Egasi maqtanayotgan qanchadan qancha hashamatli uylar ichida g'arib taqdirlar, bashang liboslar ichida notavon tanalar, oppoq badanlar ichida qop-qora ko'ngillar bor.
Tarix muhrlagan so'zlar
***
Agar sen faqat nur orqali zohir bo'lgan narsanigina ko'rib, ovozlar orqali etib kelgan narsanigina eshitayotgan bo'lsang, haqiqatda ko'rmas va eshitmas ekansan.
Jubron Halil Jubron
***
Qonun taqiqlamagan shundah holatlar borki uni nomus taqiqlaydi.
Rim hikmatlaridan
***
Boshqalarga yordam berishga intiladigan odamgina muvaffaqiyatga erishadi. Faqat o'z foydasini o'ylaydiganlar esa mag'lubiyatga uchrayveradi.
Brayan Treysi
***
Yaxshi bo'l va sening yaxshi ekaningni hech kim bilmasligiga intil.
Lev Tolstoy
***
Sodda bolalarni laylaklar olib keladi, hamma narsani bilishga qiziqadigan bolalar o'zlari tug'iladilar.
***
Qanaqasiga qo'ylar ham butun, bo'riyam to'q bo'larkan?.. Demak, cho'ponni eb qo'yishgan.
***
Mo'min yaxshi niyatli bo'lgani uchun aldanadi, Munofiq yomon niyatli bo'lgani uchun aldaydi.
Hakim Termiziy
Kim odamlar oldida o'zida yo'q narsa bilan ziynatlanishga urinsa Alloh uni uyaltirib qo'yadi.
Insonning ichki dunyosi tashqi dunyosiga mos bo'lsa bu—adolatdir. Agar ichki dunyo tashqi dunyodan afzal bo'lsa bu—fazilatdir. Mabodo tashqi dunyo ichki dunyodan afzal bo'lsa bu—razolatdir.
Sufyon ibn Uyayna
***
Dunyo asli zulmatdir! Magar ulamolar majlisigina mustasno.
Hasan Basriy
***
Agar men Alloh va Rasulining yo'lidan yurmasam, menga itoat qilmang!
Boylik xasisda, qurol qo'rqoqda, hukm zaifda bo'lsa tartib intizom izdan chiqadi.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar