يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ كُتِبَ عَلَيۡكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ١٨٣
183. Ey imon keltirganlar, oldin o'tganlarga kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shunda taqvodor bo'lursizlar.
Baqara surasining 183-185-oyatlarida Ramazon oyi ro'zasi hukmlari va hikmatlari bayon etilgan. Alloh taolo mo'minlarga qarata oldin o'tgan boshqa qavmlar kabi Islom ummatiga ham ro'za farz qilingani xabarini beryapti va ro'za taqvodorlik belgisi ekanini ham ta'kidlayapti. Shubha yo'qki, komil ado etilgan ro'za ibodati musulmonni axloqan va ma'nan yuksak maqomga – taqvo maqomiga etkazadi. Payg'ambarimiz alayhissalom ta'kidlaganlaridek, ro'za qalqondir, u gunoh qilishdan, turli jismoniy illat va xastaliklardan, oxirat azobidan saqlaydi.
Arab tilidagi «sovm» (ro'za) lug'atda «o'zni tiyish» degan ma'noni bildiradi. Shar'iy istilohda esa muborak Ramazon oyida tong otganidan to quyosh botguncha niyat bilan ovqat emaslik, ichimliklar ichmaslik, jinsiy yaqinlik qilmaslik «ro'za» deyiladi. Ro'za tutish Islom dinining besh rukni (asosi)dan biridir, Qur'on va Sunnat bilan sobit bo'lgan. Zero, ro'za ibodati bilan nafs tarbiyalanadi, shahvoniy hoyu-havaslar jilovlanadi. Ro'za tutib, inson komil xulqlarga ega bo'ladi. Komil xulqli insonlar yashagan jamiyatda osuda va tinch-osoyishta hayot hukm suradi. Oyatda ro'za ibodatining o'tgan payg'ambarlarning ummatlariga ham farz qilingani eslatilib, musulmonlarga ushbu ibodatning og'ir emasligi bildirilmoqda. Inson o'ziga mashaqqat bo'lib ko'ringan ishni oldin ham kimlardir bajarganini bilsa, unga kirishishi osonlashadi, qiyinligini unutadi, uni puxta va mukammal bajarishga g'ayrat bilan kirishadi. Ro'za nafaqat musulmonlarga, balki Islomdan oldingi qavmlarga ham farz edi.
Ro'za dastlab Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilganlaridan keyin oradan bir yarim yil o'tgach – ya'ni hijratning o'n sakkizinchi oyi, sha'bon oyining o'ninchi kunida, qibla Baytul Maqdisdan Ka'ba tarafiga o'zgargandan keyingi oyda farz qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to'qqiz yil Ramazon ro'zasini tutganlar. Ulardan ikkitasini o'ttiz kundan, qolgan ettitasini yigirma to'qqiz kundan tutganlar. Ramazon ro'zasini tutish farz qilinishidan oldin musulmonlar ashuro kuni ro'zasini tutishar edi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: "Johiliyat ahli ashuroda (muharram oyining o'ninchi kuni) ro'za tutar edi, ramazon oyida ro'za tutish haqida oyat nozil bo'lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ashuro ro'zasini xohlaganlar tutsin, xohlamaganlar tumasin", dedilar" (Buxoriy rivoyati); Hazrati Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Biz Quraysh ahli johiliyat davrida ashuro ro'zasini tutar edik. Janob Rasululloh ham tutardilar. Madinaga kelganlarida ashuro ro'zasini tutdilar, boshqalarga ham tutishni buyurdilar. Alloh taolo ramazon oyi ro'zasi haqida oyat nozil qilib uni farz etgach, ashuroda ro'za tutilmaydigan bo'ldi. Ashuro ro'zasini xohlaganlar tutib, xohlamaganlar tutmas edi" (Buxoriy rivoyati).
أَيَّامٗا مَّعۡدُودَٰتٖۚ فَمَن كَانَ مِنكُم مَّرِيضًا أَوۡ عَلَىٰ سَفَرٖ فَعِدَّةٞ مِّنۡ أَيَّامٍ أُخَرَۚ وَعَلَى ٱلَّذِينَ يُطِيقُونَهُۥ فِدۡيَةٞ طَعَامُ مِسۡكِينٖۖ فَمَن تَطَوَّعَ خَيۡرٗا فَهُوَ خَيۡرٞ لَّهُۥۚ وَأَن تَصُومُواْ خَيۡرٞ لَّكُمۡ إِن كُنتُمۡتَعۡلَمُونَ١٨٤
184. U sanoqli kunlardir, sizlardan kim bemor yoki safarda bo'lsa, boshqa kunlari sanoqni to'ldirsin. Qodir bo'lmagan kishilar zimmasida bir miskin taomicha fidya bordir. Kim ixtiyori bilan yaxshilik qilsa, o'ziga foydadir. Agar bilsangizlar, ro'za tutishingiz o'zlaringizga yaxshidir.
"Sanoqli kunlar" deyilishidan murod, boshqa payg'ambarlarning ummatlariga bir necha oylab ro'za tutish buyurilgani holda musulmonlarga Ramazon oyida o'ttiz yoki yigirma to'qqiz kun ro'za tutish farz qilindi. Bu ma'noda ro'zaning qiyin va mashaqqatli emasligiga, inson buning uddasidan bemalol chiqishiga ishora bordir.
"Qodir bo'lmagan kishilar" deyilganida keksayib qartaygan yoki og'ir bemorlik tufayli yoxud boshqa uzrli sabablarga ko'ra ro'za tutishga yaramaydigan kishilar nazarda tutilgan. Bu toifa kishilar har bir kun uchun bir miskin kishining kunlik taomi miqdorida fidya (badal) to'lashlari lozim. Ammo bundaylardan iloji boricha ro'zani qoldirmay tutgan kishi katta savob va oxirat mukofotlariga erishadi. Ba'zi mufassirlarning (masalan, Abdulloh ibn Mas'ud) fikricha, "Kim ixtiyori bilan yaxshilik qilsa, o'ziga foydadir. Agar bilsangizlar, ro'za tutishingiz o'zlaringizga yaxshidir" oyati nozil bo'lgach, yuqoridagilarni nasx qilgan (Murra rivoyati).
Sanoqli kunlar ro'zasi istisnosiz barcha holatlar va kishilar uchun majburiydir, ammo ro'za tutishga yaramaydigan kasal va qariyalar, safardagi kishilar uchun uni tutmaslikka, o'rniga fidya berish yoki boshqa kunlari qazo ro'zasini tutib berishga ruxsat etilgan. Bu holat Islom shariatining engilligi va kengligini ko'rsatadi. Ato roziyallohu anhu aytadi: "Alloh taoloning so'ziga ko'ra, kishi kasal bo'lib sillasi quriganda ro'zasini buzadi" (Buxoriy rivoyati). Yana bir hadisda kelishicha, Ato roziyallohu anhu Ibn Abbos roziyallohu anhumonig "Qodir bo'lmagan kishilar zimmasida bir miskin taomicha fidya bordir" oyatini qiroat qilganini eshitdilar. Ibn Abbos: "Bu oyat mansux bo'lgan emas, agar keksa kishi yoki keksa ayol ro'za tutishga qodir bo'lmasa, har bir ro'za tutilmagan kun badaliga bir miskinni to'ydirishi lozim", deganlar" (Buxoriy rivoyati). Ruxsat berilgan kishilar ham ro'zalarini qoldirmay tutishsa, o'zlariga foydadir. "Ro'zaning dunyoviy hayotingizdagi foydalarini, oxiratda ro'za sababidan erishadigan maqomlaringizni bilganingizda edi, o'n ikki oy ro'zador bo'lishni istar edingiz", deyiladi hadisda. Hadisi qudsiyda kelishicha, Alloh taolo bunday degan: "Odam bolasining ro'zadan boshqa barcha amali o'zigadir. Ro'za Mengadir, uning mukofotini ham O'zim beraman". Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazon ro'zasini imon-ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa, oldingi gunohlari mag'firat qilinadi", deganlar (Buxoriy rivoyati).
شَهۡرُ رَمَضَانَ ٱلَّذِيٓ أُنزِلَ فِيهِ ٱلۡقُرۡءَانُ هُدٗى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَٰتٖ مِّنَ ٱلۡهُدَىٰ وَٱلۡفُرۡقَانِۚ فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ ٱلشَّهۡرَ فَلۡيَصُمۡهُۖ وَمَن كَانَ مَرِيضًا أَوۡ عَلَىٰ سَفَرٖ فَعِدَّةٞ مِّنۡ أَيَّامٍ أُخَرَۗ يُرِيدُ ٱللَّهُ بِكُمُٱلۡيُسۡرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ ٱلۡعُسۡرَ وَلِتُكۡمِلُواْ ٱلۡعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ ٱللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَىٰكُمۡ وَلَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ١٨٥
185. Ramazon oyida insonlarga hidoyat bo'lgan hamda hidoyat va furqonning ochiq bashorati bo'lib Qur'on tushirilgan. Kim bu oyga etsa ro'za tutsin. Kim bemor yoki safarda bo'lsa, boshqa kunlari sonini to'ldirsin. Alloh sizlarga osonlikni istaydi, qiyinchilikni xohlamaydi. Shuning uchun sanoqni but qilinglar va hidoyat qilgani uchun Allohni ulug'langlar, shunda taqvodor bo'lursizlar.
Oyati karimadagi "furqon" so'zi "ajratuvchi" ma'nosini bildiradi, ya'ni Qur'oni karim haq bilan botilni ajratuvchidir. Ramazon oyi barcha samoviy kitoblar, shu jumladan Qur'oni karim nozil qilingan sharafli oydir. Kim bu oyga etsa, ro'za tutishiga mone' sabablari bo'lmagan muqim kishi ro'za tutsin, chunki u Islom ruknlaridan biridir. Alloh uchun ro'za tutish qalqondir: dunyoda gunohlar xorligidan, oxiratda do'zax o'tidan himoya qiladi; ro'za la'nati shayton ustidan g'alaba garovidir, jismimiz zakotidir, jannatga eltuvchi ko'prikdir. Ro'za tutishga amr qilinib hamda ro'zaning ulug'ligi va manfaatlari beqiyosligi bayon etilganidan so'ng sanoqli kunlarda barcha istisnosiz uni tutishi lozim, deb tushunilmasligi uchun bemor yoki safardagi kishilar uni keyin tutib berishlari yana qayta eslatilmoqda. Chunki ularning holati ro'za tutishlariga mone' bo'lgani uchun ularga ramazon oyidan keyinroq tutib berishga ruxsat etilmoqda. Islomning ilk davrida ro'za yangi farz qilinganida har bir musulmon ro'za tutish yoki fidya berishda ixtiyorli edi. Keyin bu ixtiyor bekor qilindi. Fidya bir miskinga ikki mahal to'ygunicha taom berishdir, agar bundan ziyoda bo'lsa, yanada yaxshi. Endi har bir kishi Ramazon oyiga etib kelsa, o'zi bemor yoki safarda bo'lmasa, Ramazon ro'zasi uning zimmasida farzdir. O'zi tutadi, tutolmasa miskinga fidya beradi. Zero, "Alloh sizlarga osonlikni istaydi, qiyinchilikni xohlamaydi". Alloh taolo sizlarni ro'za barakotlaridan benasib qoldirmasligi uchun sizni ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi hidoyat yo'liga yo'llagani, ibodatlarga boshlagani uchun bergan ne'matlariga shukr aytib, U Zotni ulug'langlar, shundagina taqvo ahlidan bo'lasizlar.
Ro'zador kishiga ushbular sunnatdir: nafsni yomon niyatlardan to'xtatishni qasd qilish; foydasiz hamda uyatsiz so'zlarni gapirishdan va eshitishdan o'zini saqlash; birov bilan urishishdan, har qanday gunoh ishlardan o'zni tortish; mumkin qadar istig'for, zikr va tasbeh bilan band bo'lish; Qur'on o'qish; quyosh botgan vaqtda shom namozini o'qishdan ilgari (bir qultum suv kabi narsa bilan) og'iz ochish; Ramazon oyida har kuni xufton namozidan so'ng yigirma rakat taroveh namozi o'qish; taroveh namozida Qur'oni Karimni o'qib yoki eshitib xatm qilish; Ramazonda xuftonni jamoat bilan o'qigan kishilarga vitr namozini ham jamoat bilan o'qish. Nafsni poklash va axloqni sayqallashda namoz va zakotdan keyin ro'za ibodati keladi. Insonni yo'ldan uradigan narsalar ichida qorin va jinsiy shahvatlar eng kuchlilaridan ekani hech kimga sir emas. Ro'zaning foydalaridan biri xuddi o'sha ikki shahvatni jilovlashga xizmat qilishidir. Shuning uchun ham ro'za nafsni poklash va axloqni sayqallashda eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌۖ أُجِيبُ دَعۡوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِۖ فَلۡيَسۡتَجِيبُواْ لِي وَلۡيُؤۡمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمۡ يَرۡشُدُونَ١٨٦
186. (Ey Muhammad), agar bandalarim Men haqimda sizdan so'rashsa, Men ularga yaqinman, duogo'yning duosini ijobat qilaman. Ular ham Menga javob qilishsin, Menga imon keltirishsin, shoyad shunda to'g'ri yo'lga tushishar?
Mufassir olimlar ushbu oyat nozil bo'lishiga turli voqealarni sabab qilib ko'rsatishgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, yahudiylar Payg'ambarimizdan: "Sen biz bilan osmon orasi besh yuz yillik masofa, deb da'vo qilyapsan, unda ayt-chi, Parvardigor bizlarni (shuncha masofadan turib) qanday eshitadi?" deb so'rashdi. Shunda yuqoridagi oyat tushdi. Boshqa bir mufassirlarning aytishicha, qavm Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Ey Allohning elchisi, Parvardigorimiz bizga yaqinmi yo uzoqmi? Yaqin bo'lsa, past ovozda murojaat qilaylik, uzoq bo'lsa, baland ovozda yolborib nido qilaylik" deganida ushbu oyat nozil bo'lgan. Mashhur mufassirlardan Ato va Qatodalarning aytishlaricha, G'ofir surasining "Parvardigoringiz: "Menga duo qilinglar, Men sizlarga mustajob etay!" dedi" oyati tushgach, odamlar: "Qaysi paytda duo qilaylik?" deb so'rashganida yuqoridagi oyat nozil bo'lgan. Oyatdagi "Men ularga yaqinman" jumlasidagi yaqinlikni Qurtubiy: "duolarni ijobat qilishdagi yaqinlik" deb tafsir qilgan. Ana shu jumladan Alloh va banda orasida mustahkam bog'liqlik va sir borligi ayondir. Zero, banda dunyo ishlari bilan o'ralashib qolsa, Parvardigoridan uzoqlashadi, ammo duo va zikr bilan yana Unga yaqin bo'ladi, Parvardigorining o'ziga yaqin bo'lishini xohlagan bo'ladi. Shuning uchun duo ibodatlarning afzali sanaladi.
Oyati karimada Alloh azza va jalla "bandalarim" deya bizlarni o'ziga mansub qilib, to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilmoqda. Bu haqda "Tafsiri Kabir" muallifi imom Faxriddin Roziy shunday yozadi: "Alloh taolo Qur'oni karimning bir necha joyida Payg'ambarimizga (alayhissalom) xitob qilib: "Sizdan ruh haqida so'raydilar, ayting...", "Sizdan harom oylar haqida so'raydilar, ayting...", Sizdan xamr va qimor haqida so'raydilar, ayting..." deya bandalari so'ragan narsalarga O'z Rasuli orqali javob beradi, har gal "ayting" deya u zotni vositachi-etkazuvchi etib tayinlaydi. Faqat bir o'rinda, ya'ni ushbu oyatda ana shu "ayting" (qul) lafzi yo'q. Go'yo bu bilan Alloh taolo bunday demoqchi: "Ey bandam, barcha xususlarda senga vositachi-etkazuvchi kerak, ammo duoda unga ehtiyoj yo'q. Chunki duo Men bilan sening oramizdagi, ikkimizga ma'lum xususdir". Yana bir jihat shuki, Alloh: "ularning duosini eshitaman" demay, "duogo'yning duosini ijobat qilaman. Ular ham Menga javob qilishsin, Menga imon keltirishsin, shoyad shunda to'g'ri yo'lga tushishar?" deya qilingan duoning biror shaklda albatta qabul bo'lishiga ishorat etmoqda. Bandalariga qilgan bunday inoyati, lutfu marhamati ortidan Alloh taolo ularni ham o'z navbatida da'vatni qabul etib, O'ziga imon keltirishga undaydi, shunda shoyad hidoyatga, yaxshilikka erishsalar, deydi. Alloh da'vatiga "labbay!" deya javob berish, Unga va Rasuliga imon keltirish, to'g'ri yo'lni topish va hidoyatga erishish bandalar uchun ikki dunyo saodatining eshigidir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?
Zamzam suvi
Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.
Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).
Zamzam suvining nomlari
Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:
1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan, shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.
2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.
3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.
4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.
5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.
6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.
7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.
8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.
9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.
10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.
11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.
12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.
13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.
14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.
15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.
16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.
17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.
18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam tufayli shifo bergan.
19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.
20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.
21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.
22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.
23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.
24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.
25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.
Zamzam suvining foydalari
Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:
1. Erta qarishning oldini oladi.
2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.
3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.
4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.
5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.
6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.
7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.
8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.
Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida
Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.
Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).
Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.
Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.
Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.
Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.
Abdulloh Kamolov