Bugungi brifingda O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2018-2023 yillar davomida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan masjidlar va fondga biriktirilganziyoratgohlar xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan xayriya ishlari haqida axborot berib o'tamiz!
Ma'lumki, “Vaqf” fondi 2018 yil 16 aprelda muhtaram Prezidentimizning Farmonlari asosida tashkil etilgan vaqtda, masjidlar va fondga biriktirilgan ziyoratgohlarda faoliyat olib borayotgan xodimlarni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash fondning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan edi.
O'tgan yillar mobaynida Fond tomonidan mazkur vazifalarni bajarish uchun salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar, noib-imomlar, mutavallilar, muazzinlar va ziyoratgohlar xodimlari uchun:
– 2018 yilda 38 million so'm;
– 2019 yilda 3 milliard 670 million so'm;
– 2020 yilda 39 milliard 225 million so'm;
– 2021 yilda 30 milliard 614 million so'm;
– 2022 yilda 21 milliard 83 million so'm;
– 2023 yilning o'tgan 9 oyi davomida 17 milliard 122 million so'm;
Shundan, tibbiy muolaja, farzandlarining o'quv shartnoma to'lovlari, uyi yongan va boshqa zaruriy holatlar yuzasidan fondga murojaat qilganmasjidlar va fondga biriktirilgan ziyoratgohlar xodimlariga:
– 2018 yilda 10 million 107 ming so'm;
– 2019 yilda 161 million 125 ming so'm;
– 2020 yilda 144 million 265 ming so'm;
– 2021 yilda 53 million 700 ming so'm;
– 2022 yilda 546 million 700 ming so'm;
– 2023 yilning o'tgan 9 oyi davomida 560 million so'm;
Jami, 1 milliard 475 million 897 ming so'm mablag'lar xayriya sifatida taqdim etilgan.
Umumiy hisobda fond tashkil topgandan bugunga qadar, 111 milliard 751 million so'mdan ziyod mablag', masjidlar va fondga biriktirilgan ziyoratgohlar xodimlarini moddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida sarflangan bo'lib, kelgusida bu yo'nalishda yanada keng ko'lamli xayriya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Shuningdek, o'tgan davr mobaynida yurtimiz bo'ylab fondning hududiy filiallari tomonidan «Bolalar kuni», «Ramazon hayiti» va «Qurbon hayiti» bayramlari munosabati bilan masjid va ziyoratgohlar xodimlarining farzandlari uchunhomiylarni jalb qilgan holda katta bayram tadbirlari muntazam ravishda tashkil etilib, bolajonlarga sovg'alar ulashilib kelinmoqda.
So'zim so'nggida ta'kidlab o'tmoqchimanki, “Vaqf” fondi o'z faoliyatini takomillashtirish borasidagi takliflarni mamnuniyat ila qabul qiladi va saxovatpesha hamyurtlarimizni yaxshilik yo'lida hamkorlikka chorlab qoladi.
Saidabror Umarov,
"VAQF" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati rahbari
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar