O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, taniqli xattot, yuzdan ortiq asarlar muallifi, ko'plab shogirdlar ustozi, yurtimiz va xorijda o'tkazilgan nafis san'at festivallarida ishtirok etib, nufuzli sovrinlarni qo'lga kiritgan Salim domla Badalboyev bilan xattotlik san'atining ahamiyati, nozik jihatlari haqida suhbatlashdik.
– Assalomu alaykum, domla. Yurtimizda tarixiy inshootlar, me'moriy majmualar ko'p. Ular peshtoqiga arabiy matnda go'zal san'at asarlari bitilgan. Ko'rgan kishi zavq olish barobarida, ularni kim yozganiga qiziqadi...
– Va alaykum assalom. Alloh taolo insonga ato etgan bebaho ne'matlardan biri yozuv. U bo'lmaganda o'tmishni bugun va erta bilan bog'lab bo'lmasdi. Halqimiz o'tmishi davomida turli yozuvlardan, jumladan, arab imlosidan foydalanib kelgan.
Hattotlik – dunyo xalqlari, jumladan, Sharq mamlakatlari madaniyatining o'ziga xos yo'nalishidir. Uning Markaziy Osiyo va O'zbekistonda paydo bo'lishi Islom dini kirib kelishi va yoyilishi bilan bog'liq.
Undan oldin amalda bo'lgan uyg'ur, urxun-enasoy, xorazmiy yozuvlari iste'moldan chiqdi. Shu tariqa arab tili va yozuviga e'tibor kuchayib, uni san'at darajasida yozishga mo'ljallangan xattotlik maktabi yuzaga keldi.
Naqqoshlik, ganj, yog'och o'ymakorligi, kashtachilik, kandakorlik kabi hunarlar qatorida xattotlik ham san'at darajasiga chiqdi. Yurtimizda xattotlik san'ati Amir Temur davrida yanada rivojlangan.
Chiroyli yozilgan xat ko'zni quvnatadi. Husnixat bilan ko'chirilgan qo'lyozmalar nihoyatda qadrlanadi.
– Sohaga qiziqtirgan ustozlaringiz, ilk faoliyatingiz haqida ham aytib o'tsangiz...
– Mustabid tuzum davrida ko'plab sohalar qatori xattotlik diniy yo'nalish, Qur'on xati sifatida tazyiqqa uchradi. Arab xatini yashirincha o'rgandik. 1963–1964 yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakul'tetida o'qib yurgan kezlarimizda xattot ustoz Hasanxon domla Nizomov fors tilidan darsga kirardi.
Bir kuni ustoz matn berdi. Taxtaga yozarkanman, ustoz yonimga kelib: “Salimjon, siz xattot bo'lishingiz kerak. Iste'dodingiz bor ekan, xohlasangiz, menga shogird tushing”, dedi. Ustozdan bir necha yil ta'lim oldim. 1980 yildan so'ng xat ilmini o'rganishni yana davom ettirdim.
Alhamdulillah, istiqloldan so'ng bar-cha amaliy san'at turlari qatori xattotlikka ham alohida e'tibor qaratildi. Yoshim 50 dan oshib, xattotlikni o'rgan-
gach, oliy o'quv yurtlari, arab tili o'rgatiladigan maxsus litseylarda dars bera boshladim.
Kamoliddin Behzod nomidagi milliy dizayn va rassomlik instituti, Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida, O'zbekistondagi Misr elchixonasi madaniyat markazida ishladim.
Hozir bir kam saksonga kirgan bo'lsam-da, faoliyatimni to'xtatganim yo'q. Nasx, suls, riq'a, nasta'liq, devoniy, kufiy kabi xat turlarida ijod qilaman. Asarlarimni eski o'zbek tili yozuvida yozaman. Unda asosan maqol, hikmatli so'z, hadislardan foydalanaman. Odamlarga ilm o'rgatyapman, jamiyatga nafim tegayotganidan xursandman.
– Hattot o'z kasbini puxta o'zlashtirishi uchun nimalarga e'tibor qaratishi kerak, deb o'ylaysiz?
– Hattotlik kasbini tanlagan kishi kamida 5–6 ta xat turida yoza olishi, nazariyani yaxshi bilishi lozim. Misol uchun, nasx, suls, nasta'liq, riq'a, devoniy, kufiy xatlarining alohida yozilishi, o'z nazariyasi bor. Qoidalarini bilmasdan chiroyli va to'g'ri yozib bo'lmaydi.
Hattotlikka qiziqqan ba'zilar dars boshidanoq: “Ustoz, oltita xat alifbosini yozib bering”, deydi. Men: “Yo'q, avval nasx xatini yaxshi o'rganib, Qur'ondan 5-6 pora ko'chirganingdan keyin suls xatini o'rgatishim mumkin”, deb tushuntiraman. Shogirdlarimga kuniga kamida ikki soat xat yozishga ajratmasa, xattot bo'lish qiyinligini aytaman. Ko'pchilikning sabr-toqati etmaydi.
Hattot bo'lish uchun, avvalo, Allohning kalomiga muhabbat, darsga muntazam qatnashish, uy vazifalarini doimiy bajarish kerak.
Nizomiddin Tursunaliyev, Shahnoza Rahmatullayeva, Omina Boynazarova, Dildora Zokirova, Nodira Qutbiddinova umidli shogirdlarimdan.
– Sizningcha, boshqa o'lkalar bilan qiyoslansa, bugun yurtimizda xattotlik san'ati qay darajada rivojlanmoqda?
–Ayni paytda yaxshi rivojlanmoqda. Masalan, Suriya va Iroqda zo'r xattotlar bor. Ammo hozir u erlar notinch bo'lgani bois xattotlik odamlarning xayoliga ham kelgani yo'q. Qayerda tinchlik-xotirjamlik bo'lsa, u erda taraqqiyot bo'y ko'rsatadi.
Halqaro xattotlik musobaqa va festivallarida qatnashib, mashhur xattotlar bilan suhbatlashganman. Jumladan, xalqaro musobaqalarda doimo etakchi o'rin olib keladigan turkiyalik xattotlar faoliyatiga qiziqib, ulardagi shart-sharoitlarni o'rganganman. Hamkasbimning aytishicha, u erda davlat tomonidan tashkil qilingan alohida xattotlik maktablari yo'q. Ammo xususiy to'garaklar juda ko'p ekan. Mashhur xattotlar ana shu joylarda dars berarkan.
Ayni paytda yurtimizdagi diniy ta'lim muassasalarida, madaniyat va san'atga ixtisoslashgan o'quv dargohlarida arab tili, xattotlik darslari bor. Ammo bu etarli emas. Ushbu sohaga ixtisoslashgan ta'lim muassasalarni ko'paytirish, ijtimoiy yo'nalishdagi barcha oliy va o'rta-maxsus ta'lim muassasalari, maktabning yuqori sinf o'quvchilari uchun boshqa tillar qatori arab tili va xattotlik fanini ham kiritish kerak. Hususiy xattotlik to'garaklarini ham ko'paytirish zarur. Yoshlar orasida ushbu nafis san'at turiga qiziquvchilar ko'p.
– Ta'lim muassasalarida o'qiyotgan yoki ayni paytda sohada faoliyat boshlash arafasidagi talaba-yoshlarga tavsiya va nasihatlaringiz...
– Hattot bo'lish uchun ikki shart bor: avvalo, dars qoldirmaslik va berilgan vazifani bajarish. Shunda natija bo'ladi. Aksariyat yoshlar darsga besh-olti oy qatnashib, bitta nasx xatini o'rganib, to'xtatib qo'yadi. Yaxshi shogird ustozini ko'p “bezovta qilishi” kerak, uyga berilgan vazifani to'liq bajarish bilan birga, o'z ustida mustaqil ishlashi ham kerak.
Shogirdlarimga: “Bu nafis san'at, ilm mukammal bo'lishi uchun xat ham chiroyli bo'lishi kerak”, deyman. Haqiqatda ilmu amali yaxshi, xati chiroyli va ixlosli kishi zo'r mutaxassis bo'lib etishadi.
Hattotlik ilmi misoli qushga o'xshaydi. Qo'lingizda ushlab tursangiz, u sizniki, agar qo'lingizni qushdan bo'shatsangiz, uchib ketadi. So'ng yana ushlash uchun katta mashaqqat chekish kerak. Demak, xattotlikni mukammal egallab, doimo mashq qilib tursangiz, xatni ushlab turishingiz mumkin. Zero, hayot o'rganishdan iborat.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Bahriddin HUShBOQOV,
suhbatlashdi
“Hidoyat” jurnalining 8-sonidan olindi
O‘tgan 2024 yil davomida ko‘hna shaharga 1 million 745 ming 200 nafardan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali turizm eksporti 436,3 million AQSH dollariga yetkazilgan. Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoroga 4 milliondan ziyod mahalliy aholi sayohat maqsadida tashrif buyurgan.
Shaharning sayyohlik salohiyatini yaxshilash maqsadida o‘tgan yili 74 ta joylashtirish vositasi, jumladan, 17 ta mehmonxona, 15 ta xostel, 42 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hududda 43 nafar yangi turoperator-turagent ish boshlashi natijasida ularning soni 2023 yildagi 143 dan 186 nafarga yetgan.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA