O'zicha amal qilmaslik yoki mazhabga to'liq amal qilishning vojibligi
Muhammad Amin ibn Umar ibn Obidin Dimashqiy (1783–1836) rahimahullohning “Uqudu rasmil muftiy” asari fatvo chiqarish qonun-qoidalarini o'qib-o'rganishda hanafiylarning asosiy kitobi hisoblanadi. Unda imom Ibn Obidin umumiy qoida va tamoyillarni bayon qiladi. Bu kitobning hanafiylar orasida obro'si baland ekaniga hech qanday shak-shubha yo'q. Qolaversa, men undagi qonun-qoidalarni ochiqchasiga rad qilgan biror taniqli ulamoni bilmayman. Maqolaning davomini tushunishga yordam berishi uchun mazkur kitobdan bir necha tezislarni qisqacha qilib keltirib o'taman.
1. O'zi istagan qarash yoki fikrga ergashishi mumkin emas.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Amal qilish yoki birovga fatvo (javob) berish uchun faqatgina mazhab olimlari quvvatli, deb hisoblagan qavlga ergashish vojibdir. Na o'zi amal qilishi va na birovga fatvo berishi uchun istisno holatlardan boshqasida kuchsiz qavlga ergashish mumkin emas”.
Shuningdek, “Shifa al-ilal” nomli risolada Ibn Obidin rahimahulloh Qosim Qutlubug'oning quyidagi so'zlarini keltiradi: “Kuchsiz qavlga tayanib hukm chiqarish yoki fatvo berish – johillik va ijmoga zid”.
2. Mazhabdagi kuchli qavlni faqatgina tarjih ahli belgilab berishi mumkin.
Birinchi holatimizdan kelib chiqib, ya'ni o'zimiz istagan qavlga ergasha olmas ekanmiz, u holda mazhabda amal qilinadigan qavlni kim ajratib beradi, degan savol paydo bo'ladi. Albatta, bu vazifa faqatgina ijtihodning ma'lum darajasiga etgan olimlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin, xolos.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Bilginki, munosib kishilar tomonidan kuchli deb hisoblangan narsaga ergashish vojibdir”.
Muallif o'sha munosib kishilar kim ekanini shunday izohlaydi: “Ya'ni tarjih ahli. Bu narsa har qanday olimning ham tarjihi yaroqli bo'lavermasligiga ishora qiladi”.
3. Faqihlarning ilmiy darajasi turlicha bo'ladi.
Ibn Obidin rahimahulloh faqihlarning etti tabaqasi haqida Ibn Kamol Poshoning taqsimotini keltiradi. Bunday tabaqalanish hamda Ibn Kamol Posho qaysi olimni qaysi tabaqaga kiritgani keyingi davr olimlari, jumladan, Laknaviy, Marjoniy va Kavsariy kabilar tomonidan tanqidga uchragan. Tanqidning asosi ba'zi tabaqani bir-biridan ajratish mumkin emasligi, shuningdek, faqihlar o'zlari munosib bo'lgan o'rindan quyiroqqa qo'yilgani bilan bog'liq. Ammo ulardan birortasi faqihlarning tabaqalari, kimlar tarjih sohibiyu kimlar tarjih ahli emasligi borasidagi fikrlarni xato sanashmagan.
4. Mazhabdagi mujtahid anchadan beri yo'q, muftiyning vazifasi esa – tarjih ahli quvvatli deb belgilagan narsaga ergashish.
Ibn Obidin rahimahulloh aytadi: “Bizning zamonamizda muftiy-mujtahidlar yo'q, faqatgina sof muqallidlar qolgan, xolos”. U oxirgi mazhab mujtahidlari orasida Kamol ibn Humom (vafoti hijriy 861 yil) va Qosim Qutlubug'o (vafoti hijriy 879 yil)ni ham zikr qiladi. Ibn Nujaymni esa sof muqallidlar qatoriga qo'shadi. Agar Ibn Nujaymning tarjihi oldingi tarjih sohiblarining qarashlariga muvofiq kelmasa, uning tarjihi hech qanday kuchga ega emas.
5. Fatvo ahllari usul va fiqhga emas, balki mazhab kitoblaridagi ochiq-ravshan matn (naql)ga asosan fatvo berishlari lozim.
Ibn Obidin rahimahulloh Ibn Nujaym rahimahullohning quyidagi so'zlarini keltiradi: “Muftiy o'sha (mujtahid)lar ochiq bayon qilib ketgan matnni to'g'ridan-to'g'ri keltirish (orqali javob berish)i vojibdir”.
Aytish lozimki, Ibn Nujaym rahimahulloh bu o'rinda o'zini ham nazarda tutmoqda. Hatto Ibn Nujaym rahimahullohning ham usul va fiqh asosida fatvo chiqarishga haqqi yo'q ekan, imom Nasafiyning “Manor”i asosida fatvo berishga uranayotganlar kishini hayratga soladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilinadigan bo'lsa, Qosim Qutlubug'odan so'ng mazhabdagi har qanday tarjih hech qanday kuchga ega emas va u rad qilinadi. Chunki bu muqallidlarning hukmi hisoblanadi, muqallidlar esa hukm chiqara olishmaydi.
Ayrimlar bu qoida – Ibn Obidinning shaxsiy qarashi, xolos, deb e'tiroz bildirishlari ham mumkin. Ammo yaqindagina chop etilgan Abu al-Faya al-Ayni (milodiy 1147 yilda vafot etgan)ning fatvo odoblari haqidagi kitobida ham xuddi shu ma'noni ko'rish mumkin. Vaholanki, muallif bu kitobni Ibn Obidindan ilgariroq yozgan bo'lib, Ibn Obidin uni tanimagan. Ibn Obidindan so'ng birorta ham hanafiy faqihi mazkur tartib-qoidalar borasida e'tiroz bildirmagan.
Juz'iy masalalarda mazhabdan tashqariga chiqish borasida hanafiy mujtahidlarining tutgan mavqelari.
Abul Abbos Notifiy aytadi: “Agar savol beruvchi kishi iroqliklarning mazhabiga ergashadigan bo'lsa, olim unga Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad yoki Zufarlarning qavllariga ko'ra javob berishi kerak. Uning javobni Shofe'iy yoki Molikning qavlidan olishga haqi yo'q”.
Zahiriddin Marg'inoniy Kabir aytadi: “Biror a'zosi qonagan omi hanafiy, bu masalada imom Shofe'iyga ergashib tahoratini yangilamasligi mumkin emas”.
Faxrul Quddat Muhammad ibn Husayn Asrabandiy aytadi: “Agar (fiqhdagi ixtilofda) haqiqat bitta bo'lmaganida, muqallidning ba'zida bir mujtahidga, ba'zan esa boshqasiga taqlid qilishga haqi bo'lardi. Bu esa dinning havoi nafs ustiga qurilganini bildiradi va bu buzuqlikdir...
(Fiqhiy ixtilofda) haqiqat bitta deydigan oddiy musulmon (omi)lar uchun o'zlari eng bilimdon deb hisoblagan faqat bitta imomga ergashishlari vojib bo'ladi va o'z havoi nafslariga ergashib, unga xilof qilishlari mumkin emas”.
Shayxul Islom Burhoniddin Marg'inoniy aytadi: “Taloqni uylanishiga bog'lagan (hanafiy mazhabidagi) kishi uylanib, buning hukmini shofe'iylardan so'raganida, ularning o'z mazhablari bo'yicha “taloq tushmaydi”, degan javoblari ham unga hujjat bo'lolmaydi (ya'ni taloq tushadi)”.
Muhammad ibn Asrushaniy aytadi: “Erkak va ayolga shofe'iy mazhabidan hanafiylikka o'tish yoki aksincha qilishga ruxsat beriladi. Sharti – to'laqonli o'tish kerak, bir-ikki masalada o'tish mumkin emas...
Badanidan qon chiqib, oqqan hanafiy shofe'iy mazhabiga ergashib, tahoratini yangilamay namoz o'qishi mumkin emas. Agar shu holda namoz o'qiydigan bo'lsa, unga tarsaki tushirilishi kerak”.
Bu kabi misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. Mazkur imomlar mazhab mujtahidlari bo'lib, ularning ichida faqatgina Kamol ibn Humom rahimahulloh bir mazhabdan boshqasiga hech qanday sababsiz o'tish mumkin, degan fikrni ilgari suradi. Qolaversa, uning o'zi bu qarash hanafiylarga tegishli emasligini hamda hanafiylarda bu ish gunoh sanalib, unga jazo berilishini ochiq ko'rsatib o'tgan. Umuman olganda, Ibn Humom rahimahulloh o'zining mazhabga aloqador bo'lmagan qator shaxsiy fikrlari bilan mashhur bo'lgan.
Biror sababsiz boshqa mazhabga o'tish mumkin, deb hisoblaydigan, jumladan, imom Shurunbuloliy kabi ulamolarning hammasi muqallidlardir. Ularning shaxsiy fikrlari asosida fatvo berilmaydi. Shunday ekan, hanafiy mazhabi doirasida bu fikrga ergashish mumkin emas.
Zamonamiz olimlarining – hurmatlari bosh ustiga – qilayotgan ishlari fatvo uchun manba bo'lolmaydi. Agar oddiy musulmon savol berayotgan bo'lsa, u mening yoki shayximning fikrini yoki uning kundalik hayotda qanday ish tutishi haqida emas, balki hanafiy mazhabining hukmini so'rayotgan bo'ladi. Agar savol hanafiy mazhabi doirasida berilayotgan bo'lsa, albatta, javob ham faqat ana shu doirada bo'lishi kerak. Mabodo kishi o'zining shaxsiy o'y-fikri, tafakkuri bilan qandaydir xulosaga keladigan bo'lsa, uni mazhabga nisbat bermay, o'zining shaxsiy xulosasi ekanini qayd etishi lozim.
Bu masalaning mohiyati ilmiylik emas, balki ma'naviylik jihatidadir: qachonki talaba ustozida mazhabga qat'iy amal qilish ko'nikmasini topmas ekan, bunday munosabat uning o'ziga ham o'tadi.
Yigirma yildan beri hadislar ustida chuqur izlanishlar olib borayotgan ustozimiz, muftiy Muhammad Ishoq Banna ko'pincha shunday derdi: “Nasbur-roya” (Imom Marg'inoniyning “Hidoya” asaridagi hadislarning taxrijiga bag'ishlangan asar) yoki “I'laaus-sunan” (Hanafiy mazhabidagi hukmlarga dalil bo'lgan hadislar jamlangan asar) kabi kitoblar mazhab ustidan qozilik qilolmaydi. Hatto ularning mualliflari mazhabning qarashiga biror dalil-hujjat topolmagan taqdirda ham, u (mazhabdagi gap) baribir o'zgarmaydi. Mazhab bizgacha shunday etib kelgan va biz bu omonatni shundayligicha etkazishimiz kerak”.
Abu Ali Ash'ariy Hanafiyning
shu nomli maqolasidan
Azizbek HOLNAZAROV tarjimasi
Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).
أَسْتَغْفِرُ اللهَ
O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.
أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ
O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.
أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.
رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ
O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.
سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.
أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي
O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.
أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.
Davron NURMUHAMMAD