Bugungi kunda Damashq shahrining tarixiy markazlarida o'zbek etnosi bilan bog'liq bo'lgan kichik mahallalar, ko'chalar, tarixiy masjidlar va madrasalar saqlanib qolgan. Ma'lumotlarga ko'ra, 2010 yillarda Suriyaning Damashq va Halab (Aleppo) shaharlarida taxminan bir necha ming o'zbeklar (buxoriylar) yashagan. Tarixiy manbalarda o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar Damashq shahriga turkiy mamluklar bilan birga kirib kelgani haqida ma'lumotlar bor. Misr tarixida bo'lgani singari Suriya tarixida ham Tuluniya va Ishxidiy amirliklari katta siyosiy va harbiy ta'sirga ega bo'lishgan. Mamluklar davrida o'rta osiyolik yirik mulkdorlar, qo'shin qo'mondonlari va siyosiy arboblar Damashqda masjidlar, madrasa va xonaqohlar qurgan.
Yuqoridagi suratda: Damashqdagi o'zbek mahallasi, HH asrning 20-yillari.
XVIII-XIX asrlarda o'rta osiyoliklar haj ziyorati uchun Suriya hududlariga Eron orqali o'tuvchi karvon yo'llari bilan kirib kelgan. Ma'lumotlarga ko'ra, bu davrda Damashq O'rta Osiyodan Eron orqali o'tuvchi haj yo'lining so'nggi bekati bo'lgan. Ko'plab ziyoratchilar, haj safaridan qaytishda shu erda yashab qolib ketishgan. Ularning maxsus xonaqohlari (takyalari) bo'lgan. Jumladan, Usmoniy poshsholar davri hali tugamagan bir davrda, Murodiya takyasi tashkil qilingan bo'lib, bu takyani asli o'rta osiyolik naqshbandiya tariqatining yorqin vakillaridan biri bo'lgan Murod Muhammad al Buxoriy nomi bilan bog'lashadi, bu erda naqshbandiy tariqatining sufiylari yig'ilishgan, hojilar uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini bajargan. Bu takya Damashqning al-Vard mahallasida joylashgan. Mazkur takya tarkibida Murodiya jome'si ham bo'lib, u Damashqdagi katta jome'lardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Damashqda hozirga qadar saqlanib qolgan Al-Afram jome'sini ham o'rta osiyoliklar bilan bog'lashadi, u eski Damashqning Al-Muhajirin mahallasida joylashgan. O'rta osiyoliklar Damashqning turli mahallalarida yashaganligi ma'lum, jumladan, al-Azbakiya, al-Muxajirin, Annabaa Assalixiya, Suksaruja, al-Maydan va al-Qadam va boshqalar.
Suratda: Murodiya takyasi, HH asr.
Suratda: Damashqdagi Naqshbandiya (Murodiya) jome'si.
HH asrda O'rta Osiyoda boshlangan kolxozlashtirish va undan so'ng bo'lib o'tgan Stalin qatag'onlari davrida o'rta osiyoliklar avval Afg'onistonga, so'ngra Yaqin Sharqdagi katta shaharlarga ko'chib ketgan. Ular Yaqin Sharqdagi katta shaharlarga jumladan, Damashq shahriga ham borib joylashgan. Damashqqa kelgan o'rta osiyoliklar orasida Buxoro amirlari, Qo'qon xonlari oilasiga mansub xon avlodlari, xonlikda yuqori lavozimlarda ishlagan amaldorlar, harbiylar, shayxul islomlar bo'lgan, shuning uchun ham ular bu erlarda katta qiyinchiliklarga uchramasdan tez orada davlat va jamiyatda o'z o'rinlarini topishgan. Ular umumiy nom bilan buxoriylar deb nomlangan. O'rta osiyoliklar orasidan harbiy amaldorlar, siyosatchilar, yirik tadbirkorlar, ko'plab olimlar va muftiylar etishib chiqqan. Hususan, o'z davrida Nasoxi Al-Buxoriy Suriyada yuqori harbiy lavozimlarda va bosh vazir vazifalarida faoliyat yuritgan. Tilshunos olim, professor Burhon Buxoriy nafaqat Suriya ilmiy jamoatchiligida balki o'zbek olimlari orasida taniqli olimlardan biridir.
Bir so'z bilan aytganda xuddi, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Quddus va Qohirada bo'lgani singari Damashqdagi millatdoshlarimiz bunyodkorligi bilan, vatan, islom dini va o'zlari yashab turgan jamiyat taraqqiyoti yo'lida sadoqat bilan xizmat qilganlar, natijada yaxshi nom va hurmatga sazovor bo'lganlar.
Shavkat Ikromov,
Yaqin Sharq davlatlari bo'yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o'qituvchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz doktoranti.
azon.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.