Yurtimizdagi ko'pgina masjidlar qurilishiga sababchi bo'lgan, hayotlik chog'ida savobli ishlarga ulgurib, jonbozlik ko'rsatib o'tgan marhum ustoz, Hayrulloh domla Turmatov rahimahulloh boshlab bergan navbatdagi masjid ochilishi ko'ngillarni shod etdi.
Kuni kecha Toshkent viloyatining Oqqo'rg'on tumanida joylashgan «Erbo'ta qozi» jome masjidi tubdan qayta ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi. Yangi ta'mirlangan masjidda mo'min-musulmonlar ilk juma namozini jamoat ila qalblari xushnud bo'lgan holda ado etdilar.
Ushbu Allohning bayti tumandagi oltinchi masjid hisoblanib, sakkiz yuz namozxonni o'z bag'riga sig'dira oladi. Masjid honaqosi hashamatli gumbaz va baland ikki minorali holatida qurilgan bo'lib, devor peshtoqlarida Alloh taoloning oyatlari bitilgan. Har bir namozxon yangi masjidga tashrif buyurar ekan, o'ziga xos naqshinkor va o'ta did bilan qurilganiga guvoh bo'ladi.
Hozirda masjidda tahoratxona va xizmat xonalari qurilish jarayonlari davom etmoqda.
Ochilish marosimining juma namozidan so'ng odatga ko'ra, Qur'oni Karim tilovati o'qilib, yurtdoshlarimiz masjid qurilishida ko'mak bergan saxovatpeshalarni, homiylarni, jismoniy va iqtisodiy holatda yordam berganlarni va bemorlar haqqiga jamoat bilan duolar qilishdi.
Alloh taolo yangi masjidni xalqimizga muborak qilsin!
Toshkent viloyati vakilligi matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.