Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

09.10.2020 y. Dinimizda meros masalasi

6.10.2020   4780   15 min.
09.10.2020 y. Dinimizda meros masalasi

بسم الله الرحمن الرحيم 

DINIMIZDA MYeROS MASALASI

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي تَوَلَّى بِنَفْسِهِ تَقْسِيمَ الْمِيرَاثِ بَيْنَ الْوَرَثَةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ قَالَ "مَنْ تَرَكَ مَالًا فَلِوَرَثَتِهِ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ   

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, har bir inson, bir kun kelib Allohning qazoi qadariga binoan, o'lim sharbatini tatiydi. Shunday ekan, har bir kishi o'zidan keyin qoladigan mol-mulkning adolat bilan taqsimoti haqida ham o'ylab ko'rishi va merosxo'rlar orasida nizo va yuzko'rmaslik holatlarini imkon qadar oldini olishi zarurdir.

Shariatimizda “marhumning barcha mol-mulki tirik vorislariga o'tishi – meros deyiladi. Meros haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

لِلرِّجَالِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ وَالْأَقْرَبُونَ وَلِلنِّسَاءِ نَصِيبٌ مِمَّا تَرَكَ الْوَالِدَانِ

وَالْأَقْرَبُونَ مِمَّا قَلَّ مِنْهُ أَوْ كَثُرَ نَصِيبًا مَفْرُوضًا

ya'ni: “Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko'pmi, farz qilingan ulushdir” (Niso surasi, 7-oyat).

Azizlar! Keyingi vaqtlarda xalqimiz orasida merosni taqsimlashga doir masalalarda ayrim tushunmovchiliklar sodir bo'lmoqda. Natijada merosxo'rlar o'rtasida, aka-uka, opa-singil va qavm-qarindoshlar o'rtasida turli oilaviy nizolar kelib chiqishi kuzatilmoqda. Shunday ekan, har bir mol-mulki bor shaxs tiriklik vaqtida farzandlariga meros taqsimotiga oid masalalarni tushuntirishi va ota-ona vafotidan keyin meros talashib silai rahmni uzmasligi haqida pand-nasihat qilishi darkor.

Shariatimiz ko'rsatmalariga ko'ra, kishi vafot etganidan keyin u qoldirgan mol-dunyoga nisbatan tartib bilan quyidagi to'rt ish bajariladi:

  • Mayyitni kafanlash va dafn qilish. Ya'ni, kishi vafot etgandan keyin undan qolgan mol-mulk birinchi navbatda kafanlash va dafn marosimiga sarflanadi. Bu haqda meros ilmiga oid “Sirojiyya” kitobida shunday deyilgan:

اَلْأَوَّلُ يُبْدَأُ بِتَكْفِيْنِهِ وَتَجْهِيْزِهِ مِنْ غَيْرِ تَبْذِيْرٍ وَلاَ تَقْتِيْرٍ

ya'ni: Mayyitdan qolgan mol-mulk isrof ham, ziqnalik ham qilinmasdan birinchi navbatda uni kafanlash va dafn etishga sarflanadi.

  • Kafanlash va dafndan so'ng mayyit qoldirgan moldan uning qarzlari to'lig'icha ado qilinadi. Bu haqda hazrati Ali raziyallohu anhu shunday deganlar:

أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَضَى بِالدَّيْنِ قَبْلَ الْوَصِيَّةِ

(رواه الامام الترمذي عن علي رضي الله عنه)

ya'ni: “Albatta, Rusululloh sallallohu alayhi vasallam mayyitning qarzini vasiyatdan oldin deb hukm chiqardilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Afsuski, gohida qoldirilgan moldan mayyitning qarzlari uzilmasdan merosxo'rlar merosni bo'lib olishadi va bu bilan katta gunohni bo'ynilariga olishadi. Ba'zida qarzdor odam hech qanday mol qoldirmasdan vafot etsa, uni to'lashga farzand yoki boshqa merosxo'rlarini majburlab bo'lmaydi. Lekin shunday holatda qarzni mayyitning nomidan farzandlar yoki boshqa kishi to'lab bersa, qarz ado bo'ladi. Mayyit qarzdan xalos va hisob-kitobi oson bo'ladi.  Qarzni to'lagan kishi esa ulkan savobga erishadi.

3) Mayyitning vasiyatlari, agar shar'an joiz vasiyatlar bo'lsa, ular mayyitni kafanlash, dafn qilish va qarzini to'lashdan qolgan molning uchdan biridan bajariladi. Merosxo'rlarga esa vasiyat qilinmaydi. Chunki ular shunday ham meros oladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:

إِنّ الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى قد أَعْطَى لكُلّ ذِي حَقّ حَقّهُ فَلاَ وَصِيّةَ لِوَارِثٍ

(رواه الامام الترمذي)

ya'ni: “Alloh taboraka va taolo har bir haq egasiga haqini berdi. Meros oluvchiga vasiyat qilish yo'q” (Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

Ba'zilar merosxo'riga biror mol-mulk bermoqchi bo'lib, unga vasiyat qiladi. Vasiyat qilingan kishi esa vasiyat qiluvchining vafotidan keyin vasiyat qilingan narsani talab qiladi. Vaholanki, vasiyat bunday holatda durust bo'lmaydi va bu vasiyat o'z-o'zidan bekor bo'ladi. Bu muammoni echimi shuki, kishi o'z merosxo'riga bir narsani bermoqchi bo'lsa, tiriklik paytida vasiyat qilishni o'rniga hadya qilishi kerak. Shu bilan muammo bartaraf bo'ladi, inshaalloh. Shuning uchun har bir mol-mulk egasi vasiyat bilan hadyaning farqiga borib, shunga qarab ish tutmog'i lozim.

Shuni ham unutmaslik kerakki, farzandlarga hadya qilishda adolatli bo'lib, barcha farzandlarni birdek ko'rish kerak. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"اِتَّقُوا اللهَ وَاعْدِلُوا فِي أَوْلاَدِكُمْ"

(متفق عليه عن النعمان بن بشير رضي الله عنه)

ya'ni: “Allohga taqvo qilinglar va farzandlaringiz orasida adolatli bo'linglar” dedilar (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisga binoan musulmon inson moliyaviy masalalarda o'z farzandlarining barchasini barobar ko'rishi kerak bo'ladi. Agar teng imkoniyatli farzandlarning biriga mol berib, boshqasiga bermasa yoki biriga oz, ikkinchisiga ko'p bersa adolatsizlik bo'ladi.

Agar uzr sababli ota-ona o'z bolalaridan biriga ko'proq, boshqasiga ozroq mol hadya qilsa bo'ladi. Misol uchun, biri bemor, ikkinchisi sog', biri kambag'al, ikkinchisi boy, birining bolalari ko'p, ikkinchisiniki oz.

4) Mayyitning yuqoridagi sarf-xarajatlardan ortib qolgan mol-dunyosi Qur'oni karim, sunnat va ijmo'da ko'rsatilganiga binoan haqdor merosxo'rlarga bo'lib beriladi. Masalan, Qur'oni karimda bunday marhamat qilingan:

وَإِنْ كَانُوا إِخْوَةً رِجَالًا وَنِسَاءً فَلِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الْأُنْثَيَيْنِ

ya'ni: “Agar (merosxo'rlar) aka-uka va opa-singillar bo'lsa, (har) bir erkakka ikki ayol hissasi (berilur)” (Niso surasi, 176-oyat). Boshqa oyati karimada shunday marhamat qilingan:

وَلَهُنَّ الرُّبُعُ مِمَّا تَرَكْتُمْ إِنْ لَمْ يَكُنْ لَكُمْ وَلَدٌ فَإِنْ كَانَ لَكُمْ وَلَدٌ فَلَهُنَّ الثُّمُنُ مِمَّا تَرَكْتُمْ

ya'ni: “U (xotin)larga sizlar qoldirgan (meros)dan – agar farzandlaringiz bo'lmasa – to'rtdan bir (hissa) tegur. Agar farzandingiz bo'lsa, ularga siz qoldirgan (meros)ning sakkizdan biri tegur”.

Bundan boshqa bir qancha oyati karimalarda kim qancha ulush olishi batafsil bayon qilingan. Shunday ekan, meros taqsimoti oyat va hadislarda zikr qilingan ulushlarga muvofiq amalga oshiriladi. Masalan, bir kishi vafot etdi. Uni xotini, uch o'g'il va bir qiz farzandi bor. Mana shu holatda farzandlar borligi uchun xotinga meros molining sakkizdan bir ulushi beriladi. Qolgan molning barchasi “bir o'g'ilga ikki qiz hissasi” qoidasiga muvofiq  bo'linadi. Farzandlar borligi uchun amakilar va ammalar merosxo'r bo'lmaydilar.

Misol uchun, ushbu suratda vafot etgan kishidan sakkiz million so'm pul qolgan bo'lsa, shuni 1/8 (sakkizdan bir qismi ya'ni bir million so'm) xotinga beriladi. Keyin, qolgan etti qismni har bir o'g'il bolaga ikki hissadan va qiz bolaga bir hissadan beriladi. Ya'ni har bir o'g'il bolaga ikki milliondan va qiz bolaga esa, bir million beriladi (Agar marhumning ota-onasi hayot bo'lsa taqsimot boshqacha shaklda bo'ladi).

Afsuski, hozirgi kunda ba'zi xonadonlarda meros masalasi kishi vafotidan so'ng bir necha yil o'tgandan keyin ko'tarilmoqda. Vaholangki, bu masala aslida dafndan keyin hal qilinishi kerak edi.

Azizlar! Kishi merosdan o'ziga tegadigan haqqini kechishi yoki haqqini olib boshqa merosxo'rga berishi joizdir.

Shuni unutmaslik kerakki, meros taqsim qilinmasdan oldin mayyitning molidan xayri-ehson qilib yubormaslik kerak. Ayniqsa, mayyitning balog'atga etmagan farzandlari bo'lsa, bunday qilishdan nihoyatda ehtiyot bo'lish lozim. Ota yoshlik holida olamdan o'tib, ortidan etim farzandlari qolsa, undan qolgan mol-mulk uning bolalari to balog'atga etgunicha avaylab, saqlab turilishi lozim bo'ladi. Lekin ko'pincha mayyitning xotini yoki ota-onasi bu mol-mulkni shariat ko'rsatmasiga nomuvofiq sarflab yuborishadi. Alloh taolo bundan ogohlantirib shunday degan:

إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا

ya'ni: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo'li bilan eydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov egan bo'lurlar va albatta, do'zaxda kuygaylar” (Niso surasi, 10-oyat). Boshqa bir oyatda esa shunday deyiladi:

وَتَأْكُلُونَ التُّرَاثَ أَكْلاً لَّمّاً

ya'ni: “Merosni esa (o'z ulushingizga o'zgalarnikini) qo'shib eyaverasiz” (Fajr surasi, 19-oyat). Mufassirlar oyati karimadagi “qo'shib eyaverasiz” jumlasini halolga haromni, o'zining hissasiga boshqalarning hissasini, ayniqsa ayollar va bolalarning hissasini qo'shib eyish, deb tafsir qiladilar.

Ming afsuski, hozirgi kunda ba'zi aka-ukalar va opa-singillar ota-ona vafotidan so'ng meros talashib elu yurt oldida uyatli holatlarga tushib qolmoqdalar. O'tkinchi dunyoda ana shu hech kimga vafo qilmagan dunyo matosini deb urush-janjallar girdobida qolayotganlarni, bir-birlari bilan yuzko'rmas bo'lib ketganlari ma'lum.

Buning oqibatida dinimizda farz bo'lgan silai-rahm uzilib ketyapti. Silai rahmni uzilishiga ham meros ilmini bilmaslik va unga amal qilmaslik sabab bo'lmoqda. Silai rahmni uzish katta gunohlardan ekani hammamizga ma'lum va mashhurdir. Bir onaning qornidan tushgan farzandlar begona bo'lib ketishi muqaddas dinimiz ta'limotiga, qolaversa, insoniylik tamoyillariga mutlaqo ziddir.

Shunday ekan, har birimiz meros ilmini o'rganib, meros masalasida o'zganing haqqidan hazar qilib, meros taqsimotini esa, ahli ilmlar bilan maslahatlashib va merosga oid kitoblardan foydalanib har bir haqni o'z egasiga etkazishimiz lozim bo'ladi.

Shuningdek, har bir mol-mulk egasi tiriklik paytida o'zgalarning amonatlarini ado qilib, qarzlardan qutilib, vafotidan keyin merosxo'rlarni o'rtalarida nizo chiqmasligiga harakat qilmog'i ayni muddaodir.

Hurmatli azizlar! Ma'ruzamizning fiqhiy masalalar qismini tayammumga bog'liq ba'zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

Tayammum arabcha so'z bo'lib, “qasd qilish”, degan ma'noni bildiradi. Shariatimizda esa poklik hosil qilish uchun pok er jinsini qasd qilish (ya'ni, yuzga va qo'lga surtish)dir. Pok er jinsi deganda -  tuproq, qum, tosh va shu kabilar tushuniladi. Tayammum tahoratning ham, g'uslning ham o'rniga o'tadi.

Tayammum qilish joiz bo'lishi uchun odam suv ishlatishdan ojiz bo'lishi kerak. Suvdan ojiz bo'lish turlicha bo'lishi mumkin:

- Suv ≈2 km.dan uzoqda bo'lishi;

- suv ishlatsa kasal bo'lishi yoki kasallik ziyoda bo'lishi;

- quduq kabi joydan suv olishga kerakli vositalar bo'lmasa.

Tayammmum quyidagicha qilinadi:

- dastlab tahoratsizlikni ketkazishni niyat qilib, pok tuproqni qasd qiladi; 

- keyin ikki qo'lini pok er jinsiga uradi, qo'llarini yuziga surtadi;

- keyin yana qo'llarini pok er jinsiga uradi va chap qo'l kaftining ichi bilan o'ng qo'lini tirsaklari bilan mash qiladi, o'ng qo'l kaftining ichi bilan chap qo'lini tirsaklari bilan mash qiladi. Bunda qo'llarning hamma joyini mash qilish shart;

Tayammumni tahoratni buzuvchi narsalar buzadi. (“Al-Muxtor”, “Al-ixtiyor”).

Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lida sobitqadam qilib, meros hukmlariga amal qilishni nasib etsin! Omin!

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “MOTURIDIYLIK TA_''LIMOTIGA KO'RA IMONNING MOHIYaTI, UNING ASOSLARI VA ShARTLARI” mavsusida bo'ladi, inshaalloh.

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   1973   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.