Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha masjidlar imom-xatib va imom noiblari bilimlari, kasb-mahoratlari hamda ish faoliyatlari natijalari baholanmoqda.
Ta'kidlash kerakki, ushbu jarayonda imom-xatib va imom noiblarining professional malakasi, ishchanlik fazilati, kasbiy tayyorgarlik darajasi, vazifaga munosibliklari hamda zimmalariga yuklatilgan vazifalarga mas'uliyat bilan yondashish xislatlariga alohida e'tibor qaratilyapti.
Shuning bilan birga imomlarning notiqlik iqtidori, qiroati, ilmiy-ijodiy, ma'naviy-ma'rifiy faoliyati, chet tillarini bilish darajasi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qay darajada o'zlashtirganliklari test sinovlari va suhbatlar asosida namoyon bo'lmoqda.
Ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o'tib diniy-ma'rifiy, mehnati samaradorligi va kasbiy bilimlarini oshirgan imom-xatib va imom noiblarga oliy, birinchi va ikkinchi darajali malaka toifalari taqdim etiladi. Bu esa ularning kelgusidagi faoliyatida yanada yuqori natijalarga erishishida muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Ayni paytda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosarlari, mas'ul xodimlari, diniy-ta'lim muassasalari pedagog-o'qituvchilari hamda hamkor tashkilot vakillaridan iborat baholash komissiyasi a'zolari guruhlarga bo'lingan holda Andijon, Namangan, Farg'ona va Jizzax viloyatlarida faoliyat olib bormoqda. O'z navbatida mazkur jarayonga boshqa viloyatlarda ham qizg'in tayyorgarlik ishlari ko'rilyapti.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar