Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

FAHRIDDIN ROZIY — ULUG' ALLOMA VA MAShHUR VOIZ

10.10.2020   2311   7 min.
FAHRIDDIN ROZIY — ULUG' ALLOMA VA MAShHUR VOIZ

Imom Faxriddin Roziy o'z ilmiy faoliyatida, xususan, falsafiy risolalarida qadimgi yunon olimlari Aristotel', Geraklit, Epikur, Demokritdan, shuningdek, Sharqning mashxur mutafakkirlari Forobiy va Ibn Sino asarlaridan keng foydalangan va ularga sharhlar yozgan.

Olimning “Miftoh al-ulum”, “Nihoyat al-ulum”, “Ilm al-axloq” asarlarida olamni bilishning turli yo'l va usullari, inson doimo o'z bilimini orttira borishi zarurligi, uni hissiyot, aql va tafakkur orqali qo'lga kiritish mumkinligi to'g'risida muhim g'oyalar olg'a surilgan.

Faxriddin Roziy “Imamul-aimma” (Barcha imomlar imomi), “Al-Hatib (Hitob qiluvchi)”, “al-Muda'viy (Da'-vatchi)”, “Ziyouddin” (Dinning ziyosi) kabi unvonlarga ega bo'lgan. “Faxrid­din” (Dinning faxri) nisbasi unga din sohasida qilgan xizmatlari uchun berilgan. “Roziy” atamasi esa uning asli Ray shahridan ekanini bildirgan.

Raydagi diniy-siyosiy nizolar sabab va ilm-fan bilan shug'ullanishi uchun bexavotir joy zarurati, qolaversa, bir guruh olimlarning Gurganjda jamlangani va u erdagi e'tiqod erkinligi Roziyni Horazmga etaklab keldi. Tarixiy manbalarning xabar berishicha, Horazmda o'sha davrlarda va undan keyin ham diniy mutaassiblik va radikal harakatlar ko'p kuzatilmagan. Gurganjda juhud mahallalari, mo''taziliylar, bundan tashqari, shialar, shofe'iylar, nasturo (xristian va moniylikning uyg'unlashgani) e'tiqodidagi kishilar bir-birlari bilan tinch-totuv yashashgan.

O'n ikkinchi asrda Horazm imperiyasi katta siyosiy mavqega ega bo'lgan. Uning iktisodiy yuksalishiga irriga­tsiya tizimlari va ekin maydonlarining kengayishi, Huroson, Movarounnahr va Dashti Qipchoq bilan bo'lgan savdo-sotiq, turmush taraqqiyoti katta turtki bergan. Bu davr Horazmshoxlar davri edi. Huddi mana shu sharoitda ilm-fan va madaniyat gullab yashnadi, arxitektura va hunarmandchilik rivojlandi. Bu davrda Ma'mun akademiyasi davomchilarining butun bir avlodi etishib chikdi. Faxriddin Roziyning fan olamida tanilgan zamondoshlari xorazmlik Abu Fazl Abul Qosim Baqqoliy Horazmiy (vaf. 1160 y.), Abu Ali Hasan ibn Horis Horazmiy (XII asr), Shayx Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur Axmad ibn Umar Hivaqiy (vaf. 1221 y.), ilk o'rta asrda Beruniydan keyin mashhur “Horazm tarixi” asarini yozgan Muhammad ibn Arslon Abbos Horazmiy (vaf. 1172 y.) nomini esga olish bilan Horazmda ilm-fan va madaniyatga qiziqish nihoyatda kuchli bo'lgani anglashiladi.

Faxriddin Roziy XII asrning taxminan 70-yillarida Horazmga keladi. Horazmga kelish sababini Roziy o'zining “Jomi' al-ulum” asarining muqaddimasida “Horazmshoh Alouddin Takash (1172-1200)ning fan bilan shug'ullanish uchun tayyorlagan, dillarga xush yoquvchi sharoiti”, deb yozgan.

Horazmga kelgach, Horazmshoh bilan bo'lgan uchrashuvi Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarida majozan bunday tasvirlangan:

“Imom Faxriddin Roziy bilan Sulton Muhammad Horazmshohning hammomda oshnolik sham'in yorutg'oni va Imom so'zidin Sultonning istig'nodin ilik yuvg'oni.

Zumrai roz ahlinga masnad nishin,
Dahr imamul — umami Faxri din.
 Qildi chu Horazmni oromgoh,
ko'rmagiga kelmadi Horazmshoh.
So'rgoli ul gulki qadam qo'ymadi,
Ilm shukuhi muni ham qo'ymadi.
Shohni pushaymon kilib erdi uyot,
Pek imom aylamadi iltifot …

… Imom Faxriddin Horazmni o'ziga oromgoh qilganida, uni ko'rishga Sulton Muhammad Horazmshoh kelmadi. Ilmning qadr-qimmatini saqlab, bu ham bormadi. Shoh qilmishidan uyalib, pushaymon bo'ldi. Lekin, Imom bunga parvo qilmadi. Orada ko'p pardali gap-so'zlar o'tdi. Bir kuni Imom bilan Shohhammomda ko'rishib, shohunga ochilib, bunday savol berdi:

“Ey o'z ilmi bilan elni bahra-mand etgan, qiyomat ishlaridan bir xa­bar berchi. U kuni qanday mashaqqatlar yuz beradi? Har bir kishining ahvoli nima bo'ladi?

Ey qiyomat kunini bilishni xohlagan odam. Qiyomat haqidagi savolga eng monand joy shu hammomdir. U erda shoh bilan gado bir xil ahvolga tushib, shohu gado barchasi yalang'och yuradi. Amaldorlar, kattalar hammasi senga o'xshab, ichkariga kirgach, ularning boru yo'g'i tashqarida qoladi. Ilmu hunar egalari esa menga o'xshab nima yiqqan bo'lsa, o'zi bilan olib kiradi. Sultonlikdan senga u kuni ko'p foyda yo'q. Le­kin menga ilmim tufayli yaxshilik ko'p bo'ladi”.

Shundan so'ng Roziy Horazmshoh Takash tomonidan hurmat va sharaf topadi va Horazmda muqim qoladi. Imom Faxrid­din Takashning o'g'li Alouddin Muhammadning yo'lboshchi va rahbariga aylanadi. U Horazmshohning iltimosiga ko'ra, o'sha davr musulmon olamiga ma'lum bo'lgan ilmlar taxlangan va sof holatda ixchamlashtirib qomus tuzadi.

Muhammad Arabiy va Ibn Kasir “al-Bidoya van-Nihoya” asarida Faxriddin Roziy haqida bunday yozadi: “U kishi yuzdan ortiq asar muallifidir. Shofi'iy mazhabida uning asarlari muhim ahamiyat kasb etadi. Horazm, Buxoro, Samarqandda yashagan. G'aznada (1185 yilgacha), Hindistonning Panjob o'lkasida va Hirotda faoliyat yuritgan. Hirotda katta Madrasa qurdirib, unda mudarrislik ham qilgan. U kishi Horazm va ko'plab shahar-larda madrasalar bunyod qiladi. Sof oltindan 80 ming(ba'zi manbalarda yuz ming) dinor puli, ko'chmas mulklari, chorvalari bo'lgan. Doimo kambag'allarni, etim-esirlarni yo'qlab, ularni moliyaviy ta'minlab turgan. Shu bilan birga, falsafa, e'tiqod va aqida borasidagi qarashlari va o'tkir voizligi (ikki tilda va'z qilar edi) bilan mashhur edi. Ma'ruzasiga shoxlar, vazirlar, amirlar va minglab xalq to'planar edi. Ma'ruzalarida ismoiliylar va karromiylarni qattiq qoralab, ularning buzuq aqidalaridan odamlarni ogoh etardi. Shu sabab uning shialar, ismoiliylar va karromiylardan ko'plab muxoliflari bo'lgan. Alloma Hirotda 1209 yili karromiylar tomonidan zaharlab o'ldirilgan.

Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi
2020 yil 9 oktyabr', 193-son
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Hojilarimizning ilk guruhini kutib olish jarayonidan lavha

13.06.2025   15322   1 min.
Hojilarimizning ilk guruhini kutib olish jarayonidan lavha

 

MuslimShosh.uz

Dunyo yangiliklari