Har yili hijriy yil hisobidagi Rabi'ul-avval, ya'ni “Mavlud oyi” kirishi bilan dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham bo'lsa “Mavlidun-Nabiy”, ya'ni Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning tug'ilgan sanalarini sharaflash, bayram qilish oyidir. Bu mavlud oyi fazilatli oydir. Bu oyda barchamiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg'ambari etib yuborilgan suyukli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o'rganish, har ishda, har kunimizda, har bir amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishi bir-birimizga yanada ko'proq targ'ib qilishimiz kerak bo'ladi.
Mavlidun-nabaviyni nishonlashdan ko'zlangan asosiy maqsad mo'min-musulmonlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatlarini paydo qilish va uni yanada ziyoda qilish va sayqallashdir.
Alloh taolo O'zining kalomida bunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat). Boshqa oyatda: “Kimki Alloh va Uning payg'ambarlariga itoat etsa va Allohdan qo'rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o'shalargina yutuq egalaridirlar”(Nur surasi 52-oyat), deyiladi.
Qalbi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat bilan limmo-lim to'lgan, u zot alayhissalomning aytganlariga itoat etishni hamma narsadan afzal deb bilgan mo'min albatta Allohning roziligi va fazlu marhamatiga sazovor bo'ladi va jannatda u zotga qo'shni bo'lish baxtini qo'lga kiritadi.
Ulamolarimiz mo'min bandaning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatining qanchalik chin ekanligiga quyidagi ishlar dalolat qiladi deydilar:
Payg'ambarimiz alayhissalomning siyratlari va hayotlarini o'rganib, barcha ish va amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga targ'ib qilishimiz kerak. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini qancha ko'p o'rgansak, u zot alayhissalomga muhabbatimiz yanada ortadi. Shu bilan birga, shariatimizning ba'zi hukmlari va maqsadlarini yaxshiroq anglaymiz.
Alloh taolo barchamizga mavlud oyini muborak aylasin!
Shoira KARAMOVA,
O'MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakilligining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi