Islom nuri mashriq sarhadlarini yoritar ekan, Sharq o'lkalari, xususan, Movarounnahrda ham masjidlarni qurish me'morchilikning durdona yo'nalishi sifatida alohida taraqqiy etdi. O'ziga xos uslubi, murakkab me'moriy echimlari bilan mintaqa masjidlari dunyoga mashhur bo'ldi.
O'rta Osiyoda ilk masjid Buxoroda islom fotihi Qutayba ibn Muslim rahmatullohi alayhi tomonidan shahar qo'rg'oni ichida 713 yilda bunyod etilgan. Samarqanddagi dastlabki masjid esa Hazrati Hizr masjidi o'rnida bo'lgan. Shu tariqa masjidlar O'rta Osiyoning boshqa yirik shaharlarida ham bunyod etila boshlagan. Ayniqsa, Temuriylar, Shayboniylar davrida masjid va madrasalar me'morchiligi ancha taraqqiy etib, o'lka madaniy hayotining ajralmas qismi sifatida moziyning oltin zarvaraqlariga muhrlandi. Ushbu obidalarning asrlar silsilasidan hozirgi davrimizgacha saqlanib kelinayotganining sinoati nimada? Bugungi masjidlarchi? Ular qanday quriladi? Me'morchilik va ganch san'ati soxasidagi azaliy ana'analarimizni davom ettirib kelayotgan, yurtimiz va xorijdagi ko'plab milliy uslubdagi masjid va majmualarda ishlagan Fahriddin Hamzayev va Muhammadjon Mansurovlar bilan ana shu savollar atrofida bilan suhbatlashdik.
Fahriddin Hamzayev: Avvalgi ustalarning ishiga hanuzgacha lol qolamiz. Tarqqiyot bo'lmagan, hozirgidek imkoniyatlar bo'lmagan, biroq me'mor ustalarning g'oyalari, ish uslubi biz uchun ham jumboq, ham ibrat, hayrat bo'lib keladi. Avvallari masjidlar asosan sinch devorlardan qurilgan. Halqimizda “Sinchli uy tinch uy degan” gap bor. Sinchni qulflaydigan joyi bor. Kalitini topilmasa, uni bizib bo'lmasdi. Eshik-romlarga ham oshiq-moshiq qilinmagan. Yog'ochning o'zidan ochilib-yopiladigan qilingan. Devorlardan xarlar chiqarib qo'yilgan. Ular zax havoni o'ziga tortib olish vazifasini bajargan ekan. Ana shu darajada ko'plab o'rnak olsa bo'ladigan ishlarni qoldirib ketishgan.
Tarixiy yodgorlik sanalgan binolarni asl holida ta'mirlash (rekonstruktsiya) jarayoni qanday kechadi?
Muhammadjon Mansurov: Avvalo binoning qurilish tarixi o'rganiladi. Bino qaysi davrga oid bo'lsa, o'sha vaqtdagi qurilish uslublari soxa mutaxassislari bilan hamkorlikda muhokama qilinadi. Bundan tashqari talofat etgan obidalarning qaysidir qismida, burchak joylarida naqsh uchun ishlatilgan ranglar, gullar namunalari saqlanib qolingan bo'ladi. Ana shulardan namuna olgan holda ranglar beriladi, naqshlar davom ettiriladi.
-Oldinlari masjidlarni qurgan me'mor ustalar nomi maxsus bitiklarda yozib qoldirilgan. Hozirda nima uchun bunday qilinmaydi?
Fahriddin Hamzayev: Malayziya davlatida Imom Buxoriy majmuasi bor. 1998-99 yillarda ana shu majmua qurilishida ustozim, mashhur ganchkor usta Mahmud Usmonov bilan ishlaganmiz. Peshtoqqa bitilgan Qur'on oyatlari va naqshlar so'nggida chetki bir burchakka: “Naqsh ishlarini Usta Mahmud Usmonov va uning shogirdalri bajargan”, deb yozib qo'ydilar ustozimiz. Malayziya bosh vaziri majmuaning ochilish maroisimida yozuvlar bilan tanishgach, “Biz bosh vazir bo'lsak ham qurdirgan binolarimizga o'z nomimizni yozmaymiz?” deb, ajablanib so'radi. Shunda ustozimiz bizning yurtda shunday ana'ana borligini, bu avloddan-avlodga o'tib kelayotganini tushuntirganlaridan so'ng, tahsin aytdi. Umuman, o'shanda milliy san'atimiz, o'zbekistonlik ustalarning ishlari u kishiga ma'qul kelib, malakatimiz Prezidenti nomlariga tashakkurnoma yuborgan edi.
Chindan ham qadimda shunday ana'ana bo'lgan. Peshtoq bitiklari yoki boshqa joylarda ustalar nomi yozib qoldirilganki, biz ularni ana shular orqali taniymiz, haqlariga duolar qilamiz. Bu yaxshi urf. Bilmadim, negadir shu narsa uzilib qolgan hozirda. Balki ustalarimiz kamtarlik qilishar. Bu an'anani tiklash kerak. Toki kelajak avlod huddi biz kabi ustalarning ishlaridan tanib, ularga munosabat bildirsin.
Hozirgi kunda masjidlar qanday uslublarda quriladi?
Fahriddin Hamzayev: Bugungi kunda yurtimizdagi masjidlar asosan to'rt, sakkiz qirrali, aylana shaklida quriladi. Yana boshqa uslublar ham kiritilyapti, dunyodagi zamonaviy masjid uslublari yosh me'morlar tomonidan qo'llanilmoqda. Fikrimcha, bu yaxshi jarayon. Albatta milliy an'analarimizni saqlagan holda zamonaviy yo'nalish ham bo'lishi kerak. Turfa xillik bo'lgani xalqimizni ham, xorijiy mehmonlar e'tiborini ham o'ziga jalb etadi.
Qurilishdagi eng qiyin jarayon nima?
Muhammadjon Mansurov: Avvalo aytish kerakki, biz faqat ganch ishlari bilan shug'ullanmaymiz. Usta har narsani bilish kerak. Suvoqni qilishni ham, g'isht terishni ham, tom yopishni ham. Shuning uchun “usta” nomi beriladi, buni oqlash kerak. Hamma jarayonning ham o'ziga yarasha qiyinchiligi bor. Mushkulrog'i tomga gumbazni o'rnatishdir. Sababi, balandlik va aniq o'lchamlarini hisobga olgan holda og'irligi kamida 3 tonna va undan yoqori bo'lgan gumbazni joylashtirish kerak. Bundan keyin maxsus metall karkaslarni sakkiz yoki to'rt burchakka moslab nihoyatda aniqlik bilan payvandlab, mustahkamlanadi.
Bir voqeani aytib beraman. 2006 yilda hozirgi Ko'kcha (“Shayx Zayniddin”) masjidini ta'mirlayotganimizda ayvonxonani buzmasdan turib 20-30 metrgacha surganmiz. Hayratlanarlisi, binoga hech qanday zarar etmagan, tomi, peshtoqlari barchasi o'z o'rnida qolgan. Hozirda majlislar zali qilingan shu bino. Odamlar hayron qolishgan: “Qanday qilib bir imoratni buzmasdan turib, boshqa joyga ko'chirish mumkin?” deb ko'p so'rashadi. Bu Allohning bayti. O'zining marhamati bilan bo'ldi, deb javob bergan edik. Bu voqeani ba'zilarga aytsangiz ishonmasligi mumkin. Lekin shunday mo''jizalar ham bo'lgan.
Alloh taoloning baytini bunyod etishda nimalarga ahamiyat berilishi lozim?
Fahriddin Hamzayev: Masjid qurish boshqa binolarni qurishdan farq qiladi. Unda pokiza insonlar, imkon qadar tahorat bilan ishlasalar nur utiga a'lo nur bo'ladi. Ustalar Allohning uyini bunyod etayotganini unutmasligi kerak. Hech yodimdan chiqmaydi. Shayx Muhammad Sodiq Muhamad Yusuf (r.h.) hazratlari uy qurdirayotgan vaqtlarida ishlayotgan ustalarimizni bir ko'rib bering, qanday insonlar ishlayapti, deb iltimos qilgan edilar. Borib, ustalar bilan tanishib, bilsak, ahli ilm zotlarning nabiralari ishlayotganini bildik. Shunda hazratga bu yigitlar pokiza, yaxshi ustalar ekanini aytganmiz.
Bezak ishlari qanday amalga oshiriladi?
Muhammadjon Mansurov: Naqsh uslublaridan biri tanlanib, loyihada ko'rsatilgan turi bo'yicha ishlanadi. Naqshlar qo'lda ishlanishi, yoki tayyor qoliplar asosida yopishtirilishi mumkin. Oyati karima yoki hadislarni yozishda esa avvalo devor o'rnidagi joy tanlanadi. So'ng imom domladan qaysi o'ringa nimalarni bitish maslahati olinadi. Bitiklarni xattotga xitoy qog'ozida yozdiriladi. Biz bitiklar tushirilgan qog'ozni devorga yopishtirib, har bir harf va belgini teshib chiqamiz. Shundan so'ng pista ko'mir yordamida teshilgan joylariga urganimizda devorda bitiklarning shakli hosil bo'ladi. Keyin har bir katak o'yib chiqiladi. Bunda harflarni o'zgarib ketishiga ehtiyot bo'lish lozim.
Har bir naqsh va gul shakllari hamda qubbalarnng ramziy ma'nosi va o'ziga yarasha vazifasi bor. Masalan, mehrob ichidagi kichik qubbalar faqat bezak uchun qilinmaydi. Ular “akustika” ya'ni, ovozni chiqarib berish vazifasini bajaradi. Imom domla mehrobda qiroat qilayotganida uning ovozi har bir ishlangan qubbachalarga kirib jarangdor bo'lib ortga, xonaqohga tarqaladi. Shiftdagi panjara ulubidagi bezaklar esa havoni tortib-tushirishga ko'maklashadi.
Qayerda yangi masjid qurilsa qalbimizda hayajon bilan ularni borib ko'ramiz, unda ibodatlar qilamiz. Lekin ularni barpo etishda qanchadan-qancha fidoiy kishilar, qo'li gul ustalarning tinimsiz mashaqqatlari yotganini tasavvur eta olmaymiz. Bu kishilar ikki dunyoda ham yuzlari munavvar, sharaf va tahsinga sazovor zotlardir. Ular Allohning baytini bunyod etadilar. Soxadagi bunyodkorlik ishlari bardavom bo'lsin. Masjidlarimizdan taralayotgan ma'rifat nuri hamisha xalqimizning e'tiqodi, dinu diyonatining yuksalishiga, birdamlik va totuvlikka xizmat qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida...
Oisha onamiz roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Hijri Ismoil haqida so‘radilar:
- Ey Allohning Rasuli! U ham Ka’badanmi?
- Ha, u ham Ka’badan!
- Nima uchun uni Ka’baning ichiga kiritishmagan?
- Chunki o‘shanda qavmingning nafaqasi yetmay qolgan!
- Nega Ka’baning eshigi baland qurilgan?
- Qavming o‘zi istaganiga Ka’baga kirishga ruxsat berib, istamaganiga ruxsat bermaslik uchun! So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam yana dedilar:
Agar qavming yangi musulmon bo‘lmaganida va ularning qalbi inkor qilishidan qo‘rqmaganimda, Ka’bani buzishga amr qilar va undan chiqarilgan narsalarni yana uning ichiga kiritib, boshqatdan qurar edim. Uni yerga barobar etib, ikki eshik qilardim. Biri sharqiy tomonida, ikkinchisi g‘arbiy tomonida. Uni Ibrohim alayhissalomning poydevoriga yetkazardim!
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo Hijozda hukmronlikni qo‘lga kiritgach, xolasi Oisha onamiz unga yuqoridagi hadisni aytib berdilar. U Ka’bani buzib Ibrohim alayhissalomning davridagidek qilib qurdi. So‘ngra Hajjoj Abdulloh ibn Zubayrni qatl etgach, Ka’bani buzib, yana Quraysh mushriklari davridagidek qilib qurdi.
Abbosiylardan Abu Ja’far Mansur xalifa bo‘lgach, Ka’bani buzib, yana Ibrohim alayhissalom davridagidek qilib qurmoqchi bo‘ldi. Bu to‘g‘risida imom Molik rohimahulloh bilan maslahat qildi. Imom Molik rohimahulloh unga dedilar:
- Menimcha, uni hozirgi holida qoldirganing yaxshi. Yo‘qsa, Ka’ba podshohlar o‘rtasida o‘yinga aylanadi!
Bizga kerakli nuqta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida edi...» degan gaplaridir!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga bugungi Ka’bani Ibrohim alayhissalom davridagi Ka’ba emasligini, uni buzishni, Ibrohim alayhissalom qanday qurgan bo‘lsalar, shunday qilib qayta qurishni istayotganlarini aytyaptilar. Ammo Fathdan so‘ng islomga yangi kirgan qurayshliklarning iymonidan xavfsirayaptilar. Bu u zotning chiroyli siyosatlarini, foyda bilan zararning rioyasini qilganlarini anglatadi!
Islomda zararni daf qilish foyda keltirishdan oldinda turadi. Masalan, bir to‘g‘ri ish bor. Ammo uni qilsangiz, ortidan zarar keladi. Yaxshisi, uni qilmasligingiz kerak. Ana shu narsa muhim bir hayot darsidir!
Gohida bir qizni boshqa bir munosib bo‘lmagan kishiga turmushga berib zulm qilib qo‘yamiz. U qizimiz turmush o‘rtog‘i bilan yashay olmaydi. Undan ajralishga harakat qiladi. Bu unga foydali bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bu ajralishdan o‘rtadagi farzandlar uvol bo‘lishi mumkin. Ona farzandlarini o‘zi bilan olib keta olmaydi yoki ularni tashlab ham keta olmaydi. Ana shunaqa paytda savob umidida uni sabrga chaqiriladi, ajralishga undalmaydi. Chunki ajralishda bir kishiga manfaat, ammo bir necha kishiga zarar bor!
Hayotdagi barcha ishlarni shunga qiyos qiling. Hayotda hamma narsa bir xil emas. Bir narsa ziyoda bo‘ladi, yana bir narsa ikkita narsaga teng bo‘ladi. Bu hayot chigal. Bunda har qanday oqning ichida qora bor. Har qanday qoraning ichida esa oq bor. Oqil inson o‘zidagi ko‘p oqni saqlab qolish uchun ozgina qorani qabul qiladi.
Umar roziyallohu anhu ajoyib gap aytganlar: «Yomondan yaxshini ajratib olgan inson ziyrak emas, ikkita yomondan yaxshisini ajratib olgan inson ziyrakdir».
Hayot bizni gohida ikkita achchiq narsadan birini tanlashga majbur qiladi. Zakiy inson to‘g‘ri amalda bo‘lgan, yaqinlashib yurgan va foyda bilan zarar o‘rtasini solishtira oladigan kishidir. Haq deb hamma narsa aytilavermaydi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi