O'MI matbuot xizmati
Shu yil 30 avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida yangidan qurib bitkazilgan “Sulton Sanjar Moziy” jome masjidi foydalanishga topshirildi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev, Tuproqqal’a tumani hokimi o‘rinbosari Sardorbek Sultonov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bosh mutaxassisi Xotambek Masharipov, tuman bosh imom-xatibi G‘ulomjon domla Bobojonov, masjid imom-xatiblari va mahalla ahli ishtirok etishdi.
Tadbirda mutasaddilar so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan xayrli ishlar, diniy-ma’rifiy soha berilayotgan e’tibor, xususan, mazkur masjidning foydalanishga topshirilishi ham ana shunday islohotlarning yorqin namunasi ekanini ta’kidlab o‘tishdi.
Marosim davomida Qur’oni karim tilovat qilinib, ushbu masjidning to Qiyomatgacha Haq taologa ibodat qilinadigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar aytiladigan sajdagoh bo‘lishi va xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlovchi ziyo maskani bo‘lib xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishga ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati