Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Imloni bilmagan omidir

16.10.2020   2561   8 min.
Imloni bilmagan omidir

Ona tilim – jonu dilim

Til har kuni, har lahzada millionlar tomonidan qo'llanib, tinimsiz o'zgarib turadigan ulkan jarayon. Hususan, keyingi o'n-o'n besh yil mobaynida ijtimoiy hayotda ro'y berayotgan yangiliklar tilimizga zo'r ta'sir o'tkazdi. Masalan, dinga aloqador talay so'zlar yozilishida ancha o'zgarish yuz berdi.

Gapni “Bismilloh”dan boshlaylik.

Ilgari kitoblarda “Bismillohir rahmonir rahim” deb yozilar edi. Endi bo'lsa, o'n kitobda o'n xil: “Bismillahir rohmanir rohiym” (Fariduddin At­tor, “Tazkiratul avliyo”. “O'zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, T., 1997). “Bismillohirrah­monirrahim” (“Tahorat va namoz o'qish qoidalari”“Honaqoh” masjidi, 1990), “Bi-smi-l-lahi-r-rahmonir-rahiym” (Zahiriddin Muhammad Bobur, “Kito­bu-s-salot”. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, T., 1993)“Bis­millohir-rahmonir-rahim” (Alisher Navoiy. “Mukammal asarlar to'plami”. O'zR FA “Fan” nashriyoti, 20 tomlik, XIV tom, T., 1998, 7-b), “Bismillahir Rahmanir Rohim” (S.S. Buxoriy, “Dilda yor”. G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti), “Bismillahir rahmaanir rohiiym” (“Islom. Payg'am­barimiz duo­lari”, “Islomda e'tiqod, Ikki hayit va juma namozi xutbalari”, Marg'ilon, “Masjidul Furqon”) va hokazo.

Taajjubki, avvalgining teskarisi: oldin qayerda “a” yozilgan bo'lsa, endi “o” qilib, “o” ni esa “a” deb yozish kerak emish. (Rahmon – Rohman). Birgina “Rahim” so'zida nihoyati beshta tovush bo'lsa, buning eski va yangi shakli o'rtasida uchta harf tafovuti yuzaga kelyapti. Ya'ni, o'zgarish 60 foiz. Olloh-Alloh, din-diyn, imon-iymon, vali-valiy, tariqat-tariyqat, rasul-rosul va hokazolar haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.

Ho'p, bu o'zgarishlar yaxshi niyat bilan – diniy kalimalarni asl arabcha yoki unga yaqin ifodalashga intilishdan kelib chiqadi, deylik. Ammo, o'zingiz o'ylab ko'ring, arab tilidan kirib kelgan so'z­larni xuddi arablardek talaffuz qila olamizmi? Shunga urinish to'g'rimi o'zi?

Diniy atamalar imlosi sof ilmiy masala bo'lish bilan birga, ko'p hamdir. Dunyoning hamma xalqlari chetdan kir­gan so'z va atamalarni o'z tiliga moslash­tirib, talaffuz qiladi, shunday yozadi ham. Arablar “javhar” deydi, “Shosh” deydi, chunki “gavhar”, “Choch” deyishga tili kelishmaydi. Biz esa, nima uchundir, qaysi tildan so'z olar bo'lsak, o'shanga moslashishga urinamiz, ona tilimiz xossalari poymol bo'layotgani bilan ishimiz yo'q.

Bilmadim, ba'zilarning tabiati shu­naqa shekilli. Har kimga tobe bo'lishga shay. Butun dunyo: inglizlardan tortib, arablargacha Rossiya poytaxtini “Moskov” deydi, ruslarning o'zi ham jumla ichida “Moskovskiye novosti” deb ataydi, ammo biz hijjalab: “Moskva”, deymiz.

O'zbek tilidagi nutqda – u og'zaki bo'­la­dimi yoki yozma – o'zbek tili xususiyat­la­ri ustun bo'lishi kerak. Bu hol arab­chadan kirgan diniy kalimalar imlosiga ham to'la taalluqli. Fone­tika sohasida shunday tajribalar o't­kazilganmi yo yo'qligini bil­mayman, ammo men uchun “rohiym” deyish­dan ko'ra “rahim” deyish qulayroq.

Otalarimiz “Alloh”, “rasul”, “tariqat” de­gan va bu shakl o'zbek tilining orfo­epiyasiga to'la muvofiq keladi. Bugunga kelib “tariqat” emas, “tariyqat” to'g'ri deb topiladigan bo'lsa, unda “ha­qiqat”ni “haqiyqat”, “Farida”ni “Fariy­da” deb yozishga to'g'ri keladi va ho­kazo. Yuz-yuzlab so'zlar shakli o'zgaradi, o'z­bek im­losi parokanda bo'ladi.

Bu kabi “tahrir” va “isloh”larni qu­loq qoq­may qabul etaveradigan bo'lsak, hademay forsiycha so'zlarni ham taftish qilishga kirishamiz:  payg'ambar – pay­g'ombarga, rahbar – rohbarga aylanadi.

Arab so'zlarini, harchand urinmaylik, kirillu lotin alifbolarida baribir mukammal ifodalab bo'lmaydi. Bino­barin, diniy kalimalarni, hozirgacha yozib kelinganiday, lug'atlarga muvofiq beraverish maqsadga muvofiq.

* * *

Fors-tojik, rus va boshqa tillardan kirgan qo'shma so'zlarni o'zbek so'zi kabi yozamiz (xushomad, nuqtai nazar, elek­trostantsiya, interaktiv). Ammo arab tilidan olingan aksar so'z birikma­la­ri, nima uchundir, defis (-) bilan ifodalanadi (“Mahbub ul-qulub”, “Yati­mimat ad-dahr”). Aslida, arab yozuvida defis degan narsaning o'zi yo'q. Ruslar­ning arabcha kishi ismlari (Sayfiddin, Hudoyorxon, Ummi Kulsum) va joy nomlari (Qo'qonqishloq) orasiga defis qo'yishi (Sayf-ed-din, Hudayar-Han, Umm-al' Kul'­sum, Kokan-kishlak)ning ham arab imlo­siga aloqasi yo'q. Bu g'arblik sharq­shu­noslar ixtirosi bo'lib, so'z o'zagidan artiklni farqlash uchun oraga chiziqcha qo'yishgan. Masalan, Alisher Navoiy asarini “Nazm-al'-Djavaxir” deb yozadi. Keyinchalik Sharqqa tegishli har qanday so'z birikmasi, hat­to arabiy bo'lmasa ham, defis bilan yoziladigan bo'ldi (“Babur-name”). Ajabki, Yevropaning o'zidagi joy nom­lari, hatto qo'shma otlardan tashkil top­gan bo'lsa ham, defissiz yoziladi (Bu­dapesht, Shtutgart, Volgograd).

Bugina emas. G'arb imlosida nafaqat arab, balki umuman Sharqqa (xitoy, yapon, hind, v'etnam, koreys…) tegishli har qanday so'zni defis bilan parchalab yozish an'anaga aylangan. Ular “Uchqu­duq”ni ham “Uch-kuduk” deb yozadi.

Hullas, til millat ko'zgusi. Ajnabiy tildan o'zlashtirilgan yoki o'zlashtirila­yotgan har qanday so'z o'zbek tili gramma­tikasiga moslashishi shart. Aks holda ma'naviyatimizga, o'zligimizga darz ketadi. Bu esa juda xavflidir.

 Zuhriddin ISOMIDDINOV,

adabiyotshunos olim

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

28.04.2025   34   1 min.
Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.

Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:  

–      Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

  • Imomul mutakallimiyn (Kalom ilmi olimlari peshvosi);
  • Musahhihu aqoidil muslimiyn (Musulmonlarning aqidalaridan xatolarni tuzatuvchi);
  • Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
  • Nosirus sunna va qomi’ul bid’a (Sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi);

–  Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.

Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.   

Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.

Maqolalar