Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Mart, 2025   |   13 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:20
Quyosh
06:38
Peshin
12:37
Asr
16:41
Shom
18:30
Xufton
19:43
Bismillah
13 Mart, 2025, 13 Ramazon, 1446

Ustoz – charxpalak, shogird – suv

2.10.2020   2274   5 min.
Ustoz – charxpalak, shogird – suv

Bozordan biror bemaza meva harid qilsak yo sifatsiz kiyim sotib olsak darhol sifatlisiga almashtirib olamiz. Ota-ona nobakor farzandni voyaga etkazdi yoki o'qituvchi quloqsiz, beuquv, dangasa shogird etishtirdi. Bunday farzand yoki shogirdni yaxshisiga almashtirishning hecham iloji yo'q. Shunday emasmi?

Dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg'ambarlar ham muallim va murabbiy qilib yuborilganlar.

O'qituvchilik kasbi vakillari jamiyatga suv va havodek zarur. Bu muhtaram zotlarni quyoshga o'xshatish mumkin. Quyosh nuridan barcha birday manfaat ko'rganidek, ustozlarning ma'rifati butun bashariyatga naf keltiradi. Bejiz Abdurahmon Jomiy hazratlari:

Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,

Zulumotdan qora bo'lardi jahon, demagan.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar. Bu haqda Qur'oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg'ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum'a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.

Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Bir alloma ustozi haqida: “Otam meni ko'kdan erga tushishimga sababchi bo'lgan, ustozim esa erdan ko'kka ko'tarilishimga sababchidir”, degan ekan. Ota-ona insonning jismini tarbiya qiladi, muallim esa insonning ruhini tarbiyalaydi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o'rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru er ahli, inidagi chumoli,  hattoki dengizdagi baliq  ham odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchining haqqiga  duo qiladilar (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Hanifa No''mon ibn Sobit shogirdlari bilan ketayotgan edi. Yo'ldan cho'pon podani haydab o'tib qoldi. Shunda Abu Hanifa otdan tushib, cho'ponga salom berib, tavoze ko'rsatdi. Cho'pon ketgach, shogirdlari: “Ustoz, siz Kufada, Basrada dong'i ketgan olimsiz, oddiy cho'ponga bunchalik tavoze ko'rsatishingizning bosi nedir?” deyishdi. Abu Hanifa: “Bu cho'pondan hayvonlar haqida savol so'ragandim. U menga ustozlik qilgan edi. Muallimga tavoze ko'rsatish go'zal fazilatdir”, dedilar.

Huddi shunday Alisher Navoiy mulozimlari bilan ketayotib, nogoh ko'zlari yo'l bo'yida o'tirgan o'smir bolaga tushdi. Hazrat otdan tushib, bolakay salom berib, oldiga bordi va: “Bu yigitcha ustozimizning nabirasi. Biz unga e'tibor qaratib, ustoz xotiralarini shod ayladik”, degan.

Islom ta'limotiga ko'ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo'ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o'zgalarning foydalanishi tufayli nomai a'moliga savob to'xtovsiz borib turadi. Hadisi sharifda: “Inson vafot etganda uning amali to'xtaydi, faqat uch narsa tufayli (uning nomai a'moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).

O'tkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ida ustozni charxpalakka, shogirdni esa suvga o'xshatadi. Charxpalak o'zining parraklari orqali suvni yuqoriga ko'taradi. Yuqoriga chiqib olgan suv ortga qaytmaydi. Charxpalak esa bundan ranjimaydi, yana boshqa suvni yuqoriga ko'taraveradi.

Mirodil MIRJALILOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qanday qiroat qilardilar?

12.03.2025   2828   3 min.
Rasululloh ﷺ qanday qiroat qilardilar?

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).

Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.

Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).

Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).

Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.

Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD


[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.