— Yoshim 30 dan oshdi, biroq hali turmushga chiqmadim. Qayerga borsam, kim bilan suhbatlashsam, sizni odamlaringiz bor, yo'lingizni to'sib turibdi, deyishadi. Bunday hollarda dinimizda qanday yo'l tutiladi?
— Odamlari bor, yo'li to'silgan degan gaplar bid'at, xurofot bo'lib, shariatda asosi yo'qdir. Bir kishining oila qurishi ortga surilishi Alloh taoloning qazoi qadari bilan bo'ladi. Inson doim Allohga duo qilib, yaxshi turmush o'rtoqni ro'para qilishini so'rab, ibodatlarda bardavom bo'lsa ham istig'forni ko'p aytsa, Allohning izni bilan ishi o'ngidan keladi. Zero, hadisi shariflardan birida Alloh taolo istig'forni ko'p aytgan kishining muammolarini aritib, mushkullarini oson qilib, unga o'zi o'ylamagan tomondan rizq berishi aytilgan.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.