Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

“Islom entsiklopediyasi” birinchi jildining taqdimoti

27.10.2020   2122   4 min.
“Islom entsiklopediyasi” birinchi jildining taqdimoti
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom entsiklopediyasi” nashrining yangidan tayyorlangan birinchi jildi taqdimoti bo'lib o'tdi. 

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida ZOOM platformasi orqali onlayn tadbir tashkil etildi. 

Onlayn anjumanda keng qamrovli va ko'p jildli “Islom entsiklopediyasi” 1-tomining yaratilish jarayonlari haqida to'liq ma'lumot berildi. Qator olimlar tomonidan bu borada fikr-mulohazalar bildirildi.

– Mazkur nashr Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi “O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida tayyorlanmoqda, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov. – “Islom entsiklopediyasi” ilmiy-akademik nashr bo'lib, u respublikamiz ilmiy jamoatchiligi, taniqli professor-o'qituvchilar, islomshunos olimlar hamda AQSh, Buyuk Britaniya, Turkiya, Jazoir, Rossiya, va Qozog'iston davlatlari mashhur olimlari hamkorligida tayyorlanmoqda. Shu bois ham mazkur nashr jahon ilm-fani taraqqiyotida o'ziga xos ahamiyat kasb etadi, desak mubolag'a bo'lmaydi. 

Tadbirda Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov so'zga chiqib, mazkur entsiklopediyaning mazmun-mohiyati xususida to'xtaldi. 

– “Islom entsiklopediyasi” reja bo'yicha 20 jilddan iborat bo'ladi, – deydi Muzaffar Komilov. – Entsiklopediyada 60 mingdan ziyod maqola o'rin olishi kutilmoqda. Keng qamrovli, akademik nashrda dinimiz ravnaqiga hissa qo'shgan buyuk shaxslarning ilmiy faoliyati, islom dini asoslari, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, sahoba va tobe'inlar, muhaddis, faqih, mufassirlar haqida 1000 ga yaqin maqola, atama va so'z birikmalari, bezak materiallari, xarita hamda chizmalar o'rin olgan. Ayrim shaxslar, voqealar, atamalar ilk marta ilmiy muomalaga kiritildi. Avval tayyorlangan kitoblardan farqli ravishda yangi manbalar bilan boyitilgan mazkur entsiklopediya ilm ahli uchun noyob tuhfa bo'ldi, desak adashmagan bo'lamiz.
 


Darhaqiqat, entsiklopediya o'zining mazmun-mohiyati va xususiyatlaridan kelib chiqib, ilgari chop etilgan arab, turk, urdu, fors, ingliz, nemis, frantsuz tillaridagi Islom entsiklopediyalaridan tubdan farq qiladi. Kitobni tayyorlashda yurtimiz va mintaqa musulmonlari uchun an'anaviy bo'lgan xanafiy-moturidiylik tamoyillaridan kelib chiqib yondashilgan. Maqolalar yozilishida ilmiylik va xolislik mezonlariga amal qilingan. Maqolalarning akcariyat qismi birlamchi manbalar – Qur'on, tafsir, Hadis, ilmiy-ma'rifiy tadqiqotlarga asoslangan. 

– “Islom entsiklopediyasi” – bugungi kungacha butun ajdodlarimiz tomonidan yig'ilgan islom olami bilan bog'liq ilmiy-ma'rifiy, ma'naviy meros sanaladi, – deydi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining Ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig'i Otabek Bozorov. – Mazkur entsiklopediya “Uchinchi Renessans” uchun katta poydevor, muhim manba bo'lib xizmat qilishi shubhasiz. Bu kitob xalqimiz va har bir yosh uchun diniy-ma'rifiy bilimlar berish bilan birgalikda, Imom Buxoriy aytganlaridek, “Najotni ilmdan izlash uchun” xizmat qiladi, deb o'ylayman. 

Nashr ishlarida yurtimiz va xorijlik islomshunoslar, dinshunos, filolog, manbashunos va boshqa soha vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq muallif, 50 nafarga yaqin taqrizchi va maslahatchi ishtirok etdi. “Islom entsiklopediyasi” ning navbatdagi jildlari bo'yicha ishlar davom ettirilmoqda.
 
 
N.Usmonova, O'zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Kamtarga kamol, manmanga zavol

03.07.2025   5024   1 min.

O‘tkirbek domla Tolibov
Toshkent shahar, Sergeli tumani “Abdulloh ibn Zubayr” jome masjidi imom-xatibi