Siyrat kitoblarini o'qishga kirishgan har bir inson avvalo siyratning qadrini va ko'p foydalari bor ekanini bilmog'i lozim. Hozir biz sizlarning e'tiboringizga ulardan muhimlarini keltirib o'tamiz:
Siyratni o'rganish foydalaridan biri: Qur'onni tushunishga yordam beradi. Qur'on bo'lak - bo'lak holatda, biror hodisa orqasidan yoki biror mushkil ishni bayon qilish uchun nozil bo'lgan.
Masalan: Qur'oni karimda Badr, Uhud, Ahzob, Tabuk g'azotlari haqida oyatlar nozil bo'lgan. Siyratni o'qib o'rganish ushbu oyatlarning tafsirini tushunishda yordam beradi.
Siyrat voqealaridan bir hodisa hadis kitoblarida juda qisqa holatda keltirilgan bo'lishi, muhaddislar butun boshli g'azotdan bir yoki ikki o'rinni keltirish bilan kifoyalanishlari mumkin. Bunday holat o'quvchini siyrat kitoblarini o'qishga, bu voqeani qanday bo'lgani, uni qaysi vaqtda bo'lgani va qanday holatda bo'lganini bilishga undaydi.
Siyrat fanini o'rganish foydalaridan yana biri bu islom aqidasini tushunishga yordam berishi. Chunki siyratni o'rgangan inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni islom aqidasini qanday uslubda etkazganini ko'radi. Islom dinini etkazishda boshlaridan o'tkazgan imtihonlarni faqatgina siyratni o'rganish orqali bilish mumkin. Masalan: Makka davrida mushriklar keltirgan turli shubhali savollarga go'zal va chiroyli tarzda javob berganlar. Bu davrda nozil bo'lgan oyatlar o'limdan so'ng qayta tirilish qanday bo'lishini va jannat, do'zax, vahiy, payg'ambarlik kabi islom aqidasiga tegishli bo'lgan narsalarni tushinishga yordam beradi.
Siyrati Nabaviy Islom dinining aqidaviy darslarini o'rgatishda Qur'on karim va hadis sharifdan keyingi manba desak xato bo'lmaydi.
Siyratni o'rganish foydalaridan biri: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishni o'rgatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'z ahli ayollari va boshqa insonlar bilan bo'lgan axloqlarini, U zotning sahobalari va din dushmanlari bilan bo'lgan muomalalarini o'rgatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilish U zotning siyratlarini o'rganish bilan yanada mukammallashadi.
Siyratni o'rganish bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbat yanada ziyoda bo'ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringizni iymoni toki men unga ota onasi, bolasi va barcha insonlardan sevikli bo'lmagunimcha iymoni komil bo'lmaydi” deganlar.
Agar siz U zotga muhabbat qo'ymoqchi bo'lsangiz, unda U zotning siyratlarini o'rganishingiz lozim. Agar siz U zotning qadrini bilmoqchi bo'lsangiz, unda U zotning siyratlarini o'rganishingiz lozim. Agar sizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z nafsingizdan ham sevikli bo'lishini xohlasangiz, unda tezlik bilan siyrat kitoblarini varaqlashga tushing. U zotga bo'lgan muhabbat U zotning tarixlarini o'qish, hamda undagi hikmatlarga amal qilish bilan bo'ladi.
Siyratni o'qish bilan Abu Bakr roziyallohu anhuning qadrlarini, Umar roziyallohu anhu haqdan botilni ajratganlarini, Usmon roziyallohu anhuning dunyoni jannatga almashtirganlarini, Ali roziyallohu anhuning shijoatlarini, Muoviya roziyallohu anhuning halimliklarini, Habbob roziyallohu anhuning din yo'lidagi sabrlarini, Bilol roziyallohu anhuning sobit qadamligini, Muoz roziyallohu anhuning faqih ekanlarini, Abu Zarr roziyallohu anhuning to'g'ri so'z ekanligini, Abu Hurayra roziyallohu anhuning zehnlari o'ta kuchli bo'lganini, Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning Qur'onni qay darajada bilganlarini bilish mumkin. Onalarimizdan Hadicha roziyallohu anhoni Islomga birinchi kirganlarini, Oisha roziyallohu anhoning ilmlarini, Savdo roziyallohu anhoning fazllarini, Juvayriyya roziyallohu anhoning barakalarini bilish mumkin.
7. Siyrat shar'iy hukumlarga kiruvchi vositadir.
Siyratni o'rganishning foydalaridan biri: tolibi ilmlar uchun boshqa ilmlarni o'rganishda narvon vazifasini bajaradi. Balki, siyrat shariat ilmlarining onasi hisoblanadi. Islom tarixini qanday boshlangani, Islomda birinchi hukmlar qanday tatbiq qilinganini o'rgatadi. Islomiy adabiyot qanday rivojlanganini, Hasson ibn Sobitning she'rlarini o'rgatadi. Haj amali birinchi bor qanday qilinganini o'rgatadi. Fiqh fanini o'rganayotgan inson ham siyratga murojaat qiladi. Bir hukm “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadagi davrlarida bo'lganmi?” yoki “Madina davrida bo'lganmi?” Mana shularni o'rganib so'ngra hukm qiladi. Bu ishida bo'lsa, unga siyrat juda zarurdir.
Siyrat hayoti bir yo'ldir. Sizga Islom haqida keng tarzda ma'lumot beradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qanday qilib musulmonni, uning oilasini va jamiyatini shakllantirganliklarini o'rgatadi. Madinada yangi jamiyat qurilishi, Islomdagi birinchi masjidning barpo qilinishi, elchilik madaniyati qanday bo'lishini o'rgatadi. O'sha paytdagi dunyo podshohlari bilan qanday muomala qilinganini o'rgatadi. Musulmonlar nima sababdan Badr jangida g'alaba qozondilar, nima uchun Uhud jangida mag'lubiyatga uchradilar, Ahzob kuni qamaldan qanday qutilganlarini o'rgatadi.
Siyrat o'rganishdagi amaliy uslub:
Misol: Bugun falon mavzuni o'rganaman deb o'z oldiga vazifa qilib olish lozim.
Toshkent viloyati Qibray tumani
“Sa'dulla ota” jome masjidi
imom- xatibi,
Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o'qituvchisi Mirhamidov Obidjon tayyorladi.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.