Hasad boshqa birovdagi ne'matning ketishini orzu qilishdir. Bu xatarli ijtimoiy illat bo'lib, ota-ona, tarbiyachilar bolalar go'dakligidanoq unga qarshi davolash choralarini ko'rib bormasalar, shubhasiz, xatarli ta'sir va yomon natija namoyon bo'ladi. Hasad bir qarashda ko'zga tashlanavermaydi. Shuning uchun odamlar farzandlarini “bunday qusurdan xoli” deb, yaxshi gumon qiladi. Shu bois tarbiyaga mas'ul kishilar bolani ziyraklik bilan kuzatib, undagi hasad tuyg'usini to'g'ri tarbiya berish va hikmat yordamida davolashlari, bartaraf qilishlari vojib. Bunday usul salbiy natija, qiyinchilik va ruhiy kasalliklarning oldini oladi. Hasaddan saqlanish, uni davolash yoki tag-tomiri bilan yo'q qilish yo'llarini bayon qilishdan oldin farzandda hasad, qizg'anish, ko'rolmaslik olovini yoqadigan sabablar xususida so'z yuritish to'g'riroq bo'ladi. Bu sabablar quyidagi holatlarda mujassam ifodasini topadi:
– farzandning o'z oilasida muhabbat, muloyimlik kabi ba'zi imtiyozlarni yo'qotishdan qo'rqishi. Hususan, oilada yangi farzand tug'ilganda, katta farzand chaqaloq butun mehr-muhabbatni o'ziga qaratib oladi, deb tasavvur etadi;
– farzandlarning birini ziyrak, boshqasini anqov deb sifatlashga o'xshash nisbatlar berish;
– farzandning biriga ahamiyat berib, boshqasini e'tiborsiz qoldirish. Bir bolani ko'tarib, o'yin-kulgi, hadyalar bilan siylab, boshqasini qo'rqitib, g'amxo'rlik va hadyalardan mahrum etish singari vaziyatlar. Sevimli farzandi etkazgan yomonlik va aziyatlardan ko'z yumib, beparvo bo'lish va boshqa farzandi sodir etgan ozgina xato uchun jazolash;
– o'zi kambag'al, etishmovchilik bilan yashayotgani holda, farzandini moddiyat bobida bekamu ko'st, boy-badavlat qarindoshlari ichiga qo'yish. Shu singari yana boshqa ko'p sabablar farzandga yomon ta'sir ko'rsatib, uni ruhiy xastalik, xudbinlik va ijtimoiy ochko'zlik sari etaklashi mumkin. Uyqusizlik, o'z-o'ziga ishonmaslik va nafratlanishga o'xshash ruhiy zaifliklar ham shundan kelib chiqadi.
Islom dini ochiq hasadni hikmatli tarbiya asoslari bilan muolaja qiladi. Tarbiyachining bunday muolajasi, albatta, farzandlarning o'zaro do'stlik, inoqlik, muhabbat va soflikda ulg'ayishlariga yordam beradi. Qalblarida boshqalarga yordam berish, yaxshilik qilish va mehribon bo'lish tuyg'ularini jamlashlariga olib keladi. Hasadni davolashdagi tarbiyaviy usullar quyidagi ishlarda mujassamlangandir:
Hasadni davolash yo'llari
Imom Termiziy va boshqalar Abdulloh ibn Bariddan, u kishi otalaridan rivoyat qiladi. U kishi aytadilar: «Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) xutba o'qiyotganlarida Hasan va Husan (roziyallohu anhum) ikkalalari qizil ko'ylak kiygan holda yurib kelib, qoqilib yiqildilar. Payg'ambar (sollallohu alayhi va sallam) tushib ikkovini ko'tarib oldilar va oldilariga qo'yib:
وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّمَآ أَمۡوَٰلُكُمۡ وَأَوۡلَٰدُكُمۡ فِتۡنَةٞ
«...mol-mulklaringiz va farzandlaringiz fitna (gunoh, azob va mashaqqat manbai)dir», deb (Anfol, 28) o'qidilar-da, so'ngra: “Bu ikki go'dakning yurib kelib, qoqilib yiqilganini ko'rib, sabr qilolmadim va so'zimni kesib (tugatmay) ularni ko'tardim”, dedilar».
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo) bilan birga o'ynab, qo'llari va tizzalari bilan yurdilar, ular esa ikki tomonidan osilib olishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yurib: “Qanday yaxshi sizlarning tuyalaringiz va sizlar qanday yaxshi tengsizlar”, deb aytdilar. Ya'ni, sizlar menga tengsizlar, sizlarni men teng ko'raman, degan ma'noda.
Imom Buxoriy “Al-Adab al-Mufrad”da Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi. U kishi aytadi: «Bir a'robiy Payg'ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) kelib: “Go'daklaringizni o'pasizlarmi, biz o'pmaymiz”, dedi. Shunda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh qalbingdan rahmatini olib qo'ygan bo'lsa, men nima ham qila olardim”, dedilar».
Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida Aqra' ibn Hobis Taymiy o'tirganida Hasan ibn Alini o'pdilar. Shunda u: “Mening o'nta bolam bor, ulardan birortasini o'pganim yo'q”, dedi. Bas, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga qaradilar va: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, dedilar. Imom Buxoriy “Al-Adab al-Mufrad” kitobida Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Bir ayol Oysha (roziyallohu anho) huzuriga keldi. Oysha (roziyallohu anho) unga uch dona xurmo berdi. U har bir bolasiga bir donadan xurmo berib, o'ziga bir dona olib qoldi, ikkala bolasi xurmoni eb bo'lib onasiga qarashdi. Shunda ayol xurmoni ikkiga bo'lib, bolalariga yarimtadan berdi. Oysha (roziyallohu anho) voqeani Payg'ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) so'zlab berdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Nimaga bu seni ajablantiradi? Batahqiq, ayolning farzandlariga mehribonligidan Alloh unga ham mehribon bo'ladi”, dedilar.
Yangi farzand dunyoga kelgan vaqtda uning akasi yoki opasida hasad uyg'onishining oldini olishi lozim bo'lgan ehtiyot choralariga doim e'tibor qaratmoq kerak. Hususan, buni tarbiyachilar va onalar unutmasliklari lozim. Ehtiyot chorasini yangi farzand tug'ilishidan bir necha oy oldindan ko'rib borish lozim.
Yangi go'dakni kiyintirish, cho'miltirish, taom edirishda akasi (yoki opasi) yordam berishiga imkoniyat yaratishda zarar yo'q. U go'dak bilan birga o'ynashiga ruxsat berish ham foydali bo'lishi mumkin, lekin u go'dakka ozor berib qo'ymasligi uchun doim nazorat qilish kerak. Ona yangi farzandini emizish uchun qo'lga olganida, ota go'dakning akasi bilan o'ynab turishi yoki u bilan suhbatlashib, mehr-muhabbatini bildirishi mustahabdir. Maqsad sevimlilik, mahbublik, mehr ulashish bobida aka go'dak bilan teng ekanini bildirishdir. Bularni ulug' tarbiyachi (sollallohu alayhi va sallam) yuqorida aytib o'tganimiz bir necha hadislarda bayon qilganlar. Shunday ekan, tarbiyachilar farzandlari o'zaro muhabbatli, bir-biriga yordam beruvchi va ochko'zlik, nafrat, xudbinlikdan xoli bo'lishlarini xohlasalar, ulug' muallim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yo'llaridan yursinlar.
Tabaroniy rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlar doim yaxshilikda bo'ladilar, modomiki hasad qilmasalar”, dedilar. So'ng yana: “Hasadchi mendan emas”, dedilar. Farzanddagi hasadni muolaja qilishda ota-onalar va murabbiylar bu tarbiya qonun(asos)lariga muhtojdir. Shubhasiz, agar ular o'zlariga shu qoidani dasturulamal deb bilsalar va o'sha qoidalarni turmushga tatbiq etsalar, farzandlar sofdil, beg'araz va ixlosda voyaga etadilar.
G'azabning foydalari
Inson o'zini himoya qilishi, dinini va obro'-e'tiborini muhofaza qilishi, Vatanini dushmanlardan va fitnalardan muhofaza etishi kerak. Agar insonda ochiq g'azab bo'lmasa, u Alloh harom qilgan hukmlarga amal qilmayotganlarga yoki Islom dinini haqoratlayotganlarga, Vatan dushmanlariga qarshi g'azab va nafrat qilmagan bo'lardi. Shubhasiz, bunday nafrat o'z o'rnidagi g'azabdir. Ba'zi hollarda bunday g'azab Rasulullohda (sollallohu alayhi va sallam) ham kuzatilgan.
Imom Buxoriyning “Sahih” kitobida keltiriladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga Alloh haddini qoim qilishdan qaytarish uchun bir kishi shafoatchi bo'lib kelganida, u zot g'azablandilar va yuzlarida g'azab chiziqlari paydo bo'ldi. So'ngra quyidagi so'zlarni aytdilar: “Sizlardan avvalgi qavm ulug'lari o'g'rilik qilganida jazolamay, zaiflari o'g'rilik qilganida ularga jazo (had) qoim qilib, halok bo'ldi. Allohga qasam, agar Muhammadning qizi Fotima o'g'rilik qilsa, albatta uning qo'lini kestiraman”».
Tabaroniy Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) o'zlari uchun o'ch olganlarini ko'rmaganman. Faqat Allohga hurmatsizlik qilganlardan o'ch olganlar. Agar Allohga biron kishi osiy bo'lsa, unga qattik g'azab qilardilar. U kishiga ikkita ish to'g'ri kelsa, engilrog'ini tanlardilar. Agar unda Allohning g'azabi, norizoligi bo'lsa, undan eng uzoq odamlardan bo'lar edilar”.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabiiy, ochiq g'azabini yaxshi maqsadga yo'naltirganlarni va g'azabini yutganlarni, g'azablanganida o'zini tuta olganlarni maqtaganlar.
Imom Buxoriy rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam): “Menga nasihat qiling”, dedi. U zot (alayhissalom): “G'azab qilma”, dedilar va shu so'zni bir necha bor qaytardilar».
Imom Ahmad “Musnad” kitobida keltiradi: «Ibn Umar (roziyallohu anhu) Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) so'radilar: “Aziz va ulug' Alloh g'azabidan meni nima uzoq qiladi?” U zot (alayhissalom): “G'azab qilma!” dedilar».
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim qodir bo'laturib, g'azabini yutsa, qiyomat kuni Alloh xaloyiq oldida uni chaqirib, “huri ayn”dan birini tanlash ixtiyorini beradi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Buxoriy va Imom Muslim Ibn Mas'uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar qanday kishini pahlavon bilasizlar?” dedilar. Ular: “Hech bir kishi undan g'olib kelmaganni”, dedilar. U zot (alayhissalom): “Yo'q, g'azablanganida o'zini tuta oladigan kishi pahlavondir”, dedilar».
Shubhasiz, Qur'oni karim mo'min va mo'minalarni g'azabni yutishga va undan chiroyli qaytarishga, johillardan yuz o'girishga undaydi. Chunki jamiyatda muhabbat va do'stlik mukammal bo'lishi kerak.
وَلَا تَسۡتَوِي ٱلۡحَسَنَةُ وَلَا ٱلسَّيِّئَةُۚ ٱدۡفَعۡ بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُ فَإِذَا ٱلَّذِي بَيۡنَكَ وَبَيۡنَهُۥ عَدَٰوَةٞ كَأَنَّهُۥ وَلِيٌّ حَمِيمٞ٣٤
«Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas. Siz (yomonlikni) go'zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o'rtalaringizda adovat bo'lgan kimsa qaynoq (qalin) do'stdek bo'lib qolur»(Fussilat, 34).
وَعِبَادُ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلَّذِينَ يَمۡشُونَ عَلَى ٱلۡأَرۡضِ هَوۡنٗا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ ٱلۡجَٰهِلُونَ قَالُواْ سَلَٰمٗا٦٣
«Rahmonning (suyukli) bandalari erda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganida “Salomatlik bo'lsin!” deb javob qiladigan kishilardir»(Furqon, 63).
ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي ٱلسَّرَّآءِ وَٱلضَّرَّآءِ وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤
«Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron, 134).
Yomon g'azabning ko'rinishi insonga, uning aqliga salbiy ta'sir ko'rsatib, jamiyat ahilligiga va birdamligiga putur etkazadi. Ota-onalar, murabbiylar farzandning ilk bolalik vaqtidan to o'smirlik va balog'at yoshiga etgunicha bunga ahamiyat berishlari kerak. Boladagi g'azabni davolashning yaxshi yo'li uni bu illat sabablaridan yiroq qilib, o'zida go'zal xulq va yaxshi odatlar paydo qilishiga sharoit yaratishdir. “Oldini oluvchi bir dirham davolovchi ko'p dirhamdan yaxshi”, degan donolar.
Agar g'azabning sababi ochlik bo'lsa, murabbiy bolani o'z vaqtida ovqatlantirishga harakat qilmog'i shart. Chunki ovqatni kechiktirish jismoniy va ruhiy kasalliklarga olib boradi. Qanchalab murabbiylar qaramog'idagi bolani vaqtida to'ydirmay, gunohkor bo'lishadi.
Agar g'azabning sababi kasallik bo'lsa, murabbiy bolaning tibbiy muolajasi to'g'risida jon kuydirib, uning sog'ligini tiklash choralarini ko'rishi lozim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalariga murojaat qilaylik.
Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qiladi: “Har bir davrning davosi bor, agar davo etsa, aziz va ulug' Alloh izni bilan tuzalar”.
Agar g'azabning sabablari bolaning haqoratlanishi va xorlanishi bo'lsa, murabbiy tilini og'ir botadigan so'zlardan tiymog'i lozim, toki bolada ruhiy kasallik va g'azab o'rnashib qolmasin. Shubhasiz, bunday yo'l tutish go'zal tarbiya va yaxshilikka yordamlashishdir.
Ibn Moja ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandlaringizga chiroyli odob bering”, dedilar. Ibn Hibbon rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandning yaxshi bo'lishiga yordam ko'rsatgan otaga Alloh rahm qilsin”, dedilar.
Agar bola g'azabining sababi ota-onaga taqlid bo'lsa, halimlikda va g'azabni yutishda, bardoshlilikda ota-ona farzandga to'g'ri o'rnak bo'lishi lozim. Alloh taoloning quyidagi so'ziga muvofiq:
وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤
«...g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron, 134).
Yuqorida aytib o'tilganidek, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nasihatlariga muvofiq: “...lekin g'azablangan vaqtida o'zini tuta olgan pahlavondir”.
Agar g'azabning sababi farzand huzurida isrofgarchilik qilish va haddan ziyod erkalash bo'lsa, murabbiylar farzandlarga muhabbatda teng bo'lishlari va mehribonlikda, nafaqada o'rtacha bo'lishlari kerak.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu) aytganlariga muvofiq: “Yaxshi ko'rganingni o'rtacha yaxshi ko'r, bir kun yomon ko'rganingga aylanishi; yomon ko'rganingni ham o'rtacha yomon ko'r, bir kuni yaxshi ko'rganingga aylanishi mumkin”.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Erka qilib o'stirishdan saqlaninglar, chunki Allohning bandalari erka qilib o'stiruvchi emas”, deb ogohlantirganlar.
Agar bola g'azabining sabablari hazil-mazax va laqab taqish singari yaramas odatlar bo'lsa, murabbiylar bunday sabablardan saqlansinlar, farzandda g'azab tuyg'usi ildiz otmasligi juda muhim. Yomon gumon qilish, josuslik, laqab bilan chaqirishdan qaytarishda Qur'oni karim eng ulug' tarbiyachidir. Hujurot surasida bunday deyiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا يَسۡخَرۡ قَوۡمٞ مِّن قَوۡمٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُونُواْ خَيۡرٗا مِّنۡهُمۡ وَلَا نِسَآءٞ مِّن نِّسَآءٍ عَسَىٰٓ أَن يَكُنَّ خَيۡرٗا مِّنۡهُنَّۖ وَلَا تَلۡمِزُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ وَلَا تَنَابَزُواْ بِٱلۡأَلۡقَٰبِۖ بِئۡسَ ٱلِٱسۡمُ ٱلۡفُسُوقُ بَعۡدَ ٱلۡإِيمَٰنِۚ وَمَن لَّمۡ يَتُبۡ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ١١
“Ey mo'minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo'lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimol, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo'lsa. O'zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizo'ni laqablar bilan atamangiz! Iymondan keyin fosiqlik nomi naqadar yomondir! Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o'shalar (gunoh ishlar bilan o'zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir”(11-oyat).
Farzandga Payg'ambarimizning (sollallohu alahi vasallam) go'zal axloqlaridan ta'lim berish undagi g'azabni davolashda eng yaxshi ta'sir qiladigan doridir. G'azabni bosishda quyidagilar tavsiya etiladi:
G'azab kelganida holatni o'zgartirish. Imom Ahmad va boshqalar rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Birontangiz g'azablansangiz, tik turgan bo'lsa, o'tirsin, agar undan g'azab ketmasa, yotib olsin”, dedilar.
G'azab kelganida tahorat olish. Imom Abu Dovud rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “G'azab shaytondan, shayton olovdan yaratilgan. Albatta, suv olovni o'chiradi. Agar birortangiz g'azab qilsa, bas, tahorat olsin”, dedilar.
G'azab kelganida sukut saqlash. Imom Ahmad rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Birortangiz g'azablansa, bas, sukut saqlasin”, dedilar.
“A'uzubillahiminashshaytonirrojim” (ta'avvuz)ni aytish. “Sahihi Muslim” kitobida keltiriladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida ikki kishi o'zaro haqoratlashib qoldi. Birining yuzlari qizarib, g'azab bilan sohibini haqorat qildi. Shunda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) «Men bir so'zni bilaman, agar uni – “a'uzubillahi minash shaytonir rojim”ni aytsa, g'azabi ketadi», dedilar.
Shunday ekan, ota-onalar, murabbiylar farzandlarga va shogirdlarga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) g'azabni ketkazish va engillatish borasidagi shu vasiyatlariga ko'ra odob berishlari lozim, toki ular tezda halimlik, bardoshlilik kasb etsinlar, g'azablanganida o'zini tutishga odatlansinlar. Murabbiylar g'azablangan kishining ko'zlari chaqchayib, qon tomirlari shishib, hunuk qiyofaga kirishi va ovozi baland ko'tarilishini tasvirlash bilan farzandlarga g'azabning yoqimsizligini, jirkanchligini bildirishlari zarur. Shuningdek, bolalarni g'azabning ofatlari, xatarlari va jirkanch oqibatlaridan ham ogoh etish kerak.
G'azabning ko'rinishlaridan ogoh etish va yomonligini tushuntirish jamiyat tarbiyasi va nafs muolajasi uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatgan yo'ldir.
Imom Ahmad Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi. U zot: “Ogoh bo'ling, albatta, g'azab odam farzandi qalbida yonadigan cho'g'dir, uning qon tomiri shishganiga va ko'zlari qizarganiga qaramaysizmi? Kim shularning birini (o'zida) sezsa, bas, erga (o'tirsin)”, dedilar.
Hulosa qilib aytsak, ota-ona, murabbiylar farzandlarini yoshligidanoq g'azabning turli sabablaridan uzoqlashtirib, uni davolash va tinchlantirishda Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yo'llarini tutsalar, shubhasiz, farzandlar halim, bardoshli, nafsini tiyadigan bo'lib ulg'ayadilar.
Ota-ona, tarbiyachilar bolalarni uyatchanlik, qo'rquv, ongsizlik, hasad va g'azabdan qutqarsalar, ularning nafslarida sobitlik, jur'atlilik, shijoat, peshqadamlik va bardoshlilik urug'ini ekkan bo'ladilar. Bunday tozalash va bezatish bolalarni kelajakka munosib kishilar qilib tayyorlaydi. Ularda hayotga ishonch, g'ayrat, pok va oliyjanob xulqlarni paydo qiladi. Hullas, nafsni tarbiyalash va to'g'rilashda murabbiylar Islom yo'lini, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalarini bilishlari, zimmalaridagi mas'uliyatni ado qilishlari kerak.
KYeYINGI MAVZULAR:
IJTIOMIY TARBIYa MAS_''ULIYaTI:
Taqvo;
Qalb ildizi.
HULOSA
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.