— Musulmon va muslimalar, mo'min va mo'minalar, deb aytamiz. Ularning qanday farqlari bor? Kimni mo'min deymiz, kimni muslim deymiz? Savolim noo'rin bo'lsa, uzr so'rayman.
— Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom dini nomi bilan mashhurdir. Bu nomni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Qur'oni karimda Alloh taolo:
﴿وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِيناً﴾
“Va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim”, deydi (“Moida” surasi, 3-oyat). Islom so'zining lug'aviy ma'nosi “ixlos”, “ofatlardan salomat bo'lish”, “sulh va omonlik”, “itoat va bo'ysunish” kabi ma'nolarni anglatadi.
Shundan musulmon va muslima Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom diniga mansub, ixlosli, turli ofatlardan salomat bo'lgan, sulhli, omonatli, itoatli va Allohga bo'ysungan shaxs degani bo'ladi.
Iymon so'zi lug'atda omon bo'lish va tasdiqlash ma'nolarini bildiradi. Ulamolar istilohida Iymon Alloh taolodan kelgan narsani tasdiqlab, unga iqror bo'lishdir. Shundan mo'min va mo'mina Alloh taolodan kelgan aqidaga oid narsalarni tasdiqlab va ularga iqror bo'lib, turli yomonliklardan omonda bo'lgan shaxsdir.
Islom va Iymon tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketgan, biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ammo ikkisini alohida olib qaraydigan bo'lsak, Iymon ishonish-e'tiqod nazariy masalalarga, Islom esa bo'ysunish-amaliy masalalarga xosdir.
Islom asoslari shahodat, namoz, zakot, ro'za va hajdan iborat. Iymonning asoslari Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshi-yu yomon qadar Allohdan ekanligiga ishonish, tasdiqlashdan iboratdir.
Ulug' aqoid ilmi olimi Umar Nasafiy o'zining kitobida: “Iymon va Islom birdir. Qachonki, bandada tasdiq va iqror mavjud bo'lsa, men haqiqatda mo'minman, demog'i to'g'ri bo'ladi”, degan.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.