Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Fevral, 2025   |   12 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:42
Asr
16:10
Shom
17:55
Xufton
19:09
Bismillah
11 Fevral, 2025, 12 Sha`bon, 1446

Ko'z nuri, qalb qo'ri bilan...

30.10.2020   2880   9 min.
Ko'z nuri, qalb qo'ri bilan...

O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, taniqli xattot, yuzdan ortiq asarlar muallifi, ko'plab shogirdlar ustozi, yurtimiz va xorijda o'tkazilgan nafis san'at festivallarida ishtirok etib, nufuzli sovrinlarni qo'lga kiritgan Salim domla Badalboyev bilan xattotlik san'atining ahamiyati, nozik jihatlari haqida suhbatlashdik.

 

– Assalomu alaykum, domla. Yurtimizda tarixiy inshootlar, me'moriy majmualar ko'p. Ular peshtoqiga arabiy matnda go'zal san'at asarlari bitilgan. Ko'rgan kishi zavq olish barobarida, ularni kim yozganiga qiziqadi...

– Va alaykum assalom. Alloh taolo insonga ato etgan bebaho ne'matlardan biri yozuv. U bo'lmaganda o'tmishni bugun va erta bilan bog'lab bo'lmasdi. Halqimiz o'tmishi davomida turli yozuvlardan, jumladan, arab imlosidan foydalanib kelgan.

Hattotlik – dunyo xalqlari, jumladan, Sharq mamlakatlari madaniyatining o'ziga xos yo'nalishidir. Uning Markaziy Osiyo va O'zbekistonda paydo bo'lishi Islom dini kirib kelishi va yoyilishi bilan bog'liq.

Undan oldin amalda bo'lgan uyg'ur, urxun-enasoy, xorazmiy yozuvlari iste'moldan chiqdi. Shu tariqa arab tili va yozuviga e'tibor kuchayib, uni san'at darajasida yozishga mo'ljallangan xattotlik maktabi yuzaga keldi.

Naqqoshlik, ganj, yog'och o'ymakorligi, kashtachilik, kandakorlik kabi hunarlar qatorida xattotlik ham san'at darajasiga chiqdi. Yurtimizda xattotlik san'ati Amir Temur davrida yanada rivojlangan.

Chiroyli yozilgan xat ko'zni quvnatadi. Husnixat bilan ko'chirilgan qo'lyozmalar nihoyatda qadrlanadi.

 

– Sohaga qiziqtirgan ustozlaringiz, ilk faoliyatingiz haqida ham aytib o'tsangiz...

– Mustabid tuzum davrida ko'plab so­halar qatori xattotlik diniy yo'nalish, Qur'on xati sifatida tazyiqqa uchradi. Arab xatini yashirincha o'rgandik. 1963–1964 yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakul'tetida o'qib yurgan kezlarimizda xattot ustoz Hasanxon domla Nizomov fors tilidan darsga kirardi.

Bir kuni ustoz matn berdi. Taxtaga yozarkanman, ustoz yonimga kelib: “Salimjon, siz xattot bo'lishingiz kerak. Iste'dodingiz bor ekan, xohlasangiz, menga shogird tushing”, dedi. Ustozdan bir necha yil ta'lim oldim. 1980 yildan so'ng xat ilmini o'rganishni yana davom ettirdim.

Alhamdulillah, istiqloldan so'ng bar-cha amaliy san'at turlari qatori xattotlikka ham alohida e'tibor qaratildi. Yoshim 50 dan oshib, xattotlikni o'rgan-
gach, oliy o'quv yurtlari, arab tili o'rga­tiladigan maxsus litseylarda dars bera boshladim.

Kamoliddin Behzod nomidagi milliy dizayn va rassomlik instituti, Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida, O'z­bekistondagi Misr elchixonasi madaniyat markazida ishladim.

Hozir bir kam saksonga kirgan bo'lsam-da, faoliyatimni to'xtatganim yo'q. Nasx, suls, riq'a, nasta'liq, devoniy, kufiy kabi xat turlarida ijod qilaman. Asarlarimni eski o'zbek tili yozuvida yozaman. Unda asosan maqol, hikmatli so'z, hadislardan foydalanaman. Odamlarga ilm o'rgatyapman, jamiyatga nafim tegayotganidan xursandman.

 

– Hattot o'z kasbini puxta o'zlash­tirishi uchun nimalarga e'tibor qaratishi kerak, deb o'ylaysiz?

– Hattotlik kasbini tanlagan kishi kamida 5–6 ta xat turida yoza olishi, naza­riyani yaxshi bilishi lozim. Misol uchun, nasx, suls, nasta'liq, riq'a, devoniy, kufiy xatlarining alohida yozilishi, o'z nazariyasi bor. Qoidalarini bilmasdan chiroyli va to'g'ri yozib bo'lmaydi.

Hattotlikka qiziqqan ba'zilar dars boshidanoq: “Ustoz, oltita xat alifbosini yozib bering”, deydi. Men: “Yo'q, avval nasx xatini yaxshi o'rganib, Qur'ondan 5-6 pora ko'chirganingdan keyin suls xatini o'rgatishim mumkin”, deb tushuntiraman. Shogirdlarimga kuniga kamida ikki soat xat yozishga ajratmasa, xattot bo'lish qiyinligini aytaman. Ko'pchilikning sabr-toqati etmaydi.

Hattot bo'lish uchun, avvalo, Allohning kalomiga muhabbat, darsga muntazam qatnashish, uy vazifalarini doimiy bajarish kerak.

Nizomiddin Tursunaliyev, Shahnoza Rahmatullayeva, Omina Boynazarova, Dildora Zokirova, Nodira Qutbiddinova umidli shogirdlarimdan.

 

– Sizningcha, boshqa o'lkalar bilan qiyoslansa, bugun yurtimizda xattotlik san'ati qay darajada rivojlanmoqda?

–Ayni paytda yaxshi rivojlanmoqda. Masalan, Suriya va Iroqda zo'r xattotlar bor. Ammo hozir u erlar notinch bo'lgani bois xattotlik odamlarning xayoliga ham kelgani yo'q. Qayerda tinchlik-xotirjamlik bo'lsa, u erda taraqqiyot bo'y ko'rsatadi.

Halqaro xattotlik musobaqa va festivallarida qatnashib, mashhur xattotlar bilan suhbatlashganman. Jumladan, xalqaro musobaqalarda doimo etakchi o'rin olib keladigan turkiyalik xattotlar faoliyatiga qiziqib, ulardagi shart-sharoitlarni o'rganganman. Hamkasbimning aytishicha, u erda davlat tomonidan tashkil qilingan alohida xattotlik maktablari yo'q. Ammo xususiy to'garaklar juda ko'p ekan. Mashhur xattotlar ana shu joylarda dars berarkan.

Ayni paytda yurtimizdagi diniy ta'lim muassasalarida, madaniyat va san'atga ixtisoslashgan o'quv dargohlarida arab tili, xattotlik darslari bor. Ammo bu etarli emas. Ushbu sohaga ixtisoslashgan ta'lim muassasalarni ko'paytirish, ijtimoiy yo'nalishdagi barcha oliy va o'rta-maxsus ta'lim muassasalari, maktabning yuqori sinf o'quvchilari uchun boshqa tillar qatori arab tili va xattotlik fanini ham kiritish kerak. Hususiy xattotlik to'garaklarini ham ko'paytirish zarur. Yoshlar orasida ushbu nafis san'at turiga qiziquvchilar ko'p.

 

– Ta'lim muassasalarida o'qiyotgan yoki ayni paytda sohada faoliyat bosh­lash arafasidagi talaba-yoshlarga tavsiya va nasihatlaringiz...

– Hattot bo'lish uchun ikki shart bor: avvalo, dars qoldirmaslik va berilgan vazifani bajarish. Shunda natija bo'ladi. Aksariyat yoshlar darsga besh-olti oy qat­nashib, bitta nasx xatini o'rganib, to'xtatib qo'yadi. Yaxshi shogird ustozini ko'p “bezov­ta qilishi” kerak, uyga berilgan vazifani to'liq bajarish bilan birga, o'z ustida mustaqil ishlashi ham kerak.

Shogirdlarimga: “Bu nafis san'at, ilm mukammal bo'lishi uchun xat ham chiroyli bo'lishi kerak”, deyman. Haqiqatda ilmu amali yaxshi, xati chiroyli va ixlosli kishi zo'r mutaxassis bo'lib etishadi.

Hattotlik ilmi misoli qushga o'xshaydi. Qo'lingizda ushlab tursangiz, u sizniki, agar qo'lingizni qushdan bo'shatsangiz, uchib ketadi. So'ng yana ushlash uchun katta mashaqqat chekish kerak. Demak, xattotlikni mukammal egallab, doimo mashq qilib tursangiz, xatni ushlab turishingiz mumkin. Zero, hayot o'rganishdan iborat.

– Mazmunli suhbatingiz uchun ta­shakkur.

 

Bahriddin HUShBOQOV,

suhbatlashdi

“Hidoyat” jurnalining 8-sonidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mavlono Rumiy ma’rifati

10.02.2025   2934   6 min.
Mavlono Rumiy ma’rifati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Dengiz to‘lqinlari ustida paydo bo‘ladigan ko‘piklar, majoz va haqiqat tarzida go‘zal va mukammal ifodalar bilan bayon etiladi. Inson faqat ko‘piklarni tomosha qilish bilan kifoyalanib qolmasligi kerak, balki, dengizning qudratiga diqqat qilmog‘i, o‘z ko‘nglini dengiz qilmog‘i kerak. Faqat ko‘piklarni ko‘rib, ammo dengizni ko‘rmaydigan zohiriy fikr va nigoh bilan emas, balki ko‘piklarning siri va aylanishiga sabab bo‘lgan dengizni ko‘radigan dil ko‘zi bilan boqmog‘i kerak inson. Chunonchi, hazrati Mavlono aytadilar:

«Ey bu (tariqat) yo‘l(i)ni qadamba-qadam bosmoqqa qaror qilgan inson! Sen hali xomning xomisan, xomning xomisan, xomning xomisan!

Tegirmon toshining aylanishini ko‘rdingmi, kel, (bu toshni aylantirgan) ariq suvini ham ko‘rgil, axir!

Tuproqni ko‘rdingki, (to‘zon bo‘lib) havoga ko‘tarildi. Endi bu tuproq, to‘zon orasidagi shamolni ham ko‘rgil!

Fikr qozonlarining qaynaganini ko‘rdingmi, bas, (bu fikr qozonlarini qaynatgan) olov ichidagi hushga – ongu idrokka ham nazar qil!

Haq taolo Ayyub alayhissalomga ikrom-ehsonlarini so‘zlagan mahalda: «Men sening har bir tola sochingga sabr berdim!» dedi.

Ogoh bo‘l, sabringga buncha mahliyo bo‘lma, sabrni ko‘rdingmi, sabrni bergan Zotni ham ko‘rgil!

Qachonki dulob, ya’ni quduqdan suv chiqaradigan chig‘ir yoki charxpalakning aylanganini ko‘rsang, boshingni tashqariga chiqarib, mirobni – suvning amirini ham ko‘rgil!

Sen ko‘ryapman, deb aytasan, lekin sen ko‘rgan narsalar (ul yashirin qudratning) oshkor bo‘lgan alomatlari, xolos

Sen dengiz yuzidagi ko‘piklar harakatini ko‘rdingmi, qisqasi, hayratlarga tushib, dengizning o‘ziga ham boq!»

 

Dengiz va ko‘pik tashbehlari

Mavlono aytadilar: «Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u sirini so‘zlovchi bo‘ladi. Kim dengizni ko‘rsa, u hayron bo‘ladi – ulug‘ qudratni his etadi, ulug‘ cheksizlikni ko‘radi».

Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u niyatini oshkor etib, hammaga yoyadi, Kimki dengizni ko‘rsa, dilini dengiz qiladi. Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u sanoqni kasb qiladi, birning yoniga boshqa sonlarni qo‘shadi, kim dengizni ko‘rsa, u ixtiyorsiz bo‘ladi – bor inon-ixtiyoridan voz kechadi.

Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u ko‘pikdek ko‘pirgan kishi bo‘ladi, kimki dengizni ko‘rsa, u sof va xolis bo‘ladi. Kim ko‘pikni ko‘rsa, ko‘pik uni paykor qiladi, jangu jadal, kurash va muborazaga, bahsu munozara, qasd va irodaga boshlaydi. Kimki dengizni ko‘rsa, dengiz uni yuksaltiradi, uni oshiq qilib, dor ostiga olib boradi.

 

Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul !..

Kim ko‘pikni ko‘rsa, o‘sha bilan mast bo‘ladi, kim dengizni ko‘rsa, «Huv» zikriga g‘arq bo‘ladi. Kim ko‘pikni ko‘rsa, u so‘z boshlaydi, gapga mashg‘ul bo‘ladi, kimki dengizni ko‘rsa, unda «mo»vu «man»dan, «biz» va «men» degan so‘zdan, manmanlik va maqtanchoqlikdan asar qolmaydi.

Kim ko‘pikni ko‘rsa, u behuda bo‘ladi, ishi va so‘zi puch va befoyda bo‘ladi, kim dengizni ko‘rsa, u osuda bo‘ladi, tinch, sokin xotirjam va teran fikrli bo‘ladi.

Kim ko‘pikni ko‘rsa, sir go‘yon bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, ul hayron bo‘lur!

Kim ko‘pik ko‘rsa, niyat ifsho qilur,
Kimki daryo ko‘rsa, dil daryo qilur.

Kim ko‘pik ko‘rsa, sanoq birlan u bor,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur beixtiyor!

Kim ko‘pik ko‘rsa, ko‘pirgan kas bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, sof, xolis bo‘lur.

Kim ko‘pik ko‘rsa, ani paykor qilur,
Kim dengiz ko‘rsa, ani bar dor qilur! [2]

Kim ko‘pikni ko‘rsa, anga mast bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, «Huv»ga g‘arq bo‘lur.

Kim ko‘pikni ko‘rsa, ul boshlar suxan,
Kim dengizni ko‘rsa, qolmas «mo vu man».

Kim ko‘pik ko‘rsa, bo‘lur behuda ul,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul !..

 (5-daftar, 2899–2911-baytlar).


1 Paykor – jangu jadal, muboriza, kurash; bahsu munozara; qasd, iroda.
Bar dor qilmoq – ikki ma’noda (so‘z o‘yini): 1) boshini dorga eltmoq. 2) ko‘tarmoq, yuksaltirmoq.


Ko‘pikni ko‘rganlar sanoqqa asir

Hazrati Mavlono Jaloluddin Muhammad Rumiy-Balxiy ushbu:

Kim ko‘pik ko‘rsa, sanoq birlan u bor,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur beixtiyor, –

satrlari orqali aytadilarki, faqat ko‘pikni ko‘rib, dengizni ko‘rmaydigan inson adad va sanoqqa asirdir va adad andishdir, ya’ni faqat adadni – son-sanoqni fikr qilish bilan ovoradir.

«Masnaviy» baytlarining eng go‘zallaridan birining ma’nosi budir: «Kimki dengizni ko‘rsa, Alloh taoloning sun’i-san’atiga hayronlar qoladi va beixtiyor bo‘ladi».

Alloh bergan juz’iy ixtiyorga ishorat qilish orqali Mavlono insoniyatga aytadilar: «Butun kuch-quvvat va ta’sir Allohdandir», loyazol, ya’ni abadiy, so‘ngsiz bo‘lmish Haq taoloning azamati-ulug‘ligi va qudratiga tan berish bilan odamzod o‘z ozodligi, irodasi va ixtiyorini buyuk yaratgan Zotning tasarrufiga topshiradi, bu azamat va qudratni idrok etish bilan ixtiyorsiz bo‘ladi. Chunonchi, hazrati Mavlono mazkur baytlarda aytadilar:

Kim ko‘pikni ko‘rsa, anga mast bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, «Huv»ga g‘arq bo‘lur!

Ya’ni Alloh taoloning azamati, qudratiga g‘arq bo‘ladi. Dengiz mavjlarining siri-mohiyatiga va Alloh taoloning sun’i, qudrati, azamati-ulug‘ligiga tan bergan kishi oxir-oqibatda abadiy osudalikka erishadi. Chunonchi: «Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul!..»...

Mirzo Kenjabek