Ulamo aksari dedi bu maqol,
Chihl farz o'ldi mubtadii a'mol.
Ilmi farz elga misli qarzdurur,
Talabi barcha elga farzdurur.
Kimki avval bo'lsa bolig'u oqil,
Anga besh farzdur, muni bilgil.
Biri iymonduru ikinchi salot,
Bu ikidin keyin uchunchi – zakot.
Ramazon ro'zasiyu haj o'tamak,
Farzi ayn o'ldi ushbu besh, beshak.
Eldin o'ldi borig'a to'at shart,
Lek ikida bor istito'at shart.
Ul iki, hajniyu zakotni der,
Bo'lsa gar istito'ating bor, ber.
Emdi bir-bir qilay borin tahrir,
Haq ta'olodin o'lsa gar taqdir.
NASRIY BAYoN
* * *
Besh farzning sanog'i
bayoni
Ulamolarning ko'pchiligi shu so'zni aytdilarki, amallarning boshlanishi qirq farz(ni bilish)dan iboratdir. Farz ilmini, ya'ni buyurilgan amallarning ilmlarini bilish esa xalq uchun misli qarzdir, uni talab qilish hamma insonlarga farzdir. (Chunki hazrati Payg'ambar alayhissalotu vassalom: “Ilm talab qilmoq har bir musulmon erkak va ayolga farzdir”, deganlar.)
Shuni bilginki, avvalo kimki balog'atga etgan va aqlini tanigan bo'lsa, unga besh narsa farzdir:
birinchisi iymondir, ya'ni Alloh bir, Rasul barhaq deb guvohlik bermoqdir; Allohga, Raulullohga va Allohdan kelgan narsalarga ishonmoqdir;
ikkinchisi besh vaqt namozdir.
Bu ikkisidan keyin uchinchisi (moli nisobga etganda) zakot bermoqdir.
To'rtinchisi, (yilda bir oy) ramazon oyi ro'zasini tutmoqdir.
Beshinchisi (umrida bir bor) hajni ado etmoqdir. Bu besh narsa farzi ayndir.
IZOH. Farzi ayn – e'tiqodda iymon bilan kufrni, osiylik bilan hidoyatni ajratadigan miqdorda bilish zarur bo'lgan, ibodatda esa namoz, ro'za, zakot va hajni ado etadigan miqdorda bilish zarur bo'lgan ilm.
Halqqa bularning barchasiga bo'ysunish, ya'ni bu diniy amrlarni bajarish shart bo'ldi, lekin ikkitasida istito'at, ya'ni quvvati, qudrati, imkoni etishi shart qilindi.
Bu ikki narsa haj va zakotdir, bu ikki farzni bajarishda istito'ating bo'lsa – kuching-qudrating etsa, ado qil. (Ya'ni, ozuqa, mablag', jihatidan yo'lga qodir bo'lsang, hajga bor, hojati aslingdan tashqari moling nisobga etgan bo'lsa, zakotini haqdorlarga ber.)
Endi Haq ta'olo taqdir etgan bo'lsa, bularning hammasini yozib bayon qilayin.
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.