Podshoh vaziridan so'radi: «Nega anavi xodimimni o'zimdan ko'ra baxtiyorroq yurganini ko'raman? Axir uning hech vaqosi bo'lmasa, menda bo'lsa boylik, mol-mulk va barcha narsaning egaligi bo'lsa? Yana meni ko'nglim to'lmaydi, injiq bo'laman?
Vazir javob berdi: «U bilan «to'qson to'qqiz» qoidasini tajriba qilib ko'ring, tushunib olasiz».
Podshoh: «To'qson to'qqiz» qoidasi nima ekan? deya so'radi.
Vazir: «Tunda sezdirmay kelib, xodimning uyi eshigi oldiga to'qson to'qqiz dinorni qo'yasiz va bir parcha qog'ozga «mana shu yuz dinor senga hadyadir» deb yozib qoldirasiz. Sekin eshikni qoqib ketib qolasizda, bir chetdan nima bo'lishini kuzatib turasiz», dedi.
Podshoh vazirining aytganini qildi va chetdan kuzata boshladi. Hodim eshikni ochdi va narsani olib, undagi yozuvni o'qidi. So'ngra dinorlarni sanab ko'rdi-da, «hoynahoy, bir dinor tashqarida tushib qolgan bo'lsa kerak» deya oila a'zolarini ham uyg'otib chaqirdi va hammalari birga ko'chadan uni izlashga tushishdi. Tun o'tib, tong ham otdiki, uni topa olishmadi. Uyning egasi etmayotgan dinorni topa olishmaganidan qattiq jahli chiqdi va ularni urushib, zahrini sochdi.
Ertasiga xodim tuni bilan uxlamay pul qidirib chiqqani uchun ham ishga hayoli parishon holda keldi va yuzi burishgan, qovog'i soliq, ahvolidan noligan holda podshohning oldiga ro'baro bo'ldi.
Ana shunda podshoh «to'qson to'qqiz»ning ma'nosini angladi.
Biz ana shundaymiz. Alloh taolo bizga ato etib qo'ygan to'qson to'qqiz ne'matni unutamizda, o'sha «yo'qotilgan» bittasini izlash bilan umrimizni o'tkazib qo'yamiz. Alloh taolo bizga taqdir etmagani izlash bilan o'tkazib qo'yamiz. Uning hikmatini anglamaymiz, ko'nglimiz to'lmaydi va ichida ko'milib yurganimiz ne'matlarni esa unutamiz.
Bas, undan ko'ra to'qson to'qqiz ne'mat bilan huzurlarlaninglar, ulardan bahramand bo'linglar. Allohdan Uning fazlini so'ranglar, aslo sanab adog'iga eta olmaydiganimiz, shukrini keltira olmaydiganimiz ne'matlariga shukr qilinglar.
«Va Robbingiz sizga: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deb bildirganini eslang» (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan