“Ekstremistik g'oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar”
3. Dalillarni tushunishdagi to'g'ri yondashuv.
Mazkur masala quyida aytib o'tiladigan asoslarga tayanadi:
A). Sahobalarning yo'liga ergashish. Ularning “shar'iy dalillarni to'g'ri tushunishda sahobalarnng maslagiga ergashamiz” degan gapi ayyorlikdan keyingi yana bir ayyorlikdir. Ular sahobalarning nazaridagi yondashuv va rivoyatlarni qayoqdan ham chuqur anglasinlar! Chunki sahobalar haqidagi naql va xabarlar turli kitoblarning turli boblarida bitilgan satrlardir. Axir ular sahobai kiromlarning asarlaridan tarkib topgan ushbu ilmiy manbalarni o'zaro muvofiqlashtirib tadqiq qila olarmidi? Buning javobi esa shubhasiz eplay olmaydilar qabilida bo'ladi.
Ammo ular sahobai kiromlarning yondashuv maslaklariga tobe' bo'lishni chindan ham istasalar, to'rt mo'tabar mazhabdan birini tanlashga majbur bo'ladilar. Chunki mazkur mazhab allomalari sahobalarga bizdan ko'ra yaqinroq va ularning maslagida bizdan ko'ra etukroq insonlar edilar. Turgan gapki shar'iy asoslarni tushinish borasida mazhab allomalarining maslagi ham o'zlariga Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan meros bo'lib qolmagan. Balki bu jarayon sahobai kiromlarga meros bo'lib qoldi. Sahobalardan tobeiynlarga, tobeyinlardan keyin esa fiqhiy mazhab mujtahidlariga ulandi.
Shubhasiz, imom Abu Hanifaning mazhablari ibni Mas'udning yo'liga bog'lanadi. Imomi Molikning mazhablari ibni Umar va u kishining o'g'illari hamda hodimlarining yo'liga bog'lanadi. Tobeinlardan iborat to'rt mazhab mujtahidlarining mashoyixlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ta'lim olganlari hech kimga sir emas. Eng kamida ushbu silsila sahobalardan ta'lim olgan tobeinlarning shogirdlari. Shuning uchun ham shar'iy dalillarni idrok etish borasida to'rt mazhab mujtahidlarining maslagi rasululloh sollollohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari bo'lib, ayni paytda sahobalardan o'tib kelayotgan omonatdir. Hammaga ma'lum haqiqat shuki, sahobalar garchi turli o'lkalarda yashagan bo'lsalar-da, ularning shar'iy asoslar ustidagi turli hil qarashlari ortidan fiqhiy madrasalar vujudga keldi. Iroqda imom Abu Hanifa rahimahulloh qo'llari ostida hozirgi zamon ta'biri bilan aytganimizda fiqh kulliyalari tashkil topdi. Madinai munavvarada imom Molikning madrasalari tashkil topdi. Keyinchalik bu maktabni ikki buyuk imomlar – imom Shofi'iy va imom Ahmadlar rivojlantirib turli o'lkalarga tarqatdilar. Ulardan keyingilar zimmasida esa mazkur mujtahid allomalarga shogird bo'lib, ko'rsatgan yo'liga tobe' bo'lish, ularning asliy (aqidaviy) qoidalarini mahkam tutib ayrim far'iy (fiqhiy) masalalardagina ijtihod qilish qoldi, xolos. Chunki mazkur fiqhiy mazhablarning maslagi Alloh va rasulining hukmlarini anglab etish va to'g'ri tushunishda asos bo'ladigan sahobai kiromlarning maslagi hisoblanadi. Zero, mazhab ulamolari dalillarni tadqiq qilishda sahoba va tobeinlarning tanlovlariga ergashish qoidasini ilgari surdilar. Ular asliy qoidalar va kulliy ahkomlarni jamlash (muvofiqlashtirish)da bor imkoniyatlarini ishga soldilar. Aynan sahobalar maslagi asosiga o'z mazhablarini barpo qilib Kitob va fatvolarida ularni qaror toptirdilar.
Biz bugun mazkur asarlarni usuli fiqh deb nomlaymiz. Imom Shofeiyning “Risola” nomli kitoblari ham shular jumlasidandir. Imom Molik “Muvatto ”
kitoblarida uni yanada kengroq yoritganlar. Imom Abu Hanifa rohimahullohning shogirdlari Shayboniyning “Asil” kitobida u haqida naql qilinadi.
Imom Ahmaddek zabardast alloma ham o'z “Musnad”larida undan dalillar keltirib o'tadi.
Hech kimga sir emaski, o'zida sahobalar tanlovi va talqinlarini jamlagan mazkur tizimli usullar fiqhiy mazhablarning asosini tashkil qilgan.
Shu erda haqli savol tug'iladi: sahobai kiromlarning shar'iy dalillarni idrok etish borasidagi maslagiga hozirgi bid'at ahli jamoalari yaqinroqmi yoki sahobalar zamoniga yaqin bo'lgan mazhab ulamolari yaqinroq bo'lganmi?
Bugungi voqe'likdan kelib chiqsak ularning “shar'iy dalillarni sahobai kiromlarning talqinida idrok qilish” degan so'zlari faqat havoi gaplardir. Voqe'likda amaliyotga tatbiq qilinmagan, biror ilmiy qiymatga ega bo'lmagan da'volardir xolos.
Ikkinchi: arab lug'atini chuqur bilish.
Bu masala borasida ham ular arab tilida har qancha chuqur bilimlarga ega bo'lmasin, mazhab ulamolari jamoasining bilim-ma'rifati oldida ularning o'ndan birini ham bilmaydilar. Biz qanday qilib arab tilida ham etuk darajada gapira olgan mazhab allomalarni chetga surib qo'yib ularning o'rniga mutaassib jamoalarning maslagini qabul qilamiz?!
Bu qanday ham jaholat va bedodlikki, ular o'zlarini, shar'iy hukmlar istinboti uchun zarur bo'lgan arab tili va qoidalarida chuqur bilm va etarli darajada mahoratga ega deb biladilar! Mazkur jamoalar fikricha, arab tili ichida yashab uni o'ziga singdirgan, kerak bo'lsa uni nutq madaniyati darajasida qo'llab yurgan mazhab ulamolari ularning darajasiga etolmas ekanlar. Hatto maqomlari haqida “gapirgan gapi arab tilidagi hujjatdir” deyilgan imom Shofeiydek allomalar ham mazkur mutaassib jamoalarga teng kelmas emish.
Fiqhiy mazhab allomalari chizib bergan, o'z shayxlari va ular orqali sahobai kiromlardan meros o'laroq o'tib kelgan ushbu maslak nafs taskin topadigan va suyanishga loyiq bo'lgan maslakdir. Bizdan biror kishi to'rt mo''tabar mazhabning birortasiga ergashar ekan, aniq biladiki ergashayotgan ushbu yo'li zamonlar osha minglab allomalar xizmat qilgan asl ilmiy maslakdir. Kitob va Sunnat hidoyati (yo'llagan yo'l)da yurish oson bo'lgan uslubdir. Mazhab allomalarining boshqalarni kofirga chiqarish, ekstremizm, nohaq qon to'kish kabi vayronkor fikrlar bilan yondashganlarini ko'rmaysiz. Chunki ularning fiqhiy hukm va fatvolari bid'at ahlidan iborat mutaassib jamoalarning tutgan yo'lidan butunlay ayrodir. Ammo mutaassib jamoa vakillari ilmda ham juda nochor, idrok va tushunishda yuzaki yondashadigan jamoalardir. Ular shuning uchun ham fatvolarida o'yin, shar'iy ahkomlarida tartibsiz ish tutadilar.
(davomi bor)
“Ekstremistik g'oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan.
Tarjimon: Tohir Vohid
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlagan: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208 oyat).
Tinchlik Alloh taolo butun insoniyatga in’om etgan eng ulug‘ ne’matdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tinchlik va xotirjamlik haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradirlar” Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Alloh taolo O‘zining fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne’matlarni ato qildi. Shu bilan birga bergan ne’matlariga shukr aytishga ham buyurib, muborak kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilish va’da qildi:
Alloh taolo Quroni karimda shunday marhamat qiladi: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga biror xursandchilik ish bo‘lsa yoki xabar berishsa Allohga shukr qilib sajda qilar edilar. Demak, Parvardigorimiz biz bandalarga bergan tansihatlik, farovonlik, baxtu saodat, tinchlik va osoyishtalik kabi ulug‘ ne’matlarga shukr aytsak, qadriga yetsak – Alloh buni ne’matni bardavom etadi.
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror aylasin. Yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Abdulbosit Xamdamov, Yangi Namangan tumani
"Usmon Zunnuroyn" jome masjidi imom xatibi
Manba: @SOFTALIMOTLAR