Jinoyatlar
(Hajda qilinishi taqiqlangan amallar)
Jinoyatlar:
a) ehrom talabini bajarilmaganlik;
b) Harami Sharif hurmatini toptash sababli sodir bo'ladi.
Tavofni istisno qilgan holda, hajning butun farz, vojib va sunnat amallarini junub, hayz va nifosli holda bajarish mumkin.
Jinoyatlar
Qurbonlik so'yishni vojib qiladigan jinoyatlar
Haj asnosida badaniga xushbo'ylik surish, boshiga xina qo'yish, zaygun yog'i yoki har xil yog'lar bilan sochini yog'lash, bir kun davomida tikilgan libos kiyish, boshini berkitish, sochning to'rtdan bir qismini oldirishi, bir erda ikki qo'li va ikki oyoqning tirnoqlarini olish, hajning vojiblaridan birini tark qilish.
Fitr sadaqasi miqdoricha sadaqani vojib qiladigan jinoyatlar
Bir a'zoning ozigina qismiga hushbo'ylik surish, bir kundan ozroq muddat tikilgan kiyim kiyish yoki boshni yopish, sochning to'rtdan bir qismidan ozrog'ini oldirish, bitta barmoqning tirnog'ini olish, qudum yoki vado tavofini tahoratsiz qilish, vido tavofining birini qoldirish yoki shaytonga tosh otishda belgilangan etti toshdan birini otmay qoldirish.
Kishi bit, burga, chigirtka o'ldirgani uchun fitr sadaqasidan kam miqdordaga istagan sadaqasini beradi.
Zararning o'rnini qoplash, qiymatini to'lashni lozim qiladigan jinoyatlar
Ovlanadigan hayvonni o'ldirish. Hayvon o'ldirilgan joyida ishonarli ikki kishi tomonidan qiymati baholanadi. Agar hayvon bitta qurbonlik qiymatiga teng bo'lsa yo qurbonlik sotib olib so'yadi yoki qurbonlik qiymatida taom olib, yarim so'dan faqirlarga tarqatadi. Yoki yarim so' berish o'rniga bir kundan ro'za tutadi. Qarg'a, kalxat, chayon, ilon, quturgan it, toshbaqa kabi ov hayvoni bo'lmagan hayvonlarni va pashsha kabi barcha hashoratlarni o'ldirganga jazo yo'qdir.
Qurbonlik (hady)
Hady Harami Sharifda so'yib, qurbat hosil qilish uchun u erga in'om qilingan katta yoki kichik boshli qurbonlik hayvonidir. Bu tuya, sigr yoki qo'y bo'lishi mumkin. Qurbonlik qilinishi joiz bo'lgan hayvonlar hady o'laroq so'yilishi mumkin. Ko'r, cho'loq va shunga o'xshash aybi bo'lmasligi shartdir. Ziyorat tavofini junub bo'lib ado etganlik va Arafotda vuqufdan oldin jinsiy aloqa qilishdan boshqa barcha jinoyat uchun qo'y so'yishi kifoya qiladi.
Bu ikki jinoyat uchun esa sigir yoki tuya qurbonlik qilish vojib bo'ladi.
Qurbonlikni so'yish vaqti
Qiron va Tamattu' hajlari uchun jonliq Qurbon hayitining uch kuni ichida (aqabada) tosh otganidan so'ng so'yiladi.
Qurbonlik so'yiladigan joy
Hady joyi Harami Sharifdir va qurbon kunlari so'ymoqchi bo'lsa, minoda so'yish sunnatdir. Boshqa kunlarda Makkada so'yish afzal. Nazr qilingan tuyani Harami Sharifda so'yish shart emas.
Payg'ambarimizni, sollallohu alayhi va sallam, ziyorat qilish
Alloh taoloning inoyati bilan hajni ado etgan hoji Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, shaharlari Madinai Munavvaraga borib, muborak qabrlarini ziyorat qilishi lozim.
Bu ziyorat eng fazilatli mustahab ibodatlardandir. Ba'zi kitoblarda vojib ham deyilgan. Bu erni ziyorat qilish mo'min uchun sharaf va ulug' baxtdir. Bu erda hojining qalbi Nabaviy nurlarga to'lib toshadi. Muhammadiy barakot uning har tarafini qamrab oladi. Ruhi samolarga yuksalib, qalbi gunohlardan pok bo'ladi va umrining qolgan qismida Payg'ambarimiz shafoatlaridan fayz oladi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, shunday deganlar: «Qabrimni ziyorat qilgan kishiga qiyomat kuni shafoatim vojib bo'ladi».
Shuningdek, bu xususda Payg'ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, yana shunday marhamat qilganlar: «Vafotimdan so'ng meni ziyorat qilgan kishi, hayotlik davrimda ziyorat qilgan kishi kabidir». Boshqa bir hadisda esa: «Kim Baytullohni haj qilib, meni ziyorat qilmasa, menga jafo qilgan bo'ladi», deganlari rivoyat qilinadi.
Payg'ambarimizni ziyorat qilish maqsadida yo'lga chiqqan hoji ko'p salavot aytmog'i lozim. Madina devorlarini ko'rgach, «Allohumma haza haromu nabiyyika, vaj'alhu viqoyatan liy minan-nar va amanan minal-azobi va suil hisabi», deb duo qiladi. (Ma'nosi: Parvardigorim! Mana shu sening Rasuling hazrat Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, harami, abadiy istirohatgohi, bu erni men uchun do'zax otashidan himoya vositasi qilgin, azob va og'ir hisob berishdan ozod bo'lishimga bir sabab qilgin).
So'ngra yuvinib, xushbo'ylik sepadi va eng go'zal, yangi liboslarini kiyadi. Chunki bu hurmat va ehtiromga eng loyiq amaldir. So'ng tavoze', viqor bilan Madinaga kiradi va ravzai muborakni ziyorat qiladi. Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, minbarlari bilan qabrlari orasida ikki rakat namoz o'qiydi. Chunki u zot, sollallohu alayhi va sallam, «Qabrim va minbarim orasi jannat bosharidan bir bog', minbarim esa hovuzimning ustidadir», deganlar.
So'ngra bunday sharafga muvaffaq qilgani uchun Alloh taologa shuqr sajdasi qiladi va xohlagan duosini o'qiydi. Bundan so'ng o'rnidan turib, Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, qabrlariga yuzlanadi va qabrning bosh tarafida qiblaga qarab, namozga turgandek, qad rostlaydi va: «Ey Rasululloh, sizga Allohning salomi, marhamati va barakoti bo'lsin! Assalomu alayka, yo Rasululloh! Assalomu alayka, yo xayri xalqulloh! Allohdan boshqa iloh yo'qligiga iqrorman va Allohning sherigi yo'qdir. Siz Uning bandasi, rasuli va amini ekanligingizga iqrorman. Guvohlik beramanki, siz risolat (Payg'ambarlik vazifalari)ni batamom etkazdingiz va omonatni egalariga toshpirdingiz. Ummatingazga nasihat qilib, ularga to'g'ri yo'lni ko'rsatdingiz, kufr va jaholatni yo'q qildingiz. Biz tufayli Alloh Sizga boshqa ummatlari tufayli payg'ambarlarga bergan mukofotlardan ham ziyoda ajr mukofotlar bersin», deydi.
So'ngra Allohdan ehtiyojlarini so'raydi. Chunki bu er duolar ijobat bo'ladigan, yaxshi talablar ravo ko'riladigan xayrli maqomdir. Hajni ado etib, Payg'ambarimizni, sollallohu alayhi va sallam, ziyorat qilgan kishi qalbi pok, yangi tug'ilgandek barcha gunohlardan forig' bo'lgan holda vataniga qaytadi. Alloh taolo bizlarni ham Baytullohni haj qilishga va Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, ravza va qabrlarni ziyorat qilishga muvaffaq aylasin. Shubhasiz, Alloh mo'minlarning duolarini ijobat qilguvchi Zotdir. Omin.
Takrorlash uchun savollar
Qurbonlik va nazr
Ma'lumki, Ibrohim, alayhissalom, o'zlaridan so'ng adashganlarni to'g'ri yo'lga chaqirish vazifasini bo'yniga oladigan o'g'il farzand ato qilishini Allohdan yolvorib so'rardilar. Shu bois o'g'il ko'rsalar, o'zi sevgan, eng qimmatli narsani Alloh yo'lida qurbon keltirishni nazr qilgan edilar. Intizor kutilgan yillar so'ngida Ismoil, alayhissalom, dunyoga keldilar va oradan ko'p o'tmay, otalarining Allohdan keyin eng sevikli va qiymatli kishisiga aylandi. Bu xursandchilik kunlarida Ibrohim, alayhissalom, va'dalarining ustidan chiqish uchun juda ko'p qo'y va tuyalarni qurbon qilsalar ham, tushlarida har safar ushbu nidoni eshitib uyg'onardilar:
– Ey Ibrohim, so'zingning ustidan chiqmayapsan, eng suyukli narsangni qurbon qilishing kerak edi.
Shunda u zot farzandlari Ismoilni, alayhissalom, qurbon qilishi kerakligini fahmladilar. Hazrat Ismoil, alayhissalom, ham masalaning mohiyatini yaxshi angladilar, rozi bo'ldilar.
Ibrohim, alayhissalom, o'g'lini olib, ham qayg'uli, ham Allohning amriga taslimiyat bilan o'g'illarini qurbonlik qilish uchun Minoga bordilar. Hazrat Ismoil, alayhissalom, ham dadasiga, ham Robbiga itoatkor edi. Hech qanday to'sqinlik qilmay, osuda ko'ngil bilan, otalarining jasoratini oshiruvchi so'zlar aytib, yo'lga chiqdilar. Hazrat Ibrohim, alayhissalom, endigina pichoqni o'g'lining bo'g'ziga tiragan choqda, farishtalar sultoni Jabroil, alayhissalom, bir qo'chqorni ko'tarib erga tushdilar. Allohning buyrug'i bajarildi. Amrdan murod Ismoilni, alayhissalom, bo'g'izlash emas, balki Allohga itoatkor banda ekanini sinash-ko'rsatish edi.
Ibrohimning, alayhissalom, bu qahramonligini doimo yodda tutish va nafs ziqnaligini qalbdan o'chirib, Alloh uchun eng qimmatli dunyo molidan voz kecha olishlari uchun mo'minlarga, qurbonlik qilish buyurilgan. Qurbonlik qilgan mo''minning oilasiga bir ziyofat kabi Allohning lutfi ehsoni yog'iladi. Qurbonlik ibodatning bolalarni juda kichik yoshdan dinsevar ruhda tarbiya qilish, faqir xonadonlarga go'sht ulashib, ularni xursand qilish, musulmonlar orasida o'zaro yordam ruhi kuchayishi kabi ijtimoiy foydalari ham bor.
Qurbonlikka oid hukmlar
Qurbonlik qilish Imomi A'zam va Imom Muhammadga ko'ra, vojib, Imom Abu Yusufga ko'ra, sunnatdir.
Muqim, hojati asliyadan ortiqcha mollarining qiymati zakot nisobiga etgan kipsh o'z hisobidan qurbonlik so'yadi. Hotini, bola-chaqasi uchun qurbonlik qilishga majbur emas. Ularning mulklari bo'lsa, o'zlari alohida qurbonlik qiladilar. Biroq boy ota balog'atga etmagan farzandlari nomidan qurbonlik qilishi kerak degan olimlar ham bor.
Qurbonlik uchun qo'y, sigir, tuya kabi hayvonlar so'yilishi mumkin. Yetti kishi birgaliqda katta bosh hayvon so'yishlari ham mumkin. Ularning bari musulmon va boy, qurbonlik qilish niyatida bir joyga to'plangan bo'lishlari kerak. Ulardan biri kofir yoki uyiga go'sht olib borish uchun sheriklik qilgan bo'lsa, bu etti kishining qurbonligi joiz emas. Bu etti kishi teng sherik bo'lishlari shart. Oralaridan hatto bir kishining hissasi ettidan bir ulushdan kam bo'lsa, qurbonlik joiz emas. Ikki yoki uch kishi sheriklikda qurbonlik qilishlari ham mumkin.
Qurbon hayitining birinchi kuni hayit namozidan so'ng hayitning uchinchi kuni shomgacha qurbonlik qilish mumkin. Kishiga qurbonlik qilish vojib yo vojib emasligi uning ayni o'sha paytdagi ahvoliga ko'ra ma'lum bo'ladi. Masalan, hayitning uchinchi kuni quyosh botay deganda boy bo'lib, qurbonlik qilishga qodir kishi darrov qurbonlik qilinishi lozim. Huddi shu paytda mol-mulkidan ajralib qolgan kishi, hayitning ilk kunlarida bu ishga qodir bo'lgan bo'lsa ham, unga jonliq so'yish vojib emas. Belgilangan muddatda qurbonlik qilolmasdan, vaqtini o'tkazib yuborgan kishi qurbonlik hayvoni yo uning qiymatini kambag'al kimsaga sadaqa qilib, qarzidan qutuladi.
Olti oylik qo'zi, besh yashar tuya, ikki yillik mol (sigir), tug'ilishda shoxsiz bo'lgan katta-kichik hayvonlarni qurbonlik qilish mumkin. Bir yoki ikki ko'zi ko'r, tik turolmaydigan darajada kuchsiz, so'yiladigan joygacha yurib borolmaydigan darajada nimjon hayvonlar qurbonlik qilinmaydi. Chunki Alloh taolo oyati karimada: "Molingizning sizlarga eng qimmatligidan Alloh uchun fido qilmaguingizcha, ehson qilguvchilardan bo'la olmaysiz" (mazmuni) deb amr etgan.
Qurbonlik go'shtining bir qismini o'zi oilasi bilan esa, uchdan bir qismidan kam bo'lmaganini kambag'allarga, bir qismi esa boy qo'shnilarga ham tarqatiladi. Oilada ko'pchilik bo'lsa, qo'shnilarga tarqatmay, go'shtni to'liq uy ichida ishlatishi ham mumkin. Qurbonlik so'yuvchi hayvon terisini vaqf muassasalariga berishi mumkin yoki o'z ehtiyoji uchun ishlatishi mumkin.
Jonliqni egasi so'yishi juda fazilatlidir, buni eplay olmasa, o'rniga vakil qo'yadi. Faqat musulmon bo'lmagan kishiga so'ydirmaydi. Qurbonlikni "Bismillahi Allohu akbar (Ulug' Alloh nomi bilan)" deb Allohning ismini zikr qilib so'yadi.
«Shu maqsadim amalga oshsa, shu xil hayvonni qurbonlik qilaman», deb va'da qilish nazr deyiladi. Berilgan so'z, va'dani bajarish vojibdir. Nazr yo «shu ishim hal bo'lsa, falon payt shu xil jonliq so'yaman» kabi ma'lum bir payti aniq yoki «shu ishim amalga oshsa, shunaqa jonliq so'yaman» kabi payti noaniq bo'lishi mumkii.
Vaqti ma'lum nazrning vaqti kelsa, bajarilishi kerak. Vaqti noma'lum bo'lgan nazrlar sabab bo'lgan ishlar amalga oshganda qilinishi kerak. Nazr qilinadigan hayvon qurbonlikka joiz bo'lgan hayvonlardan bo'lishi lozim. Bunga ko'ra, nogiron hayvon va tovuq, xo'roz kabi qurbonlik qilinmaydigan hayvonlar nazr qilinmaydi. Nazr qilingan go'shtdan nazr qiluvchi ham, oila a'zolari ham emasligi kerak. Zakot berish joiz bo'lmagan kishilarga (yaqin qarindoshlar: ota-ona, farzand) berishi mumkin. Go'shtidan albatta kambag'allarga tarqatish kerak.
Kitob Allohning izni bilan bitdi.
Islom ilmlarining taraqqiyotida hadis ilmi juda ham muhim o‘rin tutadi. Bu ilm nafaqat shariat asoslarining sahih manbalar orqali yetkazilishi, balki musulmon ummatining aqidaviy, fiqhiy va axloqiy asoslarini to‘g‘ri anglab olishda ham muhim ro‘l o‘ynaydi.
Xususan, hadis ilmidagi eng yirik va ishonchli manbalardan biri bo‘lgan Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining “Sahih al-Buxoriy” asari bo‘lib, minglab ulamolar tarafidan bu kitob o‘rganilib, unga turli mazmun va uslublarda sharhlar yozganlar. Ana shunday sharhlovchi ulamolardan biri sifatida Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriyning nomlari alohida e’tiborga loyiqdir.
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy, ba’zi manbalarda esa bu zotning ismlari Muhammad ibn Ya’qub ibn Ali al-Banoniy shaklida ham uchraydi. Bu zotning qachon tug‘ulganlari borasida manbalarda aniq ma’lumolar ko‘rsatilmagan bo‘lsada, hijriy 1098 yilda vafot etganlari ochiq bayon qilingan.
Ya’qub al-Banoniy Hindistonning ilmiy markazlaridan biri bo‘lmish Lohur shahrida tavallud topganlar va butun umrlarini shu yerda ilmga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar.
Ya’qub al-Banoniy mashhur muhaddis, faqih, mufassir va bir qancha ilmlarda yirik hanafiy olimlardan hisoblanadilar.
“Nuzhat al-Xavotir” asarining muallifi shayx Ya’qub Al-Banoniyning tarjimayi holini bayon qilib aytadilarki: “U zot olim, muhaddis Mavlono Ya’qub Al-Banoniy Al-Lohuriy, Lohur shahrida tug‘ilib, voyaga yetganlar. O‘z zamonasidagi yetuk olimlardan tahsil olganlar va ko‘plab ilmlarda, xususan hadis, fiqh va boshqa bir qancha ilmlarni puxta egallagan mashhur olimlardan biri bo‘lganlar”, deb ta’riflaydilar.
Bu zotning ustozlari haqida aniq ma’lumotlar uchramasada, eng yirik shogirdlari fazilatli shayx Muhammad G‘ovs ibn Abu al-Xoyr ibn Abu al-Mag‘far ibn Abdussalom al-Hanafiydir. U ilmli shayxlar oilasidan bo‘lib, hijriy 1056 yilda tug‘ilgan. U hadis ilmini shayx Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriydan o‘rgangan.
Ya’qub al-Banoniy hadis ilmda ham chuqur bilim egasi sifatida tanilgan olimlardandir. U zotning eng mashhur asari “Al-xoyr al-Joriy fi Sharhi sahih Al-Buxoriy” bo‘lib, bu asar imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” kitobiga yozilgan muhim sharhlardan biri hisoblanadi.
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy ilmiy maqom va martaba jihatidan yuksak mavqega ega bo‘lgan olimlardandir. Manbalarda u zot bir qancha asarlarning muallifi ekani qayd etilgan. Quyida ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy hijriy 1098 yilda vafot etganlari qayd etilgan.
Shuningdek, qo‘lyozma nusxasining ko‘chirilgani ham bu sanani tasdiqlaydi. “Nuzhat al-Xavotir” kitobi muallifi ham uning 1098 hijriy yilda vafot etganini ta’kidlab bunday yozadi: “U hijriy bir ming to‘qson sakkizinchi yilda vafot etdi. Bu sanani muftiy Valiyyulloh al-Farhobodiy o‘z ta’liqlaridan birida ochiq bayon qilgan”.
Bu zot Hindistonning Dehli shahrida vafot etganlar va o‘z uylariga dafn etilganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Yusuf Muhammad Ya’qub al-Banoniy al-Lohuriy o‘z davrining yirik allomalaridan biri bo‘lib, hadis, fiqh, tafsir kabi ilmlarda chuqur bilmga ega bo‘lgan zotlardan sanaladilar. U zotning ilmiy, ma’naviy merosi Hindiston mintaqasidagi islomiy ilmiy taraqqiyotga katta ta’sir ko‘rsatgan va ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda ham u zotning qoldirga ilmiy meroslari tadqiqotchilar uchun ham bebaho manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhammad Umar Muhammadjonov,
Toshkent Islom instituti talabasi.