“Taqlid” so'zi arab tilida, biror narsani bo'yniga osib olish, mansabga ta'yin qilish, majburiyat yuklash, o'xshatish, ma'nolarini bildiradi. O'zbek tilining izohli lug'atida esa, faoliyatda o'zgalarga ergashish, o'zgalar namunasi asosida ish olib borish ma'nolarini bildirishi keltirilgan.
Istilohiy ma'noda esa, taqlid – so'zi hujjat bo'lmagan shaxsning gapini hujjatini bilmasdan qabul qilib, amal qilishdir (Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Usulul fiqh. B. 521).
Taqlid vojibdir. Chunki, dinga amal qilishda taqlid qilmay najot topish mushkuldir. Ba'zi shariy dalillarni bir necha ma'nolari bo'lib, amal qilishda ularni birini ta'yin qilish yoki ustun bo'lganini topishga har kim qodir emas. Bundan tashqari ayrim masalalar bo'ladiki, Qur'on va hadisda uning yorqin dalili bo'lmaydi. Natijada uning hukmini echish uchun butun shar'iy dalillarni o'rganib hukm chiqarishga ehtiyoj tug'iladi. Tabiiyki, bunga har kim qodir bo'lmaydi. Mana shu sabablar tufayli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun sog'lom aql egalarida mujtahid imomlarga ergashish zarur, degan fikr tug'ilishi tabiiy bir holdir. Ammo, hozirda muayyan bir mazhabga ergashgan kishilarni ko'r-ko'rona taqlid qilishda ayblab, ularni gumrohlikda ayblovchi toifalar paydo bo'lganki, ularning da'vo qilishicha mujtahid imomlarga ergashish, ularga taqlid qilishning hojati yo'q emish. Bu toifa taqlidni harom, shirk, taqlid qiluvchilarni esa adashgan gumrohlar deb nomlashgacha boradilar. Ularning da'vosicha har bir inson o'zi to'g'ridan-to'g'ri Qur'oni Karim va hadislardan dalil olib amal qilishi kerak. Shuni ham eslatish zarurki, paydo bo'lganiga 200 yilga yaqin bo'lgan, faqat oyat va hadisga amal qilishni da'vo qiluvchi salafiylar o'zlari aytgandek bitta toifaga aylana olmadi. Ular o'zaro fiqhda ixtilof qilganlarini qo'yib turaylik, hatto aqidaviy masalalarda ham o'zaro ixtilof qilganlar. 2008 yili zamondosh saudiyalik doktor Sa'd ibn Abdulloh al-Barik salafiylarning kattalari o'rtasidagi ixtiloflarni kitob holiga keltirib, unga “Al-iyjoz fi ixtilafi Alboniy va Ibn Usaymin va Ibn Boz” (“al-Iyjoz” – “qisqacha” ) deb nomlab, ikki jildda nashr qilgan. E'tiborga molik tomoni u kitobda salafiylarning nafaqat fiqhda, balki dinning asli bo'lgan aqidadagi o'zaro ixtiloflarini ham keltirgan. Ummatni birlashtirishni da'vo qilgan salafiylar 200 yil ichida to'rtta katta firqaga bo'lindi: as-Salafiya-al-ilmiya (1920 y.), as-Salafiya al-jihodiya (1979 y.), as-Salafiya as-sururiya (1984 y.), as-Salafiya al-jomiya (1990 y.). Hali ular Ahli sunna val jamoa singari 14 asrni ko'rsalar, necha toifaga bo'linarkin?!
Buning ustiga salafiylar ummat e'tirof etgan mujtahidlar, ulamoyu fuzalolarga, faqih va mutasavvif zotlarga nisbatan ham beodoblik qiladilar. Buning natijasida ittifoq va birlikka buyurilgan ummat orasida turli shubhalar, tafriqalar kelib chiqishiga sababchi bo'ladilar.
Quyida taqlidning joizligiga Qur'oni karim va sunnati nabaviyyada kelgan ba'zi dalillarga to'xtalib o'tamiz.
Taqlidning vojibligiga ishora qiluvchi oyatlardan namunalar.
Ma'lumki, har bir mo'min-musulmon bandaning o'z diniga amal qilishidan asosiy maqsadi Alloh taologa bo'ysunish va itoat etishdir. Bo'ysunish esa uning buyruqlariga itoat etish va u qaytargan narsalardan qaytish ila bo'ladi. Alloh taolo o'z buyruq va qaytariqlarini Qur'oni karim va payg'ambarimiz tillaridan hadis shariflarda bayon qilgan. Shuning uchun ham musulmon kishi amal qiladigan barcha hukmlarning asosi, ya'ni dalili mana shu ikki narsa hisoblanadi. Lekin har qaysi inson Qur'oni karim va hadisi sharif hukmlarini to'liq va to'g'ri tushunib amal qila olmaydi. Shu sababdan hukmlarga to'g'ri va to'liq amal qilishi uchun, bu dalillarni mukammal tushunib, undan hukm olishga qodir insondan so'rashga majbur bo'ladi, ehtiyoji tushadi. Bunga Alloh taoloning o'zi ham buyurgan. Qur'oni karimning ushbu oyatida shunday marhamat qilinadi:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
ya'ni: “Agar bilmaydigan bo'lsangiz, zikr ahllaridan so'rangiz” (Nahl surasi 43-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o'zlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so'rashga buyurmoqda. Musulmonlar payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam zamonlaridan beri amal qilib kelishmoqda. Asri saodat davrida sahobalar bir masalaning javobini bilmasalar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning o'zlaridan so'raganlar. U zotdan so'ng esa insonlar o'zlari muhtoj bo'lgan masalalarida ulamolardan fatvo so'rab, unga amal qilib kelganlar. Modomiki, insonlar fatvo so'raydigan muftiyning ilmi va taqvosi qattiq bo'lsa, uning aytgan gapiga hujjat talab qilmasdan amal etilsa, mana shu istilohda taqlidning ayni o'zi hisoblanadi. Zeroki, taqlidga «boshqa birovning gapiga dalilini bilmasdan yoki talab qilmasdan ergashish» deb ta'rif berishgan.
Dastlabki hijriy asrlarda ko'plab avom xalqlar o'zlari ishongan, uning fatvosini boshqaning fatvosidan ustun qo'ygan kishilariga murojaat qilgan. Bir paytning o'zida bir kishining bergan fatvosi bilan cheklanmasdan, xohlagan kishidan masala so'raydiganlar ham bo'lgan. Bunga o'sha paytda mazhablar o'ziga xos, hozirgidek uslubda tartiblanmagani sabab bo'lgan. Lekin ular bu ishlaridan faqat dinni tushunib, unga amal qilishni istashgan, xolos.
Keyinchalik to'rt mazhab o'ziga xos ko'rinishda tuzilib, har bir mazhabning kitoblari yozilib, madrasalar ularni o'rganish bilan cheklangan paytda bu mazhablarning so'zlari insonlar o'rtasida mashhur va ma'ruf bo'ldi. Barcha mazhabboshilar o'z mazhablarini Qur'on va hadisdagi dalillar asosida barpo qildilar. Ular hukmlarni chiqarib olish yo'llarini arab tili nuqtai nazaridan, hukmlarni bayon qilish uslubi nuqtai nazaridan ma'lum qoida shaklida tartibladilar. Ya'ni ular o'z mazhablarini Qur'oni karim va hadisi sharif asosiga ko'ra tartibladilar. Endi bu paytga kelib, o'zi shu ishga qodir bo'lmagan, ya'ni shariat asoslaridan hukm olishga qudrati etmaydigan, bunga etarlicha ilmi bo'lmagan har bir musulmon shu to'rt mazhabdan biriga ergashishi vojib bo'ladi.
Shuningdek, Alloh taolo Payg'ambar alayhissalomga xitob qilib, shunday marhamat qilgan:
قُلْ صَدَقَ اللَّهُ ۗ فَاتَّبِعُوا مِلَّةَ إِبْرَاهِيمَ حَنِيفًا وَمَا كَانَ مِنَ الْمُشْرِكِينَ
ya'ni: “Alloh rost aytdi. Ibrohimning yo'ldan toymagan millatiga ergashing. U mushriklardan bo'lmagan edi” (Oli Imron surasi 95-oyat).
Boshqa bir oyati karimada esa shunday deyilgan:
ثُمَّ أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ أَنِ اتَّبِعْ مِلَّةَ إِبْرَاهِيمَ حَنِيفًا ۖ وَمَا كَانَ مِنَ الْمُشْرِكِينَ
ya'ni: “Ibrohimning haqqa moyil millatiga ergash...” (Nahl - 123)
Ushbu oyati karimdan shu ma'no tushuniladiki, inson to'g'ri yo'lda sobitqadam bo'lishligi va oxirat ishida xato qilmasligi uchun Kitobu sunnatni yaxshi bilgan, uning daqiq jihatlarini ko'ra oladigan peshvolarga ergashishligi lozim ekan. (At-taqlidu-sh-shar'iya va ahamiyatuhu fil-Islam 86-bet).
Taqlidning vojibligiga dalil bo'luvchi hadislardan namunalar.
Ko'plab sahih hadisi shariflarda ham kishi dunyo va oxirat ishlarida adashmasligi uchun o'zidan ilmda va taqvoda peshqadam bo'lgan kishiga ergashishi lozimligi eslatib o'tilgan.
عن خذيفة قال كنا جلوسا عند النبي صلي الله عليه و سلم فقال: اني لا ادري ما قدر بقائي فيكم فاقتدوا بالذين من بعدي واشار الي ابي بكر وعمر رواه الترمذي و قال هذا حديث حسن
ya'ni: “Huzayfa raziyallohu anhu aytadilar: Biz Nabiy sallalohu alayhi vasallamning huzurida edik. U zot: “Men sizlarning orangizda yana qancha yashashimni bilmayman. Shuning uchun mendan keyin Abu Bakr va Umarga ergashinglar” – deya ishora qildilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ko'rib turibmizki, ushbu hadisda Nabiyyimiz alayhissalom o'zlaridan keyin ummatni to'g'ri yo'ldan og'ishmasligi, parokandalikka yuz tutmasliklari uchun nabaviy ta'limotni chuqur egallagan, har bir harakotu sakanotda shu ta'limot asosida ish yurituvchi, ummatning eng sara vakillariga murojaat qilishni uqtiryaptilar.
عليكم بسنتي و سنة الخلفاء الراشدين المهديين و عضوا عليها بالنواجز رواه الترمذي و احمد
ya'ni: “Sizlar mening sunnatim va to'g'ri yo'ldan boruvchi xalifalar sunnatini lozim tutib, uni jag' tishlaringiz bilan tishlanglar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).
Allohning bandaga muhabbati deganda Uning in'omi, himoyasi va tavfiqi tushuniladi. Bandaning Allohga muhabbati ulug'lash va itoatda bilinadi. Demak, banda Allohga, Uning Rasuliga va Rasulining yo'lini tutgan zotlarga ergashsa, ularga itoat etsa va shu yo'lda mustahkam tursagina najot topar ekan.
عن معاذ بن جبل ان رسول الله صلي الله عليه و سلم لما اراد ان يبعث معاذا الي اليمن قال كيف تقضي اذا عرض لك قضاء قال اقضي بكتاب الله قال فان لم تجد في كتاب الله قال فبسنة رسول الله صلي الله عليه و سلم قال فان لم تجد في سنة رسول الله صلي الله عليه و سلم و لا في كتاب الله قال اجتهد راي و لا الو فضرب رسول الله صلي الله عليه و سلم صدره و قال الحمد لله الذي وفق رسول رسول الله لما يرضي رسول الله رواه ابو داؤد
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobalardan Mu'oz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yamanga o'zlarining vakillari qilib yuborayotib, u kishiga:
ya'ni: “Agar senga bir hukm chiqarish kerak bo'lib qolsa, qanday qilib hukm chiqarasan?” dedilar.
“Allohning Kitobi ila hukm chiqaraman”, dedi.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
“Allohning Kitobidan topmasang-chi?” dedilar.
“Rasulullohning Sunnati ila”, dedi.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
“Rasulullohning Sunnatidan ham topmasang-chi?» dedilar.
«O'z ra'yim bilan ijtihod qilaman. Bo'sh kelmayman”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ko'ksiga urib:
“Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Allohga hamdlar bo'lsin», deb nihoyatda mamnun bo'ldilar”.
Bu hadisdan uchta narsa tushuniladi:
"إذا حَكَمَ الحاكِمُ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أصابَ فَلَهُ أجْرانِ، وإذا حَكَمَ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أخْطَأَ فَلَهُ أجْرٌ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البخاري عن عمرٍو بن العاصِ رضي الله عنه)
ya'ni: “Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, to'g'ri topsa, unga ikki ajr beriladi. Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, xato qilsa, unga bitta ajr beriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Mazkur hadisda Nabiy sallollohu alayhi vasallam ijtihod qilishga targ'ib qilganliklarini yaqqol ko'rishimiz mumkin. U zotning ta'kidlashlaricha mujtahid to'g'ri ijtihod qilsa, ikkita ajr, agar xato qilsa, bir ajr berilar ekan.
Taqlidning mohiyati
Islom dinining asl haqiqati Allohga itoat etishga chaqirishini hech bir musulmon inkor etmaydi. Shuningdek nima halol, nima harom va nima joiz, nima nojoiz ekanidagi ilohiy ahkomlarning tarjimoni bo'lmish Nabiy sallallohu alayhi vasallamga ham itoat etish vojib bo'ladi. Chunki Alloh talo Niso surasida: “Kim Payg'ambarga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo'ladi” – degan (80-oyat).
Shunga aniqlik kiritib ketish kerakki, taqlid va ergashishning farqi bor. Taqlid deganda ilmiga amal qiluvchi olimning aytganlariga hujjat talab qilmay amal qilish tushuniladi. Payg'ambarimiz alayhissalomning so'zlari va amallari to'g'ridan to'g'ri hujjat bo'lganligi uchun u Zotga taqlid qilmaymiz, balki ergashamiz. Toat ibodat masalalari, muomala masalalari barcha barchasida Alloh va Uning Rasuliga itoat qilinadi. Qaysi bir kishi ushbu masalalarning echimida Alloh va Uning Rasulining so'zini tashlab, boshqa kishiga itoat qilish mumkin desa, yoki mujtahid bu masalalarning echimida Alloh va Uning Rasuliga ehtiyoji yo'q deb tushunsa, bunday odam Islom doirasidan chiqadi.
Qur'oni karimdagi ba'zi oyatlar va ba'zi hadislar shu darajada aniq va ravshan kelganki uni anglashda hech bir qiyinchilik bo'lmaydi. Arab tilidan xabari bor kishilar mazkur oyat va hadislarni tushunaveradilar. Masalan, namoz o'qish, ro'za tutish, zakot berish va haj ibodatlarini bajarish kerakligi yoki zino, o'g'irlik, qotillik kabi ishlardan tiyilish kerakligi haqidagi ko'rsatmalarda hech qanday chigallik, maxfiylik va ikkilanish yo'q. Shu sabab, bu masalalarda ijtihodga o'rin ham yo'q. Lekin Qur'on va sunnatda ba'zi ahkomlar borki, uni tushunib olish, maqsadni anglab etish oddiy insonga mushkullik tug'diradi. Masalan, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Kim namozda Fotihani o'qimasa, namozi durust emas” – deyilgan. Boshqa bir hadisda esa: “Kim imomning ortida namoz o'qisa, imomning qiroati u uchun ham qiroatdir” – deyilgan (Imom Ahmad rivoyatlari).
Bu hadislarni ko'rgan oddiy inson xuddi yorug'da ravon ketayotgan kishi qorong'u tushgach chirog'i yo'qligi sabab yurishi sekinlashib, balki umuman yurolmay qolganidek, qaysi hadisga amal qilish kerak, degan savol oldida hayratda qoladi. Bunday paytda o'z fikrimizcha ish tutmay, Qur'on va sunnatni tushunishda yuksak ilm sohiblari bo'lgan ulamolarning fikriga taqlid qilishimiz eng to'g'ri yo'l bo'ladi.
Qur'on va sunnatdan hukm olishning ikki ko'rinishi bor bo'lib, birinchisi: har kim o'zicha, o'z aqli, o'z tushunchasi qadar oyat va hadislarni tushunish va unga amal qilish. Bu juda xatarli va halokatga yaqin yo'ldir. Ikkinchisi: asri saodatga yaqin yashagan, sahobalar, tobe'inlar kabi nubuvvat chashmasidan bahramand bo'lgan salafu solihlarning tushunishi.
Ular Qur'on nozil bo'lgan muhit va vaqtga yaqin bo'lganlari, o'sha davr tili va sharoitini yaxshi bilganlari uchun shariatning asosiy manbalarini hozirgi davr odamlaridan bir necha chandon yaxshiroq tushunganlar. Shu sabab agar birinchi yo'lni xatarli ekanligini anglab, o'z aqlimizga suyanmay oyat va hadislarni anglashda mujtahid imomlardan biriga taqlid qilsak, uning yo'liga yursak, shunda bizni oyat va hadislarni tushunishda falon olimga taqlid qildi deyiladi. Bu bilan biz Alloh va Rasulining hukmini qo'yib, bir olimga ergashgan bo'lmaymiz. Taqlidning qisqacha haqiqati shu. Agar ushbu jarayonga insof nazari bilan qaralsa bunday taqlidni shirk, gumrohlik yoki Qur'on va hadisni qo'yib boshqaga itoat qilish demoq mutloq noo'rin hisoblanadi. (“Taqlidning shar'iy hukmi kitobi” 7-9 sahifalar).
Taqlid ikki xil bo'ladi
Birinchisi: kishi taqlid qilish uchun muayyan bir imomning fikrida to'xtab qolmaydi. Bir masalada bir imomni yo'lini tutsa, boshqa masalada boshqa imomni yo'lini tutadi. Taqlidning bu turini “taqlidi mutlaq” – “umumiy taqlid” yoki “taqlidi g'oyri shaxsiy” deyiladi.
Ikkinchisi: Taqlid uchun muyyan bir imomni ixtiyor qiladi. Har bir masalada uning so'zini qabul qiladi. Buni “taqlidi shaxsiy” deyiladi.
Sahobalar davri va mutlaq taqlid
Avval ta'kidlab o'tganimizdek, taqlid sahobalar davrida ham bo'lgan. Ulardan ilm bilan shug'ullanmaganlari va ma'lum masalalarda o'zlarining ijtihodlari bo'lmagan sahobalar, taniqli faqih sahobalarga murojaat qilib ularning maslahatlari bo'yicha ish qilganlari tarixdan ma'lum. Sahobalar davrida mutlaq taqlid va shaxsiy taqlidga oid dalillar juda ko'p, bunga oid ko'p kitoblar yozilgan. Shunday bo'lsada, mutlaq taqlidga oid ba'zi misollar keltiriladi:
Umar raziyallohu anhu o'zining xutbasida odamlarga tafsir, meros va fiqh masalalarida har bir yo'nalishdagi mutaxassis olimlarini bilib olishi va ulardan o'rganishlari kerakligini aytdi. Ma'lumki, matnlarni va barcha dalillarni tushunishga hammaning ham qobiliyati etmaydi. Aytilganlar ikki tomonga ishora qiladi: kimning qobiliyati bo'lsa, olimlarga ularning hujjatlari va dalillarini tushunish uchun murojaat qilishi kerak, qobiliyati yo'qlar esa, masalani hal qilishda olimlarga murojaat qilishlari va ularning maslahatlariga asosan ish qilishlari lozim.
Istinbot (oyat va hadislardan hukm chiqarish) qobiliyati bo'lmagan sahobalar, ilm egalariga ergashishlari va dalillarning tafsilotlariga berilmay, faqat ularning maslahatiga amal qilishi kerak.
Bu o'rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hujjat sifatida keltirilgan birorta muayyan hadis zikr qilinmagan. Bu Ibn Umar roziyallohu anhuning shaxsiy qarori bo'lgani aniq. U hech qanday dalil keltirmadi va boshqalar ham undan so'ramadi.
Sahobalarni juda yaxshi bilgan tobeinlardan biri Ibn Sirin, umumiy hammomlarga borish haqidagi bir necha hadislar bo'lishiga qaramay Umarning ma'qullamaganidan boshqa hech qanday dalil keltirmagan.
Sahoba va tobeinlar davrida shaxsiy taqlid
Shaxsiy taqlid (ma'lum bir olimga ergashish)ga ham hadis kitoblaridan juda ko'p misol keltirish mumkin. Ulardan ba'zilari quyida keltiriladi:
حَدَّثَنَا أَبُو النُّعْمَانِ حَدَّثَنَا حَمَّادٌ عَنْ أَيُّوبَ عَنْ عِكْرِمَةَ أَنَّ أَهْلَ الْمَدِينَةِ سَأَلُوا ابْنَ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ امْرَأَةٍ طَافَتْ ثُمَّ حَاضَتْ قَالَ لَهُمْ تَنْفِرُ قَالُوا لَا نَأْخُذُ بقولك و ندع قول زيد صحيح البخاري
ya'ni: Imom Buxoriy Ikrimadan rivoyat qiladi, Madina ahli (Makkada) Ibn Abbos roziyallohu anhudan: “Agar ayol tavof qilayotganda hayz ko'rib qolsa, nima bo'ladi? deb so'rashdi. Ibn Abbos: “U holda ayol tavof qilmasdan qaytib” ketaveradi”, dedilar. Madinaliklar: “Biz Zaydni so'zini qo'yib, sizni so'zingizni olmaymiz”, deyishgan.
Bu rivoyatdan ravshan ko'rinib turibdiki, Madinaliklar sahoba Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuga shaxsiy taqlid qilar edilar. Rivoyatda keltirilgan madinaliklarning “Biz Zaydni so'zini qo'yib, sizni so'zingizni olmaymiz” degan gapi bunga ravshan dalil bo'ladi.
حدثنا آدم حدثنا شعبة حدثنا أبو قيس سمعت هزيل بن شرحبيل قال سئل أبو موسى عن بنت وابنة ابن وأخت فقال للبنت النصف وللأخت النصف وأت ابن مسعود فسيتابعني فسئل ابن مسعود وأخبر بقول أبي موسى فقال لقد ضللت إذا وما أنا من المهتدين أقضي فيها بما قضى النبي صلى الله عليه وسلم للابنة النصف ولابنة ابن السدس تكملة الثلثين وما بقي فللأخت فأتينا أبا موسى فأخبرناه بقول ابن مسعود فقال لا تسألوني ما دام هذا الحبر فيكم
ya'ni:Huzayl ibn Shurahbildan rivoyat qilinadi, bir qancha odamlar Abu Muso al-Ash'ariyga meros masalasida savol berishdi. Abu Muso ularga javob berib, fikrini tasdiqlatish uchun Abdulloh ibn Mas'udga murojaat qilishni taklifini berdi. Ular maslahatga binoan, Abdulloh ibn Mas'udga oldiga borib boshqacha fatvoni eshitdilar, qaytib Abu Musoga Abdulloh bergan fatvosini aytidilar. Shunda Abu Muso: «Sizlarning orangizda bunday olim bor ekan, mendan hech narsa so'ramang», dedi (Imom Buxoriy, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Muso Abdulloh ibn Mas'udning ilmini yuqori ekanini tan olib boshqalarni din masalalari bo'yicha undan so'rashlarini buyurgani, muayyan kishiga ergashishga amaliy ko'rsatma bo'ldi.
Ba'zilar, Abdulloh bor ekan Abu Muso o'ziga ergashishni taqiqlashi, o'sha davrda tirik bo'lgan boshqa sahobalardan ham so'rashni man qilmaydi, deydilar. Abdulloh ko'proq bilimga ega ekan, odamlar barcha masalalar bo'yicha unga murojaat qilishlarini Abu Muso alohida ta'kidlab qo'ydi. Bu holat Usmon roziyallohu anhu davrida Kufada, Abdulloh ibn Mas'ud olim, deb tan olingan joyda bo'lgan. Bu vaqtda hali hazrati Ali Kufaga kelmagan edilar. Bundan kelib chiqib, Abu Musoning fikrini quyidagicha tushunish mumkin: “Olimroq odam bo'lgan vaqtda, nima uchun kamroq biluvchi odamni oldiga borish kerak? Kufada Abdullohdan boshqa bilimliroq kishi bo'lmagani uchun unga ergashish shart”.
Imom Abu Dovudning “Sunan” kitobida keltirilgan rivoyatda Amr ibn Maymun Avdiy: “Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu bizning oldimizga, Yamanga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning o'rinbosarlari sifatida kelgan. Men uning bomdod namozida ovozini takbir aytganda eshitdim va kuchli ovozga ega edi. Mening unga muhabbatim paydo bo'ldi va Shomda vafot etib ko'milmaguncha uning jamoasini tark qilmadim. So'ng undan keyin eng faqih odamni qidirishni boshladim va Abdulloh ibn Mas'udni raziyallohu anhuni topdim. U ham vafot etmaguncha u bilan birga bo'ldim”, degan.
Amr ibn Maymun Muoz raziyallohu anhu vafotidan keyin olim odamni qidirgan. U Muoz va Ibn Mas'ud raziyallohu anhu bilan yurib, ulardan ilm o'rgangan. Muoz raziyallohu anhu tirik bo'lganda undan so'radi, vafot etganda Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan so'radi (“At-taqlidi shar'iy fil-umuril fiqhiyya va ahamiyatuhu fil-islam” kitobi 90-91 sahifa)
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, Qur'on va hadisdan to'g'ridan-to'g'ri hukm olishga hamma ham qodir emas. Shuning uchun Alloh taolo bizlarga: “Agar bilmaydigan bo'lsangiz, zikr ahllaridan so'rangiz” – deya marhamat qilgan. Bu oyati karimadan taqlidning vojibligi tushuniladi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning davrlarida barcha musulmonlar o'zlari bilmagan masalalarni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan so'raganlar. Sahobai kiromlar davrida olim sahobalardan yosh sahobalar ta'lim olishdi. Shu zaylda, shar'iy ilmlarda ma'lum darajaga etmagan kishilar muayyan ulamolarning yo'llarini tutishlari an'anaga aylanib qoldi. Bu an'ana sahobalar davridan tobeinlar davriga, tobeinlardan taba' tobeinlarga shu zaylda davom etib, natijada fiqhiy mazhablar ko'payib bordi.
Ammo vaqt o'tishi bilan ular orasidan to'rt yirik mazhab: hanafiylik, molikiylik, shofeiylik va hanbaliylik ajralib chiqdi va ularning mazhablari musulmonlar ommasi tomonidan “fiqhiy mazhablar” deb e'tirof etildi.
Mazkur to'rt mazhabning to'g'riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh o'zlarining “To'rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida shunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o'z hikmati bilan odamlar ichidan to'rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma'rifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlari haqiqatga o'ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e'tirof qilganlar. Barcha hukmlar o'shalar orqali chiqariladigan bo'ldi”.
Imom Badriddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e'tirof qilingan to'rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o'zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to'rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o'girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor”. Imom Samhudiy so'zlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:
"فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ"
ya'ni: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, o'zingizga ko'pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari o'zlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so'zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham etib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga etmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo'ladi. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u erda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.
Yuqoridagi etuk ulamolarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini ko'plab keltirish mumkin. Bundan bizning yurtimizda Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma'lum bo'lmoqda.
Ming afsuslar bo'lsinki, mana shunday etuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to'g'riligini e'tirof qilib turgan bir paytda ba'zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko'nikmalarni hosil qilmagan bo'lsalarda: “Men Qur'on va hadisdan o'zim hukm olaman” deb, da'vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba'zida o'zlari adashgani etmagandek, o'zgalarni ham yo'ldan urmoqdalar. Bu ixtiloflar va muammolarning echimi bemazhablikni qo'yib, Ahli sunna val jamoaning muayyan bir fiqhiy mazhabiga amal qilish, mazhablar o'rtasidagi o'zaro hurmatni saqlash, Qur'on va sunnatni ulug' mujtahid ulamolarimiz kabi tushunishdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo'limi mutaxassisi
Abdug'ofur Niyozqulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:
1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.
2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.
Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.
Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.
3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.
Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.
Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.
Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.
Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.
Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.
Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.
Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).
(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)
Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar. Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi