Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 29 oktyabr' sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.
1197 yil (bundan 823 yil oldin) – buyuk faqih, imom Burhoniddin Marg'inoniy ikkinchi marta haj safariga otlanganda Samarqandni tark etishga ulgurmay og'ir xastalikdan vafot etdi. Tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida yozilishicha, bu hodisa hijriy 593 yil zulhijja oyining o'n to'rtinchi kuni seshanbada (milodiy 1197 yil 29 oktyabrda) sodir bo'ldi. Uni musulmon olamining eng tabarruk qabristonlaridan biri – Chokardiza qabristoniga dafn etganlar.
Mavlono Burhoniddinning qabri to'g'risida Abu Tohirxoja Samarqandiy jumladan shunday deydi: “Mavlono Burhoniddin al-Marg'inoniyning mozori... Chokardiza qabristonida, katta ko'chaning kunbotarida, hovuzga o'xshagan chuqurning yonidadirkim, shu katta yo'l o'sha hovuz orqali sharqiy-shimolga qarab o'tadi. Mavlono Burhoniddinning qabri o'sha katta yo'lning janub tarafida, pishiq g'ishtdan qilingan baland sufadadir”.
Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, Burhoniddin Marg'inoniyning “Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” – “To'g'ri yo'l”) asari nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma'lum va mashhur bo'lib ketgan. Bu kitob fiqh ilmi bo'yicha eng aniq, izchil, mukammal asardir. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo'yicha nufuzli huquqiy manba – asosiy qo'llanma sifatida foydalanilgan.
O'zbekiston Milliy entsiklopediyasida yozilishicha, alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “hidoyat yo'lining sarboni” deya katta hurmat-e'tibor topgan. Burhoniddin valmilla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo'lgan. Hozir ham jahondagi ko'p oliy o'quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg'inoniyning fiqh ta'limoti asosida o'rganiladi.
O'zbekistonda 1997 yilda milodiy sana bo'yicha ulug' alloma vafotining 800 yilligi, 2000 yilda hijriy sana bo'yicha tavalludining 910 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg'ilon shahri markazida Burhoniddin Marg'inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu erda uning ramziy maqbarasi o'rnatildi.
1842 yil (bundan 178 yil oldin) – Buxoroga safar qilgan Hiva xoni Olloqulixon Hivaga qaytib keldi. Bu vaqtda 19 oktyabrdan beri Danilevskiy boshchiligidagi rus diplomatik missiyasi Hivada xonning qaytishini kutayotgan edi. Ertasi kuni biroz betob bo'lishiga qaramasdan xon rus elchilarini qabul qildi. Keyingi muzokaralar esa faqat 10 noyabrda bo'lib o'tdi. Oradan 2 hafta o'tgach, Olloqulixon dunyodan o'tdi.
1942 yil (bundan 78 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi davrida Shimoli-g'arbiy front, keyinchalik uchinchi Boltiqbo'yi frontida harbiylar uchun o'zbek tilida “Vatan uchun” nomli gazeta chiqa boshladi. Unda hukumatning rasmiy xabarlari, frontdagi janglar, O'zbekistondagi voqealar, xorijda sodir bo'layotgan turli yangiliklar, xullas, o'z o'quvchilarini xilma-xil axborotlar bilan tanishtirish orqali harbiylarda jangovarlik, vatanparvarlik, qahramonlik his-tuyg'ularini yuksaltirishga harakat qilingan.
1997 yil (bundan 23 yil oldin) – Toshkentda Niderlandiya Qirolligi konsulxonasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. G'arbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan mazkur davlat O'zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 31 dekabrda tan olgan, ikki davlat o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 10 iyulda o'rnatilgan.
2000 yil (bundan 20 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining boksni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tuzildi. Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, O'zbekistonda zamonaviy boks XX asrning 20-yillaridan ommalashdi. Tariximizdagi ilk boks musobaqasi 1922 yil Toshkentdagi “Fortuna” sport jamiyatida o'tkazilgan. O'zbekiston Respublikasi Boks federatsiyasi 1993 yildan Halqaro bokschilar assotsiatsiyasi – AIBA a'zosi.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Alisher EGAMBYeRDIYeV
tayyorladi
O'zA
«Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg‘a sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mezon tarozusiga qo‘yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og‘irrog‘i yo‘qdur. Mo‘min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro‘za tutib ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar”, demishlar».
Abdulla AVLONIY
Farzand tarbiyasi bugun har bir ota-ona uchun, o‘qituvchilar uchun juda og‘riqli masala. Chunki ularning odob-axloqi, darslarni o‘zlashtirishi qoniqarli emas. Yunusobod tumanidagi 117-o‘rta maktab o‘qituvchisi Sumbula ALMANOVA buning sabablari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Bugun yurtimizdagi har bir maktabning o‘ziga xos muhiti bor. Ta’lim jarayonlari ham, bolalarning yurish-turishi, o‘zlashtirishlari ham turlicha. O‘quvchilarning xulqida ko‘zga tashlanayotgan umumiy illatlar jamiyatimiz oldida turgan katta muammodir. Zero, birgina beadab o‘quvchi butun sinf muhitiga ta’sir qiladi.
Ertalab yaxshi kayfiyatda darsga kelasiz. Birinchi soatdan odobsiz o‘quvchi sizni behurmat qilsa, qolgan darslarni qanday o‘tish mumkin?! Sinfda shunaqa bolalardan bir nechasi bo‘lsa-chi? Dars tarbiyaviy soatga aylanib ketmaydimi? Afsus, bugun ko‘plab o‘qituvchilar ish kunini shu tarzda boshlamoqda.
Ba’zi o‘quvchilar darslarga mutlaqo e’tiborsiz. Maktabga faqat davomat uchun keladi. Darslarni o‘zlashtirmasligi oddiy holga aylangan. Ayrim yuqori sinf o‘quvchilari hijjalab o‘qib tursa, bu menga fojia bo‘lib ko‘rinadi. Aksar o‘quvchilarning fikru zikri qo‘l telefonida. Kamsonli o‘quvchilargina qanoatli. Qolganlarida doimiy norozilik kayfiyati ustun bo‘ladi.
Yana bir juda og‘riqli nuqta – bu o‘quvchilarning ibo-hayo masalasi. Shunday muammoga yo‘liqqan o‘quvchiga axloqdan so‘z ochsangiz, sizga “aql” o‘rgatadi.
Afsuski, keyingi paytda ota-onalarning maktab ishiga aralashishi ko‘p uchraydi. Farzandi yaxshi o‘qimasa, darslarga qiziqmasa ham, o‘qituvchilarni aybdor qilishadi. Bolasi nojo‘ya ish qilsa-da, yonini oladi. Shunday qilib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida jarlik paydo bo‘lmoqda. Aslida ustoz va ota-onaning maqsadi bir bo‘lishi lozim!
Bu muammolarning yechimi, dardning davosi tarbiya ishidir. Bola ota-ona, bobo-buvilar qo‘lida ulg‘ayadi. Hozir-chi? Tan olish kerak, ko‘pchilikning farzandlari televizoru telefon bilan kun o‘tkazmoqda. Ota-onalar esa bunga befarq. Holbuki, bolalar, avvalo, oilada to‘g‘ri tarbiyalanishi lozim, Ta’lim maskanlari ota-onaga yordamchi bo‘ladi, xolos. Ta’lim darsliklarida tarbiyaga oid o‘quv dasturlarimiz bor. Lekin uning poydevori oilada bo‘lishi kerak. O‘qituvchiga ortiqcha mas’uliyatni yuklamaslik kerak. Chunki farzand uchun birinchi galda ota-ona mas’ul. Shuning uchun ota-onalar farzandini o‘qishga qiziqtirishi, uni tinglashi, darslarni o‘zlashtirishiga yordam berishi zarur. Shundagina undan biror yaxshilik kutish mumkin. O‘quvchi darsni o‘z vaqtida o‘zlashtira olmasa, orqada qolib ketadi. Bora-bora darsga umuman qiziqmay qoladi.
Demak, ota-onalar farzandlarining tarbiyasini yaxshilashi, darslarni qanday o‘zlashtirayotgani bilan har kuni qiziqishi, hech bo‘lmaganda smartfonlarda nimalar ko‘rayotgani, qancha vaqtini unga sarflayotganini nazorat qilishi lozim. O‘quvchilarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish oldimizda turgan birdek muhim vazifadir.
Bobur MUHAMMAD yozib oldi.