Payg'ambarlik davrida shariat asoslari Qur'on va sunnatdan iborat bo'lganligi hamda fatvo va hukm chiqarishda asosan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga murojaat qilinishi haqida bilimga ega bo'ldingiz. U zot Robbilari huzuriga rihlat qilib, vahiy kelishi to'xtagandan so'ng, o'zlaridan keyin ummatlari uchun ikkita bebaho xazinani – Allohning kitobi va Payg'ambarning sunnati – qoldirdilar. Shundan so'ng katta sahobalar ushbu vazifalarni o'z zimmalariga oldilar, natijada ular og'ir qiyinchilik va muammolarga duch keldilar. Buning sababi, islomiy fathlar ko'paydi, arablarning nufuzi arab yarim oroli ortiga ham etib borib, Misr, Shom, Fors diyorlari hamda Iroqda hukmronlik qo'llariga o'tdi. Natijada, musulmonlar hayotlari davomida uchramagan yangi-yangi voqea hodisalarning shohidi bo'ldilar.
Bunday holatlar ularni Allohning kalomi va Rasulining sunnatidan o'shanday favqulotda uchragan notanish masalalar haqida hukm izlashga majbur qildi. Ma'lumki, Qur'on va sunnat musulmonlar ko'z o'ngida sodir bo'layotgan voqealarning har biri haqida aniq dalil keltirmagan. Shuning uchun ulamolar ushbu juz'iy voqealarga kitob va sunnatdagi umumiy qoidalarni tatbiq qilish ustida ijtihod qilishlari lozim edi. Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga ijtihod yo'llarini ko'rsatib, ularni ham ijtihod qilishga o'rgatib, qilgan ijtihodlaridan rozi bo'lib, to'g'ri topganga ham, xato qilganga ham savob va'da qilib ketganlar. Shuning uchun ham ular ojizona harakatlarini ishga solib, qiyin masalalarga hukm topish uchun kuch-g'ayratlarini sarf qilganlar.
Sahobalarning ijtihodlari keng ma'noli ijtihod bo'lgan. Darhaqiqat, ular oyat va hadislarning dalolatiga e'tibor berishgan, qiyosni keng qo'llashgan va istehsonga murojaat qilishgan.
Bu davrda faqat voqe'likda sodir bo'lib turgan hodisalargagina hukm chiqarish bilan cheklanilgan, voqe' bo'lmagan masalalarga fatvo chiqarishdan saqlanilgan. Mutaaxxir ulamolarga o'xshab hali voqe' bo'lib ulgurmagan masalalarni o'ylab topib, voqe' bo'lish vaqtlarini taxminan belgilab, ularga oldindan hukm va fatvolar ham chiqarib qo'yish sahobalar davrida bo'lmagan. Sahobalarning bunday qilmasliklariga asosan uchta sabab bor edi:
Hulafoi roshidinning istinbot yo'llarini Imom Bag'oviy Maymun ibn Mehrondan keltirgan quyidagi rivoyat yaqqol ifodalab beradi: Abu Bakr raziyallohu anhu biror masala ustida hukm chiqarmoqchi bo'lsalar Allohning kitobiga qarar edilar. Agar kitobdan topsalar o'sha bo'yicha hukm qilar edilar, agar undan topa olmasalar, Rasulullohning sunnatlaridan axtarar va o'sha bo'yicha hukm chiqarar edilar. Agar sunnatdan ham topa olmasalar, musulmonlarni chaqirib, ulardan: men falon, falon masalaga duch kelib qoldim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning shu masala bo'yicha birorta hukm chiqarganlarini eshitganmisizlar? – deb so'rar edilar. Gohida ba'zi bir kishilar Rasulullohning bunday masala ustida hukm chiqarganlarini eslab, Abu Bakrga aytishar edi. Agar hech qim Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan bunday masala ustida hukm chiqarganlarini eslay olishmasa, u holda Abu Bakr ilmli katta sahobalarni jamlab, ulardan shu masala ustida fikr bildirishlarini so'rar edilar. Agar fikrlari biror hukm ustida to'xtasa o'sha bo'yicha hukm chiqarar edilar. Umar raziyallohu anhu ham shunday qilar edilar. Agar masalaning hukmini Qur'ondan ham, sunnatdan ham topa olmasalar, Abu Bakr raziyallohu anhuning bu masala ustida hukm qilgan yoki qilmaganligiga qarar edilar. Agar Abu Bakr biror hukm chiqargan bo'lsalar, shu hukmni olar, agar hech qanday hukm bo'lmasa, u holda olimlarni to'plab, ulardan maslahat so'rar edilar va ko'pchilik nima hukm chiqarsa shu hukmni ijro qilar edilar.
Ushbu rivoyatdan ko'rinadiki, xulafolar o'z fatvolarida asosan to'rt narsaga suyanar edilar: Qur'on, sunnat, ijmo', ra'y. Demak, mana shu to'rt asos o'sha asrda shariat manbai hisoblangan. Quyida biz xulafolarning ushbu to'rtala manba bo'yicha tutgan yo'llari haqida alohida-alohida so'z yuritamiz.
1 – Qur'on
Qur'onning jamlanishi va uning mushaflarga ko'chirilishi
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida Qur'on mushaf shaklida jamlangan emas. Buning hikmati, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam modomiki hayot ekanlar, u kishi o'zlariga vahiy kelib qolishidan umidlari bor edi. Vahiy kelishining to'xtashi esa, faqatgina U zotning vafotlaridan keyingina aniq bo'ldi.
Ammo shuni bilmoq lozimki, Rasululloh sallallohu layhi vasallam bu dunyoni tark qilib ketganlarida Qur'on oyatlarining hammasi teri, suyak va boshqa narsalarga yozib qolingan edi.
Abu Bakr raziyallohu anhu xalifalikka saylanganlaridan so'ng, Yamoma jangi bo'lib o'tdi va unda ko'pgina qorilar halok bo'lishdi. Shundan so'ng Umar ibn Hattob raziyallohu anhu janglarda qorilar halok bo'laverib, Qur'onni yod bilgan kishilar qolmasligidan tashvishga tushib Abu Bakr raziyallohu anhuga Qur'onni mushaf shaklida jamlashga maslahat berdilar. Avvaliga, Abu Bakr raziyallohu anhu taradduddlanib turdilar. Chunki, bu ish Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayotlik vaqtlarida ham qilingan emas edi. So'ngra, qilinayotgan ish xayrli maqsad uchun amalga oshirilayotganligi sababli Umar raziyallohu anhuning fikridan qanoat hosil qildilar. Shundang so'ng, Zayd ibn Sobitni huzurlariga chaqirdilar. Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning majlislarida doim ishtirok etgan, Qur'onni mukammal yod olgan sahobalardan edilar. Shuning uchun Abu Bakr raziyallohu anhu Zayd ibn Sobitga ushbu vazifani topshirdilar va o'z navbatida Zayd raziyallohu anhu bu ishni a'lo darajada ado etdilar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o'zlarining Sahihul Buxoriy asarlarida Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan shunday rivoyat keltiradilar: Zayd dedilar: Abu Bakr raziyallohu anhu menga Yamoma jangida vafot etganlar haqida xabar yubordilar. Men kelsam, u kishining huzurlarida Umar ibn Hattob ham bor ekanlar. Abu Bakr menga: Umar mening oldimga kelib urush ko'pgina qorilarning boshiga etdi. Men endi bundan keyingi janglarda ham qorilar qirilib ketsa, Qur'onga putur etib qolmasmikan degan qo'rqinchdaman. Shuning uchun Qur'onni jamlashga buyruq bersangiz yaxshi bo'lar edi, degan fikrdaman – dedi. Men esa, unga: Qanday qilib biz Rasululloh salallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qilamiz? – dedim. U menga: Allohga qasamki, bu xayrli ish, dedi. U shu gapni takrorlayvergach, Alloh taolo qalbimni ochdi, Umarning fikri to'g'ri ekanligiga amin bo'ldim. Ey, Zayd! Sen aqlli yigitsan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga nozil bo'lgan vahiylarni yozib borar eding. Endi, sen Qur'on oyatlarini to'plab, bir erga jamlagin – dedilar. Zayd aytadi: Allohga qasamki, agar menga bir tog'ni o'z joyidan boshqa joyga ko'chirishni buyurishganda Qur'onni jamlashchalik og'ir bo'lmasdi. Men Abu Bakrga: qanday qilib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qilmoqchisizlar? – dedim. U esa, menga: Allohga qasamki, bu xayrli ish, dedi. Menga qayta-qayta shu ishni buyuravergach Alloh taolo Abu Bakr va Umarning qalbini ochgan narsaga mening ham qalbimni ochdi. Shundan keyin Qur'onning teri, tosh, suyak kabi narsalarga yozilgan, odamlar dilida yod tutganlarini to'plab jamladim. Tavba surasining oxiridagi ikkita oyatni faqat bir ansoriy kishidagina topdim. Undan boshqa hech kimda yo'q ekan. Shu tariqa Qur'on jamlandi va u Abu Bakrning uyida to u vafot etgunicha saqlandi. Undan keyin Umar raziyallohu anhuda, so'ngra uning qizi mo'minlarning onasi Hafsa raziyallohu anhoning uyida saqlandi.
Abu Bakr davrida Qur'on maxsus sahifalarga ko'chirilib, uni taxtlab, belidan ip o'tkazib bog'lab qo'yilgan edi.
Qur'onni jamlashda faqat dilda yod bo'lgani bilan kifoyalanmay, balki biror narsaga yozilganiga ko'proq suyanildi. Rivoyatlarga qaraganda Payg'ambar alayhissalomning uylaridan chiqqan turli narsalarga yozilgan Qur'on oyatlari ichida Tavba surasining 128-129-oyatlari hamda Ahzob surasining 23-oyati topilmadi. Zayd bu oyatlarni o'zi yod olgan bo'lsada, mutavotir darajasiga etadigan ko'p sonli sahobalar yodlagan bo'lsalar ham bundan qanoatlanmay, qo'lyozmasini izlashda davom etaverdi. Nihoyat, Tavba surasidagi oyatlarni bir ansoriydan, Ahzob surasidagi oyatni esa, Abu Huzaymadan topdi.
Shunday qilib, Qur'oni karim mukammal holatda jamlandi, uning to'g'ri va bexato ekanligini barcha muhojir va ansoriy sahobalar tasdiqladilar va Allohning: “Zikrni (Qur'onni) biz nozil qildik va uni O'zimiz saqlaymiz” (Hijr surasi, 9-oyat)oyati ham o'z tasdig'ini topdi.
Usmon ibn Affon raziyallohu anhu davriga kelib Qur'ondan nusxalar ko'chirib, ularni bir nechta shaharlarga tarqatish lozim bo'ldi. Imom Buxoriy rahimahulloh Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilishicha: Huzayfa ibn Yamon Usmon raziyallohu anhuning huzurlariga kelib, odamlar Qur'on o'qishda o'zaro ixtilof qilayotganliklari, har kim o'z bilganicha o'qiyotganligi haqida shikoyat qildi. Bunday holatlar yangi fath qilinayotgan Armaniston va Ozarbayjon kabi ajam diyorlarida yuz berayotgan edi. Shuning uchun Huzayfa raziyallohu anhu Usmon ibn Affonga: Islom ummati yahudiy va nasroniylarga o'xshab ixtilofga berilmasliklaridan oldin siz ularni to'xtatib qoling, dedi. Shundan so'ng Usmon raziyallohu anhu Hafsa raziyallohu anhoning uyiga odam yuborib, unga: Uyingizdagi Qur'on bitiklarini bizlarga yuboring. Biz undan nusxalar ko'chirib olib, so'ngra o'zingizga qaytaramiz, dedilar. Hafsa raziyallohu anho Qur'on bitiklarini Usmon raziyallohu anhuga berib yubordi. Usmon raziyallohu anhu Qur'onni olgach, uni ko'chirish vazifasini Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Zubayr, Sa'iyd ibn Os va Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishom raziyallohu anhumga topshirdilar. Ular Qur'onni mushaflarga ko'chirishdi. Usmon raziyallohu anhu uchala Qurayshdan bo'lgan kotiblarga qarab: Agar Qur'onning biror joyida Zayd bilan tortishib qolsangizlar u holda o'sha so'zni Quraysh tilida yozinglar, chunki Qur'on Quraysh tilida nozil bo'lgan, dedilar.
Nihoyat ular Qur'onni bir nechta mushaflarga ko'chirib bo'lishdi. Usmon raziyallohu anhu Qur'on bitiklarini Hafsa raziyallohu anhoga qaytarib berdilar. Ko'chirilgan Qur'onlardan turli shaharlarga yubordilar va bundan boshqa Qur'on oyatlari yozilgan sahifalar bo'lsa, barchasini yoqib yuborishga farmon berdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov