Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

2. BAQARA SURASI, 216–218 OYaTLAR

21.11.2020   10460   5 min.
2. BAQARA SURASI, 216–218 OYaTLAR

كُتِبَ عَلَيۡكُمُ ٱلۡقِتَالُ وَهُوَ كُرۡهٞ لَّكُمۡۖ وَعَسَىٰٓ أَن تَكۡرَهُواْ شَيۡ‍ٔٗا وَهُوَ خَيۡرٞ لَّكُمۡۖ وَعَسَىٰٓ أَن تُحِبُّواْ شَيۡ‍ٔٗا وَهُوَ شَرّٞ لَّكُمۡۚ وَٱللَّهُ يَعۡلَمُ وَأَنتُمۡ لَا تَعۡلَمُونَ٢١٦

216. Sizlarga yoqmasa-da, jang qilishingiz farz etildi. Yoqtirmagan narsangizda sizlarga yaxshilik bo'lishi mumkin, yoqtirgan narsangizda esa sizlarga yomonlik bo'lishi mumkin. Alloh bilganini sizlar bilmaysizlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada ekanlarida jihodga ijozat berilmadi, Madinaga hijrat qilganlaridan keyin faqat musulmonlarga urush ochgan kofirlargagina qarshi urushishga izn berildi. Keyinchalik esa barcha kofirlar bilan jang qilishga ijozat berildi va jihod farz bo'ldi. Agar kofirlar musulmonlarga qarshi hujum qilsa, jihod hamma musulmonlarga farzi ayn bo'ladi, aks holda farzi kifoyadir. Lekin jihod Kitoblarda ko'rsatilgan shartlarga muvofiq bo'lsagina, shunday. Agar biror qavm musulmonlar bilan sulh va kelishuv qilsa, yo dinlariga o'tsa, bu holda ular bilan jang qilish yoki ularning dushmanlariga yordam berish musulmonlarga nojoizdir.

يَسۡ‍َٔلُونَكَ عَنِ ٱلشَّهۡرِ ٱلۡحَرَامِ قِتَالٖ فِيهِۖ قُلۡ قِتَالٞ فِيهِ كَبِيرٞۚ وَصَدٌّ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِ وَكُفۡرُۢ بِهِۦ وَٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ وَإِخۡرَاجُ أَهۡلِهِۦ مِنۡهُ أَكۡبَرُ عِندَ ٱللَّهِۚ وَٱلۡفِتۡنَةُ أَكۡبَرُ مِنَ ٱلۡقَتۡلِۗ وَلَا يَزَالُونَ يُقَٰتِلُونَكُمۡ حَتَّىٰ يَرُدُّوكُمۡ عَن دِينِكُمۡ إِنِ ٱسۡتَطَٰعُواْۚ وَمَن يَرۡتَدِدۡ مِنكُمۡ عَن دِينِهِۦ فَيَمُتۡ وَهُوَ كَافِرٞ فَأُوْلَٰٓئِكَ حَبِطَتۡ أَعۡمَٰلُهُمۡ فِي ٱلدُّنۡيَا وَٱلۡأٓخِرَةِۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٢١٧

217. Sizdan harom oydagi jang haqida so'rashadi. "Undagi jang ulkan gunohdir, Alloh yo'lidan to'sish, Unga kufr keltirish, Masjidul-Haromdan qaytarish, ahlini undan quvib chiqarish esa Alloh huzurida bundan ham ulkanroq gunohdir, fitna qotillikdan ham og'ir gunohdir", deng. Ular qo'llaridan kelsa, diningizdan qaytarguncha siz bilan urushaverishadi. Sizlardan kim dinidan qaytib, kofirlikda o'lsa, uning amallari dunyo va oxiratda zoye ketadi. Ular do'zaxiylardir va unda abadiy qolishadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musumonlardan bir guruhini kofirlar huzuriga yuboradilar. Ular “jumodus-soniy oyining oxirida turibmiz” deb o'ylab kofirlarni o'ldirishadi, mollarini o'lja olishadi. Kofirlar hisobiga ko'ra, o'sha kun rajab oyining boshi ekan. Ular Muhammad alayhissalom urush harom qilingan oyda jang qilishga, odamlarni o'ldirib, molini talashga ijozat berdi, deb ta'na qilishdi. Musulmonlar shu voqeadan iztirob chekib, Payg'ambarimizga savol berishganida yuqoridagi oyati karima tushirilgan. Alloh taolo urush harom qilingan oylarda (muharram, rajab, zulqa'da, zulhijja) jang qilish ulkan gunoh (gunohi kabira) ekanini eslatmoqda. Lekin odamlarni Islomga kirishdan to'sish va o'zining Islomga taslim bo'lmasligi, Baytulloh ziyoratiga kelgan kishilarga to'sqinlik qilish, Makka ahlini shahardan haydab chiqarish, xalq o'rtasida kufr tarqatish harom oylardagi urushdan ham ulkanroq gunohdir. Kofirlar musulmonlarni dinlaridan chiqarish uchun hamisha harakat qilishadi, ilojini topishsa aslo o'z hollariga qo'yishmaydi. Kim dinidan chiqib murtad bo'lsa, uning barcha amallari bu dunyoda ham, oxiratda ham habata (behuda) bo'ladi. Agar tavba qilib, yana diniga qaytsa, so'nggi yaxshi amallarining savobiga ega bo'ladi.

إِنَّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَٱلَّذِينَ هَاجَرُواْ وَجَٰهَدُواْ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ أُوْلَٰٓئِكَ يَرۡجُونَ رَحۡمَتَ ٱللَّهِۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٞ٢١٨

218. Haqiqatan imon keltirganlar, hijrat qilganlar va Alloh yo'lida jihod qiluvchilar Alloh rahmatini umid qiladilar. Alloh mag'firatli, rahmlidir.

Allohga imon keltirganlar, Alloh yo'lida hijrat qilganlar (ya'ni dinlarini asrab qolish uchun o'zga yurtlarga ko'chganlar) va Alloh roziligi yo'lida jiddu jahd qiluvchilardan Alloh taolo hech qachon O'z rahmatini darig' tutmaydi. Bundaylarga Parvardigor o'ta kechiruvchi va rahmlidir. Mo'minlar shundayin saodatli ummatdirki, Alloh azza va jalla ularga O'z rahmatini keng qilib, mag'firatini ustlaridan yog'dirib qo'yibdi. Bunga Alloh taoloning O'z Payg'ambariga amri sifatidagi quyidagi oyati ham dalolat qiladi: "Mening nafslariga zulm qilgan bandalarimga ayting: "Allohning rahmatidan noumid bo'lmanglar, albatta, Alloh (O'zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag'firat qiladi" (Zumar, 53). Demak, banda bilmay turib bir gunohni sodir etsa va so'ngra chin dildan istig'for aytib tavbaga yuzlansa hamda o'sha ishni qayta qilmaslikka azmu qaror etsa, agar gunohlari dengiz ko'pigicha bo'lsa ham Alloh taolo u bandani O'z rahmati ila kechib yuboradi. Savbon roziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomning: "Dunyo va undagi bor narsalardan ko'ra menga ushbu oyat afzaldir" deganlarini rivoyat qilgan (Ahmad rivoyati). Aliy ibn Abu Tolib karramallohu vajhahudan rivoyat qilingan hadisda esa, Rasuli akram alayhissalom: "Alloh taolo biror gunohni bexos sodir etib, keyin tavba qiluvchi bandasini yaxshi ko'radi", deganlar (Ahmad rivoyati).

Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   18019   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV