Tariqatdagi kishining kundalik vazifalari aniq bo'ladi. Bunda u avvalo kundalik farz va vojib amallarga alohida e'tibor beradi. O'zining burchi bo'lgan bu amallarni ixlos bilan, bekamu ko'st ado etadi. Shu bilan birga, mandub bo'lgan nafl ibodat, amal va zikrlardan o'z holiga qarab bajarib turadi.
Har bir musulmon uchun bu kabi nafl ishlarning eng oz chegarasining o'lchovi bo'lishi kerak. Qolgani esa shaxsga qarab belgilanadi. Agar o'zida rag'bat va imkoniyat sezsa, mazkur amallarni ko'paytirib boradi. Ba'zi bir sabablarga ko'ra o'sha amallarni o'z vaqtida bajara olmay qolsa, keyin ado qilib boradi.
Bu kabi kundalik vazifalarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ham qilib yurganlar va ummatlariga ham shunday qilishni o'rgatganlar. Bu borada rivoyatlar juda ko'p. Biz faqat birgina misol bilan kifoyalanamiz.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ ﷺ قَالَ: «مَنْ قَالَ: لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ، وَلَهُ الْحَمْدُ، يُحْيِي وَيُمِيتُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ، فِي يَوْمٍ مِائَةَ مَرَّةٍ، كَانَ لَهُ عِدْلُ عَشْرِ رِقَابٍ، وَكُتِبَتْ لَهُ مِائَةُ حَسَنَةٍ، وَمُحِيَتْ عَنْهُ مِائَةُ سَيِّئَةٍ، وَكَانَ لَهُ حِرْزًا مِنَ الشَّيْطَانِ يَوْمَهُ ذَلِكَ حَتَّى يُمْسِيَ، وَلَمْ يَأْتِ أَحَدٌ بِأَفْضَلَ مِمَّا جَاءَ بِهِ إِلَا أَحَدٌ عَمِلَ أَكْثَرَ مِنْ ذَلِكَ. وَبِهَذَا الْإِسْنَادِ عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «مَنْ قَالَ: سُبْحَانَ اللهِ وَبِحَمْدِهِ، مِائَةَ مَرَّةٍ، حُطَّتْ خَطَايَاهُ وَإِنْ كَانَتْ أَكْثَرَ مِنْ زَبَدِ الْبَحْرِ».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir kunda yuz marta «Laa ilaaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva alaa kulli shay'in qodiyr» desa, bu uning uchun o'nta qulni ozod qilishga barobar bo'ladi, unga yuzta hasana bitiladi va undan yuzta yomonlik o'chiriladi. Bu unga o'sha kuni shaytondan saqlanish bo'ladi. O'sha hol kech kirguncha davom etadi. Birov undan ko'ra afzal narsa qila olmaydi. Illo, kim o'shandan ko'proq qilgan bo'lsagina, ko'proq savob bo'lishi mumkin», dedilar.
Yana shu sanad bilan Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir kunda yuz marta «Subhanallohi va bihamdihi», desa, uning xatolari hatto dengiz ko'piklaricha bo'lsa ham, o'chiriladi», dedilar».
Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifda alohida so'zlar va jumlalarni ma'lum adadda zikr qilish haqida so'z bormoqda. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan iboralar ila sanab zikr qilish katta savobga, gunohlarning kechirilishiga va boshqa foydalarga erishtiradi. Bu ishlarni qilgan odam sunnatga muvofiq ishni qilgan bo'ladi.
Muridning boshqa vazifalari ham aynan sunnatga muvofiq bo'lishi lozim. Bu vazifalarni «virdlar» ham deyiladi. Ikkisining ham ma'nosi bir.
Odatda kundalik vazifalarning eng oz chegarasidagilarini tanlashda har bir tariqat mashoyixlari o'zlarining ilm va ehsos doiralaridan kelib chiqib, turlicha ijtihod qilganlar. Biz boshqa tariqatlar yoki ularning vird tanlashdagi farqlari haqida gapirib o'tirmay, Naqshbandiya tariqati mashoyixlari ixtiyor qilgan kundalik vazifalar haqida qisqacha ma'lumot berib o'tamiz.
Naqshbandiya tariqatidagi murid zikrni boshlashdan oldin tavba qiladi. Tahorat qilib, qazo namoz yoki shukri vuzu' namozini ado etadi. Yana tavba qilib, butun vujudi ila diqqatini jamlab, zikrga hozirlanadi.
Yuz marta «Astag'firullohal Aliyyal Aziym allaziy laa ilaaha illaa huva va atubu ilayhi»ni aytadi.
Yuz marta «Laa ilaaha illallohu»ni aytadi.
Yuz marta «Allohumma solli alaa»ni oxirigacha o'qiydi.
Yuz marta Ixlos surasini o'qiydi.
Murid imkoni boricha ko'proq lafzi jalolani – «Alloh» lafzini ixlos bilan takrorlab yuradi.
Odatda mazkur zikrlar bomdod namozidan keyin, quyosh chiqquncha qilinadi.
Shuningdek, bomdod namozidan keyin Yosin surasini qiroat qilish ham kundalik virdlar ichida bor.
Quyosh chiqqandan keyin ikki rak'at ishroq namozi o'qiladi.
Choshgoh vaqti kirganda esa zuho – choshgoh namozi o'qiladi.
Peshin namozidan keyin Mulk – «Taborak» surasi qiroat qilinadi.
Asr namozidan keyin «Amma» surasi qiroat qilinadi.
Shom namozidan keyin ikki rak'at avvobiyn namozi o'qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida bu namoz aynan shunday nom ila zikr qilingan. O'ziga «tariqat shayxi» nisbatini beradigan ba'zi bir muhtaramlar bu namozni nima uchun «Tuhfai Rasul» deb nomlab olganlarining sababini bila olmadik.
Yotishdan oldin ham to'rt rak'at namoz o'qib yotiladi. Kechasi esa sunnatga muvofiq tahajjud namozi ado etiladi.
Shuningdek, Naqshbandiya tariqatida nafl ro'zalarga ham alohida e'tibor berilgan.
Rajab oyida eng ozi uch kun nafl ro'za tutiladi.
Sha'bon oyida o'n besh kun ro'za tutiladi.
Shavvol oyida olti kun ro'za tutiladi.
Zulhijja oyida to'qqiz kun ro'za tutiladi.
Muharram oyining to'qqizinchi va o'ninchi kunlari ro'za tutiladi.
Har haftaning dushanba va payshanba kunlari ham ro'za tutiladi.
Har oyning o'n uch, o'n to'rt va o'n beshinchi kunlari ro'za tutiladi.
Mazkur virdlar bir shayxdan boshqasida biroz farq qilishi mumkin.
Alohida ta'kidlab o'tish lozimki, Sunnati mutohharada kelgan va turli munosabatlar ila qilinadigan zikrlarni yaxshilab o'rganib, o'z o'rnida ado etib yurish lozim.
Misol uchun, farz namozlar ortidan ado etiladigan zikrlar bor. Bu zikrlarni ado etish bizda qadimdan yo'lga qo'yilgan. Hattoki ba'zi bir kishilar nazdida namozning bir qismidek ko'rinib qolgan. Aslida esa ular namozdan tashqaridagi zikrlardir.
Ammo ming afsuslar bo'lsinkim, bundan boshqa zikrlarni ado etish hatto tariqat shayxi bo'lgan kishilarda ham kam mulohaza qilinadi. Misol uchun, ertalab va kechqurun, bomdod va shom namozlaridan keyin o'qiladigan duolar bor. Bugungi kunimizda ularni muntazam o'qib yuradigan odamni topish qiyin. Shuningdek, markabga minganda o'qilishi kerak duo bor, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deyarli har doim o'qir edilar. Ammo bizda bu narsa tark etilgan. Shunga o'xshash, har bir maqomda va munosabatda o'qiladigan duo va zikrlar bor. Ularni o'z o'rnida ado etishni yo'lga qo'ymog'imiz lozim.
HATMI HOJAGON
Naqshbandiya tariqatidagi soliklarning to'planib ado etadigan zikrlarining nomi «xatmi xojagon»dir.
Bu narsaning boshqa tariqatlardan farqi shuki, unda faqat naqshbandiylar ishtirok etib, begonalar ishtirok etmaydi.
Bu xatm ikkiga – «xatmi xojagoni kabir» va «xatmi xojagoni sag'ir»ga bo'linadi.
Zikr halqasidagi kishilarning soni o'n kishidan ortiq bo'lsa, xatmi xojagoni kabir qilinadi.
Agar ishtirokchilar o'n kishidan oz bo'lsa, xatmi xojagoni sag'ir qilinadi.
Hatmi sag'ir bilan xatmi kabir orasida ikkita farq bor.
Hatmi sag'irda «Alam nashroh laka» surasini etmish to'qqiz marta o'qish yo'q. Shuningdek, unda Ixlos surasini ming bir marta o'qish o'rniga besh yuz marta «Ya Boqiy! Antal Boqiy!» aytiladi.
Hatmi xojagonning ijrosi quyidagicha bo'ladi:
«Naqshbandiya tariqatiga mansub bir to'p kishilar qulay va bo'sh joyga halqa shaklida tiz cho'kib o'tiradilar. Bir kishi eshik va tuynuklarni yopib, tashqaridagi kishilar ko'rmaydigan darajaga keltiradi.
Tariqatda tajribali va kishilar orasida obro'si bor kishi xatmni boshqaradi. Iloji bo'lsa, xatm bo'layotgan joy qorong'ilashtiriladi. Zokirlar fikrlarini bir joyga jamlashlari uchun ko'zlarini yumib olishlari maslahat beriladi.
Yuzta kichik, o'nta kattaroq toshlar keltiriladi. Bir kishi katta toshlarni boshliq oldiga qo'yib, yuzta kichik toshlarni xatmning qolgan ishtirokchilariga bo'lib beradi. Agar xatmda ishtirok etayotganlar o'nta yoki undan ortiq bo'lsalar, kichik toshlarning yigirma bittasi boshliqqa, qolgan etmish to'qqiztasi boshqa odamlarga tarqatiladi.
Albatta, asosiy maqsad sanoqni to'g'ri qilish bo'lgani uchun, tosh o'rniga tasbeh yoki hisobga qulay boshqa narsalardan foydalanish ham mumkin.
Shundan so'ng xatm boshlanadi.
Avval halqaboshi: «Astag'firulloh! Astag'firulloh! Astag'firullohal Aziym al Kariym, Robbul arshil aziym va atubu ilayhi», deydi.
Keyin surai Fotiha o'qiladi.
Halqaboshi bilan birga uning o'ng tarafida o'tirgan olti kishi jami etti marta Fotihani o'qiydilar.
So'ngra salavoti sharif boshlanadi.
Jamoadagi kishilar qo'llaridagi toshlar adadicha salavot aytadilar. Ular toshlarni o'ng qo'llarida tutgan hollarida «Allohumma solli 'alaa sayyidina Muhammadin va 'alaa oli sayyidina Muhammad», deb har safar bir toshni o'ng qo'llaridan chap qo'llariga o'tkazadilar.
Salavoti sharifni tamomlaganlaridan keyin etmish to'qqiz marta «Alam nashroh laka» surasi o'qiladi. Har bir ishtirokchi faqat o'zi eshitadigan darajada past ovozda qiroat qiladi.
Bu o'qish tamom bo'lganidan keyin bir kishi yigirma bir dona toshni halqaboshiga, qolganlarini jamoa a'zolariga yana qaytadan tarqatadi.
Keyin halqaboshi o'n marta Ixlos surasini o'qiydi. Qolganlar yana toshlarni chap qo'llaridan o'ng qo'llariga o'tkazib, Ixlos surasi adadini ming bir martaga etkazadilar.
So'ngra yana etti marta Fotiha surasi o'qiladi. Bu safargi o'qishda halqaboshi bilan birga uning chap tarafida o'tirgan olti kishi ishtirok etadilar.
Yana yuz marta salavoti sharif aytiladi. Undan so'ng duo boshlanadi.
Duoxon Naqshbandiya tariqati shayxlari silsilasidagi zotlarning nomlarini birin-ketin, o'rtacha ovoz bilan atab chiqadi. Boshqalar har bir shayxning nomlari zikr qilinganda duo qilib, u zotning ruhoniyatidan istimdodga, ya'ni ma'naviy-ruhiy madad olishga harakat qiladi.
Yig'ilganlar o'n kishidan oz bo'lsa, xatmi xojagoni sag'ir qilinadi.
Unda istig'for, Fotiha va salavoti sharifdan so'ng halqaboshi besh marta «Ya Boqiy! Antal Boqiy!»ni takrorlaydi. Jamoat a'zolari o'ng qo'llaridagi toshlarini chap qo'llariga o'tkazgan holda uni besh yuz marta takrorlaydilar. Qolgani xatmi kabirdagi kabi davom etadi.
Hatmi xojagonni har kuni Asr namozidan keyin qilish odobdandir.
Imkoni bo'lmasa, hech bo'lmaganda, haftada ikki marta qilish kerak.
Buning uchun alohida izn olishning keragi yo'q. Muridlar ichida kim buni bilsa, qilaveradi.
Ba'zi bir guruhlar, xatm o'tkazish uchun ham izn kerak, deydilar.
ROBITA
To'g'risini aytadigan bo'lsak, robita haqidagi maqolani bu kitobga kiritish yoki kiritmaslik haqida uzoq bosh qotirdik. Tasavvufga oid ixtiloflar ichida bugungi kunda eng ko'p tortishilayotgan masalalardan biri bo'lgan robita masalasi bizning diyorlarimizda deyarli zikr qilinmas edi. Ba'zi bir soliklardan so'ralganda, ularning robita haqida aniq tasavvurga ega emasligi ham buning dalili edi.
Ammo bugungi kunda diyorimizga chetdan kelgan tasavvuf o'zi bilan bu masalani ham olib keldi. Chetdan kelgan shayxlarga qo'l bergan muridlar ayni shu masalani alohida ehtimom bilan so'zlayotganlari ko'pchilikni o'ylantirib qo'ydi. Shu bilan birga, chetdan kelgan tasavvuf kitoblari tarjimalari orqali ham robita masalasi kishilar orasida ozmi-ko'pmi, tarqaldi. Shu bois robita xususida ham imkon qadar ma'lumot berishga intildik.
«Robita» arabcha so'z bo'lib, «bog'lanish» ma'nosini anglatadi. Tasavvuf istilohidagi robita muridning zikr avvalida xayolan o'z shayxiga bog'lanib, uning siymosini ko'z o'ngiga keltirib, undan ma'naviy-ruhiy madad olishidir.
Amalda bu robitaning oldida ham bir robita, ortida ham bir robita bo'ladi. Zikr qilmoqchi bo'lgan solik oldin o'limni ko'z oldiga keltirib, o'lim robitasi – robitai mavt qiladi. Bu robita o'z me'yoriga etganda shayxining siymosini ko'z oldiga keltirib, robitai shayx qiladi. Bu ham bir me'yoriga etganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'z oldiga keltiradi va shundan so'ng o'zini Alloh taolo ko'rib turgandek his qilib, robitai huzur qiladi.
Robitai mavt bilan robitai huzur haqida so'fiylar bilan hech kim tortishmaydi. Ammo robitai shayxda so'fiylar bilan boshqalarning hammasi tortishadi. Hatto ba'zi so'fiylar ham qarshi tarafda bo'lishadi.
Robitai shayxni tan olmaydiganlar ham har xil bo'ladilar. Ularning ichida: «Bu narsani aqlimga sig'dira olmayapman», deganlaridan tortib, «Robitai shayx shirkdan boshqa narsa emas», deganlarigacha bor.
Dastlabki so'fiylarda robitai shayxning zikrini uchratmadim. Ammo tariqat rivoj topgan paytdagi so'fiylarning hammasi robitani asosiy omillardan biri sanaydilar. Ular: «Fano fishshayx» bo'lmaguncha, «fano firrasul» va «fano fillah» bo'lmaydi, ya'ni shayxga foniy bo'lmaguncha, Rasulga va Allohga foniy bo'lmaydi», deydilar.
Robita haqida bahs yuritgan tasavvuf kitoblarining barchasida robitai shayx tasavvufdagi eng zarur ishlardan biri sifatida zikr qilinadi. Ba'zi kitoblarda nafaqat tirik shayxlarga, balki vafot etib ketgan shayxlarga ham robita qilish haqida so'z boradi.
Doktor Saljuq Eroydin o'zining «Tasavvuf va tariqatlar» degan kitobida «Robita haqidagi risola» kitobidan foydalanib, quyidagilarni aytadi:
«Mavlono Holid vafot etgan murshiddan ham robita orqali fayz olish mumkinligini aytadi. «Bu kabi hollarda murshidning qabriga yaqinlashib, salom beriladi va qabrning oyoq tarafida turib, bir marta Fotiha surasini, o'n bir marta Ixlos surasini va bir marta «Oyatul Kursiy»ni o'qib, savobini mayyitning ruhoniyatiga hadya etiladi. So'ngra uning ma'naviyatiga tavajjuh qilinib, robita qilinadi», deganlar».
Shu erda biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilganda ham bu kabi narsa yo'qligi, balki sahobai kiromdan boshlab bugungi mo'min-musulmonlargacha – hamma-hamma faqat salom berish bilan kifoyalanishini eslatib o'tmoqchimiz.
Robitai shayx shariat hukmlariga to'g'riligini isbot qilish so'ralganda, so'fiylar Moida surasidagi «Va Unga vasila izlang» oyatini dalil qiladilar va: «Robitai shayx qilish ayni Allohga etishish uchun vasila izlashdir», deydilar.
Albatta, bu iqtibos bir oyatning ichidan olingandir. Oyati karimaning to'liq shakli quyidagicha bo'ladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَٱبۡتَغُوٓاْ إِلَيۡهِ ٱلۡوَسِيلَةَ وَجَٰهِدُواْ فِي سَبِيلِهِۦ لَعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ٣٥
«Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringiz hamda Uning yo'lida jihod qilingiz. Shoyadki, yutuqqa erishsangiz» (Moida surasi, 35-oyat).
Agar tafsirlarni varaqlaydigan bo'lsak, ularning birortasida ham ushbu oyatdagi «vasila» so'zi robitai shayx ma'nosida tafsir qilinmaganini ko'ramiz.
Boshqa tafsirlarni qo'yib turib, so'fiylarning tafsirlarini olaylik. Eng katta so'fiylardan bo'lmish, tasavvuf haqida birinchilardan bo'lib kitob yozgan imom Abdulkarim Qushayriy rahmatullohi alayhi o'zlarining «Latoiful ishorot» nomli tafsirlarida mazkur oyatning tafsirida «vasila»ga etti xil ma'no berganlar. Ammo bu ma'nolar ichida robitai shayx ma'nosi yo'q.
Shuningdek, tasavvuf uslubidagi eng mashhur tafsirlardan biri bo'lmish «Ruhul ma'oniy»ning sohibi imom Olusiy rahmatullohi alayhi ham bu oyatni uzundan-uzoq tafsir qilganlar, ammo bu tafsirda «vasila»ning ma'nosi robitai shayx ekanligi mutlaqo zikr etilmagan.
Robitai shayx masalasida katta jonbozlik ko'rsatgan naqshbandiylar mazkur oyatning ma'nosidan robitai shayxni anglash mumkinligiga xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhining gaplarini misol keltiradilar. U kishi bu gapni so'fiylar robitai shayxning haq ekaniga dalil sifatida keltiradigan Tavba surasidagi «Va sodiqlar bilan birga bo'ling» oyatining ma'nosini tushuntirish borasida aytgan ekanlar.
Ammo «Rashahot»da bu borada xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhidan naql qilingan matnda sodiqlar bilan birga bo'lish ikkiga bo'linishi: birinchisi – ularning suhbatini lozim tutish bo'lsa, ikkinchisi – ular ila doimiy ravishda ma'naviy bog'lanish bardavom bo'lishi lozimligi aytilgan. Shayxning suratini ko'z oldiga keltirib, zikr qilish aytilmagan.
Hozirgi kunimizda tasavvufga da'vat qilib kelayotgan mashhur ulamolarimiz robitai shayx masalasini chetlab o'tadilar. Tasavvuf tarafdorlari bo'lgan ko'pgina kishilar o'zaro suhbatlarda bu masalani hech fikrlariga joylay olmayotganlarini aytadilar.
Bu borada o'rtacha echim topilishi mumkinmi, degan savol meni ko'p o'ylantirib kelardi. Savolga javobni Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxlaridan bo'lgan Imomi Robboniy va Mavlono Holid rahmatullohi alayhimoning robita haqidagi bayonotlaridan topdim.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi robitai shayx komil murshidga bo'lishini ta'kidlaydilar va bu ishga loyiq shayxni quyidagicha ta'riflaydilar:
«Komil murshidning bir nazari qalb xastaliklarining shifosidir. Uning bir tavajjuhi ma'naviy xastaliklarni daf etadi. Bu kamolotning sohibi bo'lgan zot vaqtning imomi va zamonning xalifasidir. Qutblar uning maqomi soyasidan panoh topadilar. Mamlakatlarning murshidi bo'lgan buyuklar uning ummonlar kabi muazzam kamolotidan tasalli olurlar».
Mavlono Holid rahmatullohi alayhi: «Robita muridning murshidi komilning suratini xayoliga olib, uning ruhoniyatidan foydalanishidan iboratdir», deydilar. O'sha murshidi komil «shuhud maqomi»ga etishgan bo'lishi shartligi ham ta'kidlangan haqiqatdir.
Bu haqda shayx Muhammad As'ad Irbiliy rahmatullohi alayhi:
«O'ziga robita qilinadigan shayxning holi va axloqi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hollari va axloqiga tobe bo'lmaguncha, robitadan kutilgan fayz yuzaga chiqmaydi. Robita qiladigan solik esa shayxining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari ila axloqlanganligini shariat va tariqat o'lchovi ila tahqiq etishi farzdir. Aks holda robita qiluvchi ham, qilinuvchi ham parishon bo'ladi», deydilar.
Agar bu ma'nolarni bugungi kunga tatbiq qilmoqchi bo'lsak, yuqoridagi satrlarda vasfi zikr qilingan, bir nazari qalb xastaliklarining shifosi bo'lgan, bir tavajjuhi ma'naviy xastaliklarni daf etadigan, vaqtning imomi va zamonning xalifasi bo'lgan, qutblar uning maqomi soyasidan panoh topadigan, mamlakatlarning murshidi bo'lgan buyuklar uning ummonlar kabi muazzam kamolotidan tasalli oladigan, holi va axloqi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hollari va axloqiga tobe bo'lgan va shuhud maqomiga erishgan murshidi komilni topishimiz lozim bo'ladi. Allohning fazli cheksiz, shunday zotni topib qolsak, ajab emas.
KYeYINGI MAVZU:
Valiylar va karomatlar
Valiy hech qachon nabiy martabasiga eta olmaydi
Avliyolarning karomatlari
Alloh taologa xos sifatlar hech kimga mo''jiza ham, karomat ham bo'lmaydi
Karomat tushunchasi va turlari
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV