Hususan, Vatanimiz istiqloli taqdim etgan imkoniyat, mafkuraviy hurlik nafaqat xalqimiz tiynatidagi diniy e'tiqod hurligiga, balki ushbu soha bilimdonlari, zahmatkashlariga ham katta yo'l ochdi. Millionlab kishilar e'tiqod qo'ygan maqsad-maslak esa ham siyosiy, ham mafkuraviy, ham ma'naviy-axloqiy nuqtai nazardan g'oyatda nozik masala. Bu borada eng oqilona, eng odilona va eng mustahkam va ishonarli yo'l ilm-bilim yo'lidir.

1991 yili Qomuslar bosh tahririyati tomonidan “Al-jomi' as-sahih” — “Hadis” kitobining dastlabki jildi chop etilishi favqulodda voqea bo'ldi. Mazkur hamda navbatdagi uch jild ishonarli hadis majmuasi xalqimiz orasida diniy savodxonlikni yo'lga qo'yishda, Payg'ambarimiz alayhissalomdan meros qolgan o'lmas hikmatlarni ommalashtirishda bebaho ahamiyat kasb etdi. To'rtala kitobning Ne'matulloh Ibrohimov tomonidan (shoir Mirza Kenjabek bilan hamkorlikda) tahrir qilinishi har jihatdan mantiqiy va adolatli voqea edi.

* * *

O'tmishda podshohlar, xalq qahramonlariga atab asarlar yaratilgan, ular shaklan va mazmunan siyra sifatida e'tirof etilgan ham, biroq tom ma'nodagi siyra va siyrashunoslik so'zlari Rasululloh (s.a.v.)ning hayot yo'llarini yoritib beruvchi sohani anglatuvchi xos atama maqomini olganini yodda saqlashga to'g'ri keladi. Zero, tarixda Payg'ambarimiz siyralarini bayon etishga bag'ishlangan manbalar hisobsiz. Mustaqillik yillarida o'zimizda ushbu yo'nalishda ko'plab xayrli ishlar qilindi — bir qator tarjima asarlar nashr etildi ham. Asl birlamchi manba esa “Hozirgi davrga qadar etib kelgan siyra asarlarining eng mashhuri Ibn Hishomning “As Siyra an-nabaviyya” (N.Ibrohimov)si hisoblanadi.

2011 yilga kelibgina o'zbek kitobxonlari mazkur asarning to'liq tarjimasini o'qish baxtiga musharraf bo'ldilar. Ustoz Ne'matulloh Ibrohimov rahbarligidagi tarjimonlar guruhi tomonidan o'zbekchalashtirilgan ikki jilddan iborat mazkur 4 kitob amaldagi alifboda chop etilgan eng birlamchi va eng ishonchli manba bo'lib turibdi. O'zbek tilidagi “As Siyra an-nabaviyya” Saudiya Arabistoni podshohligi tomonidan yuksak e'tirofga sazovor bo'ldi.

* * *

Arab tili dunyodagi eng qadimiy va eng keng tarqalgan tillar sirasiga mansub. Ma'nolarning xilma-xilligi, toblanishi, ohangdorligi, go'zalligi borasida qiyosi yo'q sanaladi. Qur'oni karim va hadisi sharif tili ekani bilan esa e'tiqodimiz, dilimiz, imonimizni nurlantirib turadi. Arab tili bilan bog'liq hayratlanarli bir necha raqamga murojaat qilamiz: “Arab tilida yorug'lik 21, yil 24, quyosh 29, bulut 50, qorong'ulik 52, yomg'ir 64, suv 170, ilon 100, tuya 255 va sher 350 so'z bilan ifodalangan”.

“Al-Qomus” — arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'atning 1-jildidan olingan ushbu iqtibos so'z yuritilayotgan tilning naqadar boyligidan va benihoya murakkabligidan dalolat beradi. Ustoz Ne'matulloh Ibrohimov rahbarligida amalga oshirilgan va ayni vaqtda 4-jildi ustida qizg'in ish ketayotgan mazkur lug'at adabiy-madaniy hayotimizda ulkan voqea sifatida har qancha tahsinga sazovordir. Zero, lug'at hamisha xalqlar, madaniyatlar, tafakkurlar orasida ko'prik — bog'lovchilik vazifasini o'taydi. “Noyob va nihoyatda zarur ma'naviy mulk bo'lib qolajak “Al-Qomus”ga kiritilgan so'z va ibora birliklari soni bo'yicha ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma'lum bo'lgan rus arabshunosi H.K.Baranovning mashhur “Arabsko-russkiy slovar'” lug'atidan ikki yarim hissa ortiq bo'lgan, har biri 900-1000 sahifali to'rt jilddan iborat”. U “mustaqillik yillarida O'zbekistonda arab tili bilan bog'liq lug'atshunoslik yo'nalishida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlarning mantiqiy cho'qqisi sifatida dunyo yuzini ko'rdi”. Taniqli sharqshunos olim, professor Z.Munavvarovning bu e'tirofida zarracha mubolag'a yo'q.

* * *

O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro mukofot sohibi, ko'plab davlatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan e'tirof etilgan, chunonchi, Yaponiyadagi Fukusima prefekturasining O'zbekistondagi faxriy elchisi, Sen Kyun Kvan (Seul shahri) universiteti va Qohira universiteti (Misr Arab Respublikasi) faxriy doktori, Kaliforniya (AQSh) fan, ta'lim, industriya va san'at xalqaro akademiyasining haqiqiy a'zosi, Qohiradagi Arab tili akademiyasi — “Majma' al-lug'at al-arabiyya”ning haqiqiy a'zosi Ne'matulloh Ibrohimjon o'g'li hayoti va faoliyatiga doir ayrim manzaralarni muxtasar tilga oldik, xolos. Bir inson umri qanchalar ma'no-mazmunga boy bo'lishi, bu yorug' ochunda nechog'li savob amallarga ulgurishi — ilmiy, ma'naviy, ma'rifiy jasoratlarga to'lib-toshajagini ibrat, namuna va ehtirom sifatida bayon etish bilan kifoyalandik.

Prezidentimiz xalqimizni uchinchi Uyg'onish — Renessans sari ulg'ayish, yuksalish sari boshlayotgan bir paytda azaliy va isbot talab qilmas haqiqat kun tartibiga chiqadi: bunday yuksalish pog'onalari xalqning buyuk farzandlari, ilmi donishlari, fidoyi va ziyoli darg'alari ishtirokida, etakchiligida zabt etiladi!

... Marg'ilonlik, farg'onalik — vodiylik yoshi ulug' mo'ysafidlar hali-hanuz “Yotgan manzillari munavvar bo'lsin”, deya duolar bilan yodga oladigan Ibrohimjon ota o'tgan asrning olis 50-yillari avvalida o'g'li Nema'tullohni Marg'ilonning tosh ko'chalari bo'ylab maktabga, qolaversa, murattab qorilar huzuriga etaklab borayotib bosgan qadamlarida boshlangan edi bu fidoyi va ziyoli hayot, bu yuksalish, bu mutaraqqiy orzu-niyatlar yo'li. Mazmunlarga to'la bu munavvar yo'l bardavom bo'lishini istaydi ko'ngil, bardavom.

Hurshid DO'STMUHAMMAD,

yozuvchi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kamtarga kamol, manmanga zavol

03.07.2025   4226   1 min.

O‘tkirbek domla Tolibov
Toshkent shahar, Sergeli tumani “Abdulloh ibn Zubayr” jome masjidi imom-xatibi