Tijorat odobi, ravishi usullari haqida ham tavsiyalari bor... Hadisi shariflar bor...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bozorlarni kuzatganlar. Hukumat boshlig'i kabi u erlarda buyruqlar berganlar.
Bir marta bir tijoratchining yoniga kelganlar. Savdogarning qopda turgan moliga qo'llarini botirib, aralashtirib ko'radilar. Qarasalar, tagi ho'l, usti quruq... Qopdagi molning tagi yomon, usti chiroyli qilib qo'yilgan... Shunda «Bunday qilma!» dedilar.
من غشنا فليس منا
Man g'ashshano falaysa minno – «Kim bizni aldasa, bizdan emas», – deganlar...
Savdoning, tarozuning, o'lchovning halol bo'lishiga oid oyat emas, hatto sura bor; Mutaffifin surasi...
وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُممَّبْعُوثُونَ لِيَوْمٍ عَظِيمٍ (سورة المطففين : 1–5)
Vaylun lil mutaffifin. Allazina izaktalu 'alan nasi yastavfun. Va iza koluhum av vazanuhum yuxsirun. Ala yazunnu ulaika annahum mab'usun. Liyavmin azim.– (O'lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalarga halokat bo'lgay! Ular odamlardan (biron narsani) o'lchab olgan vaqtlarida to'la qilib oladigan, ularga o'lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir. Ular o'zlarining ulug' bir kunda – barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan qiyomat) kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o'ylamaydilarmi?!
Gollandiyada bir ustoz domla birodarimiz shaxsan o'zi ko'rgan (mavzumizga doir) bir voqeani menga aytib bergandi:
Unga odamlar kelib:
«Ustoz, o'lim to'shagida yotgan bir bemorimiz bor, o'tinamiz, borib ko'ring, yordam bering!» deyishadi. Shunday qilib, tungi soat uchda bemorning yoniga olib borishdi. Bemor hushidan ketgan, qiyin ahvolda yotardi... Men sekin-sekin «Laa ilaha illallah... Laa ilaha illallah. Ashhadu anlaa ilaha illallah...» deb kalimai tavhid va kalimai shahodatni aytdirishga harakat qildim. Bir vaqt bemor o'ziga kelib bunday dedi: «Nimaga meni majbur qilayapsiz?.. Ko'rmayapsizmi, tarozining bosh qismidagi temirini tomog'imga tiqib-tiqib olishyapti!» – deb aytibdi. Keyin o'ldi, – deydi.
Marhumning xotinidan:
– «Buning sababi nima?..», – deb so'raganida:
– «Bu haqda so'ramang ustoz!.. Erim sotuvchi edi. Ikkita tarozisi bor edi; bittasini olayotganida, ikkinchisini esa, sotayotganida ishlatardi... Olayotganda kam ko'rsatadigan tarozida tortib, sotayotganda ko'p ko'rsatadigan tarozida tortardi.» – deb javob beradi.
Masalan, birinchi tarozida tortilgan 1 kg og'irlikdagi narsa, ikkinchi tarozida 800 gr. chiqarkan...
Ana shunday ikkita tarozidan foydalanib, xalqni aldar ekan. Lekin vafoti ham ayanchli bo'lgan. Ustoz: «O'z ko'zlarim bilan ko'rib, qo'loqlarim bilan eshitdim»dedi...
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim Mavlono muftiy Muhammad Shafe’ Usmoniy quddisa sirruh Pokiston muftiy A’zami edilar. U kishining butun hayotlari o‘qish va o‘qitish ila o‘tdi. Dorul ulum Devbandda ta’lim oldilar va o‘sha yerda ta’lim berdilar. U yerdagi «Dorul ifto»ning bosh muftiysi bo‘ldilar.
Bir kuni: «Men qachonki, bir joyga ketayotgan bo‘lsam va qayerdadir voiz va’z aytayotgani, nasihat qilayotganini ko‘rsam, qanchalik shoshmayin, bir muddat bo‘lsa ham, uning gapini eshitish uchun to‘xtayman. Ehtimol, Alloh taolo uning tiliga men uchun foydali bo‘lgan narsani joriy qilib qo‘yar», dedilar.
Bu gapni kim aytyapti? Pokiston muftiy A’zami huzuriga ertayu kech odamlar din o‘rganish uchun keladigan, hatto ulamolar muammolarini hal qilish uchun murojaat qiladigan inson aytyapti! Ilm talabi mana shudir. Vaholanki, odatda, va’z aytayotgan voizlar yoshi kichik, u kishining shogirdlari yoki shogirdlarining shogirdlari bo‘lar edi. Lekin «Shoyad uning og‘zidan men bilmagan va menga foydasi bo‘lgan biror narsani Alloh taolo eshittirsa», degan maqsadda biroz bo‘lsa-da, kutib turar edilar».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan