So'fi Ollohyor “Sabotul ojizin” asarida bir hikoyatni keltiradi: “Abdulloh ibn Muborak sahroda yo'ldan adashdi. Yurib-yurib, uzoqdan bir quduqni ko'rgach, endi arqon va bir chelak bo'lsaydi, deb ko'ngildan o'tkazdi”.
Quduqqa yaqin borgach, chelak ham, arqon ham yo'q, suv ancha pastda edi. Ibn Muborak hayron bo'lib bir chetga borib o'tirdi. Shu payt sahro qo'ynidan bir kiyik quduq tomon kela boshladi. Yetib kelgach, tumshug'ini quduqqa suqqan edi, suv ko'tarildi, hatto quduqdan toshib chiqdi.
Keyin suv ichib yana sahro bag'riga kirib, g'oyib bo'ldi. Bundan hayronu lol bo'lgan Abdulloh yugurib quduq boshiga bordi, suv esa Abdulloh etib borgunicha yana pastlab ketdi.
Shunda uning qalbidan bir nido otilib chiqdi va dedi: “Yo Rab, berursan ohuga ob, menga bermassan, ey sulton Vahhob”. Shu payt Abdulloh ibn Muborakning qalbiga bir nido keldi: “O'sha sen ko'rgan ohu sahroga rizq istab chiqqan paytda mendan boshqaga tavakkal qilmagan edi. Sen esa quduqni ko'riboq qalbingni chelak va arqon tashvishi egalladi...”
Ibn Muborak bu nidoni eshitib, behol bo'ldi, bu tanbehdan qalbida zavq daryosi jo'sh urdi va shundan so'ng umrining oxirigacha chanqamadi.
Ha, azizlar! Alloh O'z do'stlarining qalbidagi bir lahzalik g'aflat uchun ham tanbeh beradi. Zero, yuksak cho'qqidagi odamga xatar ham katta bo'ladi.
Rizqlar taqsimlanadigan soat
Oysha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi. Nabiy alayhissalom: “Barvaqt turib rizqlaringizni talab qilinglar. Kunning avvali baraka va najot vaqtidir”, deganlar (Imom Bazzor va Imom Tabaroniy rivoyati).
Fotima binti Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilinadi: «Men subh vaqtida uxlab yotgan edim. Shunda Rasululloh mening oldimdan o'tib qoldilar va uyg'otib: “Ey qizim, tur, Rabbingning rizq (taqsimlashiga) shohid bo'l va zinhor g'ofillardan bo'lma!” dedilar» (Imom Bayhaqiy).
Darhaqiqat, Alloh tong otgandan quyosh chiqqungacha bo'lgan vaqt mobaynida odamlarning rizqlarini taqsimlaydi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam barchalarimizni barvaqt turib, rizq talab qilishga undaganlar, tong paytida g'aflat holidan chiqarish maqsadida haqqimizga xayr va baraka so'rab duo qilganlar.
"Hidoyat" jurnalidan
Hamroqul HOLBOYeV,
Bekobod tumani “Ulug'bek” jome masjidi imom-xatibi
Yurtimiz diniy soha vakillarining xorijda, xususan, Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlari, ularning ijtimoiy-ma’naviy hayotidan xabar olish va diniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi xayrli ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Safar dasturi doirasida Leningrad viloyati Kingisepp tumanida joylashgan "RENCONS Heavy Industries" kompaniyasida faoliyat yuritayotgan mingga yaqin vatandosh ishchi-xodimlar bilan birgalikda muborak juma namozi ado etildi. Namozdan so‘ng hamyurtlarimiz bilan samimiy suhbat qurilib, ularga musofirchilik odobi, halol mehnat va Vatan sog‘inchi haqida go‘zal mav’izalar qilindi.
Shuningdek, ishchi guruhning Kaliningrad shahriga tashrifi ham sermazmun uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Jumladan:
Shahardagi mahalliy «Nur» musulmonlar diniy tashkilotida peshin namozidan so‘ng vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi;
Muhtasham «Ehson» jome masjidida shom namozi ado etilib, yig‘ilgan hamyurtlarimiz ishtirokida navbatdagi ma’rifiy suhbat o‘tkazildi. Unda musofir yurtda iymon-e’tiqod va milliy qadriyatlarni asrash, yot g‘oyalardan yiroq bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Sankt-Peterburg shahrida turli sohalarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham bir nechta manzillarda yuzma-yuz uchrashuvlar uyushtirildi. Uchrashuvlar davomida hamyurtlarimizni qiziqtirgan shar’iy savollarga batafsil javoblar berilib, ularning haqqiga, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bu kabi jonli uchrashuvlar vatandoshlarimizga ulkan ma’naviy quvvat baxsh etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati