Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatining umumiy xususiyatlari

26.10.2020   2135   21 min.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam  ummatining umumiy xususiyatlari

 

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hurmatlaridan Islom ummatini mislsiz yaxshiliklar bilan, boshqa ummatlarda bo'lmagan fazilat va xususiyatlar bilan ne'matlantirdi. Quyida bu ummatga ato qilingan xususiyatlar bilan tanishamiz. 

BIRINChI HUSUSIYaT 

BU UMMATDAN OG'IR MAShAQQATLAR OLIB TAShLANGAN

 

Alloh taolo marhamat qiladi:

«Ular ummiy rasulga – ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan nabiyga ergashuvchilardir. U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi, pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustlaridagi kishanlarini (qiyinchilik) olib tashlaydi» (A'rof surasi, 157-oyat).

Oyati karimada zikri kelgan nabiy – Muhammad alayhissalomdirlar. Oyatda Muhammad alayhissalomning o'z ummatlariga taalluqli vazifalari haqida aytilyapti.

Oyat oxirida «ularning yuklarini va ustlaridagi kishanlarini», deyilgan. Hammamizga ma'lumki, odam elkasiga ortmoqlagan yuki og'irlashgan sari uni ko'tarishga toqati etmay borib, oxiri umuman ko'tara olmay qoladi.

Boshqa ummatlarga joriy qilingan shariatidagi og'ir hukmlar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hurmatlaridan bu ummatdan olib tashlangan. Masalan, Banu Isroil qavmiga bir qator og'ir amallar va mashaqqatli majburiyatlar yuklangan edi. Bu majburiyatlar bamisoli bo'yinga solingan kishandek, ularning erkin harakat qilishiga yo'l qo'ymas edi. Oyatdagi yuk va kishan – boshqa ummatlarning shariatidagi mashaqqatli hukm va qiyinchiliklardir.

Avvalgi ummatlarning shariatidagi og'ir va mashaqqatli amallardan ba'zilari quyidagilardir:

 

  1. Libosningnajosat tekkan joyni kesib tashlash.

Unga ko'ra, biron kiyimga najosat tegsa, najosat tekkan joyi kesib tashlansagina o'sha kiyim pok hisoblangan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga kelsak, shariatimizda bu holatda najosat ustidan suv quyib, o'sha joyni yuvib qo'yish bilan kiyim pok bo'laveradi. Najosat sajda qiladigan joyga tekkanmi, kiyimgami yoki badangami, farqi yo'q – barchasiga hukm bir xil: pok bo'lishi uchun yuvib tozalansa kifoya.

 

  1. Hayz ko'rgan ayol bilan bir dasturxonda o'tirib ovqatlanmaslik.

Yahudiy dinida ayol kishi hayz ko'rsa, u bilan birga o'tirib ovqatlanilmaydi, birga aralashib yurishga, hatto bir uyda turishiga yo'l qo'yilmaydi. Hayz ko'rgan ayollarga alohida xona ajratib qo'yiladi. Imom Muslim va imom Ahmad bu haqda sahih hadislar rivoyat qilishgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatida esa hayz ko'rgan ayol bilan birga o'tirish, birga eb-ichish, bir yotoqda yotish mubohdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayzli ayollar bilan jimo'dan, kindikdan tizzagacha bo'lgan joydan boshqa har qanday mubosharat mumkinligini aytganlar.

 

  1. Qasddan yoki bilmasdan odam o'ldirgan kishidan qasos olish vojibligi.

Banu Isroil qavmida qasddan yoki adashib odam o'ldirib qo'ygan yoki biron jarohat etkazgan odamdan qasos olish vojib bo'lgan. Jabrdiydaning qarindoshlari jinoyatchini kechirib, undan tovon puli olishga rozi bo'lib tursa ham, baribir jazo ijro qilingan – o'ldirgan bo'lsa, u ham o'ldirilgan, jarohat etkazgan bo'lsa, unga ham xuddi shunday jarohat etkazilgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamummatiga esa bunday jinoyat uchun qasos yoki tovon pulidan birini tanlash ixtiyori berilgan. O'ldirilgan kishining yaqin qarindoshlari rozi bo'lsa, xun to'lab, jazodan ozod qilish hukmi joriy qilingan. Bu hukm Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga berilgan ulkan engillikdir.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Sizlarga o'ldirilganlar uchun qasos olish farz qilindi: hur uchun hur, qul uchun qul, ayol uchun ayol. Birodari afv etsa, xun to'lashga rozi bo'linsa, (u holda yaxshilik bilan) bo'ysunish va xunini yaxshilab to'lash zarurdir. Bu hukm – Robbingizdan engillik va marhamatdir. Kim shundan keyin ham haddidan oshsa, unga alamli azob berilur» (Baqara surasi, 178-oyat).

Bu oyati karimadan chiqadigan xulosa shunday: Alloh taolo bu ummatga boshqa ummatlarga bermagan katta bir ne'mat ato qilgan.

 

  1. Gunoh qilgan odamning tavbasi – o'zini o'zi o'ldirish bo'lgan.

Muso alayhissalom Robbi bilan gaplashgani ketganida Banu Isroil buzoqqa ibodat qila boshlaydi. Muso alayhissalom qaytib kelgach, bu ahvolni ko'rib, qattiq g'azablanadi. So'ng ularga tavba qilish yo'li bayon qilinadi. Bu gunohning tavbasi esa buzoqqa sig'inganlari uchun o'zini o'zi o'ldirish qilish edi. Bu hodisa haqida Qur'oni Karimda shunday deyilgan: «Robbingizga tavba qilinglar va o'zlaringizni o'ldiringlar» (Baqara surasi, 54-oyat).

Bundan tashqari, Banu Isroil shariatida kishi gunohni qaysi a'zosi bilan qilsa, tavbaning yo'li o'sha a'zoni kesib tashlash bo'lgan. Misol uchun, yolg'on gapirgan odamning tili, zino qilganning jinsiy a'zosi kesilar, begona ayolga qarab qo'yganning ko'zi o'yib olinar edi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga kelsak, Alloh taolo bizga tavba yo'lini juda oson qilib qo'ydi. Tavbani bu ummat uchun eng ulug', qadri eng baland ne'mat qildi. Bu hol nimada ko'rinadi? Islom shariatida Alloh taologa chin dildan tavba qilgan odamning gunohlari kechiriladi! Hatto Alloh taolo bandaning tavba qilishidan g'oyatda xursand bo'ladi, xuddi bolasini yo'qotib qo'yib, keyin topib olgan ona xursand bo'lganidan ham ortiq darajada xursand bo'ladi!

Alloh taolo buni quyidagicha bayon qiladi: «Kimda-kim biron yomon ish qilib yoki o'z joniga jabr qilib, so'ng Allohdan mag'firat so'rasa, Allohning qanchalik kechiruvchi va rahmli ekanini idrok etadi»(Niso surasi, 110-oyat).

 

  1. Gunohkor kishilar sharmanda qilingan.

Banu Isroil qavmidan kimdir biror gunoh ish qilsa, erta tongda uning eshigiga: «Falonchi falon-falon gunoh ishlarni qildi, uning kafforati mana bunday», degan yozuv paydo bo'lar edi. Bu sharmandagarchilikni barcha o'tgan-ketganlar ko'rar edi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati bunday iqobdan xalos qilindi. Alloh taolo bu ummatga marhamat ko'rsatib, bandalariga xato-kamchiliklarni, gunohlarni yashirishni buyurdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Ummatimdan har birining gunohi kechiriladi, lekin gunohlarini hammaga aytib yuruvchilar bundan mustasno.Shunday kimsalar borki, kechasi qandaydir gunoh ishni qilib, ertalab ko'chaga chiqib, odamlarga: «Kecha men tunda falon-falon gunohlarni qildim», deb maqtanib, Alloh taolo hammadan berkitgan gunohni fosh qiladi»(Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Bu hadisda mana shunday kishilar gunohi kechiriladiganlar safidan istisno qilinyapti.

 

  1. A'zolar bilan qilmagan, lekin qalbdan o'tkazilgan yomon fikri uchun ham jazo berilgan.

Oldingi ummatlar nafaqat bir gunohni qilgani uchun, balki o'sha gunohni ko'nglidan o'tkazgani uchun ham gunohkor bo'lib, jazoga mustahiq bo'lar edi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati bu borada ham imtiyozga ega bo'ldi. Mo'min-musulmon kishi qalbidan o'tkazgan yomon fikrlarni, shubha-gumonlarni yuzaga chiqarmasa, gunohkor bo'lmaydi. Bunday holatga tushgan musulmon kishi ko'nglidan o'tgan yomon o'y-fikr va shubhalarni darrov daf qilishi, so'ng istig'for aytishi va ular yana xayoliga kelib qolishidan panoh so'rab, Alloh taologa iltijo qilishi lozim bo'ladi.

 

  1. Adashib yoki unutib qilib qo'yilgan ishlarga ham jazo tayinlangan.

Banu Isroil qavmi xato qilib yoki unutib biron gunoh qilib qo'ysa, buning uchun darhol jazo kelar edi. Masalan, bir gunoh sodir etilgan zahoti ularga qaysidir ichimlik yoki egulik harom qilinar edi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati esa xato qilib, adashib yoki unutib yoxud majburan qilgan yomon ishlariga astoydil tavba qilsa, shak-shubhasiz kechiriladi.

 

  1. Bayram kunlari biron ish bilan mashg'ul bo'lish harom qilingan.

Shanba kuni Banu Isroil qavmi uchun bayram qilib belgilangan edi. Alloh taolo ularga shanbani ulug'lashga buyurib, bu kunda hech qanday ish qilmaslik haqida va'da oldi. Jumladan, shanba kuni baliq ovlash ham taqiqlangan edi. Lekin Banu Isroil qavmi Alloh taologa bergan va'dasiga vafo qilmadi – hiyla-nayrang ishlatib, baliqlarni juma kuni kechqurun yopiq havzaga qamab, yakshanba kuni ovlay boshlashdi. Alloh taolo bunday hiyla uchun ularni jazoladi: «Orangizdan shanba kunida haddidan oshgan kimsalarni bildingiz. Biz ularga «Badbaxt maymunlarga aylanib qolinglar!» dedik. Biz bu uqubatni o'sha vaqt uchun ham, keyin davrlar uchun ham ibrat qildik, taqvolilar uchun mav'iza (nasihat) qildik»(Baqara surasi, 65-66-oyatlar).

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga bunday mashaqqat va majburiyatlar yuklanmadi. Musulmonlar o'zlarining bayram kunlari, ya'ni juma kuni namozdan oldin yoki keyin o'zaro muomala-munosabatda bemalol davom etaverishlari, kasb-korlarini qilaverishlari mumkin. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Ey mo'minlar, juma kunidagi namozga azon aytilsa, oldi-sotdini tark qilib, darhol Allohning zikriga boringlar. Agar bilsangiz, mana shu (Allohning zikriga, juma namozini o'qishga shoshilish) o'zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Namoz ado qilingach esa, er yuzi bo'ylab tarqalib Allohning fazlini (rizq-ro'zingizni) istayveringlar. Allohni ko'p eslanglar, shoyad najot topsangiz»(Juma surasi, 9-10-oyatlar).

 

  1. Vabo (o'lat) o'tgan ummatlar uchun azob edi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vabo (o'lat) kasalligining o'tgan ummatlarga azob qilib yuborilganini aytganlar. Vabo (o'lat) kasalligi Banu Isroil qavmining bir toifasiga va boshqa qavmlarga yuborilgan azob bo'lgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati uchun esa bu kasallik rahmat bo'ldi. Payg'ambarimiz alayhissalom vabo (o'lat) kasalligidan vafot etganlar shahidlar qatorida bo'lishini aytganlar.

 

  1. Ba'zi taomlar boshqa ummatlarga harom qilingan.

Alloh taolo Banu Isroilning xatolari, zulmlari va shariatni ermak qilganlari sababli ularga bir qancha azob-uqubat va jazolar yuborgan. Jumladan, Alloh taolo ularga ba'zi halol taomlarni harom qilib qo'ygan: «Yahudiy bo'lganlarga ularning zulmi, Allohning yo'lidan ko'p to'sganlari uchun o'zlariga halol qilingan narsani harom qildik. Qaytarilgan bo'lsalar ham, ribo olganlari va odamlarning mol-mulkiini botil yo'l bilan eganlari uchundir» (Niso surasi, 160-161-oyatlar).

Alloh taolo ularga harom qilgan eguliklarning turlarini bayon qilgan. Ular – tuya, tuyaqush, o'rdak, g'oz kabilardir. Shuningdek, Alloh taolo ularga hayvonlarning ba'zi yog'larini ham harom qildi. Sigir va qo'ylarning qorin va belidagi yog'lar (charvilar) ham ularga harom qilingan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga esa barcha pokiza narsalar halol qilindi, Alloh taolo: «Bugun sizlar uchun barcha pokiza narsalar halol qilindi» deb marhamat qildi (Moida surasi 5-oyat).

 

  1. Urushda tushgan o'ljalar ham harom bo'lgan.

Oldingi qavmlarning shariatida dushmanga qarshi jangda tushgan o'ljalarni olish va o'zlaricha tasarruf qilish halol bo'lmagan. O'ljalarni bir joyga to'plashar, keyin osmondan bir olov tushib, ularni yondirib yuborsa, buni ushbu jang Allohning nazdida qabul bo'lganiga alomat deb hisoblashgan. Qur'onda bu haqda «toki bizga olov eydigan bir qurbonlikni taqdim qilmagunicha...» deyilgan (Oli Imron surasi, 183-oyat).

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hurmatlaridan jangda tushgan o'ljalar halol qilindi. Bu haqda Qur'onda shunday marhamat qilingan: «o'zlaringiz o'lja olgan halol-pokiza narsalarni englar» (Anfol surasi, 69-oyat).

 

  1. Oldingi ummatlarga faqat xos joylardagina namoz o'qish mumkin bo'lgan.

Oldingi ummatlar faqatgina maxsus ajratilgan joylarda – sinagoga, cherkov va ibodatga mo'ljallangan boshqa joylardagina ibodat qilishi mumkin bo'lgan. Bundan boshqa joyda ibodat qilish joiz bo'lmagan. Safardagi odam ibodatxonasiga etib kelgunicha ibodat vaqti o'tib ketsa, etib kelgach, qazosini o'qigan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oldingi payg'ambarlarning birortasi o'z mehrobiga bormagunicha namoz o'qiy olishmagan», deganlar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga esa butun er yuzi masjid qilib berildi. Alloh taolo namoz uchun biror joyni alohida xoslab qo'ymadi. Shuning uchun biz er yuzining istalgan nuqtasida namoz o'qishimiz mumkin bo'ldi. Qayer najosatlardan va har xil suratu haykallardan pok va xoli bo'lsa, o'sha joyda namoz o'qish mumkin.

 

  1. Tahorat faqat suv bilan qilingan.

Oldingi ummatlarning shariatiga ko'ra, tahoratni faqat suv bilan qilish vojib bo'lgan, suvdan boshqa narsa joiz bo'lmagan. Shuning uchun suv topilmasa, ibodat qila olishmagan. Suv topilgunicha ibodat vaqti o'tib ketar, suv topilgandan keyin tahorat olib, qazosini o'qib olishar edi.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga esa butun er yuzi pokiza namozgoh qilib qo'yildi. Mabodo suv topilmasa, mo'min-musulmonlar pok tuproq bilan tayammum qilib ham namoz o'qiyveradigan bo'lishdi...

 

Ushbu qiyoslarda Muhammad alayhissalomning ummatiga bu dunyoda berilgan imtiyozlar haqida so'z bordi.

 

“Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatining sharafi” kitobidan “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o'qituvchisi Oybek Hoshimov hamda G'iyosiddin Habibulloh tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ilm olish yo‘llari: Muqaddima - 1 son

08.07.2025   8998   1 min.

#Ajdodlar_merosini_o‘rganamiz

Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi.

Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.


Abduvohid domla Ahmadaliyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi mutaxassisi