RASULULLOH (sollallohu alayhi va sallam)ga SALAVOT AYTISh
Ulug' muallim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytishni Alloh taolo buyurgan. Qur'oni karimda bunday deyiladi:
إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَٰٓئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِيِّۚ يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ صَلُّواْ عَلَيۡهِ وَسَلِّمُواْ تَسۡلِيمًا٥٦
«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg'ambarga salavot aytur. Ey mo'minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom ayting!» (Ahzob, 56)
Alloh taolo va Uning farishtalari Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytar ekan, biz aytmasak qanday bo'ladi?
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning oldida zikr qilinsam-u, u menga salavot aytmasa, burni erga ishqalsin”, dedilar.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh bir farishtani yaratib, unga butun xaloyiq ovozini eshitish imkonini bergan. U qiyomat kunigacha qabrim tepasida tik turadi. Ummatimdan kim menga salavot aytsa, bu farishta menga: “Ey Muhammad! Falonchi o'g'li falonchi sizga salavot aytdi”, deb xabar beradi”», dedilar. Sahobalar: «Yo Rasululloh! “Albatta, Alloh ham, uning farishtalari ham payg'ambarga duo-salavot ayturlar”, degan oyat haqida bizga xabar bering», deyishdi. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): «Bu berkitilgan ilmdandir. Agar sizlar so'ramaganingizda edi, u haqda xabar bermasdim. Alloh menga ikkita farishtani vakil qilgan. Biron musulmon kishi huzurida zikr qilinsam-u, u menga salavot aytsa, o'sha ikki farishta unga: “Seni Alloh mag'firat qilsin”, deydi va boshqa farishtalar: “Omin”, deydi. Bir musulmon oldida zikr kilinsam-u, u menga salavot aytmasa, ikki farishta: “Seni Alloh mag'firat qilmasin”, deydi, qolgan farishtalar: “Omin”, deydi», dedilar.
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Har bir duo Payg'ambarga salavot aytilmaguncha, osmon o'rtasidagi parda tufayli u erda to'xtab turadi, salavot aytilsa, o'sha parda yirtiladi”, dedilar.
Hikoya qilinishicha, solihlardan biri tashahhudda o'tirib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytishni esdan chiqardi. So'ngra Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni tushida ko'rdi. Payg'ambar (alayhissalom) undan: “Nima uchun menga salavot aytishni unutding?” deb so'radilar. U: “Allohga hamdu sano aytish va Unga ibodat qilish bilan mashg'ul bo'lib, salavot aytishni unutibman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, amallar va duolar menga salavot aytilmagunicha ushlanib qoladi. Agar banda qiyomat kuni butun dunyo ahlining amali bilan kelsa-yu, menga salavot aytmagan bo'lsa, uning amallari rad qilinadi”, dedilar.
Boshqa bir hadisda: “Qiyomat kuni menga nisbatan insonlarning eng haqlirog'i menga ko'p salavot aytganidir”, deyilgan.
Zohidlardan biri tushida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ko'rdi. Zohid Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga yuzlansa, u zot (sollallohu alayhi va sallam) unga qaramadilar. “Yo Rasululloh! Siz mendan xafamisiz?” deb so'radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo'q”, dedilar. Zohid: “Meni tanimayapsizmi? Men falonchi zohid bo'laman”, deganida, “Seni tanimadim”, dedilar. U: «Yo Rasululloh! Men ulamolarning: “Payg'ambarimiz ummatlarini xuddi ota-ona bolasini tanigandek taniydi”, deganlarini eshitganman», deganida, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ulamolar to'g'ri aytibdi, payg'ambar ummatini ota-ona bolasini taniganidan ham yaxshiroq taniydi. Ya'ni payg'ambariga ko'p salavot aytgan ummatini”, deb javob berdilar.
Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Oldimga Jabroil keldi va: “Ey Muhammad! Sizga kim salavot aytsa, unga etmish ming farishta salavot aytadi. Kimga farishtalar salavot aytsa, u jannatiy bo'ladi”, dedi”, dedilar».
Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: «U kishi tushida Abu Asmoni ko'rdi. Undan: “Ey Abu Asmo, Alloh senga kanday muomalada bo'ldi?” deb so'radi. “Meni mag'firat qildi”, dedi. “Nima sababli?” deb so'radi. U: “Qachon hadis aytsam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytardim”, deb javob berdi».
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Oldimga Jabroil, Mikoil, Isrofil va o'lim farishtasi keldi. Jabroil (alayhissalom): “Yo Rasululloh! Kim sizga bir kunda o'n marta salavot aytsa, qiyomat kuni men uning qo'lidan ushlab, sirot ko'prigidan yashin tezligida o'tkazib qo'yaman”, dedi. Mikoil (alayhissalom): “Men uni sizning Havzi Kavsaringizdan sug'oraman”, Isrofil (alayhissalom): “Men esa boshimni sajdaga qo'yaman, toki Alloh uni mag'firat qilmaguncha ko'tarmayman”, dedi. O'lim farishtasi: “Men uning jonini payg'ambarning jonini olgandek engil olaman”, dedi». Payg'ambar (alayhissalom): “Alloh bir toifa farishtalarni yaratgan, ularning qo'llarida oltindan qalam, kumushdan daftarlari bor. Ular faqat menga va ahli baytimga aytilgan salavotlarnigina yozadi”, dedilar.
Hikoya qilinishicha, bir yahudiy tuhmat qilib, musulmon kishi uning tuyasini o'g'irlaganini da'vo qildi. Bunga munofiqlardan to'rt nafari yolg'on guvohlik berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tuyani yahudiyga qaytarishga va musulmonning qo'lini kesishga buyurdilar. Musulmon kishi hayratda qoldi va boshini osmonga ko'tarib: “Ey Rabbim! Albatta, bu tuyani men o'g'irlamaganimni bilasan!” dedi va: “Yo Rasululloh! Albatta, sizning hukmingiz haq, lekin bu tuyadan men haqimda so'rang”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey tuya, sen kimnikisan?” dedilar. Tuya fasohatli til bilan: “Yo Rasululloh! Albatta, bu musulmonnikiman. Bu guvohlar yolg'onchidir”, dedi. Shunda Nabiy (alayhissalom): “Ey musulmon! Sen nima amal qilgan eding, Alloh sening haqligingni isbotlash uchun tuyani gapirtirdi?” deb so'radilar. U: “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)! Men har kecha uxlashdan avval sizga o'n marta salavot aytaman”, deb javob berdi. “Menga aytgan salavoting tufayli bu dunyoda qo'ling kesilishidan najot topding, oxiratda esa azobdan najot topasan”, deya marhamat qildilar Nabiy (alayhissalom).
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim ertalab o'n marta va kech kirgach o'n marta menga salavot aytsa, qiyomat kuni Alloh uni ulkan dahshatdan omonda saqlaydi va u payg'ambarlar, siddiqlar bilan birga bo'ladi”, dedilar.
Sufyon Savriy aytadi: «Hajga borgan vaqtimda Haramda bir kishini ko'rdim, u Makkaning qaysi tarafida bo'lmasin, tavofdami, Arafotdami, Minodami, faqat Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytardi. Men unga: “Ey inson, har bir maqomning zikr va duosi bor. Senga nima bo'ldi, duo ham, zikr ham qilmasdan, faqat salavot aytyapsan?” dedim. U: “Buning qissasi bor”, dedi. “Menga uning xabarini ber”, dedim. U: “Hurosondan Makkaga haj qilish uchun chiqdim. Men bilan birga otam ham bor edi. Kufaga kelganimizda otam kasal bo'lib, vafot etdi. Uning kiyimi bilan yuzini yopdim. So'ng yuzini ochsam, eshakning suratiga o'xshab qolganini ko'rdim. Bundan qattiq qayg'urdim. Bir payt uxlab qolibman. Tushimda bir kishi oldimizga keldi, uning yuzida niqob bor edi. U kishi niqobini yuzidan oldi va menga: “Nega bunchalik g'amginsan?” dedi. “Bu musibat sababli nega g'amgin bo'lmayin”, dedim. U otamning oldiga bordi va yuzini siladi, natijada otam balolangan narsasidan qutuldi. Borib yuziga qarasam, yuzi to'lin oydek porlab turibdi. Shunda men u kishiga: “Kimsiz?” dedim. U kishi: “Mustafoman”, dedi. Shunda men u kishining ridolaridan ushlab: “Hudo haqqi, menga bu qissa xabarini bering”, deb so'raganimda,“Sening otang hayotlik vaqtida har kecha uxlashdan avval menga yuz marta salavot aytardi. Lekin otang sudxo'r bo'lgan. Allohning hukmida sudxo'rni bu dunyoda yoki oxiratda eshak suratida qilish bordir. U menga salavot aytgani sababli, ummatimning amallarini arz qiladigan farishta kelib, otangning holatini bildirdi”, dedilar. Shundan keyin men Alloh otamni mag'firat qilishini so'rab, har kecha Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yuz marta salavot aytishni odat qildim».
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Oldida zikr qilinsam-u, menga salavot aytmagan kimsa haqiqiy baxildir”, dedilar.
U zot (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, gunohi qolmaydi”.
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim menga bitta salavot aytsa, Alloh unga o'nta salavot aytadi. Uning o'nta gunohini o'chirib, martabasini o'n daraja ko'taradi”, dedilar.
Podshohlar o'zlarini yaxshi ko'rgan va hurmat qilgan odamlarni yaxshi ko'radi. Alloh esa Molikul mulk (ya'ni podshohlarning podshohi) va U bu karamga barchadan ko'ra loyiqdir. Shunday ekan, kim Uning habibiga salavot aytib sharaflasa, Alloh tarafidan izzat-ikromga, rahmatga, gunohlari kechirilishiga va darajasi ko'tarilishiga haqli bo'ladi.
“Sollallohu ala Muhammad” so'zining ma'nosi – Alloh u kishining shariatini g'olib etish va zikrini oliy qilish bilan bu dunyoda ulug'lasin va oxiratda ummatni shafoat qilishlariga izn bersin, deganidir.
Salavot aytishdan maqsad, Allohga qurbat hosil qilish, amriga taslim bo'lish va Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) haqlarini o'tashdir. Salavotning eng maqbuli har safar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nomlarini eshitganda aytishdir. Har doim, ertayu kech, ayniqsa, juma kunlari salavotni ko'paytirish oqil kimsaga vojibdir.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Kim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytsa, Alloh taolo unga o'nta salavot aytadi. Kim u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni so'ksa, Alloh taolo uni o'n marta so'kadi. Valid ibn Mug'iyraga qaramaysizmi? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni so'kkanda Alloh taolo uni o'n marta la'natladi”.
Ibrohim ibn Adham (rahmatullohi alayh)dan “Menga duo qilinglar, ijobat qilaman” oyati xususida so'rab, biz duo qilamiz-u, ijobat bo'lmaydi, deyishganida u kishi: “Qalblaringiz o'nta narsadan o'lgan”, dedi:
Ha, azizlar! Oddiygina bir-ikki og'iz so'z bilan ko'plab savob va mukofotlarni qo'lga kiritishimiz uchun bebaho vasiyat va hadislarini qoldirib ketgan olamlar sarvari Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga har qancha salavot aytsak kam.
IHLOS VA SAMIMIYaT
Musulmon kishi har bir amalini ixlos va samimiyat bilan bajaradi, Alloh taolo marhamat qiladi:
وَمَآ أُمِرُوٓاْ إِلَّا لِيَعۡبُدُواْ ٱللَّهَ مُخۡلِصِينَ لَهُ ٱلدِّينَ حُنَفَآءَ وَيُقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُواْ ٱلزَّكَوٰةَۚ وَذَٰلِكَ دِينُ ٱلۡقَيِّمَةِ٥
«Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to'g'ri yo'ldan og'magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to'g'ri (haqqoniy) dindir» (Bayyina, 5).
“Ixlos” lug'atda: “Tozalash”, “xolis qilish” degan ma'nolarni anglatadi. Shariatda esa bu: “Ibodatga, zikrga va duoga faqat Alloh loyiq” deb niyat qilishdir.
Abul Qosim Qushayriy so'zlariga qaraganda, ixlosli kishi amalini odamlarga yaxshi ko'rinish, ularning maqtovini yoki mukofotini olish uchun emas, balki yolg'iz Allohning roziligini topish, Unga qurbat hosil kilish niyatida qilishi kerak. Bunday kishi yaxshi amallarini xalqqa ko'rsatib, yomonini berkitmasligi lozim.
Huzayfa Mar'ashiy bunday degan: “Ixlos – bandaning fe'llari tashida ham, ichida ham bir xil bo'lishidir”.
Abu Ali Zahhok aytadi: “Ixlos – xalq mulohazasidan saqlanish, to'g'rilik esa, nafs xohishiga ergashishdan tiyilishdir. Ixlosli odam riyokorlik qilmaydi, to'g'ri odam kerilmaydi”.
Zunnun Misriy aytadi: “Uch narsa ixlosning alomatidandir:
Ixlosga eng chiroyli ta'rifni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) berganlar va buni “ehson” deb atab, uni bunday izohlaganlar: “Ehson – banda ibodatini Allohni ko'rib turgandek ado etishidir. Chunki banda Allohni ko'rib turmasa ham, Alloh uni ko'rib turadi”. Mana shu ixlosdir.
Oysha (roziyallohu anho) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi bir odamning niyati din arkonlarini ado etish bo'lsa, unga albatta, Alloh yordam beradi”, dedilar» (“Fathul Kabir”, Imom Ahmad rivoyati).
Ixlos har bir amalning savobini ko'paytiradi. Buni yanada oddiyroq tushuntiradigan bo'lsak, bir odam jamoat bilan namoz o'qish uchun masjidga yo'l oladi va niyat qiladi, agar yo'lda biror mazlumni uchratsam, unga yordam beraman, agar yo'lda odamlarning harakatiga xalal beradigan biror narsa turgan bo'lsa, uni yo'ldan olib tashlayman, agar ko'zi ojiz odamni ko'rsam, uni yo'lga solib yuboraman, agar muhtojni uchratsam, unga ehson qilaman, agar janjallashayotgan ikki kishiga duch kelsam, ularni yarashtirib qo'yaman desa, Alloh taolo jamoat namozidan tashqari unga niyati uchun alohida savob beradi. Mana shunday yaxshiliklarni niyat qilish ixlos, deyiladi. Shuningdek, yomonliklardan, haromu makruhlardan, kattayu kichik gunohlardan o'zini saqlash niyati ham ixlosdir.
Bir qudsiy hadisda bunday deyiladi:
عنابنِعباسِرضِيَاللهُعنهماعنرَسُولاللهصلىاللهعليهوسلمفيمايرويعنربهِتباركَوتعالىقَالَ: “إنَّاللهَكَتَبَالحَسَنَاتِوالسَّيِّئَاتِثُمَّبَيَّنَذلِكَفَمَنْهَمَّبحَسَنَةٍفَلَمْيَعْمَلْهَاكَتَبَهااللهُتَبَارَكَوتَعَالىعِنْدَهُحَسَنَةًكامِلَةًوَإنْهَمَّبهَافَعَمِلَهَاكَتَبَهَااللهُعَشْرَحَسَناتٍإِلىسَبْعمئةِضِعْفٍإِلىأَضعَافٍكَثيرةٍوإنْهَمَّبِسَيِّئَةٍفَلَمْيَعْمَلْهَاكَتَبَهَااللهُتَعَالَىعِنْدَهُحَسَنَةًكَامِلةًوَإنْهَمَّبِهَافَعَمِلَهَاكَتَبَهَااللهُسَيِّئَةًوَاحِدَةً”
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Rabbisidan rivoyat qilib aytadilar: “Albatta, Alloh yaxshilik va yomonliklarni yozib qo'ydi va uni bayon qildi: Kim bir yaxshilikni qasd qilsa-yu, uni qilmasa, Alloh O'z huzurida to'liq bir yaxshilik savobini yozadi. Agar uni qasd qilib, amalga oshirsa, Alloh azza va jalla uni O'z huzurida o'ntadan etti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha marta ko'p qilib yozadi. Agar bir yomonlikni qasd qilsa-yu, uni amalga oshirmasa, Alloh uni O'z huzurida to'liq bir yaxshilik savobini yozadi. Agar u (yomonlik)ni qasd qilib, uni amalga oshirsa, Alloh uni bir yomonlik qilib yozadi”, dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim).
Islom shariati naqadar go'zal! Yuqoridagi hadisdan ma'lum bo'lishicha, amalga beriladigan ajru savob, asosan, bandaning ixlosiga qarab bo'lar ekan. Chunki bir xil niyat bilan bir amalni bajargan kishilarning biriga o'n hissa savob berilsa, ikkinchisiga etti yuz hissa, uchinchisiga undan bir necha barobar ko'p savob ato etilishi aytilmoqda. Savob ixlosga qarab bo'ladi.
Ixlos ana shunday ulug' narsa. Ixlos bilan qilingan ibodatning savobi ana shunday ko'p bo'ladi. Ixlos samarasi o'laroq, banda Rabbiga qilgan ibodati lazzatini topadi, ruhi musaffo bo'ladi, qalbi nurga to'ladi va amaliga qo'shimcha savob oladi. Ixlosli banda nasihat va ibratlardan o'ziga foyda oladi.
Ixlos Alloh taolo tomonidan bandalariga berilgan ulkan mukofot va ne'matdir. Alloh taolo qudsiy hadislardan birida: “Ixlos Mening sirlarimdan biridir. Bandalarimdan kimga muhabbat qilgan bo'lsam, o'shaning qalbiga ixlosni joylaganman. Unga farishta tanish bo'lib, yoza olmaydi ham, shayton tanish bo'lib, buza olmaydi ham”, degan.
Abu Muhammad Sahl Tustariy “Nazarul akyos fi tafsiril ixlos” nomli kitobida bunday yozgan: “Ixlosli odamning har bir harakati va sukunati oshkoralikda ham, maxfiylikda ham faqat Alloh uchun bo'lishi, unga nafs, havas va dunyoning manfaati aralashmasligi kerak”.
Rivoyat qilinishicha, tasavvuf ahli peshvolaridan Imom Shibliy xalq orasida katta obro'ga ega piri murshid edi. Bir kuni shogirdlaridan biri Shibliyga: “Shaharning narigi chekkasida istiqomat qiladigap bir novvoyning ixlos va muhabbati janobingizga juda baland. Yurgan-turganda nomingizni tildan qo'ymasdan: “Shibliy hazratlarini bir ko'rsam edi”, deb takrorlagani-takrorlagan. Lekin xizmatda juda band bo'lgani uchun ziyoratingizga kelolmaydi”, dedi. Imom Shibliy darhol shogirdiga: “Unday bo'lsa, uning ziyoratiga mana biz boramiz!” dedi va o'zini tanitmaslik uchun eskiroq libos kiyib, novvoy huzuriga yo'l oldi. Novvoy tandir oldida kuymalanib, yangi pishgan nonlarni uzib, yonidagi savatga tashlardi. Imom Shibliy novvoyga asta yaqinlashdi va: “Alloh uchun noningdan menga bitta ber!” dedi. Novvoy Imom Shibliyni tanimay unga o'qrayib qaradi va: “Issiq nonni puli borlar eydi, puling bo'lsa nondan ol. Bu savdoga Hudoni aralashtirma”, dedi.
Imom Shibliy novvoy yonidan uzoqlashdi. Uni taniydigan hunarmandlardan biri novvoyga qarab: “Esing joyidami, o'zing yaxshi ko'rib, doim nomini tilingdan qo'ymaydigan Imom Shibliy huzuringga o'z oyog'i bilan kelsa-yu, sen unga hurmat bajo keltirmay haydab yubording?!” deb tanbeh berdi. Novvoy qattiq hayajonlanib: “Imom Shibliy shu odammidi?” dedi va orqasidan yugurib, Shibliyga etib oldi. Qattiq yolvorib: “Ey hazratim, men sizning muxlisingizman, sizni tanimabman, uzrimni qabul eting!” dedi. Imom Shibliy unga qarab norozi ohangda: “Bu holatda sening uzringni qabul etolmayman. Agar sen ming tillo xarajat qilib, uyingda katta ziyofat tashkil etsang, unga shaharning barcha kazo-kazolarini taklif qilsang, o'shandagina o'sha ziyofatga kelib, mehmonlar oldida sening uzringni qabul qilaman va gunohingdan o'taman”, dedi.
Novvoy rozi bo'ldi va ziyofat kuni belgilandi. Katta ziyofat dasturxoni atrofiga hamma jam bo'lganida, o'tirganlardan biri shunday taklif kiritdi: “Muhtaram Shibliy hazratlari, xonadon sohibi novvoy katta saxovat ko'rsatib, ehson qilibdi. Fursatni g'animat bilib, saxovatning fazilati, saxiylarning jannatga kirishi, jannat va ahli jannatning qanday bo'lishi haqida ma'ruza qilib bersangiz”. Imom Shibliy o'tirganlarga qarab: “Muhtaram mehmonlar, jannat va jannatiylarning qanday bo'lishini bilmayman-u, ammo ahli do'zaxiylarning qiyofasini ko'raman desangiz, mana shu novvoyga, uning qiyofasiga qaranglar!” deb xitob qildi. O'tirganlar baravariga: “Ey hazrat, saxovat bilan shunday katta ziyofat qilib, unga taklif etgan bir yaxshi odamni siz do'zaxiy deyapsizmi?” deb e'tiroz bildirdi. Shunda Imom Shibliy ularga: «Men novvoyga: “Alloh uchun menga bitta non ber!” desam u: “Allohni aralashtirma!” deb meni haydab yubordi. Mening Shibliy ekanimni bilganidan so'ng esa, mening roziligim uchun ming tillolik ziyofatga rozi bo'ldi. Allohga ixlos qilmasdan, uning bir bandasiga ixlos qilgan, Alloh uchun bir nonni qizg'anib, uning bandasi uchun ming tilloni ayamagan kimsa albatta do'zaxiy bo'ladi-da», dedi.
Fuzayl ibn Iyoz (roziyallohu anhu) aytadi: “Odamlar rioyasi uchun biror amalni tark etish riyodir. Odamlar rioyasi uchun biror ishni qilish shirkdir. Ixlos esa seni mazkur ikki zalolatdan ham saqlaydi”(“Al-Azkor”, Imom Navaviy, 6-b.).
Har bir ishda ixlos va samimiyat naqadar muhim ekani barchaga ayon. Shuning uchun mo'min kishi har bir amalini chin ixlos va katta samimiyat bilan qilishi maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo hech birimizni O'zining ixlosidan ayirmasin!
KYeYINGI MAVZU:
Ko'p kulish qalbni o'ldiradi
Miskinlarni yaxshi ko'rish va ular bilan birga o'tirish
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan.
Bu haqda 2025 yil 21 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida bayon etilgan.
Farmonga muvofiq, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagi vazifalar belgilangan:
a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;
b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish;
v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Alloh taolo ushbu markazning xalqimiz ilmu ma’rifati va yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati