Shu yil 6 fevral' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari Dilshod Mamadqulov, Diniy idora bo'lim mudirlari Salohiddin domla Sherxonov va Islomiddin domla Zuhriddinov Qoraqalpog'istondagi “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga tashrif buyurdi.
Dastlab soha rahbarlari Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin domla Razov, bilim yurti mudiri Jalalatdin domla Abdirazakov hamrohligida bilim yurti faoliyatida talabalarga o'tilayotgan dars jarayonini bevosita kuzatdi.
Tashrif davomida mas'ul vakillar “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida talaba va o'qituvchilarga yaratilgan sharoitlar ko'zdan kechirdi. Hususan, Axborot-resurs markazida 17 756 ta kitob saqlanayotgani, ushbu markaz va uning o'quv zallari zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangani, kitoblarning kataloglari qayday yuritilyotgani haqida tanishtirildi.
Shuningdek, madrasaning yangi media-markazi bilan ham tanishildi. Uning 2023 yilda video-audio materiallarni tayyorlash, o'qituvchi va talabalarning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgani aytib o'tildi.
Soha rahbarlari talabalar bilan suhbatda ilm olish fazilati, yurtimizda ta'lim-tarbiya olish borasidagi imkoniyat va sharoitlar, xususan, diniy sohadagi so'nggi yangilik va istiqbolli rejalar haqida so'zlab berishdi. Jumladan, ta'lim olgandan so'ng o'qishni davom ettirish yo masjidlarda faoliyat yuritish istagidagi talabalarga o'z taklif va maslahatlarini taqdim etishdi.
Ma'lumot uchun, “Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 1992 yili Nukus shahridagi Imom Eshon Muhammad jome masjidi binosida faoliyat boshlagan. Madrasaga 2011 yilda alohida bino ajratilgan bo'lib, bugun zamonaviy o'quv binosi, talabalar turar joyi, yopiq sport zaliga ega bo'lgan majmuada barcha sharoitlar mujassam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati