24 soat ichidagi 5ta buyuk va 50ta kichik aktiv bioritm davri bor. 5 buyuk davrning har biri boshlanishidagi ilk 15 daqiqa biologik aktiv paytdir. Bu vaqtlarda akupunktor nuqtalar tamoman ochiq holatda bo'ladi. 5 vaqt namoz bu 5 buyuk biologik davrga to'g'ri keladi. Azondan 15 daqiqa keyin akupunktor nuqtalar sekin asta yopilishni boshlaydi va bu yopilish jarayoni 1,5-2 soat davom etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Namoz uchun vaqtning avvali – Alloh rizosi, vaqtning o'rtasi - Alloh rahmati, oxiri esa - Allohning avfidir". Boshqa hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar kishilar namozga erta kelishning savobini bilganlarida edi, buning uchun musobaqalashishar edilar", deganlar.
Ruku': ichki a'zolarni, tuhumdon, bachadon, prostatit, buyrak, siydik yo'llari va umurtqa sog'ligini saqlaydi. Oshqozon, qorin, bel va gardan muskullarini kuchlantiradi.
Sajda: badanning ustki qismlarida qon yurishini orttiradi, miyada suyuqlik va qon aylanishini tartibga soladi va saqlaydi. Miyani tozalaydi, xotirani kuchlantiradi, tushunish va fikrlash qobiliyatini orttiradi, o'pka, yurak va asab tizimini dam oldiradi.
Salom: ikki tomonga salom berayotib, elkalarga qarash ko'zlardagi qon aylanishining buzilishidan, ko'z muskullarini dangasalikdan, ensa va bo'yin suyaklariga ohak yig'ilishidan saqlaydi.
Sajdaga ketayotib va turayotib qilingan harakat: tananing barcha bo'g'im va muskullarining sog'ligini muhofaza ostiga oladi.
Tahorat va namozning moddiy foydalarini sanab oxiriga etib bo'lmaydi. Bu erda misol tariqasida ularning faqatgina bir nechtasi aytildi, ma'naviy hikmatlari haqida esa hech gapirmadik.
Sog'liqni saqlash uchun tahorat qilish, 5 vaqt namoz o'qish, halol taom eyish va eyishni kamaytirish etarli inshaAlloh.
"Namoz va duolar" kitobidan olindi
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.