Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
«Hushu'» deb, a'zolarning sukunatda va qalbning Alloh bilan bo'lishiga aytiladi.
Namozni go'zal qilib ado etish esa farz, vojib, sunnat kabi odoblarini o'rniga qo'ymoqlikdir.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: هَلْ تَرَوْنَ قِبْلَتِي هَا هُنَا وَاللهِ مَا يَخْفَى عَلَيَّ رُكُوعُكُمْ وَلَا خُشُوعُكُمْ، وَإِنِّي لَأَرَاكُمْ مِنْ وَرَاءِ ظَهْرِي.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko'ryapsizlarmi, mening qiblam bu tomonda! Allohga qasamki, men uchun rukularingiz ham, xushularingiz ham maxfiy qolmas. Albatta, men sizlarni orqamdan ham ko'rurman», dedilar».
Sharh: Ushbu hadisi sharifda namozning xuzusi va xushusini joyiga qo'yib o'qish zarurligi ta'kidlanmoqda.
Har bir inson namozning amallarini yaxshi ado etar ekan, unda a'zolari to'la sokinlikda qolib, qalbi Alloh yodi bilan bo'lmog'i zarur.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga, meni qiblaga qarab turibdilar, orqalaridagi narsani, jumladan, bizning ruku va xushularimizni ko'rmaydi, deb o'ylamanglar, men ko'rib turaman, deganlarining ma'nosi shudir.
Ayniqsa, u zot sollallohu alayhi vasallamning bu gapni Alloh nomi ila qasam ichib aytishlari ushbu ma'noni qattiq ta'kidlaydi.
Shuning uchun har birimiz namozimizning ruku va xushusini joyiga qo'yib o'qishimiz lozim.
«Hadis va hayot» kitobidan
Sufyon Savriy rahimahulloh aytadilar: "Birgina gunohim uchun besh oy tahajjuddan mahrum bo‘ldim". “U qaysi gunoh edi?” deb so‘rashdi. "Yig‘lab duo qilayotgan kishini ko‘rib, ichimda: "Bu kishi riyo qilyapti", degandim…".
Imom Makhul rahmatullohi alayhi: "Bir kishini namozda ruku’ va sajda qilib, yig‘layotganini ko‘rdim va ichimda "u riyo qilyapti!" deb unga tuhmat qildim va o‘zim bir yil yig‘lashdan mahrum bo‘ldim".