Imom Faxriddin Roziy o'z ilmiy faoliyatida, xususan, falsafiy risolalarida qadimgi yunon olimlari Aristotel', Geraklit, Epikur, Demokritdan, shuningdek, Sharqning mashxur mutafakkirlari Forobiy va Ibn Sino asarlaridan keng foydalangan va ularga sharhlar yozgan.
Olimning “Miftoh al-ulum”, “Nihoyat al-ulum”, “Ilm al-axloq” asarlarida olamni bilishning turli yo'l va usullari, inson doimo o'z bilimini orttira borishi zarurligi, uni hissiyot, aql va tafakkur orqali qo'lga kiritish mumkinligi to'g'risida muhim g'oyalar olg'a surilgan.
Faxriddin Roziy “Imamul-aimma” (Barcha imomlar imomi), “Al-Hatib (Hitob qiluvchi)”, “al-Muda'viy (Da'-vatchi)”, “Ziyouddin” (Dinning ziyosi) kabi unvonlarga ega bo'lgan. “Faxriddin” (Dinning faxri) nisbasi unga din sohasida qilgan xizmatlari uchun berilgan. “Roziy” atamasi esa uning asli Ray shahridan ekanini bildirgan.
Raydagi diniy-siyosiy nizolar sabab va ilm-fan bilan shug'ullanishi uchun bexavotir joy zarurati, qolaversa, bir guruh olimlarning Gurganjda jamlangani va u erdagi e'tiqod erkinligi Roziyni Horazmga etaklab keldi. Tarixiy manbalarning xabar berishicha, Horazmda o'sha davrlarda va undan keyin ham diniy mutaassiblik va radikal harakatlar ko'p kuzatilmagan. Gurganjda juhud mahallalari, mo''taziliylar, bundan tashqari, shialar, shofe'iylar, nasturo (xristian va moniylikning uyg'unlashgani) e'tiqodidagi kishilar bir-birlari bilan tinch-totuv yashashgan.
O'n ikkinchi asrda Horazm imperiyasi katta siyosiy mavqega ega bo'lgan. Uning iktisodiy yuksalishiga irrigatsiya tizimlari va ekin maydonlarining kengayishi, Huroson, Movarounnahr va Dashti Qipchoq bilan bo'lgan savdo-sotiq, turmush taraqqiyoti katta turtki bergan. Bu davr Horazmshoxlar davri edi. Huddi mana shu sharoitda ilm-fan va madaniyat gullab yashnadi, arxitektura va hunarmandchilik rivojlandi. Bu davrda Ma'mun akademiyasi davomchilarining butun bir avlodi etishib chikdi. Faxriddin Roziyning fan olamida tanilgan zamondoshlari xorazmlik Abu Fazl Abul Qosim Baqqoliy Horazmiy (vaf. 1160 y.), Abu Ali Hasan ibn Horis Horazmiy (XII asr), Shayx Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur Axmad ibn Umar Hivaqiy (vaf. 1221 y.), ilk o'rta asrda Beruniydan keyin mashhur “Horazm tarixi” asarini yozgan Muhammad ibn Arslon Abbos Horazmiy (vaf. 1172 y.) nomini esga olish bilan Horazmda ilm-fan va madaniyatga qiziqish nihoyatda kuchli bo'lgani anglashiladi.
Faxriddin Roziy XII asrning taxminan 70-yillarida Horazmga keladi. Horazmga kelish sababini Roziy o'zining “Jomi' al-ulum” asarining muqaddimasida “Horazmshoh Alouddin Takash (1172-1200)ning fan bilan shug'ullanish uchun tayyorlagan, dillarga xush yoquvchi sharoiti”, deb yozgan.
Horazmga kelgach, Horazmshoh bilan bo'lgan uchrashuvi Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarida majozan bunday tasvirlangan:
“Imom Faxriddin Roziy bilan Sulton Muhammad Horazmshohning hammomda oshnolik sham'in yorutg'oni va Imom so'zidin Sultonning istig'nodin ilik yuvg'oni.
… Imom Faxriddin Horazmni o'ziga oromgoh qilganida, uni ko'rishga Sulton Muhammad Horazmshoh kelmadi. Ilmning qadr-qimmatini saqlab, bu ham bormadi. Shoh qilmishidan uyalib, pushaymon bo'ldi. Lekin, Imom bunga parvo qilmadi. Orada ko'p pardali gap-so'zlar o'tdi. Bir kuni Imom bilan Shohhammomda ko'rishib, shohunga ochilib, bunday savol berdi:
“Ey o'z ilmi bilan elni bahra-mand etgan, qiyomat ishlaridan bir xabar berchi. U kuni qanday mashaqqatlar yuz beradi? Har bir kishining ahvoli nima bo'ladi?
Ey qiyomat kunini bilishni xohlagan odam. Qiyomat haqidagi savolga eng monand joy shu hammomdir. U erda shoh bilan gado bir xil ahvolga tushib, shohu gado barchasi yalang'och yuradi. Amaldorlar, kattalar hammasi senga o'xshab, ichkariga kirgach, ularning boru yo'g'i tashqarida qoladi. Ilmu hunar egalari esa menga o'xshab nima yiqqan bo'lsa, o'zi bilan olib kiradi. Sultonlikdan senga u kuni ko'p foyda yo'q. Lekin menga ilmim tufayli yaxshilik ko'p bo'ladi”.
Shundan so'ng Roziy Horazmshoh Takash tomonidan hurmat va sharaf topadi va Horazmda muqim qoladi. Imom Faxriddin Takashning o'g'li Alouddin Muhammadning yo'lboshchi va rahbariga aylanadi. U Horazmshohning iltimosiga ko'ra, o'sha davr musulmon olamiga ma'lum bo'lgan ilmlar taxlangan va sof holatda ixchamlashtirib qomus tuzadi.
Muhammad Arabiy va Ibn Kasir “al-Bidoya van-Nihoya” asarida Faxriddin Roziy haqida bunday yozadi: “U kishi yuzdan ortiq asar muallifidir. Shofi'iy mazhabida uning asarlari muhim ahamiyat kasb etadi. Horazm, Buxoro, Samarqandda yashagan. G'aznada (1185 yilgacha), Hindistonning Panjob o'lkasida va Hirotda faoliyat yuritgan. Hirotda katta Madrasa qurdirib, unda mudarrislik ham qilgan. U kishi Horazm va ko'plab shahar-larda madrasalar bunyod qiladi. Sof oltindan 80 ming(ba'zi manbalarda yuz ming) dinor puli, ko'chmas mulklari, chorvalari bo'lgan. Doimo kambag'allarni, etim-esirlarni yo'qlab, ularni moliyaviy ta'minlab turgan. Shu bilan birga, falsafa, e'tiqod va aqida borasidagi qarashlari va o'tkir voizligi (ikki tilda va'z qilar edi) bilan mashhur edi. Ma'ruzasiga shoxlar, vazirlar, amirlar va minglab xalq to'planar edi. Ma'ruzalarida ismoiliylar va karromiylarni qattiq qoralab, ularning buzuq aqidalaridan odamlarni ogoh etardi. Shu sabab uning shialar, ismoiliylar va karromiylardan ko'plab muxoliflari bo'lgan. Alloma Hirotda 1209 yili karromiylar tomonidan zaharlab o'ldirilgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.
Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.
Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?!
Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.
Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:
Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!
Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:
1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.
2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.
3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.
Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.
Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2] Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.