Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Sentabr, 2025   |   29 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:51
Quyosh
06:09
Peshin
12:21
Asr
16:34
Shom
18:26
Xufton
19:38
Bismillah
21 Sentabr, 2025, 29 Rabi`ul avval, 1447

O'zbekistonning tarixiy ob'ektlari restavratsiyasiga Eron mutaxassislari jalb etiladi

09.10.2020   1500   3 min.
O'zbekistonning tarixiy ob'ektlari restavratsiyasiga Eron mutaxassislari jalb etiladi

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov Eron Islom Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayerobodiy bilan muzokaralar o'tkazdi.
Uchrashuv doirasida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga doir kelishuvga erishildi. Tomonlar turizm sohasida COVID-19 pandemiyasi asoratlarini yumshatish bo'yicha o'zaro tajriba almashishdi, pandemiya bilan bog'liq vaziyatni hisobga olgan holda, xalqaro turistik sayohatlarni tiklashga doir birinchi darajali chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun: 2019 yil ma'lumotlariga ko'ra, Eron aholisi 83 million kishini tashkil qiladi, shulardan 6 milliondan ortig'i Turkiya, Ozarboyjon, Gruziya, Iroq va BAA kabi xorijiy davlatlarga sayohatlarni amalga oshirgan.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, o'tkazilgan muzokaralarning yana bir muhim masalasi O'zbekistondagi tarixiy-madaniy meros ob'ektlarini saqlash hamda ularni restavratsiya qilish bo'yicha hamkorlikdagi loyihalar realizatsiyasi, shu yo'nalishda tajriba almashish va mutaxassislarni tayyorlash bo'ldi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida nomoddiy madaniy meros ob'ektlarini targ'ib qilish va ularni YuNYeSKO ro'yxatiga kiritish masalalarini ishlab chiqishga to'xtalib o'tildi, bunda O'zbekiston va Eron xalqlari tarixi, madaniyati, an'analari va urf-odatlari hamda oshxonasi mushtarakligi alohida qayd etildi. Hamid Nayerobodiy Eron hukumati O'zbekistondagi islohotlarning yuqori sur'atlarda rivojlanayotganini katta qiziqish bilan kuzatayotganini ma'lum qilib, bunda Prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakatni ilgari surish va O'zbekistonning bo'lg'usi “Uchinchi Renessansi”ni yaratish yo'lida yuritayotgan siyosati roli juda katta ekanligini ta'kidladi.
Eron tomoni O'zbekiston bilan parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy va turistik aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Uchrashuv yakuniga ko'ra, tomonlar O'zbekiston hamda Eron Islom Respublikasi o'rtasida madaniyat va san'at sohasida hamkorlik qilishga doir Hukumatlararo kelishuv va 2020-2023 yillarda turizm sohasida hamkorlik qilish bo'yicha Hukumatlararo dasturni imzolashga tayyorgarlik jarayonlarining tezlashtirishga oid kelishuvga erishishdi. Shuningdek, tomonlar restavratsiya ishlari tafsilotlarini belgilash hamda “yo'l xaritasi”ni tuzish uchun eronlik ekspertlar delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifini tashkil qilishga kelishib olishdi. Bundan tashqari, tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadida Eron tomonidan Samarqand viloyatida zamonaviy Salomatlik markazini yaratish rejalashtirilmoqda, bunda Eron mutaxassislari va texnologiyalari jalb etilishi kutilmoqda. Mazkur salomatlik markazida murakkab tibbiy jarrohlik amaliyotlarini o'tkazish imkoni yaratiladi.
Ta'kidlash joizki, 2019 yilning 2 noyabrida Toshkent shahrida ShHT davlatlarining hukumat rahbarlari kengashi yig'ilishi doirasida O'zbekiston Respubilikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Eron Islom Respublikasining birinchi vitse-prezidenti Ishoq Jahongiriy o'rtasida bo'lib o'tgan muzokaralar doirasida tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish va tiklashga oid kelishuvlarga erishgan edi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Muftiy hazratlari: "Musulmonlarning o‘zaro ahil hayot kechirishlari dinimiz amridir”

19.09.2025   6988   1 min.
Muftiy hazratlari:

Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.

Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.

Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati). 

Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Muftiy hazratlari:
Yangiliklar