Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Signal minoralari nima uchun qurilgan?

25.09.2020   1688   5 min.
Signal minoralari nima uchun qurilgan?

Qoraqalpog'iston Respublikasida e'tiborli tarixiy yodgorliklarning biri bu signal minoralaridir. 

 

Nima uchun ular signal minoralari deb nomlanadi? Minoralar nima uchun qurilgan va nimaga xizmat qilgan?

Tarix fanlar nomzodi, arxeolog, gid Oktyabr Dospanov bu haqida quyidagi ma'lumotni berdi.

— Bu kabi signal minoralari Horazm davlatida X-XIII asrlarda qurilgan. Asosan ular Amudaryoning o'ng qirg'og'ida, yashash joylariga, qishloqlarga yaqin erlarda joylashgan. Chap qirg'og'ida esa yo'q. X asrda Horazmda siyosiy vaziyat o'zgarib, poytaxti Qiyat (manbalarda Kat, Kyat, Qat nomlari bilan uchraydi. Hozirgi Beruniy tumani hududida – Ye.Q.) shahridan chap qirg'oqqa Gurgandj (Ko'hna Urganch) shahriga ko'chadi.

Davlatning ikki tomonlama o'rtasidagi chegara bu Amudaryodir. Bu kabi minoralar faqat daryoning bo'yida emas, balki Ustyurtda, Orol dengizi bo'ylarida va Ko'hna Urganch chegaralarida ham ko'plab topilgan.

Signal minoralar Buyuk Ipak yo'llari bo'ylab qurilgan. Shu orqali karvonlarga yordamchi vazifasini o'tagan. Eng tepasiga olov yoqilib, olisdan karvon kelayotgani haqida yaqin qishloqlarga xabar (signal) berilgan.

Minoralarning qurilish materiallari er sharoitiga moslashgan holda tanlangan. Ustyurtda toshdan, madaniy markazlar va daryoga yaqin joylarda (loy bor erlarda) xom g'ishtdan qurilgan. Bugungi kungacha balandligi 7-14 metrgacha saqlanib kelgan.

Abu Rayhon Muhammad Ibn Ahmad al-Beruniy (973–1048 yy.) o'z asarlarida savdo aloqalari, xususan Og'uzlar bilan Horazm davlatining sulh tuzishlari va madaniy aloqalari haqida, ular o'rtasidagi savdo aloqalarining mustahkam bo'lganligini ta'kidlab o'tgan. Oltin O'rda davrida ham ushbu aloqalarning keng rivojlanib o'tganligi to'g'risida Plano Karpini, Ibn Battuta, Balduchi Pegalotti, Bartol'd va h. kabi qator olimlar va sayohatchilar ma'lumot qoldirgan.

Yuqorida aytilganidek, ushbu minoralarning asosiy vazifasi – olov va tutun orqali karvonlarning yaqinlashgani to'g'risida yaqin joylardagi aholiga xabar etkazishdir. Shu bois uning uchida shakli quvurga o'xshash yo'lak bo'lib, quyi qismida kichkina darcha (pech') joylashtirilgan. Shu erga olov yoqqan. Olovning tutuni quvur orqali bosim bilan yuqoriga tortgan. Ko'pincha bulardan qazilgan vaqtda qamishning qoldiqlari ko'plab topilmoqda. Sababi, qamish yong'ich va o'zidan quyuq tutun chiqaruvchi o'simlik sanaladi.

Minoraning bu joylarda joylashganining yana bir sababi u joylarda hunarmandchilikning keng rivojlanganidan dalolat beradi. Sababi savdo karvonlari faqat buyumlarini sotibgina qo'ymasdan, sotib olish qobiliyatiga ham ega bo'lgan. Buning dalili sifatida, minora joylashgan erga yaqin Sulton Uvays tog'idan Yu.P.Manielov tomonidan 300dan ortiq qimmatbaho toshlar qazib olishga mo'ljallangan shaxtalarning topilishidir. Tog'ning etagida tosh o'ymakorligi bilan shug'ullanuvchi ustaxonalar topilgan. Shuni ham ta'kidlash joizki, hozirgi Qoraqalpog'iston tarixi va madaniyati muzeyida mramordan ishlangan kapitel' ham shu joydan topilgan.

Shunga o'xshash o'rta asrlarga oid buyumlar ko'plab davlatlarning muzeylaridan topilmoqda. Masalan, Hiva shahridagi muzeylarning biridagi erigan toshdan ishlangan choynak, Misrda toshdan ishlangan kapitel' va boshqa har xil buyumlar topilgan.

Avval ta'kidlaganimizdek, signal minoralarini Ustyurtda ham ko'plab uchratish mumkin va ular asosan Buyuk Ipak yo'li bo'ylab qurilgan.

Qadim va o'rta asrlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari Sharqiy Yevropa va Volga bo'ylari bilan savdo karvon yo'llari Ustyurt orqali bog'langan. Ustyurtdagi minoralarning yana bir vazifasi aholini dushmanlardan ogohlantirish uchun ham qo'llangan.

Qoraqalpog'iston hududidagi Ustyurtda har 30-40 km (bir kunlik karvon yo'li) oraliqda Puljay, Qosbuloq, Ko'ptom, Churuk, Belovli, Ajigeldi, Uchquduq nomli karvon saroylar bor.

Arxeologik ma'lumotlarga qaraganda, IX-X asrlarda sahro ko'chmanchilaridan voha chegaralari xavfsizligini ta'minlash uchun barcha choralar ko'rilgan. Ustyurt qirining hamma balandliklarida qal'alar bo'lgan. Ularning oldida xabar beruvchi tepaliklarda dinglar, ya'ni mayoq minoralar bo'lib, ular toshlardan terilgan. 

Ular shunday qilib qurilganki xoh kechasi, xoh kunduzi bo'lsin xavf yoki karvon yaqinlashayotganda olov yoki tutun bilan xabar berish mumkin bo'lgan. Signal berilgach bir soat ichida har qanday sharoitda ham chegaradagi hamma garnizonlar qo'zg'algan. Garnizonlar Orol dengizidan Sariqamishgacha bo'lgan barcha qal'alarda bo'lgan.

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat)

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Bu kampirga nega iliq munosabat ko‘rsatdingiz?

09.07.2025   1572   1 min.
Bu kampirga nega iliq munosabat ko‘rsatdingiz?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

U kishi aytadilar: Bir kampir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot mening huzurimda edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: — «Siz kimsiz?» — dedilar. U: — «Men Jusama al-Muzaniyyaman», — dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — «Yo‘q, siz — Hasona al-Muzaniyyasiz! O‘zingiz qandaysiz? Ahvollaringiz qanday? Biz ketgandan keyin qanday yashayapsizlar?» — dedilar. U: — «Yaxshimiz, otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam​», — dedi.

Kampir chiqib ketgach, men dedim: — «Yo Rasululloh, shu kampirga bunchalik iliq munosabat ko‘rsatmasangiz?» Shunda u zot: — «U Xadicha zamonida uyimizga kelib turar edi. Eski tanishlar bilan chiroyli muomala qilish iymondandir», dedilar.

Homidjon qori ISHMATBЕKOV