O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahar «Abu Bakr as-Siddiq» jome’ masjidida gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi. Ushbu suhbatda imom-noib Dilshod domla Xodiyev ma’ruza qilib, «Musulmonning musulmonga nisbatan ehtiromi» mavzusida batafsil tushunchalar berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollariga javob berildi. Jarayon malakali surdo tarjimon orqali ishtirokchilarga yetkazilib, ularning to‘liq faol ishtirokini ta’minladi.
Suhbat yakunlangach, homiylar ko‘magida ishtirokchilarga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Yaratgan Haq taolo bu xayrli ishlarni bardavom va samarali aylasin!
O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati