Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2025   |   15 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2025, 15 Ramazon, 1446

Ilm-ma'rifat beshigi

16.10.2020   2426   6 min.
Ilm-ma'rifat beshigi
Markaziy Osiyo – ilm-ma'rifat o'chog'i. U dunyo tsivilizatsiyasiga hissa qo'shgan buyuk allomalar beshigi hamdir. 

Bu zaminda azaldan komil inson tarbiyasiga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Bunga ushbu zaminda tug'ilib voyaga etgan buyuk allomalar ijodiyu jahongir sarkardalarning bunyodkorlik faoliyati yorqin misol. 

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida IRCICA–Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish xalqaro markazi hamda “Islom tarixi va manbashunosligi –IRCICA” kafedrasi hamkorligida “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, diniy an'ana va urf-odatlari” mavzusida o'tgan respublika ilmiy-amaliy onlayn konferentsiyada shu haqda so'z bordi. 

Konferentsiyada Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi mutasaddilari, tarixchilar, san'atshunoslar, sharqshunoslar, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, ilmiy-tadqiqotchilar, o'qituvchi va talaba-yoshlari ishtirok etdi.
 


Anjumanda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi diniy-ma'rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo'yicha birinchi prorektori, professor Shuhrat Yovqochev, “Islom tarixi va manbashunosligi–IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne'matullo Muhamedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda muqaddas dinimizning asl tinchlik, bag'rikenglik, insonparvarlik mohiyatini targ'ib qilish, uni turli xurujlardan asrash, ilmiy-madaniy merosni o'rganish va targ'ib qilish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish tamoyili asosida keng qamrovli ishlar olib borilayotganini ta'kidladi.O'tgan qisqa vaqt ichida Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani mazkur sohaga ko'rsatilayotgan e'tibor natijasidir. 

IRCICA – Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi bosh direktori, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Faxriy doktori” Halit Eren Markaziy Osiyo xalqlarining jahon tamadduniga qo'shgan hissasi o'ziga xos ekanini ta'kidladi. 

– Islom dinining Markaziy Osiyoga kirib kelishi natijasida mintaqada san'at, madaniyat va ilm-fan yanada rivojlandi, – deydi Halit Eren. – Mintaqa turli xil e'tiqod va madaniy o'ziga xos xalqlarni qabul qildi va ko'p madaniyatli hayot tajribasiga ega bo'lib kelmoqda. Markaziy Osiyoda kamolga etgan allomalar bugungi zamonaviy fanlar – arxitektura, ilohiyot, astronomiya, tibbiyot, falsafa, geometriya, geografiya, huquqshunoslik, tasavvuf fanlari rivojiga katta hissa qo'shdi. 

Darhaqiqat, o'sha davrda hududda ko'plab kutubxonalar, rasadxonalar qurildi. Hususan, Yusuf Hos Hojibning Markaziy Osiyo xalqlari uchun beqiyos ahamiyatga ega, adolatli boshqaruv haqidagi “Qutadg'u bilig” kitobi yozildi. Al-Farg'oniyning astronomiyaga oid kitobi ko'p yillar mobaynida Yevropa ta'lim muassasalarida asosiy manba bo'lib xizmat qildi. Forobiy Aristoteldan so'ng “Ikkinchi muallim” sifatida e'tirof etildi. Ibn Sino tibbiyot ilmini, al-Horazmiy algebra fanini yangi bosqichga olib chiqdi. Forobiy, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy kabi siymolar jahonga tanildi. 

Quvonarlisi, bugun ham mazkur jarayon davom etmoqda. IRCICA – Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi barqaror rivojlanib boryapti. 

Konferentsiya turli mavzularda ma'ruzalar tinglandi. Shuningdek, O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov “Islom tsivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining tarkibiy tuzilishi” mavzusida ma'ruza qildi. 

– Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz asrlar davomida jahon tsivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo'lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy kontseptsiya ishlab chiqildi, – deydi Shoazim Minovarov. – Markaz uchun Toshkent shahrida mahobatli inshoot qurilishi boshlangan bo'lib, shaklan va mazmunan tengi yo'q mazkur majmuada yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo'lyozma, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osor-atiqalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etiladigan “Islom san'ati muzeyi”, ulkan fondga ega kutubxona, yirik ilmiy tadqiqotlar markazi, eng zamonaviy usullarda restavratsiya qilish, tiklash va ko'paytirish bo'limlari, nashriyot hamda zamonaviy konferentsiya zali tashkil etish rejalashtirilgan. 

Konferentsiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov “Markaziy Osiyo madaniyati tarixiga oid manbalarda kutubxonalar haqida ma'lumotlar” mavzusida batafsil ma'lumot berdi. 

– O'rta asrlarda mintaqa shaharlarida ko'plab kutubxonalar faoliyat ko'rsatgan, – deydi Sh. Ziyodov. – Kutubxonalar asos e'tibori bilan uch xil – saroy, masjid va madrasalar hamda sulolaviy-xususiy kutubxonalarga ajratilgan. Ushbu ziyo dargohlarida kitoblar uyga berilgan yoki kutubxonaning o'zida foydalanilgan. Kitoblarni boshqa shaharga olib chiqish yoki sotish qat'iyan man qilingan. Kutubxonalarda saqlanayotgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi ko'plab allomalarning qo'lyozma asarlari mintaqa xalqlarining ilm olishi, madaniyati shakllanishiga katta ta'sir ko'rsatgan. 

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon tsivilizatsiyasi markazlaridan biri sanaladi. Mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, diniy an'ana va urf-odatlari, alloma va olimlar hayot yo'llarini o'rganish, ularning merosini tadqiq etish dolzarb masalaga aylangan. 

Konferentsiyada Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyati hamda yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. 

Qizg'in munozara, savol-javoblar ostida o'tgan onlayn-anjuman yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirishga kelishib olindi. 

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
matbuot xizmati
Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

12.03.2025   4190   3 min.
Qur’onni tadabbur bilan o‘qing va tinglang!

Alloh taolo O‘z Kalomida tadabbur qilish haqida bunday marhamat qiladi:

﴿كِتَٰبٌ أَنزَلۡنَٰهُ إِلَيۡكَ مُبَٰرَكٞ لِّيَدَّبَّرُوٓاْ ءَايَٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٢٩﴾

Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir(Sod surasi, 29-oyat).

﴿أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا﴾

“Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi, 82-oyat).

Qur’onni tadabbur qilish, ya’ni, uni chuqurroq anglashga intilish juda zarur ishdir. Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).

Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.

Imom Bayhaqiy “Shu’ab al-iymon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim, dedi.

Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ha shunday, deb javob berdilar.

Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holimi sizning sochingizni oqartirdi.

Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! oyati sochimni oqartirdi, dedilar.

Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (Yo, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.

Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir.

Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham, tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.

Davron NURMUHAMMAD