Alloh va Uning Rosulidan yuz o'git!
17-o'git: Rosulullohga ko'p-ko'p salovot ayting!
Alloh taolo aytadi: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom ayting» (Ahzob surasi )
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bitta salavot aytsa Alloh taolo unga o'nta salavot aytadi va undan o'nta gunoh o'chiriladi va u uchun o'nta daraja ko'tariladi”, dedilar (Nasaiy rivoyat qilgan).
Hulosa:
1. Muhammad alayhissalomga eng avvalo Alloh taolo salovot aytmoqda. Alloh tomonidan u zotga yuborilgan salavotning ma'nosi: “Alloh taoloning Muhammad alayhissalomga o'z rahmatini yuborishi, ulug'lashi, maqomlarini ko'tarishi va farishtalar huzurida sha'nlariga maqtovlar aytishini”, anglatadi.
2. Alloh taoloning muqarrab farishtalari ham to'xtovsiz holda Payg'ambarimizga salavot yuborib turadi. Farishtalar tomonidan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga aytiladigan salavotning ma'nosi: “U zotning haqlariga duo qilishlari va istig'for aytishlarini”, anglatadi.
3. Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan kishilar ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishga buyurilgandirlar. Mo'minlar tomonidan u zotga salavot aytishning ma'nosi: “Nabiy alayhissalomga duo qilishlari va u zotni ulug'lashlarini”, anglatadi.
4. Qur'on va sunnatda buyurilgan birorta amal haqida “Alloh va Uning farishtalari shu amalni bajaradi”, degan xabar kelmagan. Faqatgina, Rosulullohga salovot aytish haqidagina ushbu amalni Alloh va Uning farishtalari ham bajarishi aytilmoqda. Bu esa, salovot aytishning fazilatini yanada yuksaltiradi.
5. Qolaversa, salovot aytgan kishi Alloh taoloning buyrug'iga itoat qilish bilan birgalikda judayam ko'p ajr va savoblarga ega bo'ladi.
6. Avvalo, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bir marta salovot aytgan kishiga Alloh taolo salovot aytadi.
7. Atigi bir marta salovot aytgan kishining o'nta gunohi, xatosi o'chiriladi.
8. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bir marta salovot aytgan kishining darajasi o'n barobar ko'tariladi.
9. Agar bu salovotlar qancha ko'p bo'lsa, berilgan va'dalar va xushxabarlar ham shunchalik ziyoda bo'lib boraveradi.
10. Salovotning turlari judayam ko'pdir. eng qisqalaridan biri: “Sollallohu alayka ya Rosulalloh”, “Allohumma solli va sallim va barik alayhi”, kabi jumlalardir.
Allohumma solli a'la sayyidina Muhammad, Allohumma solli va sallim va barik alayhi.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi:
Yorbek Islom
Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz hamda ilk marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti faoliyati misolida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning amaliy tasdig‘ini ko‘ramiz.
Ayniqsa, yangi parlamentimiz tomonidan joriy yilda sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonunlar hamda yurtimizda do‘stlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash, inklyuziv jamiyat, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, kam ta’minlangan insonlar manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
Mahalliy kengashlar ham o‘z hududlaridagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ular tomonidan o‘tgan davrda 25 mingdan ziyod masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingani, mansabdor shaxslarga 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgani ham shundan dalolat beradi.
Vakillik organlarini chinakam xalq minbari, xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizning davomi sifatida 2026 yilning 1 yanvaridan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Bir so‘z bilan aytganda, xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga bundan buyon ham sodiq qolib, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari orqali shu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz chuqur tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda.
Keyingi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritayotgan natijalarimizga shu nuqtayi nazardan baho berar ekanmiz, ularning zamirida, eng avvalo, insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari mujassam ekanini va ular o‘z samarasini berayotganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgani, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan75,1 yoshga uzaygani va boshqa raqamlarni keltirish mumkin.
Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.
Masalan, 2025 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi. Global innovatsiya indeksida yurtimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha kuchli uchlikdan joy oldi. “S&P”, “Fitch” va “Moody's” kabi nufuzli xalqaro agentliklar tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi oshirildi.
Nufuzli xalqaro anjuman – YUNЕSKO Bosh konferensiyasi so‘nggi 40 yil davomida birinchi marta Parijdan tashqarida, ya’ni, Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir.
Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman.
Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti