Ahli sunna val jamoa – Islom tarixining barcha davrlarida musulmonlarning katta qismi tutgan yo'ldir. Ular Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va xulafoi roshidin raziyallohu anhuning sunnatlarini ushlagan va sahobalar, tobe'inlar, to'rt mo''tabar fiqhiy mazhab imomlaridan iborat din peshvolari yo'liga ergashgan jamoadir. Ahli sunnat val jamoa mazkur ulug'larning yo'lini naql va muttasil isnod (og'izma-og'iz eshitish) bilan qabul qilib olganlar.
Manbalarga qaraganda Ahli sunnat val jamoa atamasini dastlab Ibn Abbos raziyallohu anhu Oli Imron surasi 106-oyatini tafsir qilganda ishlatgan bo'lsalarda, bu atama islomning dastlabki davrlarida mashhur bo'lmagan. Balki o'zlarini turli nomlar bilan atagan firqalar ko'paya boshlagach, Ahli sunnat val jamoa atamasi yuzaga chiqdi. Sunnat va jamoat ahli kim deyilsa, ilmda peshvo sahobalar va ularning yo'lini tutgan zotlar, deyiladi. Imom Muslim Ibni Sirin rahimahullohdan rivoyat qiladilar:
لم يكونوا يسألون عن الإسناد فلما وقعت الفتنة قالوا سموا لنا رجالكم فينظر إلى أهل السنة فيؤخذ حديثهم وينظر إلى أهل البدع فلا يؤخذ حديثهم
ya'ni: “Odamlar fitna (hazrati Usmon raziyallohu anhuning shahid qilinishi) chiqqanicha bir-biridan isnod (hadislarni kimdan eshitganini) so'ramas edilar. Undan keyin (hadis eshitgan) kishilaringizni nomlarini aytingchi, deyishardi. Qaralardi, agar ahli sunnat bo'lsa hadisi olinardi, agar ahli bid'at bo'lsa hadisi olinmasdi”.
Ahli sunnat val jamoani tashkil qilgan sahobalardan tobe'inlar ilm o'rgandilar, ulardan esa mujtahid olimlar din ilmini qabul qilib oldilar.
Ikkinchi hijriy asrda ba'zi ilm ahli mutashobeh oyatlarning zohiriga “yopishib”, Alloh taoloning ismi sifatlarini isbotlashda mubolag'a qilib, “tajsim” (Alloh taologa jism nisbat berish)ga o'tdilar. Buning muqobilida mo''tazila firqasi chiqib, Alloh taoloni noloyiq sifatlardan poklaymiz, deb mubolag'a qildilar va oyat-hadislarda sobit bo'lgan sifatlarni yo'qqa chiqardilar. O'sha paytda bo'lgan Ahmad ibn Hanbal va boshqa ahli sunnat vakillari (rahimahumulloh) ularga raddiya bildirganlar. O'zlaridan avvalgi sahobiylar, tobe'inlar va mujtahid ulamolarning yo'lini tutib, mutashobih oyatlar haqida: “Alloh taoloning sifatlari oyati karimalarda qanday bo'lsa shunday imon keltiramiz, ta'viliga kirishmaymiz”, – dedilar. Mo''tazila va mushabbihalarning bid'atlari yuzaga chiqib, ularning so'zlari tarqalgandan keyin bir qancha ulamolar chiqib Ahli sunna val jamoaning e'tiqodini kalomiy hujjatlar va usuliy dalillar bilan quvvatladilar. Bu ishini Imom Abul Hasan Ash'ariy, Imom Abu Mansur Moturidiy kabi zotlar Ahli sunnaning e'tiqodini bayon qilish, shubhalarni daf qilish, naqliy va aqliy dalillar keltirish bilan chiroyli ado etdilar.
Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy Ahli sunnatning aqoid bobida imomi ekanlari haqida ko'p ulamolar ta'kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar:
"المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي
ya'ni: “Sunnatdan maqsad – ahli sunnat va jamoat imomlari Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo'ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).
"إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية"
ya'ni: “Hofiz Murtazo Zubaydiy aytadilar: “Agar Ahli sunna val jamoa deyilganda Imom Ash'ariy va Imom Moturidiylar tushiniladi” (“Ithafu sadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).
Alloma Toshkubrozoda aytadilar:
"ثم اعلم أن رئيس أهل السنة والجماعة في علم الكلام - يعني العقائد - رجلان، أحدهما حنفي والآخر شافعي، أما الحنفي فهو أبو منصور محمد بن محمود الماتريدي، إمام الهدى... وأما الآخر الشافعي فهو شيخ السنة ورئيس الجماعة إمام المتكلمين وناصر سنة سيد المرسلين والذاب عن الدين والساعي في حفظ عقائد المسلمين، أبو الحسن الأشعري البصري
ya'ni: “Ma'lum bo'lsinki, Ahli sunnat va jamoatning kalom ilmi (ya'ni, aqoid)dagi raislari ikki kishidir: Birlari hanafiy, boshqalari shofe'iy mazhabida. Hanafiylari Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Moturidiy, u zot “Imomul Huda” deb nom taratgan. Shofe'iylari “Sunnat shayxi”, “Jamoat raisi”, “Mutakallimlar imomi”, “Payg'ambarlar sayyidi sunnatlariga yordam beruvchi”, “Din himoyachisi”, “Musulmonlar aqidasini saqlashga harakat qiluvchi” Abul Hasan Ash'ariy Basriydir” (“Miftahus sa'ada” kitobi).
Imom Mahmud Zohid Kavsariy aytadilar:
"فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى، وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف من قبيل الخلاف اللفظي
ya'ni: “Imom Ash'ariy va Imom Moturidiylar mashriqu va mag'ribda Ahli sunnat va jamoat imomlaridir. Ularning ko'p sonli kitoblari bor. Ular o'rtasidagi aksariyat ixtiloflar lafziydir”.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bizga turli firqalar ko'paygan paytda musulmonlarni katta jamoasini lozim tutishni o'rgatib, shunday deydilar:
"فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ"
ya'ni: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, katta qora (jamoa)ni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, hozirgi kunda katta jamoat – e'tiqodda Imom Moturidiy va Imom Ash'ariy mazhablari hamda fiqhda to'rt mo''tabar (Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliy) mazhablarga ergashganlardir. Mana shular Ahli sunna val jamoani tashkil etadi. Ahli sunnat ichida bulardan boshqa e'tiqodiy va fiqhiy mazhablar mavjud emas.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo'limi mutaxassisi
Hikmatulloh Toshtemirov
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz