Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Yo'q! Soatni yolg'onga chiqardilar. Va Soatni yolg'onga chiqarganlarga lovullagan do'zaxni tayyorlab qo'ydik.
Kofir-mushriklar zalolatlarida shu darajaga etdilarki, hatto
«Soatni yolg'onga chiqardilar».
«Qiyomat bo'lmaydi. «Qiyomat bo'ladi», deyayotganlarning gapi yolg'on», – dedilar. Holbuki,
«…Soatni yolg'onga chiqarganlarga lovullagan do'zaxni tayyorlab qo'ydik».
Do'zax ularni kutib turibdi. Ushbu mushriklar to'ppa-to'g'ri o'sha tayyor do'zaxga ravona bo'ladilar.
«Furqon» Vaqtiki, ularni uzoq joydan ko'rganida, uning g'azabnok qaynashini va bo'kirishini eshiturlar.
Qiyomat soatini yolg'onga chiqarganlarga Alloh taolo tomonidan tayyorlab qo'yilgan do'zax shu darajada dahshatliki, u kofirlarni uzoqdan ko'rishi bilan g'azabi to'lib-toshib, qaynab, bo'kira boshlaydi. Mazkur kofirlar esa o'sha uzoq masofadan turib, uning g'azabnok qaynashini va bo'kirishini eshitadilar. Ana o'shanda ularning holiga voy bo'ladi. Jahannamdan uzoqdagi hollari shu.
Endi jahannamga tashlanganlaridan keyin qanday holda bo'lishlari vasf qilinadi:
«Furqon» Uning tor joyiga kishanlangan hollarida tashlanganlarida esa o'sha joyda (o'zlariga) halokat tilarlar.
Jahannamning nomini eshitishning o'zi azob, unga tushish haqidagi xabarni eshitish undan ham azob, unga tomon ketayotib, uning g'azabnok qaynashini va bo'kirishini eshitish battar azob, unga tashlanish eng katta azob. Ammo uning tor joyiga tashlanish jahannam ichidagi azoblarning eng dahshatlisi hisoblanadi. U chog'dagi azob shu darajaga etadiki, kofirlar:
«...o'sha joyda (o'zlariga) halokat tilarlar».
Ya'ni dod-voy qilib, «Ey halokat! Ey yo'q bo'lish! Kel, meni ol, meni bu holdan qutqar!» – deb baqiradilar. Lekin bu nolalari ularga foyda berarmikan? Yo'q, albatta. Ana shunday holatda dod-voy qilib turganlarida, ularga qarata quyidagi xitob qilinadi:
«Furqon» «Bugungi kunda bir halokatni emas, ko'p halokatni tilanglar!»
Bir marta halok bo'lib, qutulib keta olmaysizlar. Hali ko'p halok bo'lasizlar. O'zingizcha, halok bo'lsak, bu azoblardan qutularmiz, deb o'ylamanglar.
Kelgusi oyatda ushbu dahshatli holatni mo'min-musulmon, taqvodor bandalarga tayyorlab qo'yilgan narsalarga solishtirib ko'rish taklif qilinadi:
«Furqon» «Bu yaxshimi yoki taqvodorlarga tayyorlab qo'yilgan mangulik jannati yaxshimi?» U ular uchun mukofot va qaytish joyidir.
Qani, solishtirib ko'rilsin-chi?! Yuqoridagi oyatlarda vasf qilingan do'zax va undagi dahshatli azoblar yaxshimi yoki mangulik jannati yaxshimi? Nozu ne'matlarga to'la jannatlarda abadiy qolish yaxshimi?
Mushrik va kofiru osiylarga dahshatli azoblarga to'la do'zaxni tayyorlab qo'ygan Alloh mo'min-musulmon va taqvodor bandalariga mangulik jannatini ham tayyorlab qo'ygan.
«U ular uchun mukofot va qaytish joyidir».
Jannat ularning iymonlari, yaxshi amallari va taqvolari uchun mukofotdir, jannat ularning oxir-oqibat qaror topadigan qaytish joyidir.
Taqvodor mo'min bandalar jannatda rohat-farog'at ila abadiy hayot kechiradilar.
«Furqon» Ularga u erda, mangu qoluvchi hollarida, xohlagan narsalari bor. Bu Robbing zimmasidagi mas'uliyatli va'dadir.
Jannatda taqvodor mo'minlarga istagan narsalari bor. Jannatda nimalar borligini sanab, adog'iga etib bo'lmaydi. Shuning uchun osongina «…xohlagan narsalari bor», – deb qo'yildi. Zotan, inson uchun baxt-saodatga etishishning to'lig'i istagan narsasiga erishishdir. Inson o'shanday baxtga faqat jannatda erishadi. Erishganda ham, ma'lum muddatga emas, mangulikka erishadi. Chunki vaqtinchalik baxt-saodat to'liq sanalmaydi. Bu gaplar shunchaki emas.
«Bu Robbing zimmasidagi mas'uliyatli va'dadir».
Robbing esa va'dasiga hech xilof etuvchi zot emas. Mas'uliyatli va'daga xilof qilmasligi esa turgan gap. Shunday ekan, jannatga olib boruvchi iymon va taqvo yo'lida hech ikkilanmay yuraverish kerak.
“Tafsiri Hilol” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.
Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.
Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.
Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.
Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.
Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.
Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.
Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.
IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.
Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.
Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.
Mahmud Mahkam