بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي حَقَّقَ الْحَقَّ بِالْحَقَّ وَأَذْهَبَ الْبَاطِلَ بِالْحَقِّ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ
وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ، أَمَّا بَعْدُ
TO'QIMA HADIS VA ASOSSIZ RIVOYaTLAR KYeLTIRIShNING HATARI
Muhtaram jamoat! Dinimizdagi har bir hukm va har bir so'zning suyanadigan asosi bor. Bu asos – Qur'oni karim, sahih hadislar va shu ikkisidan paydo bo'lgan dalillardir. Shu sababli ming yillardan beri shariatimiz o'zining ta'sirchanligi, yashovchanligini yo'qotmay kelmoqda va dinimizga o'nglab bo'lmaydigan darajada xurofotlar aralashib ketishidan saqlanmoqda. Mabodo, dinimizga insonlar tomonidan ba'zi bir asossiz ma'lumotlar kiritilsa ham, yuqoridagi ishonchli manbalar yordamida to'qilgan gap-so'zlar tezda fosh bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda asossiz ma'lumotlarga tayanish noma'qulligi haqida shunday deydi:
وَإِذَا قِيلَ لَهُمُ اتَّبِعُوا مَا أَنْزَلَ اللَّهُ قَالُوا بَلْ نَتَّبِعُ مَا أَلْفَيْنَا عَلَيْهِ آَبَاءَنَا أَوَلَوْ كَانَ آَبَاؤُهُمْ لَا يَعْقِلُونَ شَيْئًا وَلَا يَهْتَدُونَ
ya'ni: “Ularga (mushriklarga): «Alloh nozil etgan narsaga (oyatlarga) ergashingiz!» – deyilsa, ular: «Yo'q, biz ota-bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, o'shanga ergashamiz», – deydilar. Ota-bobolari bordi-yu, hech narsaga aqllari etmaydigan va to'g'ri yo'ldan yurmaydigan bo'lgan esalar-chi?!” (Baqara surasi 170-oyat).
Hadisi sharifda esa kishi eshitgan har bir gapini gapiraverishi gunohkor bo'lishiga etarli ekani aytilgan. Ayniqsa, aytilayotgan gap dinga aloqador bo'lsa, mas'uliyati yanada oshadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ
(رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Kishiga gunoh bo'lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o'zi kifoyadir”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Din mavzusida biror gapni aytish Alloh va Rasuli tarafidan gapirish hisoblanadi. Bu ishda o'ta ehtiyotkor bo'lish kerak.
Payg'ambarimiz alayhissalomdan keyin bu borada sahobalar ajoyib o'rnaklar ko'rsatishdi. Hususan, Qur'oni karimni kitob holiga keltirishda, hazrati Umar va Zayd ibn Sobit raziyallohu anhumo masjid eshigida turishdi, Qur'on oyatlarini biror narsaga yozib qo'ygan kishi o'zi bilan yana bir guvohni olib kelar, to'rtovlari ha, bu Qur'ondan, deb ittifoq qilmagunlaricha u oyat Qur'onga yozilmas edi.
Hadisi shariflarni rivoyat qilishda ham sahobalar nihoyatda ehtiyotkor edilar. Birorta ortiqcha so'z qo'shilishidan ham ular xavotir olishardi. Hadis aytishning mas'uliyatini ko'rsatish uchun bir ikki marta hazrati Umar hadis aytgan sahobalardan guvoh talab qildilar.
Hadis aytishdagi omonatdorlik keyingi davrlarda ham davom etdi. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rahmatullohi alayhim va boshqa muhaddislar sahih hadis kitoblariga o'zlariga etib kelgan hadislarni tekshirib, Payg'ambarimizgacha ishonchli roviylar zanjiri etib borgan bo'lsa, uni yozib qo'yganlar. Ishonchsiz, to'qima hadislarni qabul qilmaganlar, kitoblariga kiritmaganlar.
Asossiz diniy ma'lumotlarni to'qib yoki aslini surishtirmay gapirish Alloh va Uning Rasuliga yolg'on to'qish bo'ladi. Bu haqida esa Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أُوْلَئِكَ يُعْرَضُونَ عَلَى رَبِّهِمْ وَيَقُولُ الأَشْهَادُ
هَؤُلاء الَّذِينَ كَذَبُواْ عَلَى رَبِّهِمْ أَلاَ لَعْنَةُ اللّهِ عَلَى الظَّالِمِينَ
ya'ni: “Allohga nisbatan yolg'on to'qigan kimsadan ko'ra zolimroq kim bor? Ana o'shalar Robblariga ro'baro' qilinurlar va guvohlar ayturlar: «Manavilar Robblariga nisbatan yolg'on gapirganlardir. Ogoh bo'lingkim, Allohning la'nati zolimlargadir” (Hud surasi 18-oyat).
Aslini olganda, yolg'on katta gunoh. Endi o'sha yolg'on ulug' Zotning – Alloh taoloning sha'niga aytilsa, yana ham katta gunoh bo'ladi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg'on to'qish, u kishi aytmagan gapni aytdi, qilmagan ishni qildi, deyish ham ulkan gunoh. Bu haqida U Zot alayhissalom shunday deganlar:
إِنَّ كَذِبًا عَلَيَّ لَيْسَ كَكَذِبٍ عَلَى أَحَدٍ مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ
(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ رَضِيَ اللَّه عَنْهُ)
ya'ni: “Mening nomimdan aytilgan yolg'on boshqa bir kishi nomidan uydirilgan yolg'on kabi emasdir. Kimki mening nomimdan qasddan yolg'on to'qisa, jahannamdagi joyini tayyorlayversin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ulamolar yolg'on hadislar to'qilishiga: islomga zarar etkazish, o'z mazhabiga yon bosish, hokimlarga tilyog'lamalik qilish, mol-dunyoga erishish, shuhrat qozonish va hokazo bir qancha omillar sabab bo'lganini aytishgan. Hozirgacha bir qancha olimlar to'qima hadislarni fosh qiladigan kitoblar yozdilar va musulmonlarni bunday fitnalardan ogoh etdilar.
Keyingi paytlarda ommalashgan noto'g'ri harakatlardan biri dinga da'vat qilish, odamlarni savobli amallarga qiziqtirish va oxiratdan qo'rqitish ma'nosida turli to'qima hadis, yolg'on xabar, rasm, audio va videoxabarlar tarqatishdir. Bu narsa, ayniqsa, chek-chegarasi bo'lmagan ijtimoiy tarmoqlarda ko'proq kuzatiladi. Masalan, keyingi yillarda juda keng tarqalgan yolg'on xabarlarga: Makkalik Shayx Ahmadning musulmonlarni do'zaxga kirayotganini tush ko'rishi; Ramazonning qachon boshlanishini birinchi xabar bergan kishining jannatga kirishi; Ramazonning oxirgi jumasida juma va asr namozlari o'rtasida 4 rakat namoz o'qilsa, 400 yillik qazo namozi o'rniga o'tishi; Ramazon oyi juma kuni boshlansa, 15-kunida dahshatli qichqiriq kelishi; Quyoshdan “ertaga javob berasizlar”, degan ovoz kelishi; sahroda Payg'ambar guli 400 yilda bir gullashi va u vaqtda salavot aytish kerakligi va hokazo yolg'on-to'qima xabarlarni misol keltirish mumkin. Yanayam xatarli joyi bu yolg'on xabarlarning oxirida xatni 10-20 kishiga tarqatish shartligi, kim tarqatsa, ishi yurishib ketishi, kim tarqatmasa, falokatga uchrashi bilan tahdid qilingan, odamlarning e'tiqodiga noto'g'ri tushunchalar kiritishga harakat qilingan. Vaholanki, bizga etadigan yaxshilik va yomonlik, foyda va zarar Alloh taoloning xohish irodasi bilan bo'ladi, U Zot xohlamasa, bandaga qilchalik zarar etmaydi!
Hurmatli jamoat! Mavjud uydirma hadislarga nazar tashlasak, ularning bir qismi Islom diniga zid, mantiqsiz, kulgili ifodalar, bir qismi esa, islomiy tamoyillarga mos, foydali so'zlar ekaniga guvoh bo'lamiz. Lekin ma'nosi qanday bo'lishidan qat'i nazar, bunday uydirma so'zlarga hadis deya amal qilish, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamga bog'lash joiz emas, gunoh ishdir. Uydirma hadislarga misollar: “Shubhasiz, gul payg'ambarning teridan yaratilgan” (Saxoviy, 159). “Go'zal yuzga boqish ibodatdir” (Ali al-Qoriy, “Asrorul-marfua” kitobi, 355).
Diniy mazmunga ega bo'lgan ma'lumotlarni nashr etish va tarqatishda, albatta, mutaxassis musulmon ulamolarining xulosasini olish juda ham zarur. Chunki hozirgi kunda internetda son-sanoqsiz sayt va telegram kanallar faoliyat ko'rsatadi, nomiga qaralsa, diniy mazmunda, jarangdor. Lekin ichidagi ma'umotlarga qaralsa, rostu yolg'on, ishonchliyu ishonchsiz gaplar aralashib ketgan. Uni bilimdon mutaxassisdan boshqalar ajratib olishi juda qiyin. Bu kanallarning foydasidan zarari ko'proq. Chunki bir chelak suvni bir tomchi najosat nopok qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli Muslim.uz va 50 dan ortiq hamkor saytlar, feysbuk, telegram, yutub kanallari faoliyat ko'rsatmoqda. Vatandoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda mana shulardan bemalol foydalanishlari mumkin. Bunday qilishlari dinlarini salomat saqlash uchun zarur choradir.
Muhtaram jamoat! Suhbatimiz davomida so'ngi paytlarda ko'p takrorlanib qolgan aqidaga oid bir nozik masala borasida davom ettiramiz. U ham bo'lsa, hozirgi ba'zi toifaalar tomonidan tez-tez qo'zg'alyotgan “Alloh taolo osmonda deyish, ya'ni Uni biror makonda joylashgan deb e'tiqod qilish”, haqida. Aslida, ushbu masala bir necha o'n yillardan beri qo'zg'atilmas, omma xalq orasida tarqatilmas edi. Lekin, ming afsuslar bo'lsinki, ayrim toifalar tarafidan, mo'min-musulmonlarning o'rtasiga nizo, xusumat keltirib chiqarish uchun turli noto'g'ri ma'lumotlar tarqatilmoqda. Har birimiz bu kabi xassos va nozik e'tiqodiy masalalarni avvalgi ulamolarimizning ilmiy manhaji asosida puxta tushunib olsak, maqsadga muvofiq bo'ladi.
Alloh taolo osmonda deyish yoki biror joyda o'rnashgan deb e'tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Chunki osmonni ham, makonni ham U zotning O'zi yaratgan. Payg'ambarimiz alayhissalom o'zlarining hadislaridan birida shunday deganlar:
كَانَ اللَّهُ، وَلَمْ يَكُنْ شَىْءٌ قَبْلَهُ
ya'ni: “Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa bo'lmagandi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Makonga joylashish yaratilgan narsalarning sifati hisoblanadi. Ya'ni, har bir yaralmish borki, katta yoki kichik o'rin egallaydi. Alloh taolo esa bundan pok va oliydir.
Ushbu toifalar tomonidan o'z da'volariga keltiradigan eng asosiy dalillardan biri “Joriya hadisi” nomi bilan mashhur bo'lgan hadisi sharif bo'lib, ushbu hadisi sharifni ilmiy omonatdorlik ila o'rganib chiqsak, ularning da'volari puch ekani ma'lum bo'ladi.
Muoviya ibn al-Hakam as-Sulamiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan o'z joriyasi (cho'risi) haqida so'rab: Ey Allohning Rasuli uni ozod qilaymi?, dedi. Rasululloh alayhissalom: “Uni (huzurimga) olib kel”, dedilar. Joriya olib kelindi. U zot unga qarata: “Alloh qayerda?” dedilar. U: Osmonda dedi. U zot: “Men kimman?” dedilar. U: “Siz Allohning rasulisiz”, dedi. U zot: “Uni ozod qil, u mo'minadir”, dedilar”.
Birinchidan: Ushbu hadis matni roviylar tomonidan turli farqlar bilan rivoyat qilingan. Buni birinchilardan bo'lib, Imom Bazzor va Imom Bayhaqiy kabi buyuk muhaddislar aytib, undan ogohlantirganlar. Chunki matnida turli o'zgarishlar bilan rivoyat qilingan bunday hadisni “muztarib” hadis deyilib, uni biror masalada hujjat qilib keltirib bo'lmaydi. Chunki boshqa rivoyatlar o'sha cho'rining kimligi, hojasining ismi va boshqa jihatlarida katta farqlar bilan naql qilingan.
Ikkinchidan: Aynan salafiylar dalil qiladigan lafz ham to'rtta sahih manbada to'rt xil zikr qilingan. Imom Ahmadning rivoyatida yuqoridagi Payg'ambarimiz alayhissalomning “Alloh qayerda?”, degan savollari o'rnida o'sha cho'riga qarata:
«أَتَشْهَدِيْنَ أَنْ لَا إِلـٰهَ إلَّا اللهُ؟»
ya'ni: “Allohdan o'zga iloh yo'q ekaniga guvohlik berasanmi?”, deganlari zikr qilingan (Alloma Nuruddin al-Haysamiy “Majmauz zavoid”da sahih ekanini ta'kidlagan).
Imom Nasoiyning rivoyatida esa, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga:
«مَنْ رَبُّكِ؟» قَالَت: اللهُ. قَالَ: «مَنْ أَنَا؟» قَالَتْ: أَنْتَ رَسُولُ اللهِ
ya'ni: “Robbing kim?”, deganlari, u: “Alloh” deb javob bergani, rivoyat qilingan.
Imom Molik Muvattoda Ubaydulloh ibn Abdulloh r.a.dan sahih sanad bilan keltirilgan boshqa rivoyatda ham: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam u cho'riga:
«أَتَشْهَدِينَ أنْ لَا إلـٰهَ إلَّا الله؟»
ya'ni: “Allohdan o'zga iloh yo'q ekaniga guvohlik berasanmi?”, deganlar.
Ahli sunna ulamolari ushbu rivoyatlardan eng mo''tabari “Allohdan o'zga iloh yo'q ekaniga guvohlik berasanmi?”, degan rivoyatdir. Chunki kishining mo'min ekanini aniqlash Allohning qayerdaligini so'rash bilan emas, balki U Zotning yakkayu yagonaligiga imon keltirganini so'rash bilan aniqlanishi ma'lum va mashhur. Agar “Alloh osmonda” degan so'z imonga dalil bo'lsa, bugungi kunda Hudo osmonda deb e'tiqod qiladigan g'ayridinlarni ham musulmonlar deyilishi lozim bo'lib qoladi.
Uchinchidan: “Alloh qayerda?” degan savolning ma'nosi, Alloh taoloning ulug'vorligi, oliyligi va qadrining buyukligi to'g'risida e'tiqoding qanday?, deb tushunish ham mumkin. Chunki arab tilida (hatto o'zimizning ona tilimizda ham) ba'zan “qayerda?” degan savol “mavqe, martaba, qadr-qimmat” to'g'risidagi savol uchun ham ishlatiladi. Masalan: “Tuproq qaydayu, yulduz qayda?!” deyiladi. Ya'ni, bu bilan yulduzning mavqe'i tubroqdan ancha baland ekani nazarda tutiladi. Ikki shaxs o'rtasidagi farqga “Ikkisini o'rtasida er bilan osmonchalik farq bor”, deyiladi. Bu bilan mavqe', qadr qimmat nazarda tutiladi. Hargiz bunda makon, joylashilgan o'rin nazarda tutilmaydi.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, biz – Ahli sunna val-jamoa Alloh taolo haqida shunday e'tiqod qilamiz: Alloh taolo biror tarafda ham, biror makonda ham emas. Agar ko'nglimizga “Alloh qayerda” degan savol keladigan bo'lsa, imon va ixlos bilan: “Biror makon bo'lmagan paytda ham U zot bo'lgan. Keyin makonlarni paydo qilgan, zamonlarni joriy qilgan. U zot zamonlaru makonlar yo'q paytda qanday bo'lsa, hozir ham o'shandaydir”,- deymiz.
Alloh taolo barchamizni Ahli sunna val jamoa yo'lida sobit qadam bo'lishimizni nasib etib, turli firqa va qarashlardan panohida saqlasin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Islomda diniy bag'rikenglik va hamjihatlik masalasi” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.