Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari va tanalari ham juda chiroyli, xushbichim, vujudlaridagi a'zolari nihoyatda bir-biriga mutanosib edi. Payg'ambarlar ichida chiroyli, go'zalligi bilan mashhur bo'lgan Kan'on yurtida tug'ilgan, Ya'qub alayhissalomning o'g'li bo'lgan Yusuf alayhissalomni bilasiz. U kishi (Yusuf alayhissalom) o'z aka-ukalarining bir qancha fitnalari sababli asir qilib sotilgan, Misrga keltirilgan. Lekin keyinchalik Misrda tanilib, podshoh bo'lib ketadi... Misrdagi bir aziz, e'tiborli kishining uyiga qul qilib sotilgan bo'ladi. Yusuf alayhissalomning chiroyi jamoli bu erdagilarning og'ziga tushadi. Uning husniga mahliyo bo'ladilar... Yusufni sotib olgan kishining xotini haqida ham har xil gaplar tarqatishadi... Bu ayol, ya'ni uy sohibasi bir kuni uning haqida har xil gap-so'z qilib yurgan misrlik ayollarni uyiga taklif qiladi va har bir ayolning qo'liga olma bilan pichoq beradi. Yusufga: “Ayollar oldiga chiqib bir ko'rinish ber”, deydi:
...وَقَالَتِ اخْرُجْ عَلَيْهِنَّ... (سورة يوسف :31)
Va qolatixrujna alayhinna – ...Keyin (Yusufga) ularning oldiga chiqqin, dedi.
Yusuf alayhissalom ayollarga ko'ringach:
...فَلَمَّا رَأَيْنَهُ أَكْبَرْنَهُوَقَطَّعْنَ أَيْدِيَهُنَّ... (سورة يوسف :31)
Falamma roaynahu akbarnahu va qotta'na aydiyahunna – Ayollar Yusuf alayhissalomni ko'rishlari bilan “Allohu akbar” deb qo'llarini juda qattiq kesib olishadi. Ya'ni ayollar Yusuf alayhissalomning husniga mahliyo bo'lib, shoshib qolib, hayajondan “Alloh akbar” deb, olma kesish uchun berilgan pichoq bilan qo'llarini kesib qo'ydilar. “Qataa”ning ma'nosi kesish, qirqish degani; “Qottaa” esa ko'p kesish degani... Qo'llarini ko'p qirqishdi, ko'p kesishdi...
Bu voqea haqiqatan bo'lgan, chunki Qur'oni karimda shunday keltirilgan. Bu voqeadan Yusuf alayhissalomning qanchalik chiroyli va maftunkor husn sohibi bo'lganligini anglaymiz... Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa, Yusuf alayhissalomdan ham chiroyli edilar. Badaviylardan bir kishi:
– Yuzlari qilich kabi porlar edi, – deydi. Ya'ni qilichdek, metallga xos yaltiroqlik... Bunga boshqa biri e'tiroz bildiradi:
– Qilichdek emas; oydek, quyoshdek edi! – deydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qanday inson bo'lganliklari, bo'yi-basti, sochlari qandayligi, ko'zlarining ranglari, soqollari va umuman, vujudlari haqida ma'lumotlar bor, albatta...
Ko'rmagan kishilar ko'rgan kishilardan so'rashgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siymolari haqida aytilgan rivoyatlarning ichida bir mashhur rivoyat bor, unda shunday deyilgan:
من رآه بديهةها و من خالطه معرفة احبه، يقول ناعته لم اری قبله و لا بعده مثله
(ترمذی عن علی)
Man raohu badihatan hobahu va man xolatahu ma'rifatan ahabbahu, Yaqulu noituhu lam ara qablahu va la ba'dahu mislahu –
U zotni birinchi bor ko'rgan kishi, haybatlarining muazzamligidan titrardi, qo'rqardi...
Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunchalik haybatli inson edilarki, haybatlaridan inson qo'rqardi va titrardi. Ba'zi badaviylardan mushriklar Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ning huzurlariga kelganda, u kishini ko'rishi bilan qo'l-oyoqlari titray boshlagan...
Va man xolatahu ma'rifatan «Lekin kim u kishi bilan yaqindan tanishsa, biroz birga bo'lsa, (ahabbahu) u kishini yaxshi ko'rib qolardi, sevib qolardi. (Yaqulu noituhu) Boshqalarga tushuntirish, ta'riflash uchun shunday derdi: (lam ara qablahu va la ba'dahu mislahu) – «Bundan oldin ham, keyin ham u kishiday biror kimsani ko'rmadim!» – derdi. Haqiqatan, tengi yo'q, o'xshashi yo'q bir go'zallik sohibi edilar...
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati